
Yon qo‘shnimiz Momoxon xola bizni onamdek tergab, onamdek erkalatardi. Ularnikida xuddi o‘zimizning hovlimizdagidek o‘ynab yurardik. Bir kuni so‘rida do‘ppi tikib o‘tirgan Momoxon xolam meni chaqirib qoldi:
– Tosh olma (meni shunday atardi), uyning tokchasida turgan qaychini olib chiqib ber!
Qaychini olib chiqdim, xayolim o‘yinda bo‘lgani uchun, so‘rining bu tomonida turib xolamning oldiga irg‘itdim.
– Iy-y, – dedi xolam. – Odamgayam shunaqa qilib beradimi narsani? – mening hayron qarab turganimni ko‘rib, gapini izohladi. – Ko‘chadagi kuchukka biror yegulikni shunday otib bersang bo‘ladi. Chunki unga yaqin borsang, tishlab olishi mumkin.
– Nima bo‘pti sizgayam otib bersam? – bo‘sh kelmadim men ham.
– Bu yoqqa ke, o‘tir, – qat’iy buyurdi xolam. Keyin tushuntira boshladi...
...Bolalik, yoshlikda haqiqatan ham farqiga bormaslik mumkin: narsani otib berding nima-yu, qo‘liga tutqazding nima?.. Biroq ulg‘ayib borgan sayin kimdir sendan iltimos bilan so‘ragan buyum, narsani uloqtirib berish yoki uning oldiga taqillatib qo‘yish juda xunuk ko‘rinishini anglab borarkansan. Shu bois so‘ragan narsasini yaqin borib, xush kayfiyat bilan qo‘liga tutqazish, agar narsa og‘ir yoki qaynoq bo‘lsa, ehtiyotlik bilan yoniga qo‘yish – madaniyatlilik, farosatlilik belgisi. Qaychi, pichoq kabi buyumlarni o‘tkir, tig‘li tomonini o‘zing tomonga qaratib ushlab, ularni to‘mtoq, kesmaydigan tomoni bilan so‘ragan odamga uzatiladi.
Kimningdir iltimosini bajarish – uni xursand qilish, savob olish uchun imkoniyat. Iltimosni malol olmayotganingiz “Marhamat”, “Jonim bilan”, “Mana shuni so‘raganmidingiz?” kabi so‘zlaringiz, yuz-ko‘zingizdagi chiroyli tabassumda aks etib tursa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.
Muhtarama ULUG‘OVA


