Ijtimoiy tarmoqlarda “Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi yopildi” degan xabar tarqaldi va bu ziyolilar, keng jamoatchilik orasida muhokama mavzusiga aylandi, keskin eʼtirozlarga sabab boʻldi. Oyina.uz tabarruk maskanning millat merosi sahnasidan “uchib” ketishiga befarq boʻlmagan faollarning fikrlarini yigʻdi.
Adabiyotning uvoli urmaydimi?!
Janob Prezident, sizga butun oʻzbek ziyolilari nomidan murojaat qilmoqdaman! Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi yopildi. Bu vaqtinchami yo umrbodmi – sizning saʼy-harakatingizga bogʻliq. Muzey 1968-yildan buyon taʼmirlanmagandi, eng dahshati esa – ayni paytda tarix sahnasida yashashi soʻroq ostida qolmoqda! Shu vaqtgacha taʼmirlanmagani, yetarli shart-sharoit yaratilmagani uchun 70 000 ga yaqin noyob ashyo xavf soyasida edi. Bugun bu xatarlar yanada kuchaygan.
Gap shundaki, nomaʼlum sabablarga koʻra, Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi oʻz binosidan koʻchirilyapti. Biror manzildan bu muzey uchun hali joy berilmagan. Boshpanasiz muzeyning koʻpgina eksponatlari Islom sivilizatsiyasi markazining yertoʻlasidan vaqtincha joy olgan. Peshonasi tirishgan Islom sivilizatsiyasi markazi maʼmurlari zoʻrgʻa tishini tishiga qoʻyib chidab turibdi. Ular ham chiqarib yuborsa, yertoʻlasini yopib qoʻysa nima boʻladi?!
Maʼlumot uchun ketirib oʻtamiz, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi balansidagi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi 1968-yili buyuk allomaning 525 yillik yubileyi munosabati bilan tashkil etilgan. Bugungi kunda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining oʻzida yangilanish ketayotgani uchun muzey bilan kimning ishi boʻladi?! Muzey shu choqqacha xalqimizning koʻp asrlik adabiy merosini jamlash, uni muhofaza qilish, targʻib etish va tadqiq qilishda katta ishlarni amalga oshirgan. Uning XV-XXI asr adabiyoti tarixini namoyish etuvchi ekspozitsiyasi juda boy edi. Dunyo boʻyicha moddiyatga berilish va adabiyotdan uzoqlashish kechayotgan bugungi kunda maktab oʻquvchilari adabiyot muallimlari tomonidan “majburan”, tekin tomosha uchun keltiriladigan bu maskan ularga koʻp asrlik boy adabiy tariximizning noyob durdonalari bilan tanishtiribgina qolmay Markaziy Osiyo madaniyati va sanʼatining badiiy namunalari – kitob, tasviriy sanʼat, xattotlik, naqqoshlik, musiqa va meʼmorchilik asarlari bilan ham tanishtirish imkoniyatiga ega edi. Muzeyda qoʻlyozmalar bilan birgalikda eski bosma kitoblar fondi ham bor edi. Adabiyot muzeyi binosining oʻzi ham noyob arxitektura yodgorligi sifatida diqqat-eʼtiborni oʻziga jalb etardi. Bino 1933–1936-yillarda qurilgan. Muzey Xalqaro muzeylar kengashi IKOM tashkiloti aʼzosi.
Bu muzeyda Oybek, Hamid Sulaymonov, Maqsud Shayxzoda, Aziz Qayumov kabi allomalarimizning qoʻl izlari qolgan. Ilgari 8 boʻlimdan iborat har biri tarixdan soʻylaydigan 50 ta xonasi bor edi. Umumiy jamlanmasida 34 ming koʻrgazma mavjud edi. Muzeyda oʻzbek adabiyotiga oid asarlar, qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, xalq hofizlarining ovoz yozuvlari, naqqoshlik sanʼatiga doir koʻrgazmalar (yogʻochdan ishlangan panjara, A.Fayzullayev, 1968), XX asrga oid sopol buyumlar bor edi. Muzey koʻrgazmalari temuriylar davri ekspozitsiyasi bilan, oʻzbek adabiyoti tarixi ekspozitsiyalari esa Alisher Navoiy ijodidan boshlangan: “Xamsa”ning qoʻlyozma, foto va koʻchirilgan nusxalari, dostonlarga ishlangan miniatyuralar, rasm va bezaklar, shoir hayotiga oid portretlar, haykallar, xarita, kitob, har xil sovgʻa va albomlar, lagan, koʻzachalar xazinasi edi. Buxorolik 14 qiz tomonidan Navoiy, Farhod va Shirin, Layli va Majnun rasmlari zar bilan toʻqilgan gilam (1968) muzeyga alohida koʻrk bagʻishlardi. Jomiy xonasiga shoir asarlarining turli davrda koʻchirilgan nusxalari qoʻyilgan. Muzeyning boshqa xonasidagi koʻrgazmalari orasida Hofiz, Nizomiy, Firdavsiy, Xusrav Dehlaviylarning bir qancha qoʻlyozmalari bor edi. Bobur hayoti va ijodiy faoliyati haqidagi koʻrgazmalar ichida “Bobur haykali” (haykaltarosh A.Grishchenko, 1968) va ipak bilan toʻqilgan “Bobur portreti” (chevar F.Saydaliyeva, 1974) alohida oʻrin tutardi. Muzeyda Zebunniso, Turdi, Nodira, Uvaysiy, Mahzuna va boshqalar sheʼrlaridan namunalar, qoʻlyozmalar va asarlariga ishlangan tasvirlar, namunalar bor edi. Muzeyning hozirgi zamon adabiyotiga bagʻishlangan xonalariga “XX asr oʻzbek adabiyoti”, “Istiqlol davri oʻzbek adabiyoti” ekspozitsiyalari joylashtirilgandi. 200 dan ortiq oʻzbek shoir va yozuvchilari ijodiy yoʻlini yorituvchi koʻrgazmalar qoʻyilgan edi.
Endi nima boʻladi?! Bu muzey tugatilsa, bizni adabiyotning uvoli urmaydimi?!
Janob Prezident! Sizning yaqindagina, 2026-yil 1-iyun kuni “Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Farmoningiz chiqdi. Unda “ijodkorlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish”, J) bandi – (i) ijodkorlarning badiiy kechasi, mahorat maktabi va ijod uylari tashkil etiladi”, “36. Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini kompleks rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi” kabi bandlarga koʻzim tushib Adabiyot muzeyini bunday parokanda qoldirmaysiz degan umid paydo boʻldi. Chunki sizning Adiblar xiyobonida yaratgan manzarangizdan adabiyotga eʼtiboringiz borligini bilaman.
Janob Prezident! Yuqorida aytganimdek, Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyini yashab qolishi sizga bogʻliq! Muzeyni saqlab qoling!
Hurmat bilan, yozuvchi Shukur JABBOR,
oʻzbek ziyolilari nomidan.
Alisher Navoiy... Qanchaga sotildi?
“Adabiyotning qizil qonini ichayotgan, goʻshtli nonini yeyayotgan, parqu moshinasidan tushmaydigan Xalq shoirlari, Xalq yozuvchilari, qayerdasizlar? Deputatlik, senatorlik yorligʻiga tez-tez qarab qoʻyadiganlar, “hammasi yaxshi” deydigan, dimogʻiga xoda yetmaydiganlar, bir narsa denglar endi? Uyushma, Maʼrifat va maʼnaviyat degan idoralardan sado chiqsin. Bu masala bugun qoʻzgʻalgan yoʻq. Yigirma yil oldin bor edi-ku. Bir Ulug‘ insonning soʻzi bilan qoldirilgan edi. Navoiy koʻchasi nomini ham oʻzgartirishga asos boʻladi bu holat. Toshkentda Navoiy haykali ikkita boʻlishi shart emas, deyilib, kechasi birining yoʻq boʻlib qolishi aniq boʻlib bormoqda. Muzeyga tubkonni tagidan sichqonni iniday joy berilib, koʻchaning oti-da oʻsha yoqqa koʻchirilishi hech gap emas.”
Feysbuk ijtimoiy tarmogʻiga joylangan mazkur postimdan soʻng bir necha qoʻngʻiroqlar boʻldi. Muzey boshqaruvining bu masaladagi munosabati berilgan ekan, tanishdim. Maʼlum boʻlishicha kutubxonaga Yangi Toshkentda zamonaviy bino qurilayotgan ekan. Juda yaxshi. Biroq ushbu munosabatda mazkur muzeyning filal boʻlib qolishi haqidagi bildirishlari gumon feʼli bilan yozilgan: “Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi uchun ham Yangi Toshkentda yangi bino qurilmoqda. Hozirgi binosi esa filial sifatida saqlanib qolinadi. Muzey yangi binoga koʻchib oʻtsa, hozirgi binoni filial sifatida saqlab qolish bilan bogʻliq masalalar, albatta, mutaxassislar tomonidan koʻrib chiqiladi. Bu endi kapital taʼmirdan soʻng, filial boʻlishga arzigulik ashyolar bilan bogʻliq masala”. Demak, muzeyning filal sifatida saqlab qolinishi aniq emas. Mutaxassislar tomonidan koʻrib chiqilmoqda, deyilyapti. Va bu “kapital taʼmirdan soʻng filial boʻlishga arzigulik ashyolar bilan bogʻliq masala” ekanligini koʻp narsaning chigalligini bildirmaydimi? Muzey xalq mulki. Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan. Filal boʻlib qolishini ILTIMOS qilgan boʻlardik. Muzey kimningdir shaxsiy mulki emas.
Bahodir QOBUL,
yozuvchi
Ildizidan uzilgan har qanday “islohot” tarixiy xotirani zaiflashtiradi
Muzey – faqat eksponatlar saqlanadigan maskan emas. Uning binosi – oʻtmishning jonli guvohi, toshlarga koʻchgan tarix, madaniy xotiraning oʻchogʻidir.
Muzey oʻz nomi bilan MUZEY. Uning qiymati yangi binolar bilan emas, yillar davomida shakllangan tarixiy muhiti bilan belgilanadi. Ildizidan uzilgan har qanday “islohot” tarixiy xotirani zaiflashtiradi. Ha, bugun bolalarimiz boradigan koʻrkam “Turon” kutubxonasi bor. Ammo Abdulla Qodiriy va Abdulhamid Choʻlpon qadami tekkan, havorang yogʻoch zinali oʻsha “Turon” xotiralar qaʼriga gʻarq boʻldi... Toki kechagi xatolardan xulosa chiqarmas ekanmiz, har yangi davrni yangi tarixiy yoʻqotishlar bilan qarshi olishga mahkum boʻlaveramiz.
Ancha yillar oldin Naim Karimovning (rahmatli) koʻzida yosh koʻrganman. “Turon”ni asrab qola olmayapmiz, Gulnora Karimovaga gapimiz oʻtmayapti” degan edi olim. Bugun na “Turon”ning qoldigʻi qoldi, na Naim Karimov bor... Malikamizing oʻzi-chi? U bugun qayerlarda? Hozir oʻsha mudhish tarixiy voqeani eslatsang, eslay olarmikan?