Yulduzxon Abdullayeva – tuproq mikrobiologiyasi va mikroorganizmlar ekologiyasi yoʻnalishida Germaniyada faoliyat yurituvchi oʻzbekistonlik olima. U 2008–2015-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti tuproqshunoslik yoʻnalishida tahsil olgan. Keyinchalik Germaniyaning Hohenhaym universitetida atrof-muhitni muhofaza qilish va oziq-ovqat ishlab chiqarish yoʻnalishida taʼlimni davom ettirgan. Yulduzxon Abdullayeva 2015-yildan buyon Germaniyada ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullanib kelmoqda. Ayni paytda Germaniyadagi Leybnis nomidagi chuchuk suv ekologiyasi va ichki baliqchilik institutida (IGB) doktorlikdan keyingi tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritadi. Uning hozirgi ilmiy izlanishlari suv sifati va molekulyar mikrobiologiya sohalariga qaratilgan.
Yoshim ulgʻaygan sari onamga oʻxshab boryapman
Kimyo va biologiya fanlariga tasodifan kirib qolganman. Aslida, onam mening jurnalist boʻlishimni xohlagan. Ammo maktabda oʻqigan vaqtlarim dugonamga qiziqib, men ham kimyo va biologiya fanlariga qoʻshimcha toʻgaraklarga borishni boshlaganman. Bir muddatdan soʻng, bu fanlar chindan ham menga yoqib qolgan. Bolaligimdan “katta boʻlsam olima boʻlaman” degan fikrlar menda boʻlmagan. Menimcha, har bir insonning odatlari, aqliy rivojlanishi, orzu-maqsadlari, umuman shaxs sifatida shakllanishida onaning roli juda katta. Mening onam juda sodda, samimiy, yerni yaxshi koʻradigan, boʻyoqlar-u pardoz vositalarini uncha yoqtirmaydigan, tabiiylikni qadrlaydigan – bir soʻz bilan aytganda haqiqiy oʻzbek ayoli edi.
Onamning tabiatga boʻlgan mehri mening qalbimga ham singigan ekan. Anglagan haqiqatim shuki, yoshim ulgʻaygan sari onamga oʻxshab boryapman.
Germaniyada mikrobiologiya sohasiga ilk qadam
Oʻzbekistonda tuproqshunoslik sohasida bakalavr va magistraturani tamomladim. Ustozlarimning yoʻl koʻrsatishlari bilan Germaniyada ilmiy faoliyatimni davom ettirish va sohamni chuqurroq oʻrganish uchun keldim. Hohenhaym Universitetida germaniyalik eng kuchli olimlardan tahsil oldim. Professor yordamchisi sifatida ishlab ancha tajriba orttirdim. Magistrlik ishimni ham amaliy tajriba va tahlillar asosida yozdim. Magistraturada tahsil olish davomida ilmga qiziqishim yanada ortdi. Shuning uchun doktaranturaga ariza topshirdim. 2018-yilning boshidan Justus-Liebig universitetida doktorlik ishimni aynan mikrobiologiya sohasida boshladim. Dastlab, juda koʻp oʻrganishimga toʻgʻri keldi. Ammo bu “koʻzga koʻrinmas olam” meni oʻziga juda qiziqtirib qoʻyganidanmi, atrofimda bu sohaning ilmini biladigan olim-u olimalar koʻp boʻlganidanmi ancha tez oʻrganib ketdim.
Hozir ham ilmiy faoliyatimni molekulyar mikrobiologiya sohasida davom ettiryapman. Berlinda joylashgan Leybnis nomidagi chuchuk suv ekologiyasi va ichki baliqchilik instituti (IGB) ilmiy tadqiqotchisi sifatida izlanishlarimni davom ettiryapman.
Bakteriya bu kasallikmi?
Bakteriya deganda, aksariyat insonlarning xayoliga kasallik keladi. Shuning uchun ota-onalar bolalarining qum, tuproq joylarda yoki uy hayvonlari bilan oʻynashlariga ruxsat bermaydi. Mikrob yuqadi deb oʻylashadi. Aslida bakteriya, mikrob va viruslarning, umumiy aytganda, mikroorganizmlarning juda kichik qismi kasallik tarqatuvchi hisoblanadi. Qolgan katta qismi inson organizmi uchun nafaqat foydali, balki, kerakli hamdir. Butun tanamizni mikroorganizmlar qoplab olgan va biz ularsiz yashay olmaymiz, masalan, ularsiz terimiz nafas ololmaydi. Inson immuniteti mustahkam boʻlishi ham aynan ularga bogʻliq.
Bundan tashqari, oshqozonimizda yashaydigan mikroorganizmlar bizga ovqat hazm qilishda yordam beribgina qolmay, balki tanamiz uchun zarur boʻlgan vitaminlarni ishlab chiqarish va ajratib olish vazifasini ham bajaradi. Albatta, bolalar gigiyena qoidalarini bilishlari va bunga amal qilishlari juda muhim. Lekin ota-onalar eʼtibor berishi kerak boʻlgan yana bir jihat bor:
Farzandlarini ochiq havodagi, tabiat bilan hamnafas boʻlgan mashgʻulotlardan cheklash orqali ularning ayni mikroorganizmlari shakllanishi, immuniteti rivojlanishi kerak boʻlgan vaqtda toʻsqinlik qilishmayaptimi?!
Bolalar qumlarda oʻynab, hayvonlarni ushlab katta boʻlishi kerak. Shunda ularning mikroorganizmlari mustahkam va kuchli boʻladi.
Immunitetni ham chiniqtirish kerak
Zamonaviy texnologiyalar rivojlangani sari bolalar koʻp vaqtini, afsuski, uyda, turli zangori ekranlar-u telefon qarshisida oʻtkazmoqda. Bu holat bolaning nafaqat aqliy va motorik rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi. Balki, immuniteti susayishiga olib keladi. Masalan, tanasini chiniqtirmoqchi boʻlgan inson sport bilan shugʻullanadi, soatlab fitnes zallaridan beri kelmaydi. Aqlini charxlash ishtiyoqmandlari esa ilm olishga, kitob mutolaasiga gʻayrat bilan bel bogʻlaydilar. Inson tanasidagi mikroorganizmlar ham xuddi shunday ishlaydi. Hech qanday tashqi mikroorganizmlarga duch kelmas ekan, himoya mikroorganizmlari ham shakllanmaydi. Agar ular bolalikda yaxshi shakllanmasa, keyinchalik tashqaridan keladigan turli zararli bakteriya va viruslar hujumi vaqtida himoya mexanizmi ishga tushmaydi.
Ekosistema oʻzini oʻzi tozalab, qayta tiklay oladi
Aslida, butun borliq mikro va makroorganizmlardan tashkil topgan. Ularni bemalol mavjudlikning asosi deb aytsak boʻladi. Yerning unumdorligidan tortib, biz isteʼmol qilayotgan turli oziq-ovqat tarkibidagi minerallar, ozuqa moddalar, vitaminlar – barchasi ayni ularning xizmati sababidandir. Meni doim hayratga soladigan narsa shuki, butun ekosistema bir tizim asosida ishlaydi. Ifloslanishning maʼlum bir darajasida bu tizim oʻzini oʻzi tozalaydi, qayta tiklaydi va yashashda davom etadi. Afsuski, insonlar aralashuvi natijasida, ifloslanish maʼlum darajadan oshgach, ekosistema bu jarayonni boshqara olmay qoladi. Iqlim oʻzgarishi yoki havo ifloslanishi shular jumlasidandir.
Doktorlik ishimda zamonaviy bugʻdoy navlari ildizlaridagi mikroorganizmlarni eski bugʻdoy navlaridagiga solishtirganimda, yangi topilmaga duch keldim: Oʻsimliklar ildiziga bakteriyalarni vazifasiga qarab saralab oladi. Eski nav bugʻdoy ildizida oʻgʻitlarni tabiiy oʻzlashtiradigan bakteriyalar koʻp boʻlgan, ammo xonakilashtirilgan zamonaviy navlarning ildizlarida juda kam miqdorda uchraydi. Bunga sabab nima? Chunki hozirda tayyor oʻgʻitlar berilmoqda, yaʼni ildizdagi oʻgʻitlarni tabiiy ravishda “mehnat qilib” oʻzlashtiradigan bakteriyalarga ish deyarli qolmagan. Bakteriyalar doimiy yashashi uchun faol boʻlishi kerak. Qaysidir maʼnoda ular bu jarayonda oziqlanadi.
Antibiotiklar aslida viruslarga umuman taʼsir qilmaydi
Antibiotiklar Oʻzbekistonda eng ogʻriqli mavzulardan biri. Afsuski, bizda shamollash yoki gripp vaqtida antibiotik qabul qilish holatlari juda koʻp uchraydi. Antibiotiklar aslida viruslarga umuman taʼsir qilmaydi. Shamollash, gripp kabi kasalliklar esa virus sababli kelib chiqadi. Koronavirus ham shular jumlasidan. Yaʼni bu kasallikka chalinganda hech qanday antibiotik foyda bermaydi.
Xoʻsh, unda antibiotik nimaga qarshi, degan savol sizda ham paydo boʻlgandir. Antibiotiklarning bizga maʼlum boʻlgan koʻplab turlari bor va ular ayni bir turdagi bakteriyalarga qarshidir. Masalan, yiringlash aynan bakteriya sababli boʻladi. Tashxis toʻgʻri qoʻyilishi, shifokorlar antibiotik haqida keng tushunchaga ega boʻlishi kerak. Oliygohlarda bu boʻyicha chuqurroq taʼlim berilishi shart. Insonlarning tibbiy madaniyatini orttirish ham juda muhim.
Nima uchun baʼzi bir kasalliklar tuzalmaydi yoki oylab davom etadi? Har xil antibiotiklar qoʻllab koʻrilganda ham taʼsiri boʻlmaydi. Buning asosiy sababi: inson tanasida yashaydigan bakteriyalarda yoki kasallik keltirib chiqargan patogen bakteriyalarda oʻsha antibiotiklarga nisbatan rezistentlik yaʼni chidamlilik mavjud. Inson tanasida bir marta ayni bir turdagi antibiotikka chidamlilik paydo boʻlsa, bu chidamlilik keyinchalik yoʻqolib ketmaydi. Kasallik qoʻzgʻatuvchi bakteriyalarning genida antibiotikka qarshilik saqlanib qoladi va antibiotik bakteriyaga qarshi taʼsir koʻrsata olmaydi.
Nega antibiotiklar bizda shunchalik oddiy doriga aylanib qolgan?
Birinchidan, afsuski shifokorlarimizda bu borada tajriba yetishmaydi. Baʼzida bemorlarning oʻzlari ham antibiotik yozib berishini shifokorlardan talab qilish holatlari kuzatilishi mumkin. Tibbiyot xodimlari ularga tushuntirish ishlarini olib borishlari kerak.
Ikkinchidan, istalgan inson hech qanday retseptsiz ham antibiotik va antibakterial vositalarni dorixonalardan sotib olishi mumkin edi. Aslida, bu kabi dori vositalari retseptsiz umuman sotilmasligi kerak. Hozirda bu tizim ham bosqichma-bosqich oʻzgarmoqda. Endilikda antibiotiklar va sintetik antibakterial dorilarni faqat shifokor retsepti bilan sotib olish mumkin.
Besh-oʻn yillar oldin siz oladigan antibiotiklar hozir sotuvdan chiqib ketganmi? Hech oʻylab koʻrganmisiz, nega ular sotilmay qoldi? Chunki endi bu antibiotik turlari insonlarga taʼsir qilmay qoldi. Ammo aynan shu antibiotiklar ayrim davlatlarda hali ham isteʼmolda boʻlishi mumkin. Albatta, bu insonlarning antibiotik qabul qilish madaniyatiga ham bogʻliq.
Chaqaloqlarning immuniteti yaxshi shakllansin desangiz…
Antibiotiklar haqida notoʻgʻri tushunchaga ega ota-onalar chaqaloqlar shamollab qolganda ham antibiotik bilan davolashga harakat qilishadi.
Agar bolalar immunitetini chaqaloqlik davrida shakllantirmasak, keyinchalik oddiy shamollash yoki gripp ham juda ogʻir kechadi. Germaniyada chaqalogʻimni bolalar shifokoriga olib borganimda: faqatgina tez-tez suyuqlik berishim va issigʻi tushmasa ibuprofen ichirishimning oʻzi yetarli ekanini aytgan edi.
Farzandingizni ochiq havoda koʻproq sayr qildirishingiz, meva sabzavotlarga boy, vitaminlarga toʻyingan taomlar tayyorlab berishingiz, uning sogʻlom ovqatlanishiga eʼtiborli boʻlishingiz zarur. Bolalarning yilda 6-10 marta shamollashi normal va bu davrda yuqorida aytganimdek, koʻproq suyuqlik berishni oʻzi ham yetarli boʻlishi mumkin. Aslida, bolaning immun tizimi oʻzi shamollashga qarshi kurasha oladi va ayni shu paytlarda shakllanishni boshlaydi. Immunitet tabiiy ravishda viruslarga qarshi shakllanishiga ham ota-onalar biroz sabr qilib qoʻyib berishlari kerak. Albatta, shamollash vaqtida bolalar shifokoriga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Antibiotikka chidamlilik aslida qanday shakllanadi?
Antibiotikka rezistentlik surunkali ravishda uni notoʻgʻri ishlatish oqibatida, antibiotik dozasi keskin pasaygan holatda, kasallik keltirib chiqargan va hattoki bizga zarari boʻlmagan, tanamizda yashaydigan bakteriyalarda ham shakllanadi. Notoʻgʻri qabul qilish bu – kasallikni keltirib chiqargan bakteriya turiga taʼsir qilmaydigan yoki bakteriya batamom oʻlishi uchun kerak boʻladigan antibiotik dozasini qabul qilmaslikdir. Kasallik alomatlari yoʻqolishi bilan antibiotik qabul qilmay qoʻyish, dori qabul qilish vaqtini toʻgʻri rejalashtirmaslik yaʼni turli vaqtda qabul qilish va orada uzoq vaqt qoldirib qabul qilish tushuniladi. Qolaversa, antibiotikka chidamlilik geni atrof-muhit va oziq-ovqatlar orqali ham tarqaladi. Hatto, onadagi antibiotikka chidamlilikka ega mikroorganizmlar yangi tugʻilgan chaqaloqlarga ham toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtadi. Yaqqol misol sifatida, yangi tugʻilgan chaqaloqlar ham oddiy kasallikdan tez tuzala olmasligini keltirish mumkin.
Xoʻsh, antibiotikka rezistentlik (chidamlilik) shakllansa nima boʻladi?
Bizga maʼlum va foydalanishda boʻlgan antibiotiklar turlarining va taʼsirining chegarasi bor. Maʼlumki, ayrim kasalliklarning hali ham davosi topilmagan. Maʼlum yoshga kelib sizga oddiy turdagi antibiotiklar taʼsir qilmay qoʻyadi. Keyin bir daraja kuchlirogʻini qabul qila boshlaysiz, vaqti kelib u ham oʻz kuchini yoʻqotadi. Agar bu jarayon uzluksiz davom etsa, biror kasallikka chalinsangiz va unga taʼsir qiladigan antibiotikka sizda rezistentlik boʻlsa, siz bu kasallikdan tuzalmaysiz degani.
Shuning uchun antibiotikni “oddiy dori” sifatida qabul qilishni toʻxtatishimiz shart. Shifokorga “nega menga bu antibiotik kerak, oʻzi nima uchun antibiotik olishim kerak?” degan savollarni berishingiz va antibiotik qabul qilish madaniyatini shakllantirishingiz kerak. Aks holda, faqat antibiotik olibgina tuzalish mumkin boʻlgan kasallikka chalinib qolsangiz, sizga antibiotik taʼsir qilmaydi. Yaʼni kasallik sizda juda ogʻir kechadi va uzoq davom etadi, yoki oʻlim holati ham kuzatilishi mumkin. Chunki insonda shakllanib qolgan antibiotik rezistentlik sabab endi kasallikka qarshi antibiotik foyda bermaydi. Ammo antibiotikka rezistentlik tanasida boʻlmagan insonga kasallik davrida taʼsir qiladi va u inson tuzaladi.
Oʻzbekistonda yangi antibiotiklarni yaratish uchun istiqbolli biologik moddalar ishlab chiqaradigan mikroorganizmlar ham uchrashi mumkinmi?
Ilmiy tadqiqot va izlanishlar juda muhim. Masalan, Oʻzbekiston hududida qaysi turdagi antibiotiklarga rezistentlik bor? Antibiotikka rezistentlik hattoki, havoda, suvda va tuproqda ham boʻladi. Shu asosida tavsiyalar ishlab chiqish lozim. Tibbiyot xodimlari koʻproq bemorlarga tushuntirish ishlarini olib borishlari kerak. Bir davlatda ishlab chiqilgan ilmiy yechim boshqa davlatda ham xuddi shunday natija bermaydi. Chunki har bir hududning iqlimi, tuproq va suv tarkibi, ekologik sharoiti hamda mikroorganizmlar tarkibi oʻziga xos.
Masalan, Germaniyaning tabiiy sharoiti bilan Oʻzbekistonning sharoiti keskin farq qiladi. Oʻzbekistonda tuproq va suvning shoʻrlanishi yuqori boʻlgan hududlar mavjud. Bunday muhitda yashashga moslashgan, tuzga chidamli mikroorganizmlar uchraydi. Ilmiy tilda galofil mikroorganizmlar, yaʼni shoʻr muhitni xush koʻruvchi mikroorganizmlar deb ataladi. Ushbu mikroorganizmlar orasida oʻsimliklarning shoʻrga chidamliligini oshirish, tuproq unumdorligini yaxshilash yoki sanoatda qoʻllanadigan foydali moddalar va fermentlarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega turlar boʻlishi mumkin. Hatto yangi antibiotiklarni yaratish uchun istiqbolli biologik moddalar ishlab chiqaradigan mikroorganizmlar ham uchrashi ehtimoldan holi emas. Biroq bunday imkoniyatlarni aniqlash uchun ularni tizimli ravishda oʻrganish va laboratoriya sharoitida tekshirish zarur.