Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyining koʻchirilishi, faoliyatining vaqtincha toʻxtatilishi hamda mavjud binosidan kelgusida foydalanish masalalari yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Xabarda yangi bino hali qurib bitkazilmagani, muzey yopilgani va qoʻlyozmalar boshqa joyga koʻchirilgani sabab ayrim ilmiy izlanishlar toʻxtab qolgani haqida soʻz yuritilgan. Shuningdek, muzey xodimlari muassasaning kelgusi taqdiridan xavotir bildirgani keltirilgan.
Fanlar akademiyasining maʼlum qilishicha, muzey fondlarini vaqtincha saqlash joylariga koʻchirish ishlari nodir manbalarning butligi va xavfsizligini taʼminlash hamda ularni xatlovdan oʻtkazish maqsadida amalga oshirilmoqda.
2026-yil 9-iyun kuni muzey fondida saqlangan 847 nomdagi nodir qoʻlyozma Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonasiga joylashtirilgan. Topshirish-qabul qilish ishlari masʼul komissiya ishtirokida amalga oshirilgan.
Akademiya fondlarni birlamchi xatlovdan oʻtkazish jarayonida dastlabki hisob maʼlumotlari bilan mavjud ashyolar soni oʻrtasida ayrim tafovutlar aniqlanganini ham bildirdi. Jumladan, nodir qoʻlyozmalar soni 831 ta oʻrniga 847 ta, toshbosma nashrlar 1 334 ta oʻrniga 1 491 ta, yozuvchi va shoirlar arxiviga oid materiallar esa 173 ta oʻrniga 189 ta ekani qayd etilgan.
Hozirda ushbu tafovutlarning sabablarini aniqlash uchun hisob hujjatlari, inventar kitoblari va fond roʻyxatlari solishtirilmoqda. Fanlar akademiyasi muzey tashrif buyuruvchilar va tadqiqotchilar uchun vaqtincha yopilganini tasdiqladi. Biroq muassasa xodimlari faoliyatini davom ettirayotgani, fondlarni xatlovdan oʻtkazish va muzey ashyolarini muhofaza qilish ishlari olib borilayotgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, Yangi Toshkentda barpo etilishi rejalashtirilgan yangi bino foydalanishga topshirilgach, muzey fondlarini u yerga koʻchirish va muassasa faoliyatini davom ettirish koʻzda tutilgan. Muzeyning hozirgi binosidan kelgusida foydalanish masalasi esa tegishli vakolatli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartib va qabul qilingan qarorlar asosida hal etilishi bildirilgan.