
MUOMALA ODOBI – insonlararo muloqotda namoyon boʻladigan odob-axloq belgisi boʻlib, soʻzlashuv madaniyatini tartibga soladigan hamda shaxs xulqi goʻzalligini aks ettiradigan maʼnaviy-axloqiy xususiyatni ifodalovchi tushuncha.
▫️Muomala odobida xushfeʼllik, xushmuomalalik, hayo-ibolilik, beozorlik, shirinsoʻzlik, ochiqkoʻngillik singari axloqiy meʼyorlar muhim ahamiyatga ega.
▫️Muomalaning asosiy manbasini soʻz tashkil etadi. Unga koʻra, yaxshi-yomon soʻz kishi ruhiyatiga bevosita taʼsir koʻrsatadi: yaxshi soʻz bilan muomala qilinsa – yaxshilik topiladi, yomon soʻz bilan muomala qilinsa – yomonlik.
▫️ Axloqiy komillikka erishish muomala odobini egallashdan boshlanadi. Muomala odobining yana bir “koʻzgusi”, bu – insoniy qarash, nigoh, soʻzsiz harakatlar.
▫️Muomala odobi kishilarning bir-biriga taʼsiri, tarbiya va oʻz-oʻzini tarbiya etish vositasi sifatida shaxslararo munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etadi.


