Ariza, maʼlumotnoma, dalolatnoma, ...noma kabi hujjatlar bizni har qadamda taqib etadi. Rahbarga murojaat qilishda – bildirishnoma, xatoga yoʻl qoʻysangiz – tushuntirish xati, oy yakunida – hisobot... Ishimiz tushganida koʻpchiligimiz namuna qidiramiz. Davlat tilida ish yuritish taomili tashkilot va idoralarda bir-biridan farq qilishi mumkin. Bu boʻyicha qoʻllanma yaratilganiga esa oʻttiz yil toʻlgan...

Hujjatlar qachondan paydo boʻlgan?

Kishilik jamiyati shakllana boshlagan davrlardan jamiyat aʼzolari munosabatlarda muntazam qayd etib boriladigan holatlarga duch kelgan va shu tariqa bugungi ish faoliyatimizda foydalaniladigan hujjatlarning ilk koʻrinishlari yuzaga kelgan.

Bobilning miloddan avvalgi 1792–1750-yillardagi hukmdori Xammurapining adolatpesha qonunlar majmui, undan qadimgiroq shoh Ur-Nammu (miloddan avvalgi 2112–2094-yillar)ning qonunlari va shu kabi boshqa manbalardagi hujjatlar bu tartibot masalalarining tarixi uzoqqa borib taqalishidan xabar beradi. Oʻtmishning turli davrlarida ijod etilgan oʻrxun-enasoy, soʻgʻd, eski uygʻur, arab va boshqa yozuvlarda bitilgan hujjatlar, yozma manbalar bugungi kunda fanga maʼlum.

Yorliq, farmon, noma, arznoma, vasiqa, tilxat yoki mazmunan shunga yaqin hujjatlar Sharqda X–XIX asrlarda keng tarqalgan. Qosimjon Sodiqovning “Eski uygʻur yozuvi” kitobida Toʻxtamishxonning 1393-yili polyak qiroli Yagʻaylaga yoʻllagan yorligʻi, Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx Mirzoning margʻilonlik Mir Sayid Adham ismli shaxsga 1469-yili bergan yorligʻi eslab oʻtiladi. Demak, yorliqlarning mazmuni xabar, tavsif, farmoyish, bildirish, tasdiqlash tarzida boʻlganini anglash mumkin.

Hujjatlar ham taraqqiyot bosqichini oʻtadi va boyib bordi. Hozirgi kunga kelib foydalanuvchilar ularning turi-yu mazmuni, yozilish tartibini namunasisiz adashtirib qoʻyishi hech gap emas. Maʼno va  shakl jihatidan bir-biridan farqlanuvchi hujjatlar korxona, tashkilot, muassasalar, umuman, mehnat jamoalarining faoliyatini muntazam tartibga solib turadi.

Kamchilikarning asosiy sababi...

“Boshqaruv sohasidagi kamchiliklarning asosiy sabablaridan biri ayni soha xodimlarining koʻpchiligida nazariy va amaliy tayyorgarlikning boʻshligidir, ular muassasa, tashkilot va korxonalarda qabul qilingan hujjatlar bilan yoʻriqlari, usullari va yoʻllari majmuini yetarli darajada bilmaydilar”, deb taʼkidlaydi hujjatshunos A.S. Golovach. Darhaqiqat, bugun har qanday idoradagi ish yuritishning asosi mukammal va oqilona tashkil etilgan hujjatchilik ekanini isbotlashga hojat qolmagan.

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yillik tantanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev: “Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”, deya takidladi va shu kuni “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi. Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Yagona andazalarni yaratish yoʻlida

Oʻzbek tilining qonun-qoidalariga rioya qilib yozilganda hujjatlarning sanasi “25-mart 1985-yil” tarzida yozilishi toʻgʻrimi? Rus tilida “25 марта 1985 года” holatida yozilishi ish yuritish hujjatlarimizga sovet tuzumidan meros qolgan. Oʻzbek tili tabiatidan kelib chiqilsa va ayni iboraning oʻzbek tilidagi maʼnosiga eʼtibor berilsa, “1985-yilning 25-marti” yoki “1985-yil 25-mart” koʻrinishida yozilishi kerak.

Hujjatchilikning sof oʻzbek tilidagi yagona andazasini yaratish va bular bilan bogʻliq atamalarning bir xilligiga erishish bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri. Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan yaratilgan “Davlat tilida ish yuritish” qoʻllanmasi ushbu yoʻnalishdagi koʻpgina masalalarga yechim boʻldi. Mazkur amaliy qoʻllanma ilk marta 1990 yili chop etilgan, keyinchalik bir necha bor toʻldirilgan variantda taqdim etilgan. “Oʻzbekiston” nashriyotida 3 ming nusxa chiqqan eng yangi nashrida avvalgi xato va kamchiliklar tuzatilgan, hozirgi amaliyotda koʻp qoʻllanilayotgan hujjat namunalari kiritilgan. Xizmat yozishmalari yanada takomillashtirilgan. Lugʻat qismi yangi atamalar bilan boyitilgan.

Qoʻllanmaning dastlabki boblarida ish yuritish hujjatlarining turlari, umumiy uslubiy tomonlari, idoraviy ish yuritish tili, boshqaruv hujjatlaridagi zaruriy qismlar (rekvizitlar), ularni rasmiylashtirish, blanka talablariga toʻxtab oʻtilgan. Asosiy qismda ish yuritishda eng koʻp qoʻllaniladigan hujjatlar tavsiflangan va amaliyotda qabul qilingan tasnif guruhlari ichida alifbo tartibida joylashtirilgan. Milliy anʼanalardan kelib chiqib, dunyo hujjatchiligi tajribalaridan foydalangan holda sof oʻzbek tilida yagona andazalarni yaratish, ish yuritish bilan bogʻliq atamalarning bir xilligiga erishishga harakat qilingan.

“Davlat tilida ish yuritish” qoʻllanmasi tashkilot rahbarlari, boshqaruv faoliyatida bevosita hujjat ustida ishlovchilar, kotib-referentlar, kadr xizmati xodimlari, hisobchilar, adliya maslahatchilari, auditor, menejerlar, qoʻyingki, har bir xodimning ish stoli ustida boʻlishi foydadan xoli emas.

Nargiza ODINAYEVA