Buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz boʻylab xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi. “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi oʻrni” mavzusiga bagʻishlangan tadbirlar Nukus shahri, Beruniy tumani, Urganch, Xiva hamda Toshkent shaharlarida boʻlib oʻtdi. Bu haqda OYINA.UZ portali xabar bermoqda.
Konferensiyada Turkiya, Ozarboyjon, Hindiston, Pokiston, Afgʻoniston, Italiya, Malayziya, AQSh, Eron, Qozogʻiston, Tojikiston, Rossiya, Misr kabi 20 ga yaqin davlatlardan kelgan olimlar hamda mamlakatimizning yetakchi professor va tadqiqotchilari qatnashdi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati va Toshkent shahar hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan anjuman tadbirlari toʻrt kun davom etdi.
Birinchi kun – 25-sentabr
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning birinchi kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtdi. Ishtirokchilar Nukus xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. I.V.Savitskiy nomidagi sanʼat muzeyiga sayohat uyushtirildi. Soʻng Beruniy tumaniga yoʻl olindi. Bu yerda ulug‘ alloma sharafiga oʻrnatilgan haykal poyiga gulchambar qoʻyildi hamda ramziy qabri ziyorat qilindi. Beruniy tumani Madaniyat saroyida asosiy tadbir oʻtkazildi, allomaning ilmiy merosiga bagʻishlangan qiziqarli maʼruzalar tinglandi, spektakl namoyish qilindi. Amfiteatrda konsert dasturi qoʻyildi.
.png)
.png)
.png)
.png)
.png)
.png)
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 25-avgustda qabul qilingan “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ulug‘ ajdodimizning ilmiy-maʼrifiy merosini yanada chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish yoʻlida muhim qadam boʻldi. Bu esa pirovardida Yangi Oʻzbekistonning irfoniy va ruhiy asoslarini mustahkamlash, yangi ilmiy maktablarni yaratish va rivojlantirishga xizmat qiladi, – deya taʼkidladi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo.
Abu Rayhon Beruniyning ilm ummoni nechogʻlik poyonsiz ekanini uning ulkan qomusiy olim sifatida yaratgan asarlari yaqqol koʻrsatib turibdi. Falsafa ilmi bilimdoni bir vaqtning oʻzida astronom, matematik, geolog, geograf, biolog, oʻlkashunos, oʻsimlikshunos, maʼdanshunos, tarixchi, manbashunos, dinshunos, adabiyotshunos, jamiyatshunos, mantiqshunos, ilohiyotchi va shoir boʻlgan. Akademik I.Krachkovskiy soʻzi bilan aytganda, Beruniyning shugʻullangan sohasini sanashdan koʻra shugʻullanmagan sohasini sanash osonroqdir.
Ikkinchi kun – 26-sentabr
Anjumanning ikkinchi kuniga Xorazm viloyati mezbonlik qildi. Mehmonlar Maʼnaviyat va maʼrifat markazi binosida mutafakkir hayoti va ilmiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi sahna koʻrinishi bilan qarshi olindi. Shundan soʻng “Abu Rayhon Beruniyning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi”, “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosida amaliy fanlarning oʻrni”, “Abu Rayhon Beruniy va ijtimoiy-gumanitar fanlar” kabi yoʻnalishlarda maʼruzalar tinglandi. Xorijlik olimlarning Nurillaboy saroyiga, afsonaviy ochiq osmon ostidagi muzey – Ichanqalʼaga, oʻz davrida koʻplab olimlarni bir nuqtaga birlashtirgan, mustaqillik yillarida qayta tiklangan Xorazm Maʼmun akademiyasiga tashrifi taassurotlarga boy boʻldi.
.png)
.png)
.png)
.png)
.png)
.png)
– Ilmiy faoliyatim davomida bir necha oʻn yillar mobaynida Abu Rayhon Beruniy asarlariga tez-tez murojaat qilaman. Bugun alloma tugʻilib-oʻsgan yurtga kelganimdan juda baxtiyorman. Universitetda talabalar bilan Beruniy oʻqishlarini tashkil etamiz, kitoblarida koʻtarilgan masalalarni oʻrganib muhokama qilamiz. Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, Abu Rayhon Beruniy dunyo tan olgan oʻn olimning biridir. Uning mavzuga qarashi maʼlumot beruvchi, tavsiflovchi va tushuntiruvchi – chin maʼnoda zamonaviy akademik qarashdir. Har bir asari fanlar tarixida yangi ufqlarni ochgani bejiz emas, – deydi turkiyalik professor Mustafa Demirji.
Uchinchi kun – 27-sentabr
Anjuman ishtirokchilarini bir nuqtaga toʻplagan navbatdagi manzil Toshkent shahri boʻldi. Mehmonlar dastlab “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga borib, Mustaqillik monumentiga gul qoʻydilar. Kun davomida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida tarixiy qoʻlyozmalarni varaqladilar, Adiblar xiyobonidagi shoir-yozuvchilarning haykallari bilan tanishdilar, Alisher Navoiy hamda Abu Rayhon Beruniy haykallari poyiga gulchambar qoʻydilar, Oʻzbekiston Milliy universiteti olimlari bilan uchrashuv oʻtkazdilar, Toshkentning koʻhna qiyofasini oʻzida aks ettirgan Hazrati Imom majmuasini tomosha qildilar hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyidagi “Kitab al-saydana fi-t-tibb” kitobi taqdimotida ishtirok etdilar. Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazidagi ulkan bunyodkorlik ishlari mehmonlarda oʻzgacha taassurot qoldirdi.
.png)
.png)
.png)
.png)
.png)
.png)
Italiyalik tadqiqotchi Massimiliano Borroni oʻz taasurotlari bilan boʻlishdi:
– Anjuman tadbirlari bizga gʻoyat manzur boʻlmoqda. Toshkent menga juda yoqdi. Daraxtlarga toʻla manzarasi, Adiblar xiyoboni, madaniy yodgorliklari… Umuman, hammasi chiroyli. Buyuk olim Abu Rayhon Beruniy sabab shu manzillarga keldik. Aytishim oʻrinliki, sizlarning ajdodingiz juda qobiliyatli va juda zehnli boʻlgan. Uning koʻp asrlar oldin yaratgan asarlari bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Alloma merosini oʻrganishga astoydil harakat qilyapmiz. Sharqshunoslik institutida qadimiy qoʻlyozmalarni oʻqib koʻrdim, bu jarayon meni hayajonga soldi…
Toʻrtinchi kun – 28-sentabr
“Hyatt Regency” mehmonxonasida anjumanning asosiy qismi boʻlib oʻtdi. Tadbirni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo olib bordi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi, tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov va boshqa mutasaddilar konferensiya ishtirokchilarini qutladi. UNESCOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi onlayn tabrik yoʻllab, buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosi kelajak avlodlarni ham ilhomlashtirishda, madaniyatlarni bir-biriga yaqinlashtirishda davom etaversin, deya ezgu tilak bildirdi.
.png)
.png)
.png)
.png)
.png)
.png)
Ikki shuʼba majlislari qizgʻin ruhda oʻtdi. Mamlakatimiz va chet el olimlarining 40 dan ziyod maʼruzalarida Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining turli jihatlari yoritib berildi. Ayniqsa, xorijlik mutaxassislar buyuk alloma haqida toʻlqinlanib soʻzladilar. Shubhasiz, Beruniy shaxsi bunday hurmat-eʼtibor va eʼtirofga munosibdir. Malayziyaning Hadhari Islom instituti professori Fariza Sham taʼbiri bilan aytganda, “Har bir yosh avlod Beruniyni oʻzi uchun ibrat deb bilsa, uning insoniy xususiyatlariga ergashsa, unga oʻxshashga intilsa, hayotiga yanada mazmun kiradi va katta ishlarga qodir boʻladi”.
Yuksak saviyada, yorqin taassurotlarga boy tarzda oʻtgan konferensiya ayni yuqori nuqtasida yakunlandi. Ishtirokchilarga maxsus sertifikat, anjumanning maʼruzalar toʻplami, Abu Rayhon Beruniy asarlarining koʻpjildligi va esdalik sovgʻalar taqqim etildi. Yakdillik bilan taʼkidlanganidek, bunday xalqaro konferensiyalar ilmiy rivojlanish va xalqaro doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Oʻtgan toʻrt kunlik xulosalardan anglash mumkinki, ilmiy-amaliy anjuman oldiga qoʻyilgan asosiy maqsadlarga aʼlo darajada erishildi. Jahon beruniyshunosligi yangi tadqiqotlar uchun turtki oldi.
Sirojiddin RUSTAMOV,
OYINA.UZ muxbiri