Oyina.uz 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan oʻzbek matbuotida maktab yarat(yot)gan maʼrifatparvar, afsonaviy muharrirlarni esga oladi. 

1-maqola

2-maqola

8. ZOYIR MAMAJONOV

Qobiqlarni yorib chiqqan muharrirlar faqat poytaxtda emas, hududlarda ham boʻlgan. Atoqli ijodkor, prinsipial muharrir Zoyir Mamajonov ana shunday dargʻalardan biri edi.

Zoyir Mamajonov Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimligining nashri – “Chagʻoniyon” gazetasini 1990-yildan to vafotigacha, 2013-yilga qadar boshqardi. U rahbarlik qilgan yillarda gazeta ketma-ket yetti marta Oʻzbekistondagi eng yaxshi tuman gazetasi deb topildi. Bu ijodiy maktabdan Shodmonqul Salom, Shuhrat Azizov, Iskandar Muzaffarzoda, Egam Doʻst singari taniqli publitsistlar yetishib chiqdi.

“Chagʻoniyon” nafaqat hududlarda, balki poytaxtda, respublika miqyosidagi kiosklarda ham sotilgan kamyob tuman gazetalaridan biri edi. Zoyir Mamajonov 80-90-yillarning ijodiy shiddati, tanqidiy ruhi va jurnalistik jasoratini 2000-yillargacha yelkalab olib oʻtgan muharrirlardan sanaladi.


Zoyir Mamajonov

Ayni chogʻda, uning muharrirlik yillari qaytarib boʻlmas darajada murakkab, ogʻriqli, shaxsiy magʻlubiyatlarga toʻla davr ham boʻldi. Bunda uning chapani, chars feʼl-atvori, oʻrnatilgan tartib-taomillarga koʻpincha boʻyin egmasligi katta rol oʻynadi. Insof bilan aytganda, Zoyir Mamajonov doim ham haq boʻlavermagan. Biroq u oʻjar edi. Xatosini tan olishdan koʻra, sud kursisigacha borishni aʼlo koʻradigan tabiatga ega edi.

Gazetada bosilgan “Qoch, Hojiqulov kelyapti”, “Askarning paypogʻi qani?”, “Zahar solmoq emish ilonning kasbi” singari mashhur felyetonlar oʻsha davr matbuot olamida gumburlab aks-sado bergan. Baʼzan gazeta oylab, haftalab chop etishdan toʻxtatilgan, muharrirning boshida esa turli gaplar aylangan.

Zoyir Mamajonov prinsipial qarashlarga ega, qaysar muharrir edi. “Chagʻoniyon”da tanqid qilingan ayrim mutasaddilar poytaxtga ot solib, markaziy nashrlarda oʻzlarini oqlovchi maqolalar chiqartirishga urinardi. Shunday voqealar ortidan “Chagʻoniyon”da respublika gazetalari muharrirlari bilan ham mojarolar yuz bergan, Zoyir Mamajonov hamkasblarini ham ayab oʻtirmay, ularga qarshi felyetonlar yozgan.

Muharrir bilan muharrirning bahsga kirishishi, biri keskin tanqid qilsa, boshqasi oʻz minbaridan tanqid qilingan odamni oqlab maqola berishi – bular endi kechagi kun voqeligi, 2000-yillar oʻzbek matbuotining ogʻriqli hikoyalari. Aniq aytish mumkinki, bu bahslarda hech kim yutmadi. Yutqazgan tomon milliy jurnalistika boʻldi.

Muxtasar aytganda, Zoyir Mamajonovning muharrirlik maktabi oʻz davri uchun telbavor, aqlga sigʻmas jasoratga tayanishi, matbuot uchun qoʻrqinchli davrlarda ham bosma nashrlarda tanqidiy ruhni saqlab qolgani bilan alohida ahamiyatga ega.

9. XURSHID DOʻSTMUHAMMAD

“Hurriyat”ni “Hurriyat” qilgan muharrir Xurshid Doʻstmuhammad edi. Gazetaning dastlabki besh soniga muharrirlik qilgan ustoz Karim Bahriyevning xizmatlarini mutlaqo kamsitmagan holda taʼkidlash kerakki, tahririyat muhitini shakllantirgan, ruknlar, mavzular qamrovi va gazeta uslubini belgilagan muharrir sifatida “Hurriyat” asoschilari qatorida Xurshid Doʻstmuhammadning nomi alohida turadi.

Bu gazetadagi muhit ijodkorlar ustaxonasiga oʻxshardi. Tahririyat oʻzagini koʻpincha jurnalistika fakulteti talabalari, boshlovchi ijodkorlar tashkil qilgan. Ularga ruknlar, mavzular berilar, press-tur va matbuot konferensiyalariga yuborilar, natijada, yosh ijodkor qisqa vaqt ichida media olamning markaziga tushib qolardi. Katta gazeta va jurnallar muharrirlari esa “Hurriyat”ni kuzatib, qalami bor yoshlarni koʻz ostiga olib yurardi.

Bu holatning anʼana tusiga kirishida Xurshid Doʻstmuhammadning xizmati katta. U tahririyatni yoshlar atrofiga qurdi, kadrlarni tez-tez uchirma qilib, jamoaning taʼsir doirasini kengaytirib bordi. “Hurriyat” bir jihatdan gazeta, ikkinchi jihatdan yosh jurnalistlar uchun amaliyot maktabi edi. Bu anʼana keyinchalik ham saqlanib qoldi.

Xurshid Doʻstmuhammadni afsonaviy oʻzbek muharrirlari qatoriga olib chiqqan asosiy omillardan biri til va uslubda koʻrinadi. 2000-yillarga qadar matbuotimizda media tili deganda koʻproq badiiy til, obrazli ifoda, adabiy bezak tushunilardi. Aynan Xurshid Doʻstmuhammad yangi davrning sodda, aniq, ortiqcha bezaklardan holi, oʻquvchiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnaltirilgan axborot tili shakllanishiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi.


Xurshid Doʻstmuhammad

Bu masalaga kengroq qarash kerak. Xurshid Doʻstmuhammad Jahon tillari universitetida jurnalistika fakulteti talabalariga dars berib, axborot tili va uslubiga doir qarashlarini ularga singdirgan yillarda, parallel ravishda, ijtimoiy tarmoqlar va internet jurnalistikasi davri boshlanib kelayotgan edi. Tasodifmi yoki tabiiy bogʻlanish bormi, har holda, keyinchalik oʻzbek internet jurnalistikasining til va uslubini yangilagan avlodning katta qismi aynan shu muhitda shakllandi.

Ular maqolani faqat badiiy matn sifatida emas, axborot mahsuloti sifatida koʻrishni oʻrgandi. Sarlavha, lid, fakt, qisqalik, tezlik, tushunarlilik, oʻquvchi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish kabi mezonlar oldingi davrga nisbatan muhimroq oʻringa chiqdi. Shu bilan birga, “jurnalist avval maqola yozadi, keyin hikoya va qissalar yozish darajasiga koʻtariladi” degan anʼanaviy qarash sekin-asta orqaga chekindi. Internet jurnalistikasining tili badiiy tildan mustaqil, alohida yoʻnalish sifatida rivojlana boshladi. Mana shu yangi tendensiyani toʻgʻri baholab, yangilikni darslariga, faoliyatiga tatbiq etgan olimlar, muharrirlar orasida Xurshid Doʻstmuhammad eng atoqli namoyanda hisoblanadi.

Shu maʼnoda, “Hurriyat”dagi faoliyati, universitetdagi saboqlari, muharrirlik tajribasi va biografik detallarga boy publitsistik maqolalari yaxlit qaralsa, Xurshid Doʻstmuhammad yurtimizda media tilini tubdan yangilashga hissa qoʻshgan afsonaviy muharrirlardan. Ayni chogʻda, u keyinchalik oʻzbek internet jurnalistikasining tili va uslubini shakllantiradigan yangi avlod jurnalistlarini tarbiyalagan ustozlardan biri boʻlib qoldi.

10. MUHRIM AʼZAMXOʻJAYEV

Bugun internetning oʻzbek segmentidagi eng mashhur nashrlar qatorida Kun.uz va Daryo.uz alohida tilga olinadi. Bu ikki loyiha tarixi taniqli jurnalist va bloger Muhrim Aʼzamxoʻjayev nomi bilan bogʻliq.

Albatta, gap faqat omadli startap, toʻgʻri tanlangan vaqt yoki qiziqarli gʻoya haqida emas. Keyinchalik bu loyihalarda muassislar tarkibi oʻzgardi, saytlar boshqa bosqichlarga oʻtdi, ularning taqdiri turli yoʻnalishlarda davom etdi. Ammo Muhrim Aʼzamxoʻjayevni yangi avlod muharrirlari orasida muhim figuraga aylantirgan jihat boshqa narsada – u oʻzbek internet jurnalistikasining dastlabki tili, ritmi va ishlash madaniyatini shakllantirgan muharrirlar boʻldi.

Muhrim Aʼzamxoʻjayev bosma matbuotdan internetga oʻtish davrida paydo boʻlgan muharrir emas, internetning oʻzidan chiqqan muharrir edi. U matnni qogʻoz sahifasi uchun emas, kompyuter, smartfon ekrani uchun joylashni, shunga monand dizaynni oʻylashni boshlagan avlod vakili. Uning tahririda sarlavha qisqardi, lid aniqlashdi, xabar tezlashdi, matn ortiqcha adabiy bezaklardan xalos boʻldi. Gazeta uchun yozilgan maqoladagi kirish, uzun muqaddima, badiiy iboralar internet matnida oʻquvchini ushlab tura olmasligi amalda isbotlandi.

Shu maʼnoda, Muhrim Aʼzamxoʻjayevga Xurshid Doʻstmuhammad maktabi va OʻzDJTU jurnalistika muhitida pishgan axborot tilini internet maydoniga olib chiqqan avlod vakili sifatida qaralishi mumkin. Agar Xurshid Doʻstmuhammad sodda, aniq, axborotga yoʻnaltirilgan jurnalistik tilni nazariy va tahririy muhitda shakllantirgan boʻlsa, Muhrim Aʼzamxoʻjayev bu tilni raqamli platformaga moslashtirdi.