Oxirgi oylarda shov-shuv boʻlib turgan “Слово пацана. Кровь на асфальте” serialining reytingi u suratga olingan Rossiyada ham va boshqa mamlakatlar qatori Oʻzbekistonda ham birdek yuqori. Koʻproq oʻtish yoshidagi va oʻsmirlar hayoti aks etgan serialni kattalar ham, balogʻat yoshiga yetgan va yetmaganlar ham tomosha qilmoqda. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, sartaroshxonalarda serialning bosh qahramonlaridan biri Andrey-Palto kabi uzun soch va soqolini qirdirib oldirayotgan yoshlar koʻpayganmish. Shu bilan birga bu serial haqidagi nuqtai nazarlar ham har xil boʻlmoqda. Buning siri bilan qiziqib koʻrgan kinoshunos Shohida Eshonboboyeva mazkur serialning suratga olinish tarixi va uning psixologik taʼsiri xususida Oyina.uzʼda mulohaza yuritadi.

Yuqori reyting siri
2022-yilda ishlab chiqarishga tushirilgan “Yigit soʻzi” serialiga oʻtgan asrning oxirgi yillarida Tatariston, aniqrogʻi Qozondagi voqealar qisman asos qilib olingan. Shu bois, suratga olish ishlari asosan Tataristonda boʻlishi rejalashtirilgan edi. Lekin serial mazmun-mohiyatidan xabar topgan Tatariston hukumati mamlakat reytingiga salbiy taʼsir boʻlishidan tashvishlanib, bunga ruxsat bermaganligi haqida gap-soʻzlar tarqaldi. Bu mish-mishlarning tasdigʻi oʻlaroq, tasvirga olish jarayonlari Yaroslavlga koʻchirildi.
2023-yilda Tatariston Respublikasi hukumati yana bu serialni taqiqlashga chaqirdi. Lekin serialning ilk qismlari namoyish etilishi bilanoq, qisqa muddatda uning reytingi oshib ketdi. “Yigit soʻzi” nafaqat Rossiya hududida, postsovet respublikalari orasida ham mashhurlikka yuz tutdi. Buning sababi, nazarimizda 1980-yillar oxirida yuzaga kelgan va filmda imkon qadar real aks etgan muammolar sobiq sovet respublikalarining barchasiga xos boʻlgani bilan bogʻliq.
Savol tugʻiladi: xoʻsh, 8 qismdan iborat serial mazmuni real voqealarga asoslangani uchungina uning tomoshabini koʻp boʻlmoqdami? Yoʻq, albatta, buning sababi faqat bunda emas. Asosiy sabab shuki, ijodiy guruh professional tarkibdan tashkil topgani va muvaffaqiyatli natija uchun yetarli darajada sharoit, imkoniyat va mablag‘ boʻlganida.
Serialning ssenariy mualliflari Jora Krijovnikov va Andrey Zolotaryov, rejissor ham Jora Krijovnikov. Prodyuserlar tarkibining safi esa Fyodor Bandarchuk ismi bilan boshlangan. Demak, oʻziga yarasha katta tajribaga ega bu uchlik boshchiligida yigʻilgan ijodiy guruh mehnatining natijasi kutilganidan ham aʼlo boʻlib turibdi.
30 yil avvalgi davr suratga olingan kino muhitida oʻtgan asrning ruhi har jihatdan ishonarli boʻlishiga erishilgan. Sovet davriga tegishli buyumlar, sovet maktabi, oʻqituvchisi va oʻquvchisi, sovet kishisining uy tutumi-yu, roʻzgʻori – barcha barchasi haqqoniy tiklangan. Bir necha shaharlarda boʻlib oʻtgan kasting natijasida yigʻilgan aktyorlar ansambli ham 50 foiz muvaffaqiyat kaliti demakdir.

15 dan ortiq tanlangan tanish musiqiy termalar va serialning tatar tilida kuylangan saundtreki ham bu serial sababli yana reytingi yuqori qoʻshiqlar qatoriga chiqib oldi. 80-yillar oxiri va 90-yillar boshida xit boʻlgan “Форум”, “Мираж”, “Ласковый май”, “Комбинация”, “Баста” guruhlarining qoʻshiqlari, Igor Talkov, Aleksandr Serov, Yuriy Shatunov kabi estrada yulduzlarining eslatilishi davr ruhini keng qamrovli ifodalanishiga katta yordam bergan. Aygel Gaysina kuylagan qoʻshiqdan esa serialning eng kulminatsion nuqtalarida foydalanilgan. Tatar folklori va zamonaviy musiqa sintezi sifatida yaratilgan “Kuzda kuz” qoʻshigʻi gʻayritabiiy joziba bilan tomoshabin ruhiyatiga kuchli taʼsir etadi.
8 qismning har bir lavhasi kino tili bilan aytganda mazmundor lavhalarga toʻla. Postanovkachi operator Yuriy Korobeynikov va rejissor boshchiligida yaratilgan mizankadrlardan nigoh uzish qiyin. Interyer yoki natura uchun tanlangan detal va makonda davr ruhiga yot buyumning oʻzi yoʻq. Serial asosan qish fonida suratga olingan. Sovuq muhitda qarama-qarshi guruhlar bilan kurash sahnalarida oppoq qorga tomgan qon tomchilari va quturgan yosh yigitlarning oʻz kuch-quvvatini raqibining qonini toʻkishga sarflashi goh yirik, goh oʻrta planlarda, goh panorama koʻrinishida, goh yuqoridan suratga olingan kadrlarga boy. Bunday lavhalarning, aytaylik, 30 sekundida 20-30 tagacha kadr turli rakursda almashinib turadi. Bu esa har qanday tomoshabinni oʻz domiga tortmay qoʻymaydi.
Har doim katta sonli tomoshabinni oʻziga jalb etgan har qanday badiiy ijod mahsulida puxta oʻylangan manipulyasion taʼsir omillari mavjud boʻladi. Buni bir koʻrishda ilgʻash qiyin. Aslida tomoshabin uchun bu muhim ham emas. “Yigit soʻzi” serialida sirli olam boʻlgan hayot (hatto, koʻchadagilarning oʻzi ham butkul anglab yetmagan “tilsimlar”)ga kamera obʼyektivi qaratilgan. Xususan:
– Qozonda haqiqatda boʻlib oʻtgan kriminal dunyo bir taraflama qoralashdan xoli tarzda koʻrsatilgan;
– Didaktika uchinchi planda boʻlib, birinchi planga “koʻcha” qonunlari nimalardan iborat ekanligi chiqarilgan;
– “kosa tagida nimkosa” qabilida koʻcha toʻdalarining oʻzga yoʻli yoʻqdek, ular goʻyo oqlangandek boʻlib qolgan...
Shu va shunga oʻxshash omillar vajidan hozirda mazkur serialni yoshlar koʻrishi yoki koʻrmasligi masalasi ustida bahslar avjida. Aynan shu bahslar ham “Yigit soʻzi”ga boʻlgan qiziqishni orttirmoqda. Serialni koʻrish jarayonida asl haqiqat nimada-yu, ijodkorlar oʻz oldiga qanday maqsadlarni qoʻyganini anglagandek boʻlasiz.
Serial haqiqati
“Слово пацана” serialiga jurnalist Robert Garayevning “Yigit soʻzi. Kriminal Tatariston 1970-2010” kitobi asos qilib olingan. Shuning uchun ham mazkur serialda Garayev maslahatchi vazifasini oʻtaydi. Chunonchi, uning oʻzi ham 1989-1991 yillarda Qozondagi “Niza” toʻdasining aʼzosi boʻlgan. Bosh roldagi Andrey – “Palto” prototipi R.Garayev degan taxminlar ham bor.

Aniq maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, oʻtgan asrning 80-yillaridan boshlab, Tataristonda koʻcha toʻdalari vujudga kelgan va bu hol bir emas, oʻttiz-qirq yilga choʻzilgan. Davlat ichida “davlatchalar” tashkil etib olgan bu toʻdalarning uch-toʻrttasi haqida hikoya qilgan “Yigit soʻzi” serialida asl voqelikka nisbatan yengilroq sujetlar kiritilgan. Har holda ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarda oʻsha davrda maktab yoshida boʻlgan insonlar oʻtmishdagi ular yashab oʻtgan dahshatli haqiqatni tan olishmoqda.
P.S. Sobiq sovet davlati tarkibida boʻlgan Oʻzbekistonda ahvol qanday boʻlgan, degan savolga javoban shaxsan bizning maktabda bunday hodisani kuzatmaganman. Ammo “Shaytanat” serialidagi voqealarni gohida eshitib turganimiz bor. Jumladan, “bandit”, “qimorboz”, “kissavur” kabi “avtoritetlar”, albatta, “koʻchada” avj olgan paytlar boʻlgani va militsiya arqonni haddan ortiq uzun tashlab, oʻzi ham baʼzida “foyda olib”, jinoyatda ishtirokchi boʻlishi haqida mish-mishlar yurardi. Endi, bu boshqa masala...
Qozonga onasi va besh yoshli singlisi bilan yaqindagina koʻchib kelgan Andrey har tomonlama isteʼdodli oʻquvchi. U fortepiano maktabiga qatnaydi, ingliz tilida erkin soʻzlashadi, umuman har bir fandan aʼlochi boʻlishi bilan birga, onasining ishongan togʻi. Lekin maktabga borib kelishda unga bezorilar kun bermaydi. Kechagina Andreyning yordami bilan avtobusdagi talonchidan qutulib qolgan sinfdoshi, bugun koʻchadagi toʻdalarning biriga aʼzo boʻlib olib, endi har kuni “pul olib kel” deb uni tinch qoʻymaydi. Andrey tasodif sabab “Universam” toʻdasining aʼzosi Marat bilan doʻstlashib qoladi. Aniqrogʻi, ingliz tili oʻqituvchisi Andrey Maratga ingliz tilidan yordam berishini soʻrab, ularni tanishtiradi. Hammasi shundan boshlanadi.
Kriminal hayot taʼmi bilan yaqindan tanishtirgan Marat Andreyning ularga qoʻshilishini istamaydi. Ammo, Andrey oʻjarlik bilan bu toʻdaga burun suqadi. “Chujpan” boʻlish jonimga tegdi, yigit boʻlmoqchiman”, deya qarorini eʼlon qiladi. Uni “Universam” ga qoʻshadilar va “Palto” laqabini beradilar. Endi “Palto” ham talonchilik, tovlamachilik bilan pul topishga oʻtadi. Musiqa maktabiga bormay qoʻyadi, oʻqishdan soviydi. Uning asosiy vaqti koʻchada oʻtadi. Ona oʻgʻlidagi keskin oʻzgarishdan qoʻrqadi, uni militsioner Ildar Yunusovich yoʻlga solishidan umid qiladi. Ammo hech biri foyda bermagach, Ona oʻgʻlining ketma-ket “xurmacha” qiliqlariga chidolmay, aqldan ozadi...

“Yigit soʻzi” ning ijodkorlari “Qozon fenomeni” nomi bilan tarixda qolgan kriminal hodisani jiddiy oʻrganib, “koʻchadagilar” qanday va nimalar hisobiga yashaganini koʻrsatishga harakat qilganlar. Va, buning sabablarini ochiqchasiga boʻlmasa ham qisman yoritganlar. Serialda davrning qatlam qatlam muammolari zamon va makon birligiga koʻra ekrandagi hodisalarni toʻldirib boradi. Chunonchi,
- kattalar va bolalar oʻrtasidagi gʻoyaviy tarafkashlik – sovetlar mafkurasining tuturiqsiz gʻoyalaridan bezgan pioner, komsomollar va hukumatning behisob aldovlari ostida bor kuchi va aqliy mehnatini davlatga sarf etgan, evaziga oʻzi va farzandlarining oddiy ehtiyojlariga ham pul topishga qiynalgan ishchilar sinfi;
- nurab borayotgan shoʻro hukumatining “devoriga” chin koʻngildan “tirgak” boʻlishni istagan davlatning ishongan amaldori, milisiyasi va “kommunist inson” qiyofasida kalavasini yoʻqotgan hukumat aʼzolari;
- Afgʻoniston urushidan ruhiy tushkunlik girdobida qaytgan sovet soldati va orzu umidlaridan voz kechib, qoʻrquvni yengish uchun yoshlik quvvatini koʻcha toʻdasiga sarflagan oʻsmirlar...
Sanayversak koʻp. Qayd etilgan haqiqatlarni bugunning bolasi anglamaydi – bu esa uning baxti. Ammo, “Yigit soʻzi” serialidagi hodisalar Qozondagina sodir boʻlmagan. Oʻsha vaqtlarda har bir mamlakatning oʻz mentalitetiga xos oʻz “koʻcha toʻdalari” va ularning qilmishlari oqibatida behisob mudhish voqealar sodir boʻlib turgani rost. 1987 yilda qayta qurish va oshkoralik boshlangach, xudosizlik “eʼtiqodi” ustiga oʻrnatilgan hokimiyatning yemirilib bitgani maʼlum boʻlgan va bu jamiyatda yashab qolish uchun har kim taqdiriga yozilganini koʻrgan davr edi. Va, bu paytda oʻtish yoshidagi avlodning xavfli ovchisi koʻp edi. Shulardan eng xavflisi “koʻchadagi toʻdalar”...
Serialning psixologik taʼsiri
Odamzod uchun har doim “taqiqlangan olma” shirin tuyulgan... Lekin olma tatib koʻrilganidan soʻng, ortidan keladigan oqibatlar inson uchun paradoks holatini paydo qiladi. Bizning miyamiz organizmimizning hazm qilish tizimi kabi, isteʼmol qilgan axborotning keraksizini chiqarib yuborolmaydi. Koʻrganimiz, eshitganimiz, his etganimizni miyamiz umrbod xotirada saqlaydi. Qulay payt kelganida xavfni sezgan organizm oʻzini ehtiyot qilish uchun qachondir, qayerdadir, kimdadir koʻrgan va xotira qutisiga tashlab qoʻygan himoya “quroli”ni ishlatib yuborishi mumkin. Xuddi shunday, “Yigit soʻzi” serialida beixtiyor tarzda miyamizning qutisiga kirib oladigan, ammo oʻzimiz koʻrishni istamagan kadrlar juda koʻp. Kattalar-ku, mayli oʻsha joyda kadrni toʻxtatib, boshqa kadrga oʻtkazib yuborar. Ammo, kichiklar-chi? Shu savolga javob topishda “Yigit soʻzi” seriali nimaga kerak oʻzi, degan ikkinchi savol yuzaga chiqadi. Maqsad nima? Mayli shu voqealar boʻlgan, ularni inkor etmaymiz. Kriminal dunyoga qarshi kurashish uchun uni eslataverish va “mana yaqin oʻtmishda nimalar boʻlgan, koʻringlar”, deb hadeb taʼkidlashdan nima naf? Rossiya uchun bu Tataristonni obroʻsizlantirishmi? Bunday desak, Rossiyaning oʻzida “Brigada”, “Bumer” yoki “Banditlarning Peterburgi” seriallari orqali namoyish etilgan lavhalar “Yigit soʻzi”dan xavfliroq-ku...
Koʻcha hayotini romantika darajasiga koʻtargan “Choʻqintirgan ota” filmidagi “jinoyat formulalari”ni koʻplab kriminal dunyo avtoritetlari sevgani va ulardan ustomonlik bilan foydalanib kelgani haqida “delo”lar bisyor. Ayniqsa, ot bilan bogʻliq jinoyat juda koʻp takrorlangan. “Taqdir oʻyini” nomli koreys serialida ham bu eslatib oʻtiladi. Yuqorida aytganimizdek, kriminal olam sirlari ham, bu olamdagi real yoki toʻqima hodisalar aks etgan filmlar ham hamisha tomoshabinning eʼtiborini tortib kelgan. Va, Don Karleonega havas qilgan yoki “Yigit soʻzi” dagi Vova Adidas, Marat, Turbo, Kashey yoki Zima, Paltolar hayotiga diqqat qilgan oʻsmir miyasi ular sodir etgan noxush jinoyatlarni oʻz xotira qutisiga joylab qoʻyishi tabiiy... Nima demoqchimiz – “Yigit soʻzi” da sanab oʻtilgan “avtoritet” larga tomoshabinda nafrat uygʻonmasligi kishini choʻchitadi. Nega shunday boʻlgan? Bu hodisalar yuzaga kelishiga, davlat atalmish “KUCH” nega kuchsizlik qolganiga javob yoʻq! Mana nima uchun bu serialning oshigʻi olchi boʻlib turibdi. Har qanday jinoyat uchun qonun oldida, hech boʻlmaganda insonga koʻrinmas sirli parallel dunyo tomonidan jazo boʻlishi muqarrar ekanligiga tomoshabin ishonishi kerak. Bu serial ijodkorlari bu haqda oʻylab koʻrishmagan, chogʻi. Hatto, Aygulga zoʻravonlik qilgan iblis qiyofasidagi individ shunchaki qizning sevgilisi Marat tomonidan kaltaklanadi, xolos. Bu esa 14 yoshli qizning bevaqt oʻlimi xunini toʻlolmaydi.

Agar serial qahramonlarini yoʻqchilik shu yoʻlga boshlagan desak, xato qilamiz. Chunki, aka-ukalar Vova Adidas va Maratning ota-onasi ularni hech nimadan kam qilmay katta qilishgan. Serialda ham bunga boshqa personajlar tilidan koʻp urgʻu beriladi: “Juda yaxshi yashar ekansiz...”. Xoʻsh, unda “koʻcha”da nima bor? – Himoya, oʻz-oʻzini himoya qilish uchun toʻdaga aʼzo boʻlingan, xolos. Inson “maʼnaviyati”, “axloq”, “vijdon” normalari sovetlar mafkurasi tayangan gʻoyalar edi. Ammo, mafkuraning oʻzi yolgʻon ekanligi maʼlum boʻlgach, sovet kishisi eng asosiysi – Yaratganni inkor qilish nimalarga olib kelishi mumkinligini tushunib yetishi kerak edi. Mana shu haqiqat afsuski, ssenariy muallifi tomonidan ham, rejissor va prodyuserlar tomonidan ham eslatilmaydi. Agar har bir qilmishning qaytar javobi borligi serialning oʻq tomiri boʻlib oʻtganida edi, serialning oxirgi qismlaridagina xatoni xaspoʻshlab qayta suratga olish ishlari boʻlmagan boʻlardi…
Koʻrish kerakmi yoki yoʻq
Bizning davrimizda taqiq tushunchasi eskirib boʻlgan. Axborot xuddi jala yoki doʻl boʻlib yogʻadigina emas, savalab tashlaydi. Oʻtgan asr oʻsmirlaridan farqli tarzda, bugunning bolasi issiqxonalarda oʻsgandek tasavvur uygʻotadi. Chunki, ular uchun hamma narsa muhayyo va asosiysi, bugunning bolasi diniy va dunyoviy bilimlarga ega boʻlishi uchun ota-onalar qattiq harakat qilmoqdalar. Albatta, bu birgina Oʻzbekistonda emas. Ammo yana tanganing ikkinchi tomoni shundaki, aqliy mehnat qilayotgandek koʻrinayotgan kichkintoylarimizning aksariyati virtual olam ichida yashamoqda. Subhdan xuftongacha yonimizdagi telefon, kompyuter bizni virtual olam bilan osongina bogʻlar ekan, ijtimoiy tarmoqlarsiz hayotimizni tasavvur qilolmaganimiz kabi farzandimizni ham bu olam bilan muloqot qilishiga eʼtiroz bildirmaymiz. Demak, taqiqlangan “olmalar” har qadamda muhayyo...
“Yigit soʻzi”ni koʻrgisi kelgan 18+ yoshdagilar koʻrsin, marhamat. Lekin ularning ota-onalari ham, ustozlari ham serialni koʻrishlarini va yoshlar bilan birga uni muhokama qilishlarini taklif qilgan boʻlardik. Va, yana shundan ehtiyot boʻlish kerakki, guruh guruh boʻlib “Yigit soʻzi” va shunga oʻxshash tomoshalarni oʻsmir yoshlar koʻrishini oldini olish zarur. Chunki mazkur serial misolida gapirsak, 100 dan ortiq “koʻcha” bolalari bir tomonda va yana shunchasi ikkinchi tomonda boʻlib, qoʻliga nima ilinsa, shuni koʻtarib, bir-birining joniga qasd qilib jang qilishi gʻayrioddiy hodisa. Ammo haqiqatda shunday voqealarni tiklab, ekranda koʻrsatgan rejissor buning oqibati yomon boʻlishi haqida oʻylamagan. Bu kadrlarni koʻrar ekansiz, bular odam bolalarimi oʻzi, degan fikr keladi xayolga. Guruhbozlikka ruju qoʻygan yoshlar esa tomoshadan soʻng qaynagan qonini sovutish haqida “reja” tuzmasligiga kafolat yoʻq. Shuning uchun ham, serialni aksar ota-onalar koʻrmaslik kerak, deyishmoqda.
Yana yuqoridagi taklifga qaytamiz, agar, farzandlaringiz bilan biror bir ijod mahsulini, badiiy asarmi, film yoki serialmi birgalikda tahlil qilsangiz va ota-ona boʻlib, oʻz nuqtai nazaringizni farzandingiz bilan boʻlishsangiz, kutilmagan asoratlar boʻlmaydi. Ruhiy yolgʻizlik esa nafaqat bolalarni, kattalarni ham tushkunlik va alamzadalik koʻyiga solib qoʻyadi...

Professionallik ortidagi maqsad
“Yigit soʻzi” serialiga eʼtiroz bildirayotganlar bu filmda koʻcha toʻdalari hayoti romantik ruhda koʻrsatilganidan norozi. Ularga qarshi boʻlganlar esa haqiqat koʻrsatilgan serialning nimasi romantizm, degan fikrda. Romantika elementlari serialda ustunlik qilishining bosh omili bu yuqorida aytib oʻtganimizdek, jinoyatchi guruhlarga nisbatan tomoshabinda nafrat oʻrniga, xayrixohlik uygʻonayotganligi. Hatto, odam oʻldirib, yoshlarni talonchilik va zoʻravonlikka boshlagan Vova Adidasning oʻlimi, zoʻravonlik qurboni boʻlgan Aygulning oʻlimidan kuchliroq ruhiy taʼsir koʻrsatadi. Bu esa romantikaning oʻzi.
Rossiyalik kinoshunos Anton Dolin “Слово пацана. Кровь на асфальте” seriali haqida eng keskin fikr bildirganlardan biri. Iqtibos keltiramiz: “Biz qonunlar va Konstitusiyaga amal qilish toʻxtagan dunyoda yashayapmiz. Hozir har qanday vaziyatda ham davlatga tayanish mumkin emas. Biz toʻdalar (banda) tomonidan boshqarilayotgan dunyoda yashayapmiz. Toʻdalar bor, oʻgʻil bolalar bor (пацан). Putinning soʻz boyligi boshidanoq koʻcha bolasining lugʻati edi. “Yigit soʻzi” dagi gaplarni Putin har joyda ishlatadi... Putin va putinizm bu – zoʻravonlar qonuni, kuchlilar qonuni. Bu degani, banditlar yoki milisionerlar yaxshi ekanligiga ishontirish emas. Bu – hamma yomon ekanligiga ishontirish. Kuchli odam bilan boʻl va sen yutqazmaysan yoki yutqazsang ham, chiroyli tarzda yutqazasan. Chiroyli yutqazish esa – bu romantika elementidir.”

Kino olamida atayin tomoshabinni chalgʻitish va maxsus kadrlar orqali tomoshabin ong ostiga mafkuraviy taʼsir koʻrsatish usuli mavjud. Bunday psixologik taʼsir uslublaridan foydalanish hukmron mafkura boshqaruvchilari va ularning kinochilari uchun sinalgan usul. Nazarimizda “Yigit soʻzi” syerialiga ham yuqoridan buyurtmalar berilgandek. Yaʼni, yosh, kuchini qayerga sarflashni bilmayotgan oʻsmirlarda jang qilish, urushga borish va qurol ishlatish havasini uygʻotish. Bu serialda bunday mafkuraviy targʻibot ochiq koʻrinmaydi. Lekin, hali serialning davomi olinadigan boʻlsa, nimalar boʻlishi Yaratganga ayon...
Serialning Tataristonda emas, Rossiyada suratga olishini va juda katta mablag‘ ajratilishi ortida ham sirli maqsad boʻlishi mumkin. Avvaldan yomonlikni bashorat qilishni istamasdik, albatta. Ammo, serialga saundtrek yozgan Aygel Gaysinaning ismi sharifi titrlarga kiritilmaganiga ahamiyat bergandirsiz. Aygel Rossiyaning Ukrainaga boʻlgan hozirgi harakatini ochiq qoralagan qoʻshiqchilardan ekan. Shuning uchun, uning Rossiyada boʻlishi kutilgan konserti toʻxtatilgan, “Yigit soʻzi”dan esa nomi olib tashlangan. Aygel hozir Germaniyada yashamoqda...
Professional ijodkorlar yigʻilgan “Yigit soʻzi” ijodkorlarining biz koʻrib turgan asosiy maqsadi sarflangan katta mablagʻni ortigʻi bilan qaytarish. Qancha koʻp shov-shuv boʻlsa, qancha koʻp PR boʻlsa shuncha koʻp prosmotr boʻladi va puli ham shunga yarasha boʻladi. Oʻylab koʻring, oʻsmirlarning biologik oʻtish yoshidagi ruhiy va jismoniy kechinmalarini ochiq koʻrsatish ortidan ijodkor nima yutishi mumkin – faqat koʻp tomoshabin koʻrigi. Demak, ong ostiga psixologik taʼsir koʻrsatish esa aldov bilan tomoshabinni chalgʻitish – manipulyatsiyadir. Nazarimizda, bu borada professional prodyuser, rejissor va ssenariynavis oʻz maqsadlariga erishdilar.

Xulosa oʻrnida
Kino ommaviy sanʼat boʻlib tan olinibdiki, juda koʻp omma koʻrishi uchun juda katta harakat va xarajatni talab etadi. “Yigit soʻzi” seriali oʻzbek kinomaydonida yoshlarbop oʻz milliy serialimizni zudlik bilan yaratish talabini yana kun tartibiga chiqardi. Va, kerak boʻlsa katta mablag‘, ijodiy guruhni bir joyga yigʻib, mafkuraga qarshi mafkura bilan javob berish ustida bosh qotirish kerak. Zotan, fuqarolik burchini unutmagan ssenariynavis va rejissorlar bizda yetarli. Faqat xarajatidan qochilmasa boʻldi...
Shohida ESHONBOBOYEVA,
Oyina.uz