Oyina.uzʼning bugungi mehmoni – hozirda Amerikada yashab, ijod qilayotgan  oʻzbek xalqining sevimli xonandasi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Sobirjon Moʻminov. Oʻzbek sanʼatining okeanortida tanilishiga hissa qoʻshib kelayotgan sanʼatkorimiz bilan Amerikaga ketish tarixi, u yerda taʼlim olayotgan farzandlari, boshqa davlatda ham toʻxtamagan ijodi va yurt sogʻinchi haqida suhbatlashamiz.

– Amerikaga ketish hikoyangiz, oilangiz, okeanortidagi bugungi faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz.

– Boshqa yurtga non-tuz nasibamiz qoʻshilishiga sabab, oʻgʻlim Amerika va Germaniyadagi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga topshirib, bir necha universitetga qabul qilindi. Keyin Amerikani tanladi. Oʻqishga ketish chogʻida bir oʻzi ketgisi kelmadi.  “Green Card” yutganimiz va oʻgʻlim oʻqishga kirgani bizni turmush oʻrtogʻim bilan birga bolalarni yolgʻiz qoldirmasdan, ota-onalik vazifamizni yanada masʼuliyat bilan bajarish uchun koʻp halovatlardan kechib, shu yerga kelishimizni taqozo kildi. Bu ham Allohning bizga bergan neʼmati. Undan toʻgʻri va unumli foydalanishga qoʻlimizdan kelgancha harakat qilyapmiz, sabr bilan borib kelib yuribmiz.

– Bilamizki, Amerikada boʻlishingizga qaramasdan faoliyatingiz toʻxtab qolgani yoʻq. Oʻzbekistondan tashqarida oʻzbek tilida ijod qilishning oʻziga xosliklari qanday?

– AQShda hozirda kompaniyamiz bor, unda oʻz yurtdoshlarimizga yaxshi kunlarida xizmat qilish, elchixona, oʻzbek jamiyatlarida turli bayram-tadbirlarida ijodimiz bilan ishtirok etish asosiy vazifa qilib belgilangan. Amerikada ham oʻzbekona toʻylar boʻladi, bundan tashqari, Oʻzbekistondagi barcha milliy bayramlar vatandoshlar ishtirokida oʻtkaziladi. Ana oʻsha kompaniyada faoliyatimni, ijodimni davom ettirib kelyapman. Bir nafar farzandim Toshkentda. Uch farzandim Amerikada, hozirda oʻqib, ishlab, ilm olishda davom etishmoqda.