Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda 2-sinf darsliklarining yetishmasligi haqida koʻplab muhokamalar koʻzga tashlanmoqda. Maktablarda birinchi chorak yakunlanay deb qolganiga qaramay, hali ham yangi kitoblarning oʻquvchilarga yetib bormagani ota-onalarda turli savollar keltirib chiqarmoqda. Nega oʻquvchilar haligacha darsliklar bilan taʼminlanmadi, 1–2-sinflar uchun zamonaviy darsliklar ishlab chiqish rejasi qanday edi, tenderda qaysi nashriyot yutib chiqqan va Xalq taʼlimi vaziri birinchi oʻrinbosarining ota-onalarga murojaati haqida toʻxtalib oʻtamiz.

Yangi oʻquv yilidan 1-2-sinf darsliklari toʻliq yangilanishi reja qilingan

1–2-sinf darsliklarini yaratish ishlari Respublika taʼlim markaziga yuklatilgani eʼlon qilingan edi. Bundan maqsad zamonaviy darsliklarni yoza oladigan mualliflar maktabini shakllantirish va 1-sinfdan 11-sinfgacha boʻlgan darsliklar oʻrtasida uzviylikni taʼminlash etib belgilab olindi. Mazkur jarayonlarga 107 nafar muallif, 6 nafar dizayner, 5 nafar rassom hamda 9 nafar fan metodisti jalb etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil mart oyidagi Nurafshon shahriga tashrifi davomida yangi darsliklar namunalari bilan tanishdi. Koʻrib turganingizdek, yangi oʻquv yili uchun zamonaviy darsliklarni yaratish ishlari yil boshidanoq boshlab yuborilgan. Shunga qaramay, negadir 2-sinf oʻquvchilari oʻquv yilini yangi darsliklar bilan boshlay olmadi…

Zamonaviy darsliklarni kim nashr qilyapti?

Xalq taʼlimi vazirligi 1–2-sinf darsliklarini nashr qilish uchun tender eʼlon qilgan edi. Ammo tenderda qaysi nashriyot gʻolib boʻlgani haqidagi maʼlumot koʻpchilikka maʼlum emas. Beixtiyor oʻtgan yilgi “Tarbiya” darsligini nashr etish “Kolorpak” nashriyotiga topshirilganini eslaymiz.  Millionlab nusxadagi “Tarbiya” darsliklarini tayyorlash oʻquv yili boshlanishiga 2,5 oy qolganida davlat nashriyotidan xususiy korxonaga oʻtkazilgan edi. Bunga sabab sifatida ishlar sust tashkil etilib, yaratilayotgan darsliklarni nashrga tayyorlash va chop etishda eskicha usul saqlanib qolayotgani koʻrsatilgan. (Kompaniyaning taʼsischilari – Shuxrat Yoqubjonovich Axmedov, Ismoil Irkinovich Isroilov. Ular ZOʻR TV teleradiokompaniyasiga ham egalik qilishadi).

Bu yilgi tenderda ham eʼlon etilmaganiga qaraganda “Kolorpak” nashriyoti ustunlik qilgan. 1-sinf darsliklarining yangi nashriga ushbu nashriyot yozilganini koʻrishimiz mumkin.

         

Eslatib oʻtamiz, Toshkent hokimiyati 2020-yil “Kolorpak” nashriyoti bilan shartnoma asosida 1 mlrd soʻmga 4965 dona Prezident portreti sotib olgan edi. Demak, nashriyotning sifatli faoliyati siyosiy jarayonlarga taalluqli buyurtmalar orqali ham koʻzga koʻringan.

Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxoʻjayevning kun.uz nashriga maʼlum qilishicha, darsliklar chop etilish jarayonida va bu jarayon 23 oktabrda yakuniga yetadi. Shundan keyin uzogʻi 10 kunda barcha maktablarga yetib boradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda nima gap?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ham aynan darsliklarning oʻquvchilarga yetib bormagani haqida turli fikrlar, savollar paydo boʻlmoqda. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishamiz.

         

Baʼzi maktablarda oʻquvchilar kitoblarni rangli printerda chiqarib foydalanishayotgani, darsliklar hammaga toʻliq yetmagani haqida aytilmoqda.

        

Ushbu murojaatda ham birinchi chorak tugash arafasida boʻlganiga qaramay, oʻquvchilar kitobsiz oʻqiyotgani, 30 yil davomida bunday sharmandalik holat uchramagani haqida aytib oʻtilgan.

         

Koʻrinib turibdiki, oʻqituvchilar ham yangi oʻquv qoʻllanmalar qachon yetib kelishi haqida ogohlantirilmagan. Agar vazirlikning rejasi oʻquv yilinining ikkinchi choragidan kitoblarni yetkazish, ungacha eski darsliklardan foydalanib turish boʻlsa, nega bu xabar oldinroq aytilmadi?..

Rasmiy munosabat

13-oktabr kuni Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxoʻjayev kun.uz nashriga bergan intervyusida darsliklar kechikishining qator sabablari va ota-onalarni qiziqtirgan savollarga javoblarini aytib oʻtdi.

“1- va 2-sinflar uchun darslik yetishmovchiligi degan tushuncha unchalik toʻgʻri emas. Chunki maktablarda ayni paytda darsliklar bor. Oʻquvchilar 2018 yilda chiqarilgan darsliklardan ijara huquqi asosida foydalanmoqda”, deydi vazir oʻrinbosari.

Aytilishicha, darsliklar boʻyicha bosqichma-bosqich milliy dasturga oʻtilayotgani sababli bu jarayon birdaniga amalga oshirilmaydi. Jarayonga shaffof tenderlar va darsliklar sifati borasida maslahatlashuvlar uchun xalqaro ekspertlar jalb qilingan va kitoblar iyul oyida tayyor boʻlgach, xalqaro ekspertlarga koʻrib chiqish uchun topshirilgan.

“Milliy dastur boʻyicha 2-sinflar ikkinchi chorakdan toʻliq yangi darsliklarda oʻqishi kerak”, deb aytib oʻtdi Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxoʻjayev. Birinchi chorakda oʻquvchilar avvalgi yillardagi darsliklardan foydalanib turishi belgilangan va bu boʻyicha maktablarga tavsiya berilgan.