Bugungi kunda trend shohsupasiga chiqish uchun olamshumul ish qilish shart emas. Shunchaki noodatiy xatti-harakat, kutilmagan intervyu yoki tasodifiy vaziyatlar sabab bir kunda yulduz boʻlib uygʻonish mumkin. Siz shunchaki “qilar ishni qilasiz” va butun jamiyat, internet faollari, blogerlar sizning piaringiz bilan shugʻullanadi.
Avvallari eʼtiborga tushish uchun ijod ahli uzoq izlanardi, falon pul toʻlab efirlarni band qilardi… Bugun bu “formula” oʻzini oqlayotgani yoʻq. Bir muddat oldin saytimiz orqali internetda mashhurlikka erishgan baʼzi trend iboralarning sharhi taqdim etilgandi. Hozir mana shu sharhni davom ettiramiz!
“Vapshe malades”
Bundan bir necha yil oldin havaskor xonandalar tezroq mashhur boʻlish maqsadida oʻz qoʻshiqlarida noodatiy soʻz va iboralarni qoʻllashar edi. Ohun Hasan nomi bilan ijod qilayotgan fargʻonalik yigit oʻsha vaqtlarda niyatiga erishgan. “Vapshe malades” qoʻshigʻi esingizdami? Kulgi va muhokamalarga sabab boʻlgan qoʻshiqning oʻz tarixi bor. Ohunjon Yaypan shahridagi bozorlarning birida asosiy mehnat faoliyatini olib borsa-da, sheʼr yozish, qoʻshiq aytishga juda qiziqqan. Ijodkorning aytishiga koʻra, “vapshe malades” iborasini oʻz xolasi tilidan eshitgan va oʻzi oldinroq yozgan “Lol qolaman, lol” nomli sheʼrning asosiy soʻzini “vapshe malades” jumlasiga alishtirgan. Shu kunlarda Ohun Hasan oʻzi yashaydigan shahardagi Navroʻz bayramiga havaskor xonandalar taklif etilganidan xabar topadi. Oʻsha “mashhur” qoʻshiqni studiyada yozib, bayram sahnasida ijro etadi. Lekin qoʻshiq tanqidlarga uchraydi, tabiiyki, bayram va televideniye efiri uchun qabul qilinmaydi. Lekin qoʻshiq allaqachon videotasvirga olingan edi. Atiga bir necha kunda butun respublikaga tarqalib ketdi. Qoʻshiq muallifi negativlar va tanqidlar oʻrinli ekanligini tan olgan holda bu qoʻshiq unga omad keltirganini eʼtirof etadi. Hozir shiddat bilan ijod qilmayotgan boʻlsa-da, Ohunjon bir nechta qoʻshiqlar ijro etishga ulgurdi.
.png)
“Koʻrsating Sherbekligingizni…”
Psixologlar va psixo-trenerlarga nisbatan ikki yoqlama munosabat avjiga chiqqan vaqtda Dilorom Faxriddinova videolari navbatdagi trendga aylangan edi: “Koʻrsating Sherbekligingizni!..” Ayni damda nutq, ovoz va nafas olish boʻyicha konsultatsiyalar olib boruvchi mutaxassisning instagramida 370 mingdan koʻproq obunachi mavjud.
Qisqa vaqt ichida Diloromning Sherbek ismli talaba yigit bilan mashgʻulot olib borayotgani aks etgan video tarqalib ketgan edi. Videoda biroz tortinchoq yigitdan “Sherbekligini yetkazish” soʻralgan. Bu video taʼsirida koʻplab taqlidiy vaynlar tasvirga olindi, memlar yasaldi va hattoki karikaturalar chizildi.

“Aristokratlar” jamoasining Xalqlar doʻstligi saroyidagi konsertida aynan mana shu mazmundagi hazilida Diloromning oʻzi ishtirok etdi.
Dilorom videodagi holatni oʻz metodikasi deb hisoblaydi va kulgi ostiga oluvchilarga deyarli parvo qilmaydi.
.png)
“Sen bir yaxshilik qilmagin ekan”
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida tugʻilgan ijodkor, vayner Bobur Mansurov mutaxassisligiga koʻra dramatik teatr va kino aktyori hisoblanadi. Shuningdek, u rejissor sifatida 60 qismli “Orzular palatasi” serialini ham tasvirga olgan. Avvaliga Bobur ijoddagi izlanishlari ortidan oʻz oʻrnini topishga qiynalgan. Qachonki, u komik vaynlar tasvirga olishni boshlagandan keyin hayot tarzi butunlay oʻzgarib ketdi. Bir yilga bormasdan yoshlar orasida katta mashhurlikka erishdi. Haqiqatdan, uning muvaffaqiyatli vaynlari koʻp. Lekin uning “Sen bir yaxshilik qilmagin ekan” iborasi kutilmaganda trendga chiqdi. Bugun xalq tilida bu ibora allaqachon ommalashgan va turli vaziyatlarga moslanib qoʻllaniladi: “Sen bir kiyinmagin ekan”, “Sen bir sayohat qilmagin ekan”, “Sen bir ish qilmagin ekan”, “Sen bir restoranga bormagin ekan”…
.png)
“Videoni koʻrsating, aka”
Internet tarmoqlarida “Ayfon senda promaks” jumlasini hirgoyi qilib yurgan Bozorvoy ismli bolakayning videosi tarqaldi. Bu videodan aniq boʻladiki, holat boshqa bir nomaʼlum shaxs tomonidan tasvirga olingan va Bozorvoy bu shaxsga “Videoni koʻrsating, aka” deya keskin munosabat bildirgan. Bir necha soniyalik oddiy holat 4-sinfni yakunlagan, plastik idishlar va karton yigʻib tirikchilik qiladigan Bozorvoyni mashhur qilib yubordi. Asli Samarqandning Urgutida yashovchi yigitcha ayni damda yangiyoʻllik Toʻlaberdi ismli yigit bilan hamkorlikda vaynlar tasvirga olmoqda. Bozorvoy ZoʻrTV kanaliga bergan intervyusida hozirgi hayoti yoqayotgani va aktyor boʻlish niyati borligi haqida gapirib oʻtgan.
“1000 soʻmdan, akajonlar…”
Sergeli va Qoʻyliq hududlarida tilamchilik qilib yuradigan 6 yoshli Bozorvoy ham ancha mashhurlikka erishdi. Uning trend iborasi: “Ming soʻmdan, akajonlar…” Bu ibora shunchaki uning kundalik gap-soʻzlari, xolos. Studiyada qoʻshiq yozuvchi DJ lar tomonidan uning yordam soʻragan murojaati hayp-trekka aylantirildi. Shundan soʻng, Bozorvoy trend peshtaxtasiga koʻtarildi va hattoki bu qoʻshigʻini Xalqlar doʻstligi saroyi sahnasida soʻz ustasi Nodir loʻlining konsertida ijro etdi. Bu holat koʻpchilikning keskin tanqid va muhokamasiga ham sabab boʻldi. Holat yuzasidan taniqli aktyor Alisher Uzoqov eʼtiroz videomurojaatini ommaga eʼlon qildi. Murojaat oʻnlab sahifalarda ulashildi. Bozorvoy Joʻraqulov “Mening yurtim” telekanalining “Amirxon Umarov shousi” qahramoni sifatida efirga ham chiqishga ulgurdi. U oʻz intervyusida tarqalgan qoʻshiqdan jahli chiqqanini aytdi.
Mashhurlikka qadar Bozorvoy ota-onasidan alohida yolgʻiz opasi bilan birgalikda yashagan va tilamchilik bilan kun kechirgan.
.png)
“Viyu… Viyu… Varrr…”
“Oʻzbekning oʻzi qiziq, oʻzidan soʻzi qiziq” deganlaridek, xalqimiz orasida qiziq soʻzlashuvga ega odamlarni koʻp uchratish mumkin. ZoʻrTVning “Bu kun” informatsion dasturi mavzusi boʻlgan bir jinoyatga guvoh sifatida Andijon viloyati Boʻston tumanida istiqomat qiluvchi onaxondan koʻrsatma olinadi. Onaxon oʻz koʻrsatmasida boʻlib oʻtgan holatni avtomobilga taqlidiy ohanglar bilan tasvirlab beradi. Natijada jiddiy intervyu konteksti navbatdagi yumoristik trendga aylanadi: “Bir marta viyu-viyu dedi, toʻxtadi…”
Aynan bu video ham DJ blogerlarning navbatdagi hayp-treki uchun qoʻl keldi. Bir muddat oldin saytimizda aynan shu mavzuga doir “Repga aylantirilgan Sherali Joʻrayev ashulasi, chegara oshgan “viyu, viyu” va dunyo boʻylab yangrayotgan “Salam aleykum” – jahon trendiga aylanayotgan oʻzbekcha kontentlar” nomli maqola ham eʼlon qilingan edi. Onaxonning oʻzi bexabar “treki” qanchadan-qancha mahalliy va jahon blogerlari uchun qimmatli kontent-motiv boʻlib xizmat qildi. Aynan mana shu trekdan foydalanilgan oʻnlab trend videolar internetda bir necha million marotaba tomosha qilindi.
“Nosni kayfiday kayf”
Oʻzbekning qiziq soʻzlashuviga xos yana bir trend ibora Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, Laylagan qishlogʻida istiqomat qiluvchi Alisher bova nomi bilan bogʻliq. U jurnalistning “Koʻpkari oʻyinlari xalqqa nima beradi?” degan savoliga “Bu koʻpkari ota-bobomizdan qolgan oʻyin, hech nima bermaydi… Bu bir nosning kayfiday kayf…” deya javob qaytargan. Bu intervyu ham tezlik bilan ommaga tarqaldi va “Nosning kayfiday kayf” iborasi xalq soʻzlashuviga kirib keldi. Odamlar ayni damda mohiyatan katta naf keltirmaydigan mashgʻulotlarga nibatan shu iborani qoʻllamoqda.
“Semiz boʻlsada… Mazzada…”
Bugungi kun trend formulasi quyidagi ketma-ketlikni takrorlamoqda: noodatiy yoki hazil intervyu, intervyu asosida DJlarning trek yaratishi, trekning tarqalishi va internet foydalanuvchilarining trek asosida video tasvirga olishi… Qarabsizki, har bir trenddan soʻng bir yulduz paydo boʻlaveradi. “Sizga qanday qizlar yoqadi?” savoliga javoban semiz, sepkilli va kal qizlar yoqishi haqida intervyu bergan Islom Mahammatov ham shu formula qahramoniga aylandi.
Asli samarqandlik boʻlgan havaskor ijodkor uchun bu trend qahramoni boʻlish katta motivatsiya bergani aniq. Chunki tarqalgan videodan soʻng uning oʻzi ham kontentlar olib oʻz sahifasiga joylay boshladi. Yaratilgan trek doimgidek yuqori effekt berdi va hattoki eng top bloger-vaynerlar ham trend ishtirokchisiga aylanishdi.
Islomning oʻzi million marotaba koʻrilgan qaysidir trend video ostiga “originali menman, sahifamga obuna boʻlib qoʻyarsizlar” degan mazmunda izoh qoldirgan.
.png)
Trend videolar, trend qahramonlar va trend iboralar tez-tez yangilanib turibdi. Mazmunan olib qaraganda bu trendlarning aksariyati xalq va odamlar uchun “hech nima bermaydi, bu bir nosning kayfiday kayf”... Nari borsa, kayfiyat ulashishi mumkin. Bu jarayonning bir xavfli tarafi bor: trendga chiqishga oshiqqan yoshlar orasida saviyasiz, axloqsiz, mantiqsiz kontentlar koʻpayib ketishi mumkin. Bu borada jamoatchilikdan hushyorlik va zarur vaqtda obyektiv munosabat talab etiladi. Biz xohlaymiz, omma orasida odamlarga maʼnan va intellektual jihatdan naf keltiruvchi trendlar ham koʻpaysin.
Mavzuga doir: “Er oʻzi nimaga kerak?”, “Dunyo sening togʻangmas”, “Oʻzbekiston tengdir Oʻzbekistonga!” – Internetdagi trend iboralar sharhi
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz