Yurtimizda bahorning eng goʻzal ayyomi — Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan 16-martdan 31-martgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahrida keng koʻlamli “Navroʻz sayli” festivali boʻlib oʻtadi.
Festival davomida milliy anʼanalar, madaniyat va sanʼat uygʻunlashgan qiziqarli loyihalar tashkil etiladi:
“Mumtoz navolar” — milliy va mumtoz kuy-qoʻshiqlar kechasi
“Doʻstlik dasturxoni” — milliy taomlar va mehmondoʻstlik bayrami
“Maʼrifat bogʻi” — kitob, tafakkur va maʼnaviyat maskani
“Anʼana va Avangard” — milliy hunarmandchilik va zamonaviy sanʼat koʻrgazmasi
“Bahodirlar oʻyini” — milliy sport va polvonlar bellashuvi
“Samodagi orzular” — rang-barang varraklar sayli
Bayram sayllarida el ardogʻidagi sanʼatkorlar, shoir va yozuvchilar hamda xushovoz xonandalar ishtirok etib, tomoshalarga yanada fayz bagʻishlaydi.
Festival Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamkorligida tashkil etilmoqda.
Barchangizni Navroʻz sayllarida faol ishtirok etishga chorlaymiz!