Sohibqiron Amir Temur faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz, koʻz oldimizda ilm-fan va din homiysi, buyuk sarkarda, davlat arbobi va adolatli hukmdor siymosi gavdalanadi. Amir Temur hayotida hikmatli nasihatlari bilan unga yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan, maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlagan pirlarining oʻrni beqiyos. Sohibqironning yoshlikdanoq mashhur din ulamolari va shayxlarga eʼtiqodi baland boʻlgan. Bunday eʼtiqodni u padari buzrukvori Amir Taragʻaydan oʻrgangan edi.
Sohibqironning bir necha pirlari boʻlgan boʻlib, ularni shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin.
Birinchi guruhga Sohibqiron tugʻilgunga qadar yashab oʻtgan ruhoniy pirlar, yaʼni Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixi Xoja Ahmad Yassaviy, Sulton Burhoniddin Qilich, Shayx Nuriddin Basir (Qutbi Chahordahum), Shayx Burhoniddin Sogʻarjiy va Shayx Safiuddin Yoqub Ardabiliy kiradi. Sohibqironning mazkur zotlarning ruhlariga ehtirom koʻrsatib, har biriga alohida maqbaralar tiklagani, avlodlarini eʼzozlab kelgani ularni oʻziga pir tutganining dalili sifatida qaralishi mumkin.
Ikkinchi guruhga Sohibqironning zamondoshlari boʻlgan ustoz va pirlar – Shayx Shamsiddin Kulol, Shayx Zayniddin Abu Bakr Tayobodiy, Mir Sayyid Baraka va Sayyid Amir Kulol kiradi.
Sayyid Amir Kulolning asl ismi Sayyid Amir Kalon boʻlib, Buxoro yaqinidagi Suxor qishlogʻida tugʻilgan. U kulolchilik bilan shugʻullangani bois Amir Kulol nomi bilan tanilgan. Biroq “Rashahot: (Obi-hayot tomchilari)” asarida bu haqda boshqacha maʼlumot keltiriladi:
“Olar Hazrati Xoja Muhammad Boboning ashob va xulafolari barchasining afzali va akmali erdilar va sharafi siyodatlari ham bor turur. Va mavlid va madfanlari Suxor dehasi turur. Toshgarlikka ishtigʻollari bor erdi va Buxoro tilida kulol deb toshgarni oyturlar”.
Ushbu manbada Sayyid Amir Kulolning toshgarlik bilan shugʻullangani, oʻsha davrda toshgar hunarmand “kulol” deb atalganligi qayd etiladi. “Rashahot: (Obi-hayot tomchilari)”dan boshqa manbalarda esa bunday maʼlumot uchramaydi. Aksariyat tadqiqotchilar Sayyid Amir Kulol kulolchilik bilan shugʻullangani va shu hunari bilan mashhur boʻlgani uchun “Kulol” nomi bilan atalganini taʼkidlaydi. Shundan kelib chiqib, Sayyid Amir Kulolning kulolchilik bilan shugʻullanganini aytish mumkin.
Amir Kulol taxminan 1286-yilda dunyoga kelgan. U Xojagon (Naqshbandiya) tariqati silsilasidagi shayx Muhammad Bobo Samosiyning shogirdi, Bahouddin Naqshbandning esa ustozi boʻlgan. Sayyid Amir Kulol haqida uning nevarasi Shahobiddin “Maqomoti Amir Kulol” nomli asar yozgan.
“Maqomoti Amir Kulol”da yozilishicha, uning otasi Amir Hamza Yassaviya tariqatining shayxi Sayyid Ota bilan yaqin munosabatda boʻlgan. Ushbu turk shayxi har safar Buxoroga kelganida Amir Hamza bilan uchrashgan. Sayyid Ota bir safar uning xonadonida boʻlganida, butun jahonni oʻziga xizmat qildiradigan buyuk oʻgʻlon dunyoga kelishini bashorat qilib, unga Amir Kalon deb ism qoʻyishni tavsiya qilgan.
Xoja Muhammad Bobo Samosiyga murid tushgan Sayyid Amir Kulol yigirma yil davomida uning murshidligida sayru suluk bosqichlarini bosib oʻtgan va uning eng yetuk xalifalaridan biriga aylangan. Shuningdek, “Rashahot” asarida Sayyid Amir Kulolning onalari shunday degani keltiriladi:
“Amir Kulol qornimda ekanligida shubhali luqma yutib qoʻysam, koʻkragim ostida shu qadar qattiq ogʻriq paydo boʻlardiki, hatto hushdan ketayozardim. Keyin maʼlum boʻldiki, bu hol pokiza farzandim barokatidan ekan”.
Bu haqda quyidagi bayt ham keltiriladi:
Nishonim shulki, man pokiza farzand,
Otam ham pok, onamdur afifa.
Dilim pok-u, yoʻlim pok, etagim pok,
Mazhabimdur – Imom Abu Hanifa.
“Kanzal ansab” kitobida Hazrat Sayyid Kulolning nasabnomasi quyidagicha keltirilgan: Sayyid Amir Kulol ibn Sayyid Hamza ibn Sayyid Ibrohim ibn Sayyid Muhammad Qusriy ibn Sayyid Muhammad Hasan Maqbul ibn Sayyid Abdulloh Shahid ibn Sayyid Jaʼfar ibn Sayyid Husayin ibn Sayyid Ali ibn Sayyid Muhammad Aʼlo ibn Sayyid Sharif Muso ibn Sayyid Ibrohim Murtazoiy Soniy ibn Hazrat Sayyid Muso ibn Jaʼfar as-Sodiq ibn Muhammad al-Boqir ibn Ali Zaynulobiddin ibn Husayin ibn Ali ibn Abu Tolib (r.a.).
Sayyid Amir Kulol nuroniy chehrali, katta jussali boʻlib, yoshligida kurash tushgan. “Kanzal ansab” kitobida keltirilgan nasabnomaga koʻra, Sayyid Amir Kulol Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) xonadonlariga mansub boʻlib, ota tomondan u zotning oʻttiz birinchi avlodi hisoblanadi.
Sayyid Amir Kulolning tariqatdagi piri Muhammad Bobo Samosiy boʻlgan. “Rashahot: (Obi-hayot tomchilari)”da Amir Kulolning Bobo Samosiyga shogird tushishi bilan bogʻliq quyidagi voqea keltiriladi:
“Bu mahalda Amirni nazarlari Hazrat Xojagʻa tushdi va olarning jozibalari Amirni oʻrnidin koʻtardi. Vaqtekim, Xoja qadam qoʻydi va ravon boʻldilar, Amir betoqat boʻlub maʼrakani qoʻyub izlaridin ketdilar. Vaqtekim, Xoja oʻz manzillariga yetdilar. Amirni kelturdilar va tariqa oytidilar va farzandlikka qabul etdilar. Ondin soʻng aslo kishi Amirni maʼrakada va bozorda koʻrmadi va yigirma yil muddatiye-muttasil Hazrati Xoja Muhammad Boboning xizmat va mulozamatlarida boʻldilar. Har hafta ikki marotaba dushanba va payshanba kuni Suxordin Hazrat Xojaning mulozamatlariga Sammosiy(ga) borib yana qoytur erdilar. Suxor bila Sammosiyning orasi besh tosh yoʻl turur va ul muddatida tariqi xojagon qaddasallohu asrorahumgʻa ishtigʻol koʻrguzur erdilar, bir vaqtekim, hech kishi olarning hollariga ittilo’ topmas erdi, to Hazrati Xojaning tarbiyatlari soyasida darajayi takmil va irshodga yetushdilar”.
Manbalarda qayd etilishicha, Sayyid Amir Kulolning valiylik (avliyolik) darajasiga erishgan 114 nafar shogirdi boʻlgan. Ularning eng yetuklari sifatida Hazrat Bahouddin Naqshband, Hazrat Xoja Orif Deggaroniy, Hazrat Shayx Yodgor Valiy, Shayx Jamoliddin Dehai Osiyoyi, Shayx Shamsiddin Kulol va Xoja Darzuniy nomlari qayd etiladi.
Sayyid Amir Kulolning Sayyid Amir Burhon, Sayyid Amir Hamza, Sayyid Amir Shoh va Sayyid Amir Umar ismli oʻgʻillari boʻlgan.
Naql qilinishicha, Hazrat Amir Kulol mujarradlik (boʻydoqlik) davrida Romitan tumanidagi bogʻlardan birida tengqurlari bilan birga choponlarini yuvgan. Shunda u birodarlariga: “Ey, yoronlar, choponlarni paxsa devor ustiga yoymaylik, chunki u yerdagi tikanlarga ozor berilur. Zinhor daraxtlar shoxlariga osmaylik, ular egilib, jabrga qolur, zaminga ham tashlamaylik, oʻt-oʻlanlar xarob boʻlur”, degan.
Birodarlar nima qilishlarini bilmay, undan: “Ey, Amir! Siz oʻz choponingizni qanday qilib quritasiz?” deb soʻrashgan. Amir Kulol: “Men choponimni ustimga olib, oftobruyada oʻtiraman va shunday qilib quritaman”, deb javob bergan. Soʻng Hazrat Amir: “Ey, yoronlar! Agar paxsa devordan bir parcha uzilib, yerga qulasa, yo daraxt shoxi sinsa yoki chorva mollari oziqlanadigan oʻt-oʻlanlarga shikast yetsa, Xudovandning bu bogʻiga ne uzr bildururmiz?” degan.
Sayyid Amir Kulol quyidagi baytni shogirdlariga tez-tez oʻqib berar va unga amal qilishni qatʼiy talab etar edi:
Agar najot topay desang, ayo yor,
Hatto chumoliga bermagil ozor.
“Maqomoti Amir Kulol”da yozilishicha, Amir Temur Amir Kulolning duolari sharofatidan katta zafarlarga erishgan. Asarda Amir Temur bilan Amir Kulolning uchrashuvi quyidagicha tasvirlanadi:
“Naql etadilarki, bir kuni Amir Kulol hazratlari Buxoro shahridagi masjidlardan birida juma namozini ado etib, uylariga ketayotgan edilar. Shahardagi Gulobod va Fathobod mavzelari oʻrtasidagi joyda bir guruh odamlar darveshlar-u avliyolarning karomatlari haqida suhbatlashib oʻtirishardi. Sayyid Amir Kulol hazratlari muridlar bilan shu atroflardan oʻtar ekan, Amir Temur yonidagi kishilardan bu zotning kimligini soʻradi. “Bu zoti sharif – Sayyid Amir Kulol hazratlari, hamrohlari u zotning muridlaridir”, deb javob berishdi. Amir Temur darhol oʻrnidan turib, Amir Kulol hazratlarining huzuriga chiqib, odob bilan shunday dedi: “Ey, dinning buyuk olimi! Marhamatingizdan umidvor holda Sizga murojaat qilyapman. Menga bir amringiz boʻlsa, uni bajarsam, Sizning, shogirdlaringizning koʻngillarini olsam...”. Sayyid Amir Kulol hazratlari shunday javob berdilar: “Shuni yaxshi bilingki, menga birovga buyruq berish, biror narsa talab etish uchun izn berilmagan. Ulugʻlar ruhoniyatidan biror ishorat berilsa, yumush aytarmiz. Ota-bobolarimiz shunday yoʻl tutishgan. Siz sabr qilib, kutib turing. Zero, oldinda sizni katta zafarlar kutib turgani ayon boʻlmoqda. Sizga albatta xayrli xabarlar beriladi”.
Amir Kulol uyiga borib, chillaxonasiga kiradi. Xufton namozidan keyin shayx Mansur ismli shogirdini chaqirib: “Tezda Amir Temurning yoniga borib ayt, oʻrnidan tursin. Turgan boʻlsa, tezda yoʻlga tushsin. Unga ruhoniyat olamidan ishora berildi. Allohning izni bilan butun mamlakat boshdan-oyoq Amir Temur va uning avlodlariga berildi. Avval Xorazm taraflarga borsin, u yerni egallaganidan keyin Samarqandga yurish qilsin”, deb tayinlaydi.
Shayx Mansur ushbu xabarni Amir Temurga yetkazadi. Sohibqiron darhol hamrohlari bilan yoʻlga otlanadi. Ular joʻnab ketganidan koʻp oʻtmay, ularni oʻldirish uchun yuborilgan Tugʻluq Temur askarlari chodirga bostirib kiradi. Biroq maqsadlariga erisha olmay, ortga qaytadi.
Ushbu voqeaga koʻra, Sayyid Amir Kulol Amir Temurga nisbatan xavfni sezgan va uning bu yerdan tezda chiqib ketishini tayinlab, shogirdini Sohibqiron oldiga yuborgan. Shu tariqa Sayyid Amir Kulol Amir Temurning “yollanma qotil”dan qutulib qolishiga sababchi boʻlgan.
Amir Temur hokimiyatni egallagach, Sayyid Amir Kulolni Samarqandga kelishga taklif qiladi. Umri poyoniga yetib qolgan Amir Kulol: “Biz bu yerdan turib duo qilib turamiz. Boshqa joyga borib yashashga izn yoʻq”, deya kichik oʻgʻli Amir Umarni Sohibqiron huzuriga yuboradi.
Manbalarda taʼkidlanishicha, Sayyid Amir Kulolning vasiyatiga muvofiq, u vafot etganida Hazrat Bahouddin va Hazrat Mavlono Orif Deggaroniy uni yuvib, kafanlab, qabrga qoʻygan. Sayyid Amir Kulol 1370-yilda vafot etgan. Uning qabri Suxor qishlogʻida joylashgan.
X.Hasanov va G.Navroʻzovaning “Hazrat Sayyid Amir Kulol” nomli risolasi “Buxoro” nashriyotida toʻrt marta nashr etilgan. “Maqomoti Amir Kulol”dan ayrim boblar “Durdona” nomi bilan 1993-yilda Toshkentda nashr qilingan.
Koʻp yillar davomida Sayyid Amir Kulol bilan Shamsiddin Kulol bir shaxs deb notoʻgʻri talqin qilib kelingan. V.Bartold, V.Masson, G.Pugachenkova kabi qator rus sharqshunoslari ham bu xato qarashni qoʻllab-quvvatlagan.
Xulosa qilib aytganda, Sayyid Amir Kulol, avvalo, tasavvuf tariqati shayxi, murshid va din olimi boʻlgan. U oʻz davrining mashhur avliyosi Muhammad Bobo Samosiydan taʼlim olib, islomda tariqat va tasavvuf ilmining rivojiga munosib hissa qoʻshgan. Shuningdek, Bahouddin Naqshband va Shamsiddin Kulol kabi XIV asrning zabardast din allomalariga ustozlik qilgan.
Amir Kulol Chigʻatoy ulusi hududida oʻz taʼlimoti asosida diniy-maʼrifiy anʼanalarning davomiyligini taʼminlashga xizmat qilgan. Shu oʻrinda yana bir bor taʼkidlash kerakki, Shamsiddin Kulol Sayyid Amir Kulolning shogirdi boʻlgan. Shamsiddin Kulol esa Amir Temurning otasi Amir Taragʻayning ustozi boʻlgan. Ayrim manbalarda Shamsiddin Kulol Amir Temurning bolalik davrida unga ham ustozlik qilgani qayd etiladi.
Sayyid Amir Kulolning Amir Temurga yoʻl koʻrsatgani, hatto uni xavfdan qutqarib qolgani haqidagi maʼlumotlar uning Sohibqiron hayotidagi maʼnaviy taʼsirini koʻrsatadi. Shu jihatdan, Sayyid Amir Kulol Amir Temurning siyosiy maydonda hokimiyat uchun kurash olib borishi va keyinchalik yangi davlatga asos solishi jarayonida muayyan maʼnaviy-ruhiy koʻmak bergan shaxs sifatida namoyon boʻladi.
Qalandar SAMANDAROV,
Toshkent amaliy fanlar universiteti katta oʻqituvchisi
Foydalanilgan manbalar
1. Ahmad Shimshirgil. Amir Temur / Masʼul muharrir Azamat Ziyo. Tarjimonlar: Iqbol Usmon, Abdulaziz Muborak. – Toshkent: “Nasim Kutub” nashriyoti, 2023.
2. Amir Temur Solnomasi / Muhammad Ali; masʼul muharrir A.Umarov, Xalqaro Amir Temur jamgʻarmasi. – Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2008.
3. Rashahot: (Obi hayot tomchilari): Tarixiy-maʼrifiy asar (Tadbil va soʻngsoʻz muallifi: M. Hasaniy; lugʻat, soʻngsoʻz muallifi va masʼul muharrir: B.Umrzoq: OʻzRes FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti). – Toshkent: Abu Ali ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti, 2003.
4. Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari / Maʼlumotnoma. – Buxoro: “Durdona”, 2012.