Jahon tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur shaxsiyati nafaqat yozma manbalarda, balki xalq ogʻzaki ijodiyotida ham alohida oʻringa ega. Sohibqiron tavallud topgan Xoʻja Ilgʻor qishlogʻi bugungi kunda shunchaki geografik nuqta emas, balki maʼnaviy qadriyatlar va tarixiy xotira maskanidir. Ushbu maskan bilan bogʻliq xalq rivoyatlari Amir Temurning tugʻilishidan to balogʻat yoshigacha boʻlgan davrni gʻoyatda ramziy va mifologik unsurlar bilan boyitgan holda tasvirlaydi.
Tarixiy manbalarda sohibqiron Amir Temur tavallud topgan maskan deb tilga olingan Xoʻja Ilgʻor (Xoja Ilgʻor shaklida ham qoʻllanadi) qishlogʻi Yakkabog‘ tumanida joylashgan. 1926-yil 29-sentyabrgacha Yakkabog‘ tumani tuzilguniga qadar Shahrisabz tumaniga qarashli boʻlgan. Xalq orasida Xoʻja Ilgʻor qishlogʻi, Amir Temur va unga bogʻliq tarix toʻgʻrisida avloddan avlodga oʻtib kelayotgan xalq rivoyatlari, matallari saqlanib kelmoqda.
Dastlab, Xoʻja Ilgʻor qishlogʻi va bu nomning kelib chiqish tarixiga nazar tashlasak. Bu qishloqda ajdodlari yashagan bir guruh qariyalarning hikoya qilishicha, “Xoʻja Ilgʻor otaning asl ismi Muhammad Abulqosim boʻlib, Muhammad paygʻambarimiz avlodlaridan boʻlgan. 632-yili Muhammad (s.a.v) paygʻambarimiz vafotidan soʻng, xalifa Hazrat Umar al-Hattob zamonida abbosiylar Oʻrta Osiyoga islom dinini yoyishga ahd qiladilar. Bu ishga masʼul etib 704-yilda sarkarda Qutayba Ibn Muslim tayinlanadi. 706-yili Qutayba Oʻrta Osiyoga yoʻl oladi. Natijada, 709-yilda Buxoro xalqi, 712-yilda esa samarqandliklar musulmon boʻladilar.
717-yilda Xoʻja Ilgʻor ota Qutaybaning lashkarboshisi sifatida Kesh bekligiga qarashli ushbu qishloqqa ham keladi va Kesh yaqinidagi Laʼliston degan joyda yaralanadi. Shundan soʻng Xoʻja Ilgʻor ota sahobalarga “Mening qilichim qayerga tushsa, oʻsha joyga meni dafn etasizlar”, deb aytadi va qilichi shu atrofdagi bir joyga kelib tushadi. Ammo bu yerda suv boʻlmaydi. Shunda Xoʻja Ilgʻor ota hassasini yerga urgan zahoti suv otilib chiqadi. Bu – Qoʻtirbuloq boʻlib, uning suvidan ne-ne yara-chaqali kishilar shifo topib ketgan. Chunki bu buloq suviga Xoʻja Ilgʻor otaning jarohatini yuvib, shu yerda dafn etganlar.
Albatta, xalq rivoyatlaridagi sanalar va sulolalar tarixida chalkashliklar bor. Negaki, rivoyat yozib qoldirilmagan boʻlib, ogʻzaki shaklda otadan bolaga oʻtganda maʼlum oʻzgarish va qoʻshimchalarga uchrashi tabiiy. Shuning uchun ham raqamlar va sulolalar tarixida chalkashliklar yuzaga kelgan. Negaki, Qutayba abbosiylar davrida emas, ummaviylar davrida lashkarboshi (704–715) etib tayinlanadi. Shuningdek, Kesh va Naxshab hududi 717-yilda emas, 707-yilda bosib olinadi.
1928-yili akademik V.V.Bartold bir muddat Shahrisabzda, shuningdek, Xoʻja Ilgʻor qishlogʻida ham boʻlgan. Qariyalarning aytishicha, u Sohibqiron tugʻilishi, bolaligi, oʻsmirligi bilan bogʻliq juda koʻp rivoyatlarni mahalliy aholidan yozib olgan. Bu sinchkov olim bilan suhbatlashgan keksalarning farzandlari Xoʻja Ilgʻor atrofidagi qishloqlarda hozir ham hayot kechirmoqdalar.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Xoʻja Ilgʻor ota qishlogʻi Amir Temur tugʻilgan zamonlardan oldin va keyin ham Keshning obod qishloqlaridan edi. Ammo bu yerlar mangʻitlar davrida birmuncha qarovsiz boʻlib qolgan. Chunki keksalar XX asr boshlarida qishloq atrofida katta-katta toʻqayzorlar boʻlganini hikoya qiladilar.
Ushbu qishloqda joylashgan tarixiy qabristonning oʻrtasida katta qabr boʻlib, bu Xoʻja Ilgʻor nomi bilan mashhur Muhammad ibn Abulqosimning qabri ekanligi aytiladi. Qabr baland koʻtarilgan va pishiq gʻisht bilan oʻralgan. Uning bir tomonida ziyoratchilar tavof qiladigan arksimon joy va 4 ta marmar tosh boʻlib, unga arab imlosida jumlalar yozilgan. Ziyoratchilar ana shu marmar toshlarni va boʻyi uch metr keladigan ikkita oq tug‘ – yalovni tavof etishadi.