“Hozirgi yoshlar boshqacha, sabrsiz, qoʻlidan telefon tushmaydi, bizning paytimizda boshqacha edi... ”

Shunday gaplar Sizning ham qulogʻingizga tez-tez chalinib turadimi? Umuman olganda, har bir davr yoshlari turlicha boʻlishi tabiiy. Chunki insonni oʻsha zamon, davr tarbiyalaydi. Masalan, bir uyda buva gazeta oʻqiydi, buvi televizor koʻradi, ota Facebookʼda yangilik oʻqisa, farzand TikTok, Instagramda kontent tomosha qiladi yoki sunʼiy intellekt bilan suhbatlashadi. Ular bir oilada yashasa-da turli davr vakillari hisoblanadi. Mana shu har bir davr avlodi jamiyat qiyofasini belgilaydi. Chunki jamiyatni siyosat yoki iqtisod emas, avvalo insonlar shakllantiradi. Insonlarni ular ulgʻaygan davr, tarixiy voqealar, texnologiyalar va ijtimoiy muhit tarbiyalaganligi bois, ularning qadriyatlari, ish tamoyili va jamiyatdagi oʻrni sezilarli darajada farq qiladi.

Bir davrda tugʻilgan insonlarning oʻxshash fikrlar va qadriyatlarga ega boʻlishi fanda “Generatsiya” (avlodlar) deb ataladi. Turli yosh qatlamlari oʻrtasidagi qarash va qadriyatlar tafovuti esa koʻpincha “Avlodlar toʻqnashuvi” sifatida talqin qilinadi. Mutaxassislar bu jarayonni tabiiy ijtimoiy almashinuv deb baholaydi. XX asr oxirida Amerikalik tadqiqotchilar – William Strauss va Neil Howe avlodlar almashinuvi nazariyasini ishlab chiqdi. Ular oʻz gʻoyalarini 1991-yilda chop etilgan “Generations” hamda keyinchalik yozilgan “The Fourth Turning” kabi asarlarida bayon etgan. Sotsiologik tasnifga koʻra, zamonaviy jamiyat quyidagi asosiy generatsiyalardan iborat:


Silent Generation (1928–1945)

“Silent” – yaʼni “Sokin avlod”. XX asrning birinchi yarmidagi voqealar – Buyuk Depressiya (1929 – 1939) va Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi tiklanish davri taʼsirida shakllangan avlod. Ularning soni AQShda 23 million kishini tashkil qiladi, ammo global miqyosdagi ulushi bu koʻrsatkichdan sezilarli yuqori. Ushbu davr avlodlarining “Sokin” deb atalishiga sabab, ular intizomli, tejamkor, sodiq, jamiyat qoidalariga boʻysunuvchi shaxslar hisoblanishadi. Ular radio tinglash va kino tomosha qilishni sevadi, texnologiyaga sekin moslashadi, lekin yuzma-yuz muloqotni afzal koʻradilar.

Baby Boomers (1946–1964)

Ular Ikkinchi jahon urushidan keyin tugʻilish surati keskin ortgan, iqtisodiy oʻsish davrida tugʻilib, voyaga yetgan insonlar boʻlib, mehnatsevarlik va sadoqat bilan boshqa avlod vakillaridan ajralib turadi. Bu davr vakillari raqamli texnologiyalarga toʻliq moslashmagan va anʼanaviy ish usullarini afzal koʻrib, tajriba va boshqaruv sohasida muhim rol oʻynaydi. Baby Boomerʼlarga odatda oilaviy qadriyat, davlat boshqaruvi va barqaror iqtisodiy oʻsish tarafdorlari sifatida qaraladi.

Gen X (1965–1980)

Bu insonlar ikki davr orasidagi, analogdan raqamli davrga oʻtish jarayonini boshdan kechirgan avlod boʻlib, ular koʻpincha mustaqil qaror qabul qiladigan, moslashuvchan va realistik qarashlarga ega insonlar sifatida tavsiflanadi.

Millenials yoki Gen Y (1981–1996)

“Millenium” – yangi mingyillik avlodi. Internet, mobil aloqa va ijtimoiy tarmoqlarni oʻrganib katta boʻlgan birinchi avlod vakillari. Ular raqamli dunyoga moslashgan, lekin katta iqtisodiy inqirozlarni ham boshdan kechirgan insonlardir. Koʻpchilik oʻz ishida erkinlikni, tajriba orttirish va rivojlanishni afzal koʻradi. “Qayerda ishlayman?” degan savoldan koʻra “Nima uchun ishlayman?” degan qadriyat ular uchun muhimroq sanaladi.

Gen Z (1997–2012)

Z avlod vakillari smartfonsiz hayotni tasavvur qilolmaydi, tezkor axborotlarga oʻrganib qolgan, bir vaqtning oʻzida bir nechta vazifani bajaradi va ijtimoiy masalalarga faol munosabat bildiradi. Ekologiya, psixologik salomatlik kabi mavzular ular uchun muhim hisoblanadi. Bugun Oʻzbekistondagi startap, SMM, blogerlik va axborot texnologiyalari kabi yoʻnalishlarda aynan shu avlod vakillari yetakchilik qilmoqda.

Alpha (2013–2025)

2013 – yildan keyin tugʻilgan bolalar Alpha avlod deb ataladi. Ular smartfon, planshet va internet rivojlangan davrda dunyoga kelgan. Millennials avlod internetni oʻrganib ulgʻaygan, Z avlod  internet ritmini tezlashtirgan boʻlsa, Alpha avlod internet va  sunʼiy intellektni tabiiy muhit deb biladigan avlod hisoblanadi. Ularning ota-onasi asosan Millennials va Z avlod vakillari boʻlgani uchun, tarbiya jarayonida erkin fikrlash va shaxsiy tanlovga hurmat kuchliroq namoyon boʻlmoqda.

Alpha avlod – bu shunchaki generatsiya emas, balki jamiyat taraqqiyotining yangi bosqichidir. Ular sunʼiy intellekt va global integratsiya sharoitida voyaga yetmoqda. Agar toʻgʻri yoʻnaltirilsa, ular yanada innovatsion va yuqori texnologiyali jamiyatni shakllantira oladi. Agar nazorat va tarbiya masalasida muvozanat saqlanmasa, raqamli muhitning salbiy jihatlari ustun kelishi ham ehtimoldan holi emas. Shunga koʻra, bu avlodning kelajagi – faqat texnologiya masalasi emas, bu tarbiya, taʼlim va ijtimoiy masʼuliyat masalasi hamdir.

Mavzu avvalidagi savolga qaytsak: avlodlar tafovuti ziddiyatmi yoki taraqqiyot omili? Avlodlar almashinuvi – shunchaki yosh tafovuti emas, balki tarixiy tajriba, qadriyatlar va texnologik muhit bilan shakllangan dunyoqarashdir. Raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, global axborot maydoni va ijtimoiy transformatsiyalar bugun yosh avlod tafakkurini tubdan oʻzgartirmoqda. Ish joyi, taʼlim tizimi va jamiyat hayotida avlodlar oʻrtasidagi farq tushunilmasa, ziddiyat, tushunmovchilik paydo boʻladi va samaradorlik pasayishi yuz beradi. Agar uygʻunlashsa — taraqqiyot tezlashadi, innovatsiyalar va jamiyatni rivojlantirish imkoniyatlari kengayadi.

Avlodlar almashadi, qadriyatlar yangilanadi. Biroq bu tafovut emas, balki ijtimoiy va iqtisodiy evolyutsiyaning tabiiy koʻrinishidir. Chunki jamiyat taraqqiyoti turli avlodlar tajribasi va innovatsiyasining uygʻunlashuviga bogʻliq.

Maʼrifatxon MAMIRJONOVA,

Oyina.uz