“Tinish belgilarining tartibsiz – vaziyatga koʻra qoʻllanishi tilshunoslikda muallif punktuatsiyasi sifatida baholansa-da, har doim ham muallifning individual uslubi yoki shaxsiy tanlovi bilan bogʻliq boʻlavermaydi. Bu meʼyoriy punktuatsiya, muallif punktuatsiyasi va situativ – matnning umumiy stilistik xususiyatini aks ettiradigan punktuatsiya chegarasini aniq belgilab olishni taqozo etadi.” Mazkur parcha Qarshi davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Bashorat Bahriddinovaning “Rasmiy matnlar punktuatsiyasi” maqolasidan olingan. Toʻliq matni bilan “Til va adabiyot taʼlimi” jurnalining 2026-yil 5-sonida tanishing.
“Nazar Eshonqul nasrining tili va badiiy uslubi – oʻzbek adabiyotida alohida fenomen. Adib tasvirlarida soʻzlar voqelikni ifodalovchi shunchaki mantiqiy maʼno tashimaydi, musiqaga, nafasga va sof sheʼriy ohangga aylanadi: boʻsh ichim quvurga oʻxshab huvullardi – dalani kezib yurgan shamol boʻgʻzimga kirib olib, meni surnay kabi chalardi, u yerdan motam kuyi kelardi”, “… uzun qoʻllari endi bu dunyoda ushlab oladigan narsasi qolmagandek yoki qandaydir nomsiz musiqani hech kimga eshittirmay chalayotgandek bilinar-bilinmas qaltirab turardi”. Tasvirlar nasr oʻzanida yashayotgan nazmning oʻzginasi, obraz fikrga, fikr esa ruhiy manzaraga koʻchadi. Shuning uchun ham yozuvchi asarlarini oʻqib boʻlgach, xotirada voqealar zanjiri emas, balki matnning mahzun, sirli va teran ohangi qoladi.” “Adib kim?” ruknida “Nazar Eshonqul labirintiga yoʻl” sarlavhasi ostida Dilrabo Mingboyevaning Nazar Eshonqul “labirinti”ga safarini oʻqiysiz.
“Hashar” usuli – xalqimizning asriy anʼanasi, hamjihatlik va birdamlik ramzi boʻlgan milliy qadriyatimizning zamonaviy taʼlimga koʻchirilgan kreativ modeli. Bu usul bir yoqadan bosh chiqarib, umumiy maqsad sari intilish falsafasiga tayanadi. Bunda pedagogik nuqtayi nazardan kommunikativ kompetensiya tabiiy muhitda rivojlanadi. Oʻquvchilar jamoaviy muloqotga kirishish, fikr almashish, munozara orqali kelishuvga erishish va umumiy zafar yoʻlida bir-birini qoʻllab-quvvatlashda faol ishtirok etadi. Jarayonni haqiqiy hashardagidek “poydevor qoʻyish”, “devor tiklash” va “tom yopish” bosqichlariga oʻxshatib, jamoaviy masʼuliyatni taqsimlagan holda “Bilimlar binosi”ni qurish lozim.” Navoiy shahridagi 11-ixtisoslashtirilgan maktabning oliy toifali oʻqituvchisi Komila Rajabovaning “4K” modelida “Tafakkur laboratoriyasi” maqolasi mazkur sondan oʻrin olgan. Unda oʻquvchilarning ona tili darslarini oʻzlashtirishini oshiruvchi innovatsion yondashuv yoritilgan.
Jurnalning keyingi sahifalarida “Har qalbda bir sheʼr bor” (Shahobiddin Rasulov), “Muhabbat manzumasi” (Karomat Mullaxoʻjayeva), “Iblisga isyon” (Munisjon Hakimov), “Zamonaviy terminologik nazariyalar evolyutsiyasi” (Gulruh Bahodirova) maqolalari hamda “Madaniyat, sanʼat va adabiyot fidoiylari sharaflandi” sarlavhasi ostidagi taʼlim yangiliklari haqida oʻqishingiz mumkin. Shuningdek, rus tili boʻlimida Мобильные приложения в обучении русскому языку как инновационные средства в условиях цифровизации образования (продолжение)” (Dilfuza Boboyeva), “Я предпочитаю быть один, но рядом с кем-то…” (Andrey Kuchinskiy), “Сохраняя корни в потоке перемен: архитектура и ремесла Русского Севера и Ферганской долины в диалоге культур” (Feruza Faizova), “Совершенствование русской речи студентов-филологов на основе арт-интеграции и эмоционального интеллекта” (Nilufar Mullaaxunova), “Национально-культурная специфика семантической валентности в русском и узбекском языках” (Shuxrat Rasulov, Nargiza Usanova) kabi maqolalar oʻrin olgan.
“...Qadimda Zarafshon daryosiga kigiz tashlab qoʻyishgan, togʻlardan oqib kelayotgan oltin zarralari yungga ilashib qolgan. Keyin olovda maʼdanni eritib olishgan. Ziyoli oʻsha kigizga oʻxshaydi, shaxsiy tirikchiligini koʻpam oʻylamaydi. Oʻzi yonib kul boʻlsa-da, millatni oltin yombiga aylantirish uchun yashaydi. …Iz boʻlmasa, biz boʻlmaymiz. / Izlar qoʻshilib yoʻl boʻladi. / Suvlar qoʻshilib sel boʻladi. / Soʻzlar qoʻshilib el boʻladi. / Oʻzlar qoʻshilib biz boʻlamiz. / Biz boʻlamiz!” “Muharrir minbari”dan olingan Farrux Jabborbekning ushbu mulohazasini jurnalning mazkur soniga xulosa oʻrnida keltirdik. “Til va adabiyot taʼlimi”ni mutolaa qiling, “biz” boʻling.