“Oyina.uz”ning navbatdagi mehmoni – Amerikada Oʻzbekiston tarixini tadqiq qilib kelayotgan Alisher Xoliyorov. Malayziya va Germaniyadagi universitetlarda tahsil olgan, hozirda esa Ogayo davlat universitetida Oʻrta Osiyo tarixi va global tarix yoʻnalishi boʻyicha dars beradi.

– Nega doktoranturada oʻqish uchun aynan Ogayo davlat universitetini tanladingiz?

– Doktoranturada ilmiy ish qilish jiddiy mehnat va sabr talab qiladi, bu yoʻlda siz tanlagan universitet va ilmiy rahbarning oʻrni juda muhim hisoblanadi. Mening mavzuyim Oʻrta Osiyo iqtisodiy tarixi boʻyicha boʻlgani bois shu sohada chuqur izlanish olib borgan ilmiy rahbar topish oson boʻlmagan. Professor Skott Levi Oʻrta Osiyo iqtisodiy tarixi boʻyicha, aynan Buxoro va Qoʻqon xonligi iqtisodiy tarixini oʻrganishda oʻz oʻrniga ega kam sonli olimlardan sanaladi.

Chet ellik talaba uchun Amerika universitetlaridan ilmiy rahbar topish oson emas, ayniqsa, tarix va sotsial yoʻnalishni tanlagan boʻlsangiz. Chunki bu sohada chet ellik tadqiqotchilarga ajratilgan grantlar juda kam, raqobat esa juda kuchli. Lekin Amerika universitetlarida ilmiy ish qilish uchun imkoniyat boshqa davlatlarga qaraganda kengroq; akademik erkinlik, moliyaviy qoʻllab-quvvatlov Yevropa universitetlaridan koʻra ham farq qiladi.

Doktoranturaga oʻqishga kirishimda shu omillar asosiy rol oʻynagan va bir yillik imtihonlar, suhbatlardan soʻng 2015-yil Ogayo davlat universitetiga (Ohio State University) qabul qilinganman. Doktoranturada oʻqish olti yil davom etdi, 2021-yil avgust oyida esa tarix yoʻnalishida doktorlik dissertatsiyamni himoya qildim. Hozirda Oʻrta Osiyo tarixi va Global tarix yoʻnalishida dars beryapman. Oilaliman, ikki farzandim bor.

– 2006–2011-yillar Malayziyada islom iqtisodi boʻyicha tahsil olib, undan soʻng Germaniyaning Bonn universiteti va OʻzR FA Tarix institutida tadqiqotni davom ettirganingizni bilamiz. Turli davlatlardagi faoliyat mobaynida oʻrganganlaringiz, qiyosiy fikrlar bilan oʻrtoqlashsangiz.

– Malayziyada xalqaro biznes boshqaruvi boʻyicha bakalavriatda, islom moliyasi boʻyicha magistraturada tahsil olganman va bu men uchun asosiy fundament boʻlib xizmat qilgan. Aynan islom moliyasi va iqtisodi yangi yoʻnalish boʻlgan va juda qiziqish bilan oʻrganganman.

Islomiy banklarning iqtisoddagi oʻrni va bu sohada taʼlim berish boʻyicha Malayziya dunyoda oldingi oʻrinlardan joy oladi. Men mazkur mamlakatdagi Xalqaro islom moliyasi taʼlim markazi magistraturasida oʻqiganman va hozirgi ilmiy faoliyatimning boshlanishi aynan oʻsha universitet bilan bogʻliq. U yerda oʻqish davomida islom iqtisodi tarixi boʻyicha oʻtiladigan fanlar menda juda katta qiziqish uygʻotgan, chunki biz oxirgi ming yillikdagi global iqtisodiy va moliyaviy rivojlanishni qiyosiy tahlil qilib oʻrganganmiz. Darslar jarayonida meni qiziqtirgan savollar paydo boʻlgan, masalan, koʻpchilik ilmiy adabiyotlarda Oʻrta Osiyoning dunyo iqtisodiy tarixidagi roli va hatto islom mamlakatlari orasidagi oʻrni juda kam tilga olinadi. Bizda pul qarz berish va pul muomalasi tarixi, tashqi dunyo bilan iqtisodiy aloqalarning mahalliy iqtisodiyotga taʼsiri masalalari juda kam oʻrganilgani sababli iqtisodiy tarixga oid koʻplab savollar ochiq qoladi.

Afsuski, tarixni oʻrganish deganda asosan siyosiy, madaniy va diniy masalalar tushuniladi va iqtisodiy-moliyaviy tomonlarga deyarli urgʻu berilmaydi. Shuning uchun ham magistraturadan keyin ilmiy ishimni pul vaqflari va qarz olish masalalari oʻtmishini oʻrganishdan boshlaganman. Keyinchalik Germaniyaning Bonn universiteti va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutida ushbu yoʻnalishda ilmiy izlanish olib borganman.

– Siz tahsil olgan davlatlarda ijtimoiy hayot, turmush tarzidagi qaysi jihatlarga havas qilsa arziydi yoki bizning millatdoshlarimizning ustun tomonlari haqida koʻnglingizdan oʻtgan oʻylar...

– Yillar davomida Oʻzbekistondan tashqari Osiyo, Yevropa va Amerika universitetlarida tahsil oldim va ilmiy izlanish qildim. Har bir davlatning geografik joylashuvi, demografiyasi va iqtisodiy boyligiga bogʻliq holda oʻziga yarasha ustunliklari bor. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkin, aynan taʼlim sohasida erkinlik, davlat va donor tashkilotlarning moliyaviy qoʻllovi juda muhim hisoblanadi. Masalan, Malayziyada har bir kishi oliy taʼlim olishi kerak degan davlat siyosati bor edi, shuning uchun iqtisodiy va ilmiy salohiyatidan qatʼi nazar, barcha oliy taʼlim olishni xohlovchi yoshlarga davlat imkoniyat yaratgan. Germaniyada ham oliy taʼlim davlat universitetlarida bepul va bu iqtisodiy rivojlanishda hamda jamiyatda notenglik kamayishida juda katta hissa qoʻshadigan omil. Amerika universitetlarida taʼlim qimmat turadi, ammo oʻzi tugʻilib oʻsgan shtatda bakalavr tahsilini olmoqchi boʻlgan yoshlar uchun chegirmalar mavjud.

Taʼlim sohasida kaminaga yoqqan yana bir jihat shuki, men faoliyat olib borgan davlatlarning hammasida nafaqat davlat grantlari, balki badavlat fuqarolar va nomdor tashkilotlarning ham oʻz taʼlim grantlari mavjud. Qaysi universitetda oʻqib, ishlamay, hamma joyda oʻzbekistonlik talabalar bor va juda yaxshi koʻrsatkichlarga ega. Bizning yoshlarimizda ilm olishga qiziqish kuchli va oʻzlariga notanish fanlarni oʻzlashtirishda ham hech ortda qolishmaydi. Birgina misol, hozirda Amerika va Yevropa universitetlarida nafaqat taʼlim olayotgan talaba yoshlarni, balki ularga dars berayotgan yosh vatandosh olimlarni ham uchratish juda quvonarli hol.

– Faoliyatingizga eng katta taʼsir koʻrsatgan universitet deb qaysi birini ayta olasiz? Chet eldagi taʼlim muassasalarini kuzatib, bizdagi taʼlim oʻrtasida qanday farqlarni koʻrgansiz?

– Faoliyatimga eng katta taʼsir koʻrsatgan universitet – Ogayo davlat universiteti. Shu yerda 6 yil davomida doktoranturada oʻqidim va tahsil bilan bir vaqtda oʻqituvchilik faoliyatimni ham boshladim. Taʼlim sifati, oʻqituvchilarning ilmiy darajasi, tadqiqotchilarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar boʻyicha Amerikada oldingi oʻrinlarda turadi. Kattaligi jihatidan ham mamlakatda peshqadam uchtalikka kiradi. Universitetimizda 65 mingdan ortiq talaba va 3 mingga yaqin professor-oʻqituvchi faoliyat yuritadi. Kirish imtihonlarida raqobat juda kuchli, masalan, doktoranturada bir oʻringa 20 kishi toʻgʻri keladi. Oʻqish ham shunga yarasha qattiq, chet eldan kelib doktoranturada tahsilni boshlash va oʻquv dasturiga moslashib ketish ancha qiyin kechadi. Lekin universitet tadqiqotchilariga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bu qiyinchilikni yengib oʻtishimga yordam berdi.

Chet ellik talabalarni universitet taʼlim tizimiga integratsiya qilishini osonlashtirish uchun maxsus dasturlar va markazlar bor. Amerika universitetlarining yana bir yaxshi tarafi – talabalar va tadqiqotchilarni kerakli ilmiy adabiyot bilan taʼminlash uchun kutubxonalar tarmogʻi mavjudligi. Universitet kutubxonasi sizga kerakli adabiyotni boshqa kutubxonalardan elektron yoki kitob shaklida keltirib berishi mumkin.

Amerikada jamiyat kapitalizm qonun-qoidasiga asoslangan, taʼlim sohasida ham buni sezasiz. Universitetlarda tahsil pullik, lekin iqtidorli va oʻz ustida ishlaydigan talaba uchun imkoniyatlar koʻp, professor oʻqituvchilarni ishga olish ochiq tanlov asosida, raqobat yuqori – bir oʻringa 150–200 kishi. Har bir universitet talabalarning shartnoma toʻlovi va professor oʻqituvchilarning oylik maoshini mustaqil belgilaydi va bu taʼlim sifatini oshirishda juda muhim omil. Oʻzbekistonda ham yaqinda ayrim universitetlarga mana shunday erkinlik berildi. Oʻylaymanki, bu taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

– Siz tahsil olgan davlatlarda oʻzbeklar hamjamiyatining shakllanish jarayoni qanday kechmoqda? Vatandoshlar oʻzaro munosabatlarni qanday yoʻlga qoʻygan?

– Malayziyada oʻqigan paytimda har bir koʻzga koʻringan universitetda oʻzbekistonlik talabani uchratar edim, chunki oʻqish puli qimmat emas va taʼlim tizimi ancha ilgʻor. Lekin Amerika universitetlarida oʻzbekistonlik talabalar unchalik koʻp emas. Malayziyada vatandosh talabalar hamisha bayramlarni birga oʻtkazar edik va tez-tez yigʻilishib turardik. Elchixonamiz ham koʻplab tadbirlar va bayramlar tashkil qilardi.

Germaniya va Amerikada ham yurtdoshlar yigʻilib turishadi. Amerikada kattagina oʻzbek diasporasi mavjud, asosan yirik shaharlar va bizneslarga qulay shtatlarda yashaydi. Masalan, Nyu-York va Chikagoda ancha vatandoshlarimiz bor. Hozir nafaqat bayramlar atrofida, balki doimiy ravishda vatandoshlarga xizmat koʻrsatadigan va ularni bir-biriga bogʻlaydigan tashkilotlar, jamoaviy guruhlar tashkil qilinyapti. Oʻzbekistonliklar diasporalashish jarayonida faol va bu keyingi avlodni oʻzimizning madaniyat bilan tanishtirishda, yangi kelganlarning Amerika madaniyatiga moslashishiga yordam berish uchun juda foydali.

– Tadqiqot mavzusi uchun Markaziy Osiyo tarixini tanlashingizga nima sabab boʻldi? Amerikada bu mavzu qanday qiziqish bilan kutib olindi?

– Markaziy Osiyo oʻtmishini oʻrganishga mening iqtisodiy tarixga qiziqishim sabab boʻlgan. Malayziyada islom moliyasini yaqindan oʻrganar ekanman, bu soha bevosita tarix bilan bogʻliqligini va bugungi zamonaviy islom banklarida koʻrsatilayotgan xizmatlarning qonuniy asoslari bir necha asrlar oldin paydo boʻlganini kuzatganman. Musulmon mamlakatlar oʻtmishida pul zarb qilish, qarz oldi-berdi masalalari, soliq va sud tizimi islom qoidalari asosiga qurilgan. Shu bois Oʻrta Osiyo iqtisodiy tarixini oʻrganish uchun tadqiqotchilar avvalo islom iqtisodi tarixidan xabardor boʻlishi kerak, chunki XIX asrdan oldingi barcha iqtisodiy munosabatlarimiz shu qonun-qoidalar asosida yuritilgan.

Islom moliyasini tadqiq qilish Markaziy Osiyo iqtisodiy tarixining shu paytgacha oʻrganilmagan qirralarini yaqindan tahlil qilish imkonini berdi. Amerika universitetlarida dunyoning deyarli har bir davlati va mintaqasini tadqiq etadigan markazlar va olimlarni topasiz. Markaziy Osiyo oʻtmishini oʻrganish, ayniqsa, iqtisodiy va atrof-muhit tarixi (environmental history) bilan shugʻullanishga qiziqish ortib boryapti. Masalan, bizning universitetda Oʻrta Osiyo va aynan Oʻzbekiston tarixini oʻrganadigan bir necha tadqiqotchi talaba va professorlarni bilaman.

Ilmiy ishim Xiva xonligining XIX asr tarixi va qoʻngʻirotlar davri iqtisodiy oʻtmishini global yondashuv asosida oʻrganishga bagʻishlangan. Tadqiqot davomida dunyo global iqtisodiyotida boʻlayotgan oʻzgarishlarning xonlik iqtisodiyotiga boʻlgan taʼsirini savdo va moliyaviy omillar asosida koʻrsatib berishga harakat qildim. Bu butun Markaziy Osiyoning dunyo global iqtisodiy tarixida oʻz oʻrnini koʻrsatib berishiga hissa qoʻshadi, shuning uchun boʻlsa kerak, Amerikada katta qiziqish bilan qabul qilindi.

– Markaziy Osiyodagi bugungi siyosiy jarayonlarni asriy davlatchilik rakursidan baholash mumkinmi? Oʻtmishda bunday vaziyatlarda qanday qonuniyatlar ishlagan?

– Markaziy Osiyo dunyo siyosiy tarixida muhim oʻringa ega mintaqa sanaladi. Islom sivilizatsiyasi tarixida eng qudratli va uzoq vaqt hukmronligini saqlab kelgan Usmoniylar imperiyasi ham Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan. Yoki XIX asrgacha dunyoning eng qudratli iqtisodiyotlaridan biri hisoblangan Hindiston mintaqasining katta qismini Boburiy hukmdorlar boshqargan. Amir Temur saltanatining Buyuk ipak yoʻli savdosiga qoʻshgan hissasini koʻpchilik bilsa kerak.

Markaziy Osiyo xonliklar paytida siyosiy izolyatsiya va iqtisodiy tanazzulga yuz tutdi degan fikrlar bor. Lekin mening tadqiqotlarim mintaqa tashqi dunyo va XIX asrdagi iqtisodiy globalizatsiya jarayoniga bevosita bogʻliq boʻlganini koʻrsatadi. Oʻtmishda turkiy davlatlar hukmdorlari oʻrtasida hamisha siyosiy nizolar boʻlgan, lekin bu savdo aloqalari yoki xalqlar orasidagi munosabatlarga kamdan-kam taʼsir qilgan. Afsuski, sobiq sovet tizimi qulaganidan keyin Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida siyosiy-iqtisodiy integratsiya juda sekin kechdi, baʼzan disintegratsiya holati ham hukm surdi. Hozirgi mamlakatlar oʻzaro hamkorlikni kuchaytirib, iqtisodiy rivojlanishni birinchi oʻringa qoʻyishi kerak. Markaziy Osiyoda dunyoning yetakchi integratsion blokiga aylanish uchun barcha imkoniyat va resurslar mavjud, intellektual boylik va madaniyatlar yaqinligi, yerosti va usti boyliklari, strategik joylashuv va harbiy kuch-qudrat shular jumlasidandir. Yaqinda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻzaro aloqalarining strategik hamkorlikdan ittifoqdosh mamlakat darajasiga koʻtarilishi mintaqadagi integratsion jarayonni tezlashtiradi, degan umiddaman.

– Kelajakdagi rejalaringizni Oʻzbekiston bilan bogʻlaysizmi?

– Faoliyatim tugʻilib-oʻsgan maskanimdan tashqarida boʻlsa-da, ilmiy izlanishlarim, kelajakdagi rejalarim, albatta, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo bilan bevosita bogʻliq. Hozir yurtimizdagi hamkasblar va ilmiy markazlar bilan doimiy aloqadaman va yaqin yillarda Oʻzbekiston iqtisodiy tarixining yangi qirralarini oʻrganishga munosib hissa qoʻshish rejalarim bor.

Zulxumor ORIFJONOVA

oyina.uz