
Suhbat jilovini qo‘lga olgan juvon bolalaridan so‘z ochdi:
–Katta qizimga ko‘ylak olib kelsam, kichkinasi arazladi. “Qizlaringizni erkalatavering”, deb o‘g‘lim xonasiga kirib ketdi...
–Bunaqa voqealar bo‘lib turadi, – deya davradagilardan biri mavzuni o‘zgartirmoqchi bo‘ldi-yu, lekin “jilovdor” bo‘sh kelmadi:
–To‘g‘ri aytasiz. Bittasiga nimadir kerak bo‘lsa, boshqalarigayam u-bu narsa qo‘shib olmasam, janjal-da. Ha, yaxshiyam shular bor. Bolali uy bozor, deyishadi-ku...
U boshlagan mavzusining katta-kichik ko‘chalariga kirib chiqardi. Ammo nima sababdan yonidagi uch ayoldan ikkitasining ko‘zlarida xavotir-betoqatlik zohir bo‘lgani, yana bittasi – necha yildan buyon farzand ko‘rish umidida yurgan qalbi kemtik hamkasbi boshini egib ma’yuslanib qolganiga e’tibor ham bermasdi.
Dono momoyu bobolarning hikmatli nasihati bor: “Oqil, mehr-shafqatli, saxovatli insonlar o‘z boyliklari haqida kambag‘allar oldida; farzandlari haqida befarzandlar oldida; to‘rt muchalari sog‘u salomat ekani to‘g‘risida nogironlar, dardga chalinganlar oldida ko‘p gapirib maqtanmaydilar; qalbi kemtiklarni noqulay vaziyatda qoldirmaydilar, o‘ksitmaydilar. Aksincha, o‘zlarida bor bo‘lgan ne’matlarga qalban shukr qilib, bu yaxshiliklar boshqalarga ham nasib etishini chin dildan tilaydilar, yordam qo‘lini cho‘zadilar”.
Muhtarama ULUG‘OVA


