
Ko‘p asrlar mobaynida turkiy va mo‘g‘ul xalqlari ajdodlarining o‘zaro tinch va harbiy aloqada bo‘lishi natijasida turkiy tillar leksikasida mo‘g‘ulcha so‘zlar (va aksincha) yoki ikki til uchun umumiy hisoblangan leksik qatlam bunyodga keldi. Mo‘g‘ulcha leksik birliklar turkiy tillarga, shu jumladan, eski o‘zbek tiliga asosan XIII asrdan, ya’ni Chingizxon boshliq mo‘g‘ul istilochilarining Janubiy Sibir va O‘rta Osiyoni zabt etish vaqtidan boshlab kirib kela boshlagan.
Eski o‘zbek tilining ilk manbalaridan biri hisoblanmish “O‘g‘uznoma”da qayd etilgan jida – nayza, muran – daryo, choq//chog‘ – vaqt, uran – parol, no‘kar – jangchi, navkar, qurultoy – xalq yig‘ini, shira – stol kabi so‘zlarning mo‘g‘ul tiliga xosligini professor A.M.Shcherban ta’kidlab o‘tgan edi.
Eski o‘zbek tili obidalari tilida ishlatilgan mo‘g‘ulcha o‘zlashtirmalarning ko‘pchiligini harbiy ish, ma’muriy lavozim va chorvachilikka oid terminlar tashkil etadi. O‘zbek tili yodnomalarida uchraydigan mo‘g‘ulcha o‘zlashmalarni bir necha tematik guruhlarga ajratib tahlil qilish maqsadga muvofiqdir. Masalan: harbiy unvon va ma’muriy lavozim, qurol-yarog‘, qism nomlari va hokazo. Mazkur leksik-semantik guruhlarga kiruvchi terminlar ichida so‘z yasovchi -(v)ul va -l affikslari yordamida yasalgan terminlar alohida e’tiborga loyiqdir. Ma’lumki, birinchi affiks borasida sovet va chet el turkologlarining mushtarak fikrlari mavjud bo‘lmay, bir guruh tilshunoslar -(v)ul ni turkiy tillarga xos affiks, deb fikr yuritsalar, boshqa bir guruh olimlar uni mo‘g‘ul tilidan o‘zlashtirilgan affiks deb hisoblaydilar. Bizning fikrimizcha, -(v)ul turkiy va mo‘g‘ul tillari uchun umumiy affiks bo‘lib xizmat qilgan. XI-XIII asr mo‘g‘ul tilida juda sermahsul bo‘lgan mazkur ot yasovchi affiks turkiy tillarda ancha passiv qo‘llanishda bo‘lgan. XIV-XV asrga kelib -(v)ul yordamida bakavul – oshpaz, chapavul – otliqlar to‘dasi, yortavul – otliq otryad kabi talaygina so‘zlar yasalganki, ular eski o‘zbek tili manbalarida o‘z aksini topgan. Nemis olimi Gerxard Dyorfer, chig‘atoy (eski o‘zbek) tiliga mo‘g‘ul tilidan birgina -(v)ul affiksi yordamida yasalgan yuzdan ortiq so‘z o‘zlashtirilganini ta’kidlab o‘tadi.
Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida -(v)ul affiksi yordamida yasalgan so‘zlar harbiy unvon va saroy lavozimlarini anglatishini e’tirof etgan. Shig‘avul mo‘g‘ulcha sigaul so‘zining o‘zlashtirilgan formasi bo‘lib, temuriylar va shayboniylar davrida xon yoki podshoh saroyida o‘tkazib turiladigan qabul marosimlarini boshqarib va nazorat qilib turuvchi katta amaldorni bildirgan. Uning zimmasiga asosan xon yoki podshoh qabuliga elchilarni olib kirish vazifasi yuklangan. Bu so‘zni olmoniyalik olim Gerxard Dyorfer mo‘g‘ulcha siga – rioya qilmoq yoki siqa – ezmoq, siqmoq fe’llaridan yasalgan bo‘lsa kerak, degan fikrni bildiradi. M.Ryasyanen ham termin siqa – ezmoq, siqmoq fe’lidan yasalgan, degan qarorga keladi. Ma’lumki, eski turkiy yodnomalarda suyurqa – in’om, ehson qilmoq: xursand etmoq va suyurqa – hamdard bo‘lmoq fe’llari qayd etilgan. G.Dyorfen eski turkiy tildagi bu so‘zlarni xitoycha si – “chuqur muhabbat, o‘zidan kichikka bo‘lgan muhabbat” so‘ziga -rqa va mo‘g‘ulcha -l affiksini qo‘shishdan yasalgan, degan qarorga keladi XIII-XV asrlarda suyurg‘al O‘rta Osiyo va Eronda yer egaligining o‘ziga xos turini – hukmdorning farzand, nabiralariga, shuningdek, saltanatning atoqli kishilariga in’om etiladigan yer-mulkni bildirgan.
Yasovul so‘zining o‘zagi umumturkiy va mo‘g‘ulcha yasa fe’lidan iborat bo‘lishiga qaramasdan, bu termin “yasovul, harbiy mansabdor” ma’nosida ilk bor mo‘g‘ul tilida ishlatilgan. Yasovullar saroy soqchilari bilan birga xon saroyiga kirayotgan va u yerdan chiqayotgan shaxslarni nazorat qilib turgan. Bu so‘z eski o‘zbek tili va boshqa qardosh turkiy tillarda keng iste’molda bo‘lgan. Mazkur termin chor armiyasida ham ishlatilgan. Qo‘qon xonligida yasovul “pristav, oliy mansabdorni kuzatib boruvchi harbiy” ma’nolarida qo‘llanilgan.
Eski o‘zbek tili obidalarida tez-tez uchrab turuvchi tavachi termini asosan Temur davridan boshlab iste’molda bo‘lgan. G.Dyorferning fikricha, qo‘shindagi eng yuksak harbiy mansablardan birini ifodalovchi tavachi termini eski o‘zbek tiliga 1250-1350-yillarda kirib kelgan. “Boburnoma”da tavachi “adyutant, harbiy inspektor” ma’nosida ishlatilgan.
Hamidulla DADABOYEV


