Telekanallarda namoyish etilayotgan turli-tuman reklamalar borasida ijtimoiy tarmoqlarda keskin fikrlar koʻpaydi. Efir vaqtiga nisbatan reklamalar hajmining oshgani, davlat tiliga rioya qilinmasligi, oila davrasida hatto televizorni yoqish ham noqulaylik tugʻdirayotgani eʼtirozlarga sabab boʻlyapti.

Sharof Boshbekov,

yozuvchi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi:

– “Guanjo” xitoy tibbiyot markazining reklamasini bir kunda turli kanallarda 70 martadan 120 martabagacha koʻraverib-koʻraverib, asablar butunlay tugab, qon bosimim falakka chiqib ketdi, qoʻlim qaltiraydigan boʻlib qoldi.

Oʻzingiz oʻylang, men koʻrmoqchi boʻlgan kino, spektaklь, koʻrsatuvlarni koʻrolmasam, uning oʻrniga bir yoqimtoygina qizning: “Erkaklik kuchingizni tiklang va ayolingizni xursand qiling” degan “nasihat”ini eshitib oʻtirsam! Teledasturlar – yoʻliga, aslida it egasini tanimaydi.

Dardimga hech qanaqa laktavita, hech qanaqa laminalayflaru sedana yogʻlari foyda qilmadi. Oʻzimizning poliklinikaga chiqdim. Vrach resept yozib berdi. Mana shu soʻzlar yozilgan ekan: “Oʻzbekiston televideniyesini ikki oy koʻrmay turing, otday boʻp ketasiz”.

Aytganini qilgan edim, yoshim 70 dan oshgan boʻlsa ham, oʻzimni 25 yashar yigitday sezyapman. Sogʻlom boʻlay desangiz siz ham mendan oʻrnak oling!

Togʻaymurod Ortiqov,

jurnalist:

– Televizorda ayollarning oʻzlari ham gapirishga istihola etadigan shaxsiy gigiyena vositasi tinmay reklama qilinyapti. Dasturxon atrofida oʻtirgan besh yoshli bolakay “Aya, bu nima?” deb soʻraydi. Onasi nima deb javob berishni bilmay, oʻzini eshitmaganga solib, gapni aylantiradi. Ammo koʻzlari qiziqishga toʻlgan bolakay yana soʻraydi. Oxiri ayol nochor qolib “Ha, umi, kalishga solinadigan patak”, deyishdan boshqa javob topolmadi. Bu uydirma emas, hayotiy voqea!

Darhaqiqat, shu kunlarda “patak” ham holva boʻlib qoldi. Televizor yoki radioni qoʻysangiz, sharm-hayo pardasini sidirib tashlagan suxandonlar diydiyosini boshlaydi:

“Klinikamizda erkaklarning jinsiy kasallikliklari, jinsiy zaiflik, muddatidan oldin boʻshalish, ayollarning...” – buyogʻini aytish uchun odamning beti kamida bez boʻlishi kerag-ov! Hoy, birodarlar biz qayerdan yashayapmiz. Oʻzbekning xonadonida ota-ona, qaynota-qaynona, oʻgʻil-kelinlar, nabiralar jamuljam boʻlib ovqatlanadi, suhbatlashadi, madaniy dam oladi. Oila aʼzolari birga televizor koʻrish, radio eshitishdan ham bezillab qoldi!

Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi rahbarlariga achchiq, ammo ochiq taklifimiz: shahvoniy reklamalarga ishqingiz tushib qolgan boʻlsa, iltimos, faqat oʻz oilangiz davrasida koʻring! Xalqning peshona teridan yigʻilgan byudjet mablagʻlari hisobiga tayyorlanadigan telekoʻrsatuv, radioeshittirishlarga harom-xarishni aralashtirmang! Agar bu reklamalarga talabgor koʻp boʻlsa, alohida reklama kanali oching!

Zuhriddin Isomiddinov,

adabiyotshunos olim:

– Rus tilida qalampir ham, murch ham birday “peres” deb ataladi. Farqlash uchun «krasnыy peres», «chyornыy peres» deb aniqlovchi qoʻshishadi. Ana endi oʻzbek tilida paydo boʻlgan “qizil garmdori”, “qora murch” singari taʼviya iboralarga nima deysiz. Men kuyinib, TVdagilarga “qora sedana” – tavtologiya ekanini, til buzilayotganini aytsam, yelka qisishdi – reklama roliklari allaqaysi goʻrda tayyorlanar, oʻzgartirishga haqlari yoʻq ekan...

Koʻryapsizmi, reklama hatto bizning ona tilimizga ham zugʻum oʻtkaza boshlabdi, pul janobi oliylarining oldida onamiz – ona tilimiz bir choʻri maqomiga tushibdi. Ahvol shu darajada boʻlgach, “davlat tili” deb gapirishning oʻrni bormi, oʻzi?

Otabek Yoʻldoshev,

tarjimon:

– Bir misol aytaman. “Seoul Milk” sut ishlab chiqarish kompaniyasining reklamasi koreys jamiyatida katta norozilik keltirib chiqardi. Reklama syujeti mundoq: kamera koʻtargan yigitcha qalin oʻrmondan chiqa turib oʻtloqda yurgan oq libosli qizlarga koʻzi tushadi. Zoʻr kadrni moʻljallab endi kamerasini qoʻlga olganida gʻirchillatib oʻt-oʻlanni bosvoladi va oʻgirilib qarasa, qizlar sigirga aylanib qolgan boʻladi.

Koreys ziyolilari fikricha, ayollarni sigirga qiyoslash “oʻta madaniyatsizlik”. Kimnidir yashirincha, oʻzining ruxsatisiz suratga olish ham qonunbuzarlikdir. Koreyada bunday ish uchun yaxshigina jarimaga tushasiz. Kompaniya jamiyatdagi norozi kayfiyat ortidan uzr soʻrab chiqdi va reklama roligini “Yutub” tarmogʻidan oʻchirdi. Bizda-chi, ziyolilar norozi boʻlsa, biror telekanaldan nojoiz reklama oʻchirilganini eshitganmisiz?

Gʻiyosiddin Yusuf,

muharrir:

– Bugun TVda reklamalar juda koʻpayib ketdi, soni oshgani sari sifati pasayib bormoqda. Ayniqsa, odob-axloq, qadriyatlarimizga toʻgʻri kelmasligi achinarli holat. Istaymizmi-yoʻqmi, koʻpchilik hordiq chiqarish, biroz koʻngil yozish uchun oilaviy yigʻilib TV koʻradi. Koʻrsatuvlar, kinoyu seriallar haqidagi gaplar oʻzi alohida mavzu, ammo oʻshalarning orasidagi oilaviy koʻrib boʻlmaydigan reklamalar ham bor.

Masalan, bir reklamaga koʻzim tushdi: oʻgʻil va qiz bola kelin-kuyovdek kiyinib olgan. Goʻyo kuyov kelinga nikoh uzugi sovgʻa qilayotgandek reklama qilinayotgan mahsulotni taqdim etmoqda. Marketing jihatdan gʻoya yaxshi oʻylangan, koʻpchilikning eʼtiborini tortadi, noodatiy yondashuv. Ammo bolalarni hali goʻdakligidanoq qarshi jins vakiliga qiziqishga, oʻzlarini kelin-kuyov sifatida tasavvur etishga undash tarbiyaga salbiy taʼsir qiladi. Odob-axloqi buzilishiga olib keladi. Shuning uchun bunday reklamalar olmaslik tarafdoriman.

Nigora Gʻaniyeva,

psixolog:

– Hozir telekanallarda berilayotgan aksariyat reklamalar biz bilgan mezonlardan ancha olisda. Katta yoshdagi insonlar hayot tajribasi boy boʻlgani bois bunday reklamalar namoyishida boshqa kanalga olishi yoki umuman eʼtibor qaratmasligi mumkin, lekin oʻsmirlik davrida shaxs xulq-atvorida taqlidga moyillik hissi yuqoriligi kuzatiladi. TVda bir kunda yigirma martadan oshiqroq energetik yoki gazli ichimlik reklamasini tomosha qilgan oʻsmir albatta tatib koʻrishga intiladi va buni bajaradi ham.

Inson miyasi yangi axborotga oʻch. Agar qaysidir maʼlumot hadeb takrorlanaversa, miya shuni toʻgʻri deb qaror qabul qiladi. Shu bois koʻp reklama qilingan vositalar har bir odamda qiziqish uygʻotadi. Bunga misol tarzida dorilar reklamasini koʻrsatish mumkin. Koʻpincha odamlar reklama qilinayotgan dori vositalarini shifokor tavsiyasisiz ichaveradi va bu yaxshilikka olib kelmagan holatlarga ham guvoh boʻlganmiz hayotda.

Sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, oʻz huquq va imkoniyatlaridan toʻgʻri foydalana olish, tinch va osuda hayotimizni asrashga qaratilgan, ogohlikka daʼvat etuvchi, insonlararo mehr-oqibatni kuchaytirishga yoʻnaltirilgan ijtimoiy reklamalar koʻpayishi tarafdoriman.

Nodira IBROHIMOVA,

oyina.uz