Yurtimizda hukmronlik qilgan xon-u amirlarning hammasi ham kindik qoni toʻkilgan tuproqqa dafn etilmagan. Xususan, Buxoro amirlarining koʻpchiligiga soʻnggi manzil  Buxoro tuprogʻi boʻlmagan.

Buxoroning soʻnggi amiri Sayid Olimxon amirlik qulatilgach Afgʻonistonga ketishga majbur boʻladi. 23 yil muhojirlikda yashagan Amir Olimxon hayotining soʻnggi yillarida ogʻir xastalikka chalinib, Vatanni qoʻmsab, yigʻlayverganidan koʻzi ojiz boʻlib qoladi. U 1944-yilning 28-aprel (ayrim manbalarda 29, 30-aprel kunlari), 63 yoshida farzandlari qurshovida Afgʻonistonda vafot etadi va Kobuldagi Shahidoni islom (islom shahidlari) qabristonida[1] dafn etiladi. Vafoti oldidan Olimxon “Ey Buxoro, sening uchun tugʻildim, Sening uchun yashayman va Sening yoding bilan jon beraman. Salom senga Buxoro” soʻzlarini aytib, omonatini topshirgan.

Sayid Olimxon “Tarixi huzn al-milali Buxoro” (“Buxoro xalqi (millati) qaygʻusi tarixi”) nomli asar yozgan. Mazkur kitob general Hoji Yusuf Muqimboy saʼy-harakati va gʻamxoʻrligi bilan Parijda Mozon Navdar nashriyotida fors tilida chop etilgan. Kitobning uchinchi boʻlimida Amir Abdulahadxon va Olimxonning tarjimayi hollari qisqacha bayon etilgan.

“Tarixi huzn al-milali Buxoro” xotiralariga yakun yasagan misralardan uning Vatani oldida qarzdorligi va ajnabiy, gʻayridinlarga yurtini boy bergani uchun oʻzini doim gunohkor his etganini sezish mumkin:

Har ki xonad duo tama doram,

Zi onki man bandaiy gunohkoram.

Tarjimasi:

Oʻqigandan duo taʼmadorman,

Chunki men bandayi gunohkorman.

Amir hayotining soʻnggi kunlarini Qobuldan 11 km uzoqlikda joylashgan Qalʼai Fatu bogʻida[2] kechirdi. Fatu (Fatux) qalʼasiga qadar Kobuldagi birinchi qarorgohi Husayn Kaft bogʻida yashagan, koʻp oʻtmay Hoshimxon bogʻiga, soʻngra Murodbek qalʼasiga koʻchirilgan[3]. Amir muhojirlikda ham bir necha bor uylanib, uning xorijda 37 farzandi, jumladan, 16 nafar oʻgʻli va 21 nafar qizi boʻlgan.

Amir Olimxonning hayoti qanday yakun topmasin, taʼziya marosimlari hukmdorlarni dafn etish tartib-tamoyillari asosida oʻtkazilgan.

Amirning dafn marosimi haqida uning Turkiyaning Gʻoziantep shahrida yashayotgan oʻgʻillaridan biri Abdulkabir Azimiy quyidagilarni aytgan: “Qiblagohim 1944-yilda Kobulda olamdan oʻtdilar. Oʻshanda men 13-14 yoshlarda edim. Menga: “Bolalarga qara, janoza paytida tashqariga chiqib, baqir-chaqir qilishmasin”, deb topshiriq berdilar. Haramdan tashqarida katta hovli boʻlar edi. Oʻsha yerda qorilar yigʻilib, Qurʼon tilovat qilishardi. Otamni yuvib, oʻrab, bir xonaga yotqizib qoʻyishgandi. Ayollari chiqib ketgach, biz farzandlari saf tortib, birma-bir kirib, otamning qoʻllari va oyoqlarini oʻpib chiqdik. Otamning bosh vaziri Hoshimxon va yana bir qancha amaldorlar u yerda saf tortib turishardi. Padarimizni olib chiqishayotganda meni bir narsa hayratga soldi. Yigʻlamagan odamning oʻzi qolmagandi. Janozaga hattoki Buxoro yahudiylari ham kelishgandi. Ular shunchalar koʻz yosh qilishar ediki, men koʻrib koʻzimga ishonmasdim. Odamlardan biri ulardan: “Siz nimaga yigʻlaysiz?” – deb soʻraganida, ular: “Axir u bizning podshohimiz edi”, deb javob qaytarishgandi. Oʻsha kuni Afgʻonistonda bayroqlar yarim tushirildi, hatto baʼzi elchixonalar bayroqlari yarim tushirilgandi”[4]. Aytishlaricha, hatto Rusiya bayrogʻi yarim tushirilib, elchixonada qizil chiroqlar yoqilgan ekan.

Olimxonning vafoti Afgʻonistondagi bosma ommaviy axborot vositalarining ham eʼtiborini jalb qilib, hayrat va qaygʻuga sabab boʻlgan edi. Oʻsha davr gazetalarida sobiq Buxoro amirining vafoti haqidagi xabarlar eʼlon qilingan. “Anis” va “Isloh” gazetalarining asosiy sarlavhalari va ruknlari mazkur voqeaga bagʻishlangan. Xabar quyidagi mazmunda ommaga eʼlon qilingandi: “Sobiq Buxoro shohi Hazrat Olimxon Afgʻonistonda 23 yil yashadi va 63 yoshida qon bosimi koʻtarilib, miyaga qon quyilishi oqibatida vafot etdi. Ushbu fojiali voqea munosabati bilan marhumning ortida qolganlariga hamdardlik bildiramiz. Afgʻon davlati ham oʻz maktubida qaygʻuda ekanligini bildiradi. Dafn marosimi rasmiy marosim oʻlaroq oʻtkaziladi. Uning janozasi Iydgoh masjidida oʻqiladi va Shuhadoyi solihin qabristonida dafn etiladi”[5].

Dafn marosimida koʻplab davlat amaldorlari qatnashgan boʻlsa-da, ertasi kuni afgʻon amiri Zohirshox Qalʼai Fatuga kelib amirning yaqinlariga hamdardlik bildiradi. Afgʻon rahbari taʼziya uchun hamda marhum oilasiga nima kerak boʻlsa, barchasini yetkazadi.

Sobiq amirning farzandlari hukmdor otasining motam marosimini katta dabdaba bilan oʻtkazadi. Uning jasadini koʻmish marosimida Afgʻon hukumatining deyarli barcha aʼzolari ishtirok etadi. Janozaga Angliya, Eron, Turkiya, Farangiston (Fransiya) davlatlarining ministrlari tashrif buyuradi. Afgʻoniston shohi qirq kun davomida qabriga Qurʼon tilovat qildirib, xudoyi berdi. Olimxon Amirlarga xos izzat-ikrom bilan dafn etiladi. Marhumning Afgʻonistonda tugʻilgan toʻrt oʻgʻli Kobulda nashr etiladigan “Islom” roʻznomasi orqali Afgʻon hukumatiga padari buzrukvorlarining xotirasini eʼzozlaganliklari uchun minnatdorchilik izhor etadi.

Sayid Olimxon vafotidan oldin tutqinlikdan chiqish, erkinlik uzra parvoz qilish, hayot goʻzalliklaridan erkin bahra olishni xohlagan. Umrining soʻnggi yillari ogʻir kasal holatidagi sobiq hukmdor Afgʻonistonda tugʻilgan oʻgʻillaridan uni avtomobilga oʻtqazib, Kobul boʻylab sayrga chiqarishni talab qilgan. Olimxon oʻz qarorgohidan chiqarilmay, diqqinafas boʻlib qolgan edi. Uning farzandlari Afgʻoniston bosh vaziri Sadr Aʼzamga ariza bilan murojaat qilib, bundan sayohatlarga ruxsat soʻragan. Shoʻro hukumatiga amirni uy qamogʻida ushlab turishga vaʼda bergan afgʻon hukumati, afsuski, bu talabni qondirmaydi. Shuningdek, amir Olimxon muhojirlikda Vatanini qattiq qoʻmsaydi, sogʻinadi. Yillar oʻtgach u bir necha marotaba Sovet hukumati rahbarlariga Ona Vatani Buxoroni yana bir bor koʻrish va hajga borish uchun afgʻon hukumatidan ruxsat soʻrab, rasmiy murojaatnoma yozadi. Ammo bu borada ham ijobiy javob olmaydi. Hatto Olimxon va uning oila aʼzolariga afgʻon fuqarolari kabi kimlik hujjati berilmagan. Buning sababi boshqa mamlakatlarga chiqishlariga yoʻl qoʻymaslik edi. Amir Olimxonga mavjud sharoit ham moddiy, ham maʼnaviy jihatdan taʼsir koʻrsatgan.