Soʻnggi bir necha yilda sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalarining taʼlim sohasiga kirib kelishi zamonaviy maktab hayotini tubdan oʻzgartirmoqda. Endilikda darslarda AI yordamida insho yozish, murakkab masalalarni yechish va hatto oʻqituvchining dars rejalarini avtomatlashtirish ham odatiy holga aylandi. Ammo bu texnologik yuksalish faqat qulaylik yoki zamonaviylik masalasi emas — u maktab oʻquvchilarining psixologik rivojlanishi, taʼlimni qabul qilish uslubi va insoniy koʻnikmalari bilan chambarchas bogʻliq. Bugun AI taʼlimdagi eng dolzarb savollardan biriga aylangan: texnologiya bola ongi va shaxsiyatini qanday shakllantirmoqda?
Psixologik taʼsirlar
Soʻnggi yillarda sunʼiy intellekt vositalari oʻquvchilar hayotiga kirib kelib, ularning psixologik holatiga ham kuchli taʼsir koʻrsata boshladi. Bu taʼsir bir tomondan yangi imkoniyatlar yaratsa, ikkinchi tomondan ayrim xavotirli holatlarni ham keltirib chiqarmoqda.
Ijobiy jihatdan, AI oʻquvchilarning mustaqil ishlashiga, darsda faolroq boʻlishiga va oʻziga ishonchini oshirishga yordam beradi. Ayrim tadqiqotlarda uning oʻquvchilarda bilimni yaxshiroq oʻzlashtirishiga, muammolarni yengilroq hal qilishiga va stress darajasini kamaytirishga xizmat qilgani aniqlangan. Masalan, Garvard tadqiqotchisi Ying Xu aytishicha, agar AI toʻgʻri metodlarga asoslangan boʻlsa, bola bu texnologiyani inson bilan suhbatlashgandek qabul qiladi va darsga jiddiyroq yondashadi.
Shu bilan birga, AIʼdan haddan tashqari koʻp foydalanish muammolarni ham yuzaga keltirishi mumkin. Bolalar unga keragidan ortiq tayanib qolsa, ularda mustaqil fikrlash, diqqatni jamlash va eslab qolish koʻnikmalari zaiflashadi. MIT va Pensilvaniya universitetlari tadqiqotlariga koʻra, AIʼdan muntazam foydalanuvchi oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash pasayib, fikrni chuqur tahlil qilish odati kamaymoqda. Qolaversa, AIʼning notoʻgʻri ishlatilishi maʼlumotlar xavfsizligi, onlayn zoʻravonlik va axloqiy muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Pedagogik yondashuvlar va metodlar. AI tyutorlar va adaptiv taʼlim tizimlari
AI pedagogik metodlarda tub burilish yasadi. Xususan, AI tyutorlar yordamida taʼlimning individuallashtirilgan modeli paydo boʻldi. Xitoyda ishlab chiqilgan Squirrel AI tizimi 10 000 dan ortiq kognitiv bloklar orqali har bir oʻquvchining bilim darajasini tahlil qiladi va unga individual topshiriqlar taklif etadi. Bu yondashuv akademik natijalarni sezilarli darajada oshirgani kuzatilgan.
Shuningdek, UniDistance Suisseʼda olib borilgan tajriba shuni koʻrsatdiki, LLM-tyutor yordamida oʻqigan talabalarning imtihon baholari oʻrtacha 15 foizga oshgan. Bu shuni anglatadiki, sunʼiy intellekt oʻquvchilarga nafaqat bilim beradi, balki ularning oʻquv strategiyalarini ham optimallashtiradi.
AI va oʻqituvchi hamkorligi
AI oʻqituvchini almashtirmaydi, aksincha, u bilan samarali hamkorlik qiladi. San Diegoʻdagi Sage Creek High Schoolʼda oʻqituvchi Jeff Simon algebra darslarida AIʼni qoʻllab, oʻquvchilarga masalalarni bosqichma-bosqich yechishni oʻrgatmoqda. Oʻquvchilar AI yordamida yechim yoʻlini tushunib, keyin uni tahlil qilish orqali bilimni chuqurroq oʻzlashtirishmoqda.
Nyu Yorkdagi maktablarda esa 6-sinf oʻqituvchilari ChatGPT yordamida dars rejalari tuzmoqda. AI ularning mavzuga doir savollar, oʻyinlar, muhokama mavzulari va guruhli ishlarga mos gʻoyalar topishiga yordam bermoqda. Natijada, darslar yanada qiziqarli, jonli va oʻquvchilar faol ishtirok etadigan shaklga kirgan. Bu esa oʻqituvchilarga koʻproq vaqt tejash, har bir oʻquvchiga individual yondashish imkonini bermoqda.
AIʼni oʻqituvchi yordamchisi sifatida ishlatish
Bugun AI nafaqat qoʻshimcha vosita, balki baʼzi maktablarda dars jarayonining faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Oʻqituvchilar uni oʻzlariga sherik sifatida qabul qilib, kundalik ishlarida undan samarali foydalanmoqda.
AP Newsʼning xabariga koʻra, AQShdagi boshlangʻich va oʻrta maktablarning (K–12) 60 foizi allaqachon AIʼdan foydalanmoqda. Oʻqituvchilarning fikricha, bu texnologiya dars mavzularini tuzish, savol-javoblar tayyorlash, oʻquvchilarga izoh berish kabi ishlarda katta yordam beradi. Natijada ular haftasiga oʻrtacha 6 soat vaqt tejaydi. Bu ham oʻz oʻrnida oʻquvchilar bilan koʻproq shugʻullanish imkonini beradi.
AI amalda qanday ishlatilmoqda?
Alpha School (Texas, AQSH) – bu maktab har kuni oʻquvchilarga ikki soat AI tyutor bilan ishlash imkoniyatini beradi. Qolgan vaqt esa hayotiy koʻnikmalarni rivojlantirishga bagʻishlanadi. Maktab maʼmuriyati AI yordamida oʻquvchilarning universitet testlarida yuqori natijalarga erishganini bildirgan, biroq mustaqil baholashlar hali yetarli emas.
Repton School (Buyuk Britaniya) — bu maktabda 9-sinfdan boshlab oʻquvchilarning ruhiy holatini kuzatish uchun sunʼiy intellekt asosidagi monitoring tizimi joriy etilgan. Tizim oʻquvchilarning kundalik faoliyati, soʻzlashuv uslubi va ijtimoiy xatti-harakatlaridagi mayda oʻzgarishlarni tahlil qiladi. Masalan, oʻquvchining yozma topshiriqlarida yoki onlayn muloqotlarida tushkunlik, xavotir yoki tajovuzkorlik alomatlari paydo boʻlsa, tizim bu haqida maktab psixologiga ogohlantirish yuboradi.
Bu yondashuv maktabdagi ruhiy muammolarni erta bosqichda aniqlashga, xususan bulling (zoʻravonlikning masxara qilish shakli) va oʻziga zarar yetkazish xavfini oldindan sezishga yordam bermoqda. Tizim bolalar bilan bevosita aloqa oʻrnatmaydi, faqat mavjud maʼlumotlar orqali xavfli belgilarni tahlil qiladi. Natijada, maktab psixologlari muammoga vaqtida aralasha oladi va oʻquvchiga kerakli yordam koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu usul maktabdagi umumiy ruhiy salomatlik muhitini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Houston ISD (Texas) — bu taʼlim okrugi Prof Jim Inc nomli texnologik kompaniya bilan hamkorlikda 2200 dan ortiq oʻquv materiallarini yaratgan. Bu materiallar sunʼiy intellekt asosida ishlab chiqilgan boʻlib, har bir oʻquvchining bilim darajasi, oʻrganish surʼati va qiziqishlariga moslashtirilgan. Bunda oʻquvchining oldingi javoblari va faoliyati asosida AI unga eng samarali mashgʻulotlar va mavzularni taklif qiladi.
Bu yondashuv sinfda barcha oʻquvchilar uchun bir xil dars berish oʻrniga, har bir oʻquvchiga individual taʼlim olish imkonini yaratadi. Maktab rahbariyati bu loyihani innovatsion va umidli yechim sifatida qabul qilgan. Biroq baʼzi ota-onalarda materiallar mazmunining aniqligi va sifati boʻyicha savollar boʻlgan. Ular sunʼiy intellekt tomonidan tayyorlangan baʼzi topshiriqlar yetarlicha aniq yoki mantiqan izchil emasligini taʼkidlagan. Loyiha sinov bosqichida boʻlgani uchun bu fikrlar kelgusida uni takomillashtirish uchun muhim mulohaza sifatida koʻrilmoqda.
Connecticut shtatidagi sinflar (East Hartford va Lebanon hududlari) — bu maktablarda MagicSchool nomli sunʼiy intellekt platformasi joriy etilgan. Ushbu AI tizimi oʻqituvchilarga dars mazmunini ishlab chiqish, savol-javoblar yaratish va oʻquvchilarni baholashda yordam beradi. Asosiy maqsad — taʼlimni demokratlashtirish, yaʼni barcha oʻquvchilar uchun teng imkoniyat yaratish va taʼlim sifatini bir xil darajada ushlab turish.
Platforma nafaqat tezlik va samaradorlikni oshiradi, balki oʻqituvchilarning javobgarligini ham kuchaytiradi. Har bir oʻqituvchi AI taklif qilgan materiallarni qanday ishlatgani, qanday baholagani va oʻquvchilarga qay tarzda taqdim etgani boʻyicha nazorat qilinadi. Shu sababli, maktablar MagicSchool platformasini faqat oʻz bilganicha ishlatmay, oʻqituvchilarga maxsus treninglar oʻtmoqda. Unda AI bilan qanday ishlash, qanday savollar berish va baholash kerakligi oʻrgatilmoqda.
Ushbu yondashuv darslarni avtomatlashtirish emas, AIʼni masʼuliyat bilan ishlatish madaniyatini shakllantirishni maqsad qilgan. Loyihaning dastlabki natijalari oʻqituvchilarning ish yukini kamaytirgani, dars sifati esa yaxshilangani koʻrsatmoqda.
Xulosa qilib aytish mumkinki, AI texnologiyalari maktabdagi taʼlim manzarasini tubdan oʻzgartirmoqda. Pedagogik metodlar, oʻquvchining oʻrganish strategiyasi, hatto psixologik holati ham bu inqilobdan chetda qolmayapti. Shunday boʻlsa-da, AI imkoniyatlaridan oqilona va masʼuliyatli foydalanish muhim. AI bolalar uchun oʻrganishni osonlashtiruvchi vosita boʻlishi kerak, lekin oʻrniga fikrlaydigan qurilmaga aylanmasligi shart.
Oyina.uz,
Navroʻza Boʻriyeva