Oʻzbek tili rasmiy maqom olganiga 32 yil boʻlibdiki, hali-hamon rus tilining bosimidan qutulolmayapmiz. Qancha qonun-u farmon-u qarorlar chiqmadi deysiz, lekin ayrim sohalarga oʻzbek tilining soʻzi hanuz oʻtmayapti. Xususan, kundalik ehtiyojimizga aylangan banklarda “ikkinchi ona tilimiz”ni bilmagan inson noqulay vaziyatga duch kelishi mumkin.
Ayni paytdagi holatni oʻrganish maqsadida “Sanoat qurilish bank”ning Yunusobod filialiga bordim. Boshlanishi chakki emas! Ariza toʻldirish uchun menga oʻzbek tilida namuna berishdi. Albatta, bu yoqimli holat. Bankning saytiga kirib esa… Sayt ikki tilda faoliyat koʻrsatadi, lekin mijozlar elektron shartnomalarni rus tilida yuklab olishga majbur. Davlat tilidagi versiyasida ham ruscha hujjat chiqib kelaveradi. Afsuski, bunday holatni deyarli barcha bank saytlarida kuzatish mumkin.
“Ipoteka bank”ning Mehnat filiali Sizni ruscha mulozamat bilan qarshi oladi – Добро пожаловоть! Keyingi qadamda “Курсы валют” peshonangizga uriladi. Plastik kartochka ochish maqsadida blanka soʻradim. Xayriyatki, bank hodimlari oʻzbekcha namuna taqdim etishdi. Shunisiga ham shukr! Ariza ham rus tilida boʻlganida bormi, Moskvadan Toshkentga qaytishga aviachipta qidirib qolarmidim.
Tobora oʻzligimdan uzoqlashib boryapman. Abay koʻchasidagi “Turon bank” xodimlari buni menga chuqurroq his qildirishdi. Arizaning oʻzbek tilidagi namunasi “hozir yoʻq”ligini xotirjam aytishdi. Tugab qolmasdan oldin bormidi?!
Navbatdagi manzilim – “Davr bank”ning Yunusobod filiali.
– Omonat qoʻymoqchman.
– Marhamat!
Ha, tilingga shakar! Qanday chiroyli ifoda!.. Xursandchiligim uzoqqa choʻzilmadi. Qoʻlimga tutqazilgan qogʻozdagi ruscha bijir-bijir yozuvlarga qarab koʻzim tinib ketdi. Ona tilimni bilmaydigan bankka pulimni omonat qldirolmayman, axir. “Davr bank”da davlat tilining davri kelmabdi hali.
“Agrobank”ning bosh ofisida qanday manzara kutib turibdi bizni? Unaqasidan soʻrasam ham – oʻzbekcha, bunaqasidan soʻrasam ham – oʻzbekcha! Saytidagi elektron nusxalariga qaradim – oʻzbekcha! Boʻlar ekan-ku, a! Otangga rahmat, Agrobank!
Gapning iddallosini aytganda, avvallari biror bankda ona tilimizdagi hujjatlarni uchratsangiz, jazirama saratonda qizil qor yogʻib yuborar edi. Hozir vaziyat ancha oʻzgarganini tan olish mardning ishi. Lekin yuqoridagi kabi holatlarga ham koʻz yumib boʻlmaydi. Niyatimiz – banklarimizdagi oʻzbekchalashish chala qolmasin!
Charos TURSUNOVA