
Yangi O‘zbekiston tarixi zamonaviy ko‘rinishda aks ettiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining "Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori" bo‘limi ekspozitsiyasi "Sila sveta" kompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda.
Ushbu bo‘lim orqali Yangi O‘zbekiston tarixini zamonaviy yondashuvlar asosida namoyish etish maqsad qilingan. Bo‘lim tarkibida jami 9 ta yo‘nalish mavjud bo‘lib, ularning har biri ekspozitsiya konsepsiyasining tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu qismlar orqali mamlakatimizning ijtimoiy, ilmiy, madaniy va iqtisodiy taraqqiyoti aks ettiriladi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida ekspozitsiya konsepsiyasini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. "Sila sveta" kompaniyasi vakillari, hamkor tashkilotlar, olimlar va soha mutaxassislari qatnashgan yig‘ilishda konsepsiyaning umumiy yo‘nalishi, har bir eksponatni muzeyga tayyorlash va hujjatlashtirish tartibi ko‘rib chiqildi. Dizayn yechimlari va amalga oshirish bosqichlari ham belgilab olindi. Qatnashchilar kontentni boyitish va milliy qadriyatlarni texnologiyalar yordamida ifodalash bo‘yicha takliflar berdi.
“Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi mamlakatimizda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlarni, milliy tiklanish jarayonini aks ettiruvchi noyob loyiha sifatida shakllanmoqda. Bu ekspozitsiya nafaqat yurtimiz ahli, balki xalqaro hamjamiyat e’tiborini ham tortuvchi madaniy-ma’rifiy maydonga aylanishi, ta’kidlandi.
Kompaniya tomonidan taklif qilingan immersiv shou loyihasiga alohida e’tibor berildi. Bu texnologiya yordamida mamlakatdagi islohotlar, ilm-fan va madaniyat taraqqiyoti, qurilish ishlari hamda tarixiy merosimiz jonli va ta’sirchan tarzda namoyish etiladi.
Eslatib o‘tish joizki, Markazda Davlat rahbarining topshirig‘iga binoan, O‘zbekistondagi megaloyihaning ichki mazmuni ham tashqi ko‘rinishi kabi ulug‘vor bo‘lishi lozimligi tamoyili asosida ishlar olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda 2000 dan ortiq mahalliy va xorijiy olimlar hamda mutaxassislar ishtirokida 800 dan ortiq ilmiy-innovatsion loyiha ishlab chiqilgan. Mazkur loyihalar uch bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ulardan 300 ga yaqini markazning ochilish marosimida taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.


