Oʻzbek maʼrifatparvarlik harakatining peshqadam vakillaridan biri Abdulla Avloniy 1878-yilning 12-iyulida Toshkentda mayda hunarmand oilasida tugʻilgan. Yetti yoshidan savodini chiqargan. Oʻqchi va Shayxontohurdagi madrasalarda tahsil olgan. U 1904-yili Toshkentning Mirobod mahallasida jadid maktabini, 1909-yili “Jamiyati xayriya” uyushmasini tashkil etgan.

1905–1917-yillari matbuotda faoliyat koʻrsatgan va koʻplab maqolalari bilan ishtirok etgan. U birinchilardan boʻlib Turkiston maktablarida geografiya, kimyo, handasa, fizika fanlari kiritilishiga taʼsir koʻrsatgan. Taʼlimni real turmush bilan bogʻlashga intilgan, bir dars bilan boshqasi oʻrtasida muayyan tanaffusni, bir sinfdan ikkinchisiga oʻtishdagi imtihonni joriy etib, taʼlim tizimining dunyoviy yoʻnalishini kuchaytirishga alohida eʼtibor bergan.

Maʼlumki, bola tarbiyasi koʻzda tutilgan qator ibratli hikoyatlardan iborat majmualarga egamiz. Bolalari tarbiyasi har tomonlama mukammal boʻlishini istagan xalq boshqa millat asarlaridan ham foydalangan. Bu jihatdan hindlarning “Kalila va Dimna”si shuhrati ancha yuqori boʻlganini eʼtirof etmoq oʻrinlidir.

Axloq, odob haqidagi rivoyat va hikoyatlar oʻzbek maʼrifatparvarlari diqqatini tortgan, ulardan darsliklar yaratishda unumli foydalanganlar. Ogʻzaki ijod namunalari bilan birga mumtoz adabiyot namoyondalari asarlarida tasvirlangan hikoyat, rivoyat, masallardan, jumladan, Rabgʻuziyning “Qissasi Rabgʻuziy”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilik”, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”, “Navoiyning “Hayrat ul-abror”, Saʼdiyning “Guliston”, “Boʻston”, Poshshoxoʻjaning “Gulzor” asarlaridan oʻrin olgan hikoyalarni XX asr boshlarida yaratilgan turli darsliklarda uchratish mumkin.

Xalqni maʼrifatli qilish orzusida saʼy-harakatlar qilgan ziyolilar safida shubhasiz, Abdulla Avloniyning ham alohida oʻrni bor. U oʻz tarjimai holida quyidagilarni bayon qiladi: “1900-yilda uylandim, otam oʻldi, oila boshligʻi boʻlib qoldim. Shu paytlardan boshlab matbuot bilan tanisha bordim. Turli gazeta va jurnallar oʻqishga tushundim. 1904-yilda jadidlar toʻdasiga kirdim. Mirobodda “usuli jadid” maktabi ochib oʻqituvchilik qila boshladim”.

Uning Mirobodda ochgan “usuli savtiya” deb taʼriflangan maktabida oʻqitish bepul boʻlishidan tashqari savod tez chiqarilgan. Yangi maktab haqidagi bunday iliq gaplar tarqalgach, eshitganlar kambagʻalbop maktab ochilganidan xursand boʻlib birin-ketin oqib kela boshlagan. Bu esa eski usuldagi maktabdorlar gʻazabini kuchaytirgan. Avloniy kamsitilgan, tahqirlangan, taʼqib ostiga olingan. Lekin fitnalar uning qalbidagi maʼrifatni soʻndira olmagan, aksincha alangalantgan.

U yangi usuldagi maktablar uchun darslik yozgan muallif sifatida ham bir talay xayrli ishlarni amalga oshirgan. Avloniy bu boradagi ishlarini roʻyobga chiqarishda Furqat va Sattorxon boshlab bergan, Mahmudxoʻja Behbudiy, Saidrasul Aziziy va Shakuriy tomonidan yangicha shakllarda davom ettirilgan jadidchilik oqimi tarafdorlarining maktab va maorif sohasidagi tajribalariga tayangan. Ular yaratgan darslik va qoʻllanmalarning ijobiy tomonlarini oʻrgangan. Ayniqsa, Saidrasul Aziziyning “Ustozi avval”i unga ilhom bergan. Natijada uning ilk darsligi – “Birinchi muallim” dunyoga kelgan. Bu kitob oʻz davrida katta shuhrat qozongan. 1917-yilgacha toʻrt marta nashr etilib, bir qator yangi usuldagi maktablarda savod chiqaruvchi darslik sifatida keng qoʻllanilgan.

Avloniy darsligida bola harflar, ularning yozilish qoidalari bilan tanishtirilgach, sodda va ixcham qilib tuzilgan matnlarga oʻtilgan. Darslikdan oʻrin olgan matnlar har jihatdan bolalarbop qilib tuzilgan. Bolaning talaffuz qilish qobiliyati, hofizasi eʼtiborga olingan boʻlib, ularning axloqiy-taʼlimiy tomonlari ham yoddan chiqmagan. Darslikdagi koʻp matnlarda muallif savodli boʻlishning ahamiyati haqidagi fikrlarga urgʻu bergan. Ularda millatparvarlik, vatanparvarlik tuygʻulari bolqib turadiki, bu tomonlari milliy istiqlol armoni bilan yashagan jadid maʼrifatparvarlar dunyoqarashiga mos kelgan.

Muallif “Maktab” degan matnda maktabning fazilatlari haqida gapirib, shunday sheʼriy satrlarni keltirgan:

“Taraddud birla maktab oʻqing, oʻgʻlonlar, oʻgʻlonlar,

Boʻlursiz bir kuni olamda zoʻr insonlar, oʻgʻlonlar”.

U oʻz vatandoshlarining kelajakda zoʻr insonlar boʻlishini ich-ichidan xohlagan va bu yoʻlda tinimsiz mehnat qilgan. U jamiyatni maʼnaviy poklaydigan qudrat – maʼrifat ekanini taʼkidlar ekan, unga kuch beradigan narsa zamon talablaridan kelib chiqib yozilgan darslik boʻlajagini tushungan va bu yoʻlda oʻz isteʼdodini baxsh etgan.

“Birinchi muallim” darsligiga kiritilgan ibratli hikoyalarda Sharq va Gʻarb xalqlarining bola tarbiyasiga bagʻishlangan maqolatlari ruhi yaqqol sezilib turgan. Undagi hikoyalarni taxminan uchga boʻlish mumkin:

1.                 Abdulla Avloniy qalamiga mansub badiiy matnlar;

2.                 Sharq xalqlari ogʻzaki va yozma adabiyotidan olingan hikoyalar;

3.                 Rus adabiyoti vakillari, jumladan, L.Tolstoy, I.Krilov qalamiga mansub asarlar.

Ikkinchi va uchinchi guruhga mansub matnlarning ayrimlari qayta ishlanib darslikka kiritilgan. Shu oʻrinda Avloniyning til bilishning afzalligi haqidagi qarashlarini eslash va bu borada oʻzi ibratli ishlar qilganini taʼkidlash joizdir.

Abdulla Avloniy jamiyatdagi odamlarni ikki toifaga – yaxshilar va yomonlarga ajratgan. Bu sifatlarga taʼrif berib, bolalarni yaxshi xulqli, odobli boʻlishga chaqirgan. Ayniqsa, “Zar qadrini zargar bilur”, “Toʻgʻrilik”, “Baxtli bola va baxtsiz bola” kabi matnlarni ahloqiy-taʼlimiy hikoyalar deyish mumkin. Bu asarlarda dastlab nasriy yoʻl bilan hikoya bayon qilingan, soʻng qissadan hissa chiqarilgan. Koʻpincha voqea ustidan chiqarilgan xulosalar sheʼriy yoʻl bilan yozilgan. Boshqacha aytganda, Avloniy bu borada koʻproq Saʼdiyning “Guliston” va “Boʻston” asarlaridan oʻrnak olgan. Bu, albatta, asarning badiiy hamda taʼlimiy qimmatini yanada kuchaytirgan.

Kitobdan oʻrin olgan ayrim hikoyalar sodda tuzilgani ham eʼtiborga loyiq. Muallif oddiydan murakkabga oʻtish qoidalariga amal qilib, avval savodli boʻlishning foydasi va savodsizlikning zarari haqidagi oddiy, sodda voqealar asosidagi matnlarni, undan keyin esa shu haqdagi murakkabroq, bolani oʻylashga majbur qiladigan hikoyalarni bergan. Oddiy voqealar asosiga qurilgan matnlardan biri “Baxtli bola va baxtsiz bola” boʻlib, unda oʻqigan bola – baxtli, oʻqimagan bola – baxtsiz, degan fikrlar loʻnda qilib berilgan.

1912-yili Abdulla Avloniyning “Ikkinchi muallim” deb nomlangan darsligi bosilgan. Bu kitob “Birinchi muallim”ning mantiqiy davomi boʻlib, undagi matnlar oʻzining badiiyligi, hayotiyligi, tilining puxta, ravonligi, sodda va shiradorligi bilan ajralib turadi. Unda ham taʼlim va tarbiya masalalari yetakchilik qiladi. Muallif xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan ustalik bilan foydalangan.

Bu kitob ham xuddi birinchi kitob kabi yangi usuldagi maktab madhiga bagʻishlangan sheʼrlar bilan boshlangan:

“Maktab siz(n)i inson qilur,

Maktab hayot ehson qilur,

Maktab gʻam(n)i vayron qilur,

Gʻayrat qilub oʻqing, oʻgʻlon”.

“Ikkinchi muallim”ga kiritilgan hikoya va masallarda maʼrifatparvarlikning gʻoyaviy-estetik qarashlari oʻz ifodasini topgan.

Toʻplamdan oʻrin olgan hikoyalarda Avloniy oʻz qarashlariga sodiq qolib, insonga xos yaxshi fazilatlarni ulugʻlagan, yomon odatlar ustidan achchiq kulgan. Yomon odatlardan qutulishning birdan bir yoʻli ilm olish, maʼrifatli boʻlishdir, deb aytgan. “Ilmsizlik balosi” asari bu jihatdan ancha ibratlidir.

Avloniyning 1913-yili yozilgan “Maktab gulistoni” kitobi avvalgi darsliklarning mantiqiy davomi boʻlib, asosan yuqori sinf oʻquvchilariga moʻljallab yozilgan. Kitobdan oʻrin olgan asarlarning koʻp qismini I.Krilovning tarjima qilingan asarlari tashkil qiladi. Rus masalchisining asarlari avvalgi har ikkala darslikdan ham oʻrin olgan edi. Ularning koʻpchiligi qayta ishlanib ixchamlashtirilgan, koʻplarining nasriy bayoni berilgan. Uchinchi kitobda esa haqiqiy tarjimalar oʻrin olgan boʻlib, ular Avloniyning yetuk tarjimon sifatidagi faoliyatini namoyon etuvchi namunalar sifatida ham qimmatlidir. “Gʻayrijinsiy ittifoq”, “Tulki ila serka”, “Maymun bilan koʻzoynak” masallari oʻsha davr saviyasida mahorat bilan tarjima qilingan.

Muallifning darslik sifatida 1913-yili yaratilgan asarlari ichida, shubhasiz, “Turkiy guliston yoxud axloq” kitobi alohida ahamiyatga ega. Bu kitob ham “Maktab gulistoni” kabi asosan yuqori bosqich oʻquvchilariga moʻljallab yozilgan boʻlib, odobnoma ruhidagi asardir. Axloq, xulq majmuasi boʻlgan bu kitob 61 bobdan iborat, unda insondagi bir qator fazilatlar va qusurlar sharhlab berilgan. Bu kitobda ham muallif dastavval insonni ikki toifaga boʻlib, ular yaxshi xulqli hamda yomon xulqlilardir. Ularning yaxshi fazilatli boʻlishlariga sabab – ilm-u urfon oʻrganganliklari, yomon xulqli kishilar boʻlib qolishlariga sabab – johillik botqogʻiga botganliklari deya uqtirgan.

Kitob “Axloq” degan bob bilan boshlangan boʻlib, ushbu bobda muallif axloqiy bilimga “insonlarning yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlikdan qaytaruvchi bir ilmdir” deb taʼrif bergan. Axloqning bir koʻzgu ekani, har bir inson unga yuzlanib, oʻzining kim ekanini his qilishi haqida fikrlar bayon qilingan va “Oʻz aybini bilur, iqror qilub, tuzatmakka saʼy va qoʻshni qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur...”, degan qatʼiy xulosa bilan yakunlangan.

“Xulq” bobida inson jasad va nafsdan murakkab boʻlganligini aytish bilan jasad suratining koʻzga tashlanib turishini (tashqi koʻrinish), nafs surati koʻzga koʻrinmasligi (ichki olam)ni taʼkidlagan.

Bundan keyingi boblar tarbiya bilan bogʻliq boʻlib, “Tarbiyaning zamoni”, “Badan tarbiyasi”, “Fikr tarbiyasi”, “Axloq tarbiyasi” boblariga boʻlingan. Bularning oʻxshash va farqli tomonlari haqida batafsil fikr-mulohazalar bildirilgan.

Jadidchilik oqimining faol vakili sifatida Avloniy ham vatan, millat, til haqidagi fikrlarga alohida urgʻu bergan. Bu bilan yerlik xalq vakillarining koʻzini ochish zarurligi taʼkidlangan. U Vatan tushunchasining noyob va ezguligini isbotlash maqsadida, “...vatan hissi-tuygʻusi hayvonlarda ham bor”, degan fikrni keltirgan. Demak, inson oʻzining aql-idroki, muhabbati bilan jonzotlarning eng oliysi ekan, unda Vatanga muhabbat tuygʻulari ham ana shunday yuksak boʻlmogʻi lozim.

“Hifzi lison” bobida har bir millat vakilining oʻz ona tilini bilishi ham farz-u qarz ekanini uqtirish bilan birga, til millatni dunyoga koʻz-koʻz qiladigan oynaligini dalillagan. Avloniy “Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdir”, degan aqidani qatʼiy turib himoya qilgan va oʻz xalqini tilni qadrlash hamda eʼzozlash ruhida tarbiyalashni bosh maqsad qilib olgan. U oʻz ona tiliga xitoban:

“Menga ilm-u adab sen oʻrgatding,

Chin adib, muallimim, shonim.

Millatning ruhini koʻtarguvchi sen,

Eng muqaddas karamli sultonim”,

deydi. Bu tilning qadri-qimmatini, jozibasini saqlamoq har bir kishining burchi ekanligini alohida taʼkidlash bilan “...ogʻiz orasidagi tilni ham saqlamoq” lozimligini unutmagan. “Chunki soʻz insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini oʻlchab koʻrsatadurgon tarozisidir”.

Abdulla Avloniy “goʻzallik yuzda emas, tilda”, degan dono fikrlarni rivojlantira borib, quyidagi didaktik xulosaga kelgan:

“Koʻpaygan soʻzning boʻlgʻay toʻgʻrisi oz,

Shakarning koʻpidan ozi bulur soz”.

Muallif jahlning yaramas asoratlari haqida atroflicha gapirib, odamzotni undan olis boʻlishga chaqirgan. U xalqning madaniy jihatdan orqada qolib ketishiga sabab jaholat illatlaridan tamoman qutila olmaganida deb bilgan. U oʻz xalqining mana shunday kunlarga tushib qolganidan achingan, undan xalos boʻlish yoʻllarini qidirgan. Uning birdan bir armoni oʻz xalqini maʼrifatli koʻrish ekanini, bu yoʻlda toʻgʻanoq boʻluvchi kuchlarga esa beshafqat boʻlib, ularni tag-tomirlari bilan quritish kerakligini oshkora aytgan.

Umuman olganda, Abdulla Avloniy oʻzining har bir asarida, darslik va maqolalarida xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan ustalik bilan foydalangan. Bu orqali axloq va odob masalalariga oʻz davri nuqtai nazaridan yondashib, oʻz zamondoshlarini, yoshlarni ilmli, elparvar va vatanparvar, komil inson maqomida koʻrishni istagan. Undagi ushbu istak harakatsiz orzu boʻlib qolmagan. U oʻzi ochgan maktablarda taʼlim olayotgan bolalarni ana shu dunyoqarash ruhida tarbiyalagan. Uning maktab, maorif, oʻqitish sohasidagi saʼy-harakatlari bekorga ketmadi. Keyingi avlod uchun katta ibrat vazifasini oʻtadi.

Mashhuraxon DARMONOVA,

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti boʻlim mudiri,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Abdulla Avloniy. Toshkent tongi. Toshkent: Gʻofur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1979.

2. Abdulla Avloniy (Tanlangan asarlar 2 jildlik) 1-jild. / tuzuvchi: Begali Qosimov/ Toshkent: Maʼnaviyat, 1998.

3. Abdulla Avloniy (Tanlangan asarlar 2 jildlik) 2-jild. / tuzuvchi: Begali Qosimov/ Toshkent: Maʼnaviyat, 2009.

4. Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq (Matn). Toshkent: Yoshlar nashriyot uyi, 2018.

5. Begali Qosimov. Abdulla Avloniy (1878–1934). (https://ziyouz.uz/ilm-va-fan/tarix/manaviyat-yulduzlari/abdulla-avloniy-1878-1934/).

6. B.Qosimov, U.Dolimov. Maʼrifat dargʻalari. Toshkent: Oʻqituvchi, 1990.