Internet hayotimizni yengillashtirdi. Masofalarni yoʻqqa chiqarib, fikrlar chegaralarini yoʻqotdi. Biroq…
Internet yangi chaqiriqlarni ham yuzaga keltirdi. Endi axborot makoni orqali tahdid, tuhmat, inson shaʼni va qadr-qimmatini toptash, kiberbulling, kiberzoʻravonlik, taʼqib va hokazolarni amalga oshirish imkoni kengaydi. Ushbu holat bir tomondan soʻz erkinligi hosilasi, boshqa tomondan esa aynan soʻz erkinligiga tahdid sifatida namoyon boʻlmoqda.
Anonim terror
Gerbert Uelsning “Koʻrinmas odam” asarini koʻpchilik oʻqigan. Asar bosh qahramoni tibbiyot olimi janob Griffin oʻz ustida tajriba qilib koʻzga koʻrinmay qoladi. Koʻrinmaslik unga katta imkoniyatlar berishini tushunib yetadi va odamlarni qoʻrqitish orqali terror kampaniyasini boshlamoqchi, alaloqibat, hokimiyatni qoʻlga kiritmoqchi boʻladi. Doʻsti Kempga rejasini aytganida, u rozi boʻlmay politsiya chaqiradi. Bundan gʻazablangan Griffin doʻstini oʻldirish uchun taʼqib qiladi.
Griffinni jinoyatchi va potensial terrorchiga aylantirgan, albatta, boshqa omillar qatori koʻzga koʻrinmasligi, shaxsini aniqlash imkoni yoʻqligi va buning natijasida qilmishlari uchun jazo olmasligi edi.
Koʻrinmas odam obrazi bugun axborot maydonidagi ayrim “oʻyinchi”larga juda oʻxshaydi. Shaxsini aniqlash qiyinligi va qilmishlarining jazosizligi ularni qaysidir maʼnoda “monstr”ga aylantirgandek.
Anonim murojaatlar koʻrib chiqilmaydi!
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunda shunday deyilgan. Nima uchun?
Anonim xatlar (yumaloq xat)larning tariximizdagi mudhish roli koʻpchilikka maʼlum. Stalin davri qatagʻonlarida aynan anonim murojaatlar bilan odamlar ustidan jinoiy ish ochilib, “uchlik” hukmi oʻqilgan.
Aytishlaricha, “yumaloq xat”larni oʻqish Stalinning sevimli mashgʻuloti edi, yaʼni shu orqali xalqning kayfiyati va turmushidan bevosita xabardor boʻlib turaman deb oʻylagan. Anonim murojaatlardan jinoiy ishlar yasashda esa Lavrentiy Beriyaning oldiga tushadigani yoʻq edi.
Ushbu jarayonlarda OAV ham katta rol oʻynagan. “Boshqacha fikrlilar”ga qarshi shaxsi nomaʼlum odamdan kelgan “chaquv”lar gazetalarda eʼlon qilingan, keyin bu xabarga turli kishilarning munosabatlari “uyushtirilgan”, natijada odamlar oʻsha shaxsning jinoyatchi ekaniga ishontirilib, qatagʻonlarga legitimlik berilgan.
Stalin vafotidan keyin organlar anonim murojaatlarning har birini tekshirish ortiqcha, bemaʼni va zararli ish ekanini angladi va buni toʻxtatdi.
Biroq, XXI asrning uchinchi oʻn yilligiga kelib internet asrida ushbu “siyosiy texnologiya” yana faollashtirilyapti.
Hamma biladi, lekin hech kim aytmaydi
Anonimlik shaxsiy hayot daxlsizligi, fikr erkinligi, siyosiy bosimlardan himoyalanish, jamoatchilik muhokamalarida erkin ishtirok etish imkonini beradi, deb hisoblaydi koʻpchilik. Tan olish joiz, bu fikrlarda jon bor.
Butunjahon inson huquqlari deklaratsiyasida ham, Fuqarolik va siyosiy huquqlar xalqaro paktida ham anonimlik huquqi tilga olinmagan. Ushbu pakt loyihasida 19-moddaning 1-punktiga “anonimlikka yoʻl qoʻyilmaydi” degan jumla kiritish taklif qilinganida, rad etilgan.
Shu bilan birgalikda huquqshunoslar tomonidan anonimlikning quyidagi salbiy jihatlari ham tan olingan:
internet makonida jinoyat qilganlarning shaxsini aniqlash va javobgarlikka tortish deyarli imkonsizligi,
taqiqlangan axborotlar (terrorizm, zoʻravonlik, pornografiya, inson shaʼni va qadr qimmatini tahqirlash) tarqatish imkoniyati oshishi;
internet orqali muloqotga nisbatan ishonchning pasaytirishi.
“Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasiga koʻra, veb-sayt yoki sahifaning egasi, shu jumladan, bloger shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari, shaʼni va qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini yerga urmasligi lozim. Bundan tashqari, axborot resurslaridan jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab boʻladigan oʻzga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanish taqiqlangan.
Oʻzbekiston maʼmuriy javobgarlik va jinoyat qonunchiligida tuhmat, haqorat qilish, fuqaroga maʼnaviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni oshkor etish, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan.
Ammo “koʻrinmas odam”lar ushbu huquqbuzarliklarni muntazam ravishda va qasddan sodir etib kelayotgan boʻlsa-da, anonimligi sababli axborot resurslari egalarining mazkur noqonuniy harakatlariga nisbatan qonuniy chora koʻrish koʻrish imkoniyati mavjud emas.
Afsuski, “KompromatUzb” ishi saboq boʻlmadi. Aksincha, oradan bir yil oʻtib axborot makonida “anonim terror” yangi bosqichga chiqdi. “Kompromat”chilar moddiy manfaat yoʻlida iqtisodiy jinoyat qilgani aytilsa, endigi anonimlar tobora siyosiylashib bormoqda.
Uning eng birinchi zarari, tabiiy, soʻz erkinligiga tahdiddir. Bu jamoatchilik faollari, jurnalistlar, blogerlarga nisbatan “kiberzoʻrvonlik” shaklida namoyon boʻlmoqda.
Bu yerda koʻpchilik internet foydalanuvchilari eʼtibor bermaydigan yana bir nozik jihat mavjud. Bu anonim postlarni ulashgan (“repost”, “layk”) shaxslarning javobgarligidir. Qonunchilikka muvofiq, qonunga zid axborotni tarqatgan har bir shaxs, axborot yaratuvchisi boʻlish-boʻlmasligidan qatʼi nazar, qonun oldida axborot yaratuvchi bilan teng javob beradi. Chunki, u “repost”, “layk” orqali oʻzi bilmagan holda noqonuniy axborotni koʻpchilik koʻrishiga sababchi boʻlib qoladi.
Bundan ham jiddiyrogʻi, endi ular tergov-surishtiruv va sud tizimlarining oʻrnini ham egallamoqchi. Oʻzlari ayblov eʼlon qiladi, hukm oʻqiydi va jazolaydi. Shaxsiy maʼlumotlarni oshkor etadi, tuhmat uyushtiradi, nafrat tili orqali shaʼn va qadr qimmatni toptab, SAZOYI qiladi.
Biror jinoyat haqida OAVga maʼlumot berilganida, hatto sud materiallarida ham, odatda, figurantlar shaxsiy maʼlumotlari (ism-familiyasi, surati va hk) oshkor qilinmaydi. Chunki qonunchilikda oʻta ogʻir jinoyat sanksiyasida ham SAZOYI QILISH degan jazo yoʻq. Bu eng gʻayriinsoniy qilmish boʻlib, zamonaviy dunyo uni rad etgan.
Ushbu manbalar esa shaxsning naqafat oʻzi, balki oila aʼzolari, farzandlari (yosh bolalarning) suratlari va maʼlumotlarini oshkor qilib ochiqchasiga axborot terrori, “samosud” uyushtiryapti. Goʻyoki qonuniy davlat tizimlariga parallel virtual jazo tizimi yaralyapti.
Bu oshkora qonunsizlik qissasini hamma oʻqib turibdi, lekin hech kim indamaydi.
Oqibati qanday boʻladi?
Huquqlar jinoyatlarga qurol boʻlmasligi kerak. “Mening huquqim oʻzganing huquqi boshlangan joyda tugaydi” tamoyili ishlamas, huquqlar suiisteʼmol qilinar, yo maqsadga nomuvofiq tarzda foydalanilar ekan, bunday huquqning mavjudligi xavf ostida qoladi.
Boshqacha qilib aytganda, soʻz erkinligi suiisteʼmol qilinib, inson shaʼni va qadr-qimmatiga daxl qilish quroliga aylantirilar ekan, mazkur huquqning yoʻqotilishi xavfi paydo boʻladi. Bu esa alaloqibat uning cheklanishiga olib keladi.
Hozirning oʻzidayoq anonimlar nishoniga aylangan faollarda sukut saqlash, ichki senzura paydo boʻlgan.
Taniqli jurnalistlar, ziyoli insonlar tomonidan internet foydalanuvchilarini nazorat qilish va Xitoy modeli toʻgʻrisida takliflar yangradi. Albatta, ushbu takliflar ortida anonimlar tomonidan uyushtirilgan kiberzoʻravonlikdan zadalik (subyektiv hislar) turgan boʻlsa ham, bu fikr ochiq jamoatchilikka aytildi va rezonans keltirib chiqardi.
Taklif amalga oshsa, avvalo, jamoatchilik, xususan, jamoatchilik faollari va soʻz erkinligi jabr koʻradi.
“Koʻrinmas odam” esa koʻrinmasligicha qolaveradi. Chunki dunyo keng, internet chegarasiz, tarmoqqa xorijdan turib kirgan holda anonim qolib “oʻz ishini” davom ettiraverish mumkin.
Bundan tashqari oʻzaro ishonchsizlik, tushkunlik paydo boʻlib, jurnalistlar orasida endigina tetapoya boʻlayotgan hamjihatlikka putur yetyapti. Xuddi 30-yillardagidek “devorning ham qulogʻi bor, har gapni gapiraverma, muhokama qilma, tinch oʻtir” degan kayfiyat yuzaga kelishi muqobil axborotning yaratilishini kamaytiradi, muhokamalarni toʻxtatadi, muammolar aytilmay, ichki bosim ortishiga olib kelishi mumkin.
Paradoks shundaki, soʻz erkinligini taʼminlash uchun kerak deyilgan anonimlik huquqi soʻz erkinligini cheklashga olib kelmoqda.
Nima qilmoq kerak?
Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda boʻlib oʻtgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida shunday dedi:
“…Agar biz Oʻzbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni oʻz qoʻlimizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan boʻlamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy maʼlumot, real voqealarga boʻlgan ehtiyojni biz qondirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Har qanday tanqidga javob berish kerak. Jurnalist haq boʻlsa, buni tan olishimiz kerak. Nohaq boʻlsa, unga tushuntirish orqali yolgʻon xabarlarning oldini olishga oʻrganishimiz va butun jamiyatimizga shuni tushuntirishimiz kerak, bu nopok va yolgʻonligini“.
Soʻz erkinligining ahamiyati shu darajada ekan, unga tahdidlar milliy xavfsizlikka tahdid deb baholanishi va uni amalga oshirayotganlar kim boʻlishidan qatʼi nazar topib javobgarlikka tortilishi lozim.
Anonim manbalar ham jamiyatning muammolari, ogʻriqlarini olib chiqyapti-ku degan eʼtiroz boʻlishi mumkin. Maqsad har doim ham vositani oqlamaydi. Shu sababli hamma masalalar qanchalik murakkab, qiyin boʻlmasin faqat qonuniy maydonda hal qilinmogʻi kerak. Jamoatchilik aynan shuni soʻrashi, jamoatchilik nazorati esa aynan qonuniy usullar bilan muammolar hal etilishini talab qilishdan charchamasligi kerak.
Jamiyat axborot makonidagi bugun boʻlayotgan hodisalar va ularning istiqboli borasida chuqurroq oʻylashi, birovning shaʼni va qadr-qimmati toptalishi va jazosiz qolishiga nisabatan toqatsiz boʻlishi kerak. Faollar esa cheklovlarni emas, balki hamjihatlikni targʻib qilishlari lozim.
Bizning professional jurnalistikamiz etika va hamjihatlikning ahamiyatini zarur darajada anglab yetmogʻi lozim. Bugungi kunda jurnalistlarimiz va jamoatchilik faollari orasidagi munosabatlar asosan shaxsiy tanishlik, doʻstlik, qachondir bir tahririyatda ishlaganlik va hokazo subyektiv omillar asosida shakllangan. Biroq umumiy qadriyatlar va gʻoyalar yoʻlida birlashuv, ijtimoiylashuv yaqqol sezilmaydi.
Birgina misol. Mamlakatimizda soʻz erkinligi, OAV bilan bogʻliq bir nechta sanalar bor. Ushbu sanalar asosan tadbir, tanlovlar gʻoliblarini taqdirlash va jurnalistlarga sovgʻa berish bilan oʻtadi. Negadir etika, professionalizm va hamjihatlik haqida shu tadbirlarda kam gapiriladi. Eng achinarlisi, har safar tanlovlar va tadbirlardan keyin “nega unga mukofot berildi, bunga-chi?” degan mazmunda chiqishlar koʻpayadi.
Bosma va elektron OAV vakillari oʻrtasidagi koʻp yillardan beri davom etib kelayotgan tortishuvlar, majburiy obunadan tortib “saytlardagi maʼlumotlarga ishonch yoʻq” degan iddaolargacha — bari oʻzbek jurnalistikasida birlashtiruvchi gʻoyalardan koʻra ajratuvchi va parchalovchi tendensiyalar ustunligini koʻrsatadi.
Anonim terror aynan shu parchalanish, boʻlinish nuqtalaridan oʻsib chiqmoqda. Chunki oʻsha manbalarni ham jurnalistikadan xabari bor, axborot bilan ishlash koʻnikmasiga ega insonlar yurityapti.
Sohaning ichki muammolarini hal etmay turib uni himoya qilish qiyin. OAV xodimlari, jurnalistlar va ijtimoiy faol shaxslar muhimni nomuhimdan ajratib, soʻz erkinligini ulug‘ qadriyat sifatida belgilab, uni prioritetga olib chiqishlari va eng avvalo shu qadriyat uchun hamjihatlik namoyon etishlari zamon talabidir.
Qaysidir faol yoki jurnalist “anonim terror” nishoniga aylanganida, sukut saqlash yoki “shu gap rostmi” deb tarqatish, muhokama qilish — aynan oʻsha “koʻrinmas odam” kutayotgan va rejalagan harakatdir.
“Koʻrinmas odam” qoʻrqadigan, biroq “baribir sodir boʻlmaydi” deb oʻylaydigan xavf — bu fosh boʻlish yo javobgarlikka tortilish emas, balki koʻpchilik tomonidan rad etilish va umuman eʼtiborsiz qolish, yaʼni ijtimoiy “ignor”dir.
Xulosa oʻzingizdan.
Shahnoza Soatova, jamoatchilik faoli
Furqat Tojiyev, huquqshunos