Inson faoliyatining qay bir jihatiga qaramang, maʼnaviyatning birlamchi poydevori boʻlmish axloq muhim ahamiyat kasb etadi. Maʼnaviyat va axloq rivoji oʻzaro aloqador jarayondir. Maʼnaviyatsiz axloq, axloqsiz maʼnaviyat boʻlmaydi. Ular bir-birini taqozo etadi, bir-birini toʻldiradi. Faylasuf olim Abdurahim Erkayev taʼkidlaganidek, maʼnaviyatning asosi ham, uning qubbasi ham axloqdir.
Axloq ham shaxsning, ham ijtimoiy guruhlar, tabaqalar, sinflar, butun jamiyatning oʻz-oʻzini idora qilish shakllari va meʼyori, oʻzaro muloqot va munosabatlarini tartibga solish, boshqarish hamda ularga xos boʻlgan maʼnaviy kamolot darajasining namoyon boʻlishidir.
Maʼnaviyat – yaxlit bir tizim. Bu tizim oʻz navbatida ijtimoiy ong shakllariga mos keladi. Bu tizim huquq, siyosat, din, axloq, estetika, adabiyot, sanʼat, fan kabi nisbatan mustaqil tuzilmalardan tashkil topgan. Ularning har biri oʻz qonuniyat doirasida shakllanib, rivojlanib, bir-birini toʻldirib boradi. Oʻz navbatida maʼnaviyat yaxlit tizim sifatida tarkibiy qismlariga taʼsir oʻtkazadi, shu bilan birga qismlar ham yaxlit tizim – maʼnaviyatga taʼsir qiladi. Maʼnaviyatga jamiyat taraqqiyotining quyi pogʻonalarida ilm-fan, adabiyot va sanʼatga nisbatan koʻproq axloq, din taʼsir koʻrsatadi.
Inson maʼnaviy ongi axloqiy his-tuygʻulardan “unib” chiqadi. Yaʼni insonparvarlik, vatanparvarlik, rahm-shafqat, izzat-hurmat, burch, uyat, gʻurur, or-nomus, vijdon azobi, minnatdorlik, zavq-shavq, xursandchilik, baxt, xafagarchilik, qoʻrquv kabi his-tuygʻulardan axloq boshlanadi. Axloqiy his-tuygʻulardan tashqari, goʻzallik, erkinlik, tenghuquqlilik, nafs, hirs, shayton vasvasasi, savob-gunoh va boshqa diniy tuygʻular ham insonga xosdir. Oʻz navbatida inson hissiyotni aql va tafakkuri yordamida boshqaradi, tahlil qiladi, baholaydi. Shu oʻrinda birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi fikrini keltirib oʻtish joizdir: “Aslini olganda, axloq – maʼnaviyatning oʻzagi. Inson axloqi shunchaki salom-alik, xushmuomalalikdan iborat emas, axloq – bu avvalo, insof, adolat tuygʻusi, iymon, halollik degani” (Islom Karimov. Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 1996. 39-bet).
Axloq faqat tuygʻular bilan cheklanmaydi. U axloqiy tushunchalar, gʻoyalar, qarashlar, taʼlimotlar, meʼyorlar va qoidalardan ham iborat. Ular kishilarning oʻzaro va jamiyatga boʻlgan munosabatlarini tartibga soladi. Abdulla Avloniy yozganidek, “Axloq insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlikdan qaytaruvchi bir ilmdir. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladurgon kitobni axloq deydilar” (Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. Toshkent, 1995. 15-bet). Taʼkidlash lozimki, axloqiy munosabatlar yaxlit axloqiy ong, yaʼni axloqiy his-tuygʻular va axloqiy tafakkur ishtirokida yuzaga keladi.
Masalani axloqiy ongda his-tuygʻular yetakchimi yoki aql tarzida qoʻyish, bizningcha, toʻgʻri emas. Ayrimlar oʻz hayotiy tajribalariga tayanib tafakkurga ustunlik beradi, yaʼni aqlni his-tuygʻudan ustun qoʻyadi, boshqalar esa koʻngilni, qalbni birlamchi deb biladi. Aslida axloq poydevorida axloqiy tuygʻular, kechinmalar turadi. Ammo poydevor hali bino degani emas. Shu bois axloqda va umuman, maʼnaviyatda his-tuygʻular yetakchimi yoki tafakkur degan masala bir oz joʻn. Aksar hollarda biror axloqiy qarorning amalga oshuvi muayyan vaqt mobaynida oʻsha qaror oqibatlari toʻgʻrisida ongli ravishda xulosa chiqarishga, ularni avvaldan anglab yetishga urinish bilan bogʻliq. Odob-axloq qoidalari oʻzoʻzidan vujudga kelmaydi, balki ularning sabablari va harakatga soluvchi omillari mavjud. Zero, har qanday axloqiy qoida muayyan tarixiy zaruriyat natijasida vujudga keladi va muayyan qonuniyatlar asosida yaratiladi, rivojlanib boradi. Mazkur jarayon falsafa, etika, pedagogika, psixologiya fanlari hamda adabiyot doirasida oʻrganib kelingan. Sharq xalqlarida axloq ijtimoiy munosabatlar markazida turadi. Uni chetlab oʻtishga intilish har qanday mafkurani tanazzulga olib boradi.
Shu oʻrinda axloqning maʼnaviyat tizimidagi “oʻzak”lik xususiyati haqida batafsilroq toʻxtalmoq joiz, deb oʻylaymiz. Negaki, axloqni mohiyatan mehvarga oʻxshatish mumkin, qolgan maʼnaviy qadriyatlar uning atrofida aylanadi, undan uzoqlashdimi, bas, mehvardan chiqib ketgan sayyoradek halok boʻladi. Masalan, Gʻarbda kapitalistik munosabatlarning rivojlanish jarayonida anʼanaviy axloqiy qadriyatlar ikkinchi oʻringa tushib qoldi. Bunga sabab, Gʻarb olimlarining taʼbiri bilan aytganda, industrial jamiyatda tizginsiz beshafqat raqobat, yovvoyi tabiat qonunlariga oʻxshash kurash, “yulgʻichlik” tadbirkorligining yuzaga kelishi boʻldi. Insonlarning mol-mulkka boʻlgan hirsi oshib bordi. “Ishbilarmonlar” iqtisodiy zoʻravonlik, qalloblik, yolgʻon kabi turli-tuman yoʻllar bilan ishchilarni ekspluatatsiya qilib, foyda olardi. Inson hayoti, qadr-qimmati bilan hisoblashmay qoʻygandi. Natijada jamiyatda axloqiy meʼyorlarga eʼtibor susayib ketdi. Mumtoz axloqiy meʼyorlarga odamlarda ishonch susaydi. Shafqatsiz ekspluatatsiya sharoitida maoshlarni oshirish, ish kunini qisqartirish, taqsimotdagi adolat, ishchi-xizmatchilar huquqi masalalari birinchi oʻringa chiqdi. Industrial jamiyatda huquq, koʻp hollarda formal tushuniladigan inson huquqlari, ijtimoiy ong va maʼnaviy hayotda axloq oʻrnini egalladi. Bu esa oila, nikoh, gender tengligi, inson huquqlari va boshqa masalalarda kuchli ziddiyatlar, salbiy holatlar yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Buning oqibatida jamiyatning maʼnaviy qiyofasida qora dogʻlar paydo boʻldi. Ijtimoiy hayotning ayrim sohalari – iqtisodiyot, fan-texnika taraqqiyoti, siyosat kabilarning axloqiy qadriyatlardan mustaqilligi haqidagi iddaolarning xatoligini urush oʻchoqlarining koʻpayib borishi, texnokratik qarashlarning hukmron mavqeini egallash, inson huquqlarini biryoqlama talqin qilish oqibati oʻlaroq vujudga kelgan maʼnaviy inqirozlar – giyohvandlik, ichkilikbozlik, uyushgan jinoyatchilik, millatchilik, shovinizm, birjinsli nikohlar, xalqaro terrorizmning avj olishi va shu kabi boshqa illatlar tasdiqlab turibdi.
Baʼzi mutaxassislar (chunonchi, mashhur rus axloqshunosi A.Titarenko) axloqshunoslikning eng umumiy fundamental tushunchalarini (kategoriyalarini), axloqiy meʼyor va tamoyillarni axloq tuzilmasi tarzida taqdim etadi. Bizningcha, bu fikr biryoqlama. Chunki mazkur tushuncha, tamoyil va meʼyorlar nafaqat amaliy axloqqa, shuningdek, uni oʻrganadigan fanga – axloqshunoslikka ham taalluqlidir. Buning sababini mazkur fanning boshqa fanlarga nisbatan alohida xususiyatga egaligidan, unda koʻp hollarda ilmiy, nazariy jihatlarning amaliy tomonlar bilan omixtalashib ketganidan qidirish lozim.
Axloqiy ongning inson hayotida, faoliyati davomida predmetlashib, yaʼni amaliyotga aylanib, faoliyatining ajralmas qismi boʻlib qolishi natijasida axloqiy madaniyat yuzaga keladi. Axloqiy madaniyat inson xulq-atvorida, uning amaliy va ijodiy faoliyatida, oʻzgalar bilan munosabatida yuzaga chiqadi.
Xulosa qilib aytganda, axloqiy ong va axloqiy madaniyat inson maʼnaviy kamolotining yetakchi omilidir.
Gulzoda Rahmonova
“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 4-son.
“Maʼnaviyat va axloq” maqolasi