Mohichehra Abdusamatova xalqaro Wizz Air kompaniyasida menejment sohasida faoliyat olib boradi. Erasmus dasturi gʻolibasi boʻlgan qahramonimiz Polshaning Vistula va Vengriyaning Budapesht Metropolitan universitetlarining turizm menejmenti sohasida magistraturani tamomlagan.
Men, Mohichehra Abdusamatova, 1995-yil Toshkent shahrida tugʻilganman. Oʻzbekistonda bakalavriat bosqichini tamomlaganimdan keyin, menejment sohasi boʻyicha ishga kirganman va chet elda taʼlim olish uchun pul yigʻishni boshlaganman. 2020-yil Polshadagi Vistula universitetining magistratura bosqichiga oʻqishga topshirib, shu orqali talaba vizasi bilan ilk bor Polshaga kelganman. 2021-yil Erasmus almashinuv stipendiyasini yutib olgach, oʻqishimni davom ettirish uchun Vengriyaning Budapesht Metropolitan universitetini tanlaganman. Magistraturani tamomlagach olgan bilimlarimni ish jarayonida qoʻllash va ish tajribasiga ega boʻlish uchun Vengriya davlatida maʼlum muddatga qolishni tanladim.
Kichik yelkasida katta orzularni koʻtarib yurgan oʻzbek qizi
Bolalik vaqtlarimda chet davlatda taʼlim olish va xorijiy mamlakatlarga sayohat qilish eng katta orzum boʻlgan. Bu orzularim haqida gapirganimda, uzoq-yaqin qarindoshlar va doʻstlarim menga koʻp bora ishonchsizlik bildirishgan. Yaxshiyamki, oilam, ayniqsa onam meni qoʻllab-quvvatlagan. Shu boisdan ham, ulardan har doim minnatdor boʻlaman. Har bir inson bolaligidan katta-katta orzular qiladi, ammo atrofidagi insonlar uning orzulariga befarqlik va ishonchsizlik bilan qarashi sabab, koʻpchilik oʻz orzularidan voz kechib ketadi yoki oxirgi qadamni tashlashga kelganda ortga qaytadi. Mashhur yozuvchi Paulo Koeloning “Alkimyogar” asaridagi bir jumla, menga har doim maqsadlarimga erishish uchun tinimsiz harakat qilishim kerakligini yodimga soladi:
“Bizning sayyoramizda bir buyuk haqiqat bor: agar siz chindan nimanidir orzu qilsangiz, unga, albatta, erishasiz. Zotan bu orzu olam qalbida ham tugʻiladi va ayni shuning oʻzi sizning Yerda mavjudligingizning tasdigʻi, sizning taqdiringizdir”.
Oʻylanmanki, qiyinchiliklar insonni magʻlubiyatini tan olishiga emas, aksincha kuchli boʻlishiga turtki boʻlishi kerak. Men, kichik yelkalarida oʻz orzularini koʻtarib yurgan oʻzbek qiziman.
Xohlasangiz oʻqing, xohlamasangiz yoʻq
Yevropa taʼlim tizimining menga eng koʻp yoqqan jihati bu erkinlik. Talabalar uchun qatʼiy belgilangan dars jadvali, forma yoki davomat yoʻq. Bu yerda har bir talaba oʻzi uchun masʼul. Xohlasangiz oʻqing, xohlamasangiz yoʻq. Hech kim sizga majburlab taʼlim bermaydi. Ayniqsa, imtixonlar shaffof tarzda tashkil etiladi, “bir ikki soʻm berib imtixonni yaxshiroq bahoga topshirish” degan tushuncha yoʻq. Bilimingizga yarasha baho olasiz, yiqilsangiz yana qayta oʻqishingiz kerak. Agar universitetga qabul qilingan va bitirib chiqayotgan talabalar koʻrsatkichiga qaraydigan boʻlsak, oʻqishga qabul qilingan talabalar koʻrsatkichidan 10-15 ayrim holatlarda 20-30 foiz atrofida kamroq talabalar oʻqishni tamomlashadi. Shu sababdan ham, bu yerda har bir talaba astoydil bilim olishga oʻzi mustaqil ravishda harakat qiladi, befarqlik qilsa oʻqishni bitira olmaydi.
Topganingiz sayohatlarga buyursin
Yevropada yashashni asosiy yaxshi tomonlaridan biri bu sayohat qilishning qulay va arzonligi. Yevropaga kelganimdan beri 20 dan ortiq davlatlarga sayohat qilish imkoniyatiga ega boʻldim. Har bir sayohatdan boshqa bir inson boʻlib qaytib kelardim. Sayohatlar menga minimalizmni va shukur qilishni oʻrgatdi. Biror davlatga sayohatga borganda oʻzingiz bilan koʻp narsalar olib ketolmaysiz, ogʻir yukni uzoq vaqt koʻtarib yurish ham insonni charchatadi, ham sayohatingizni koʻngildagidek oʻtishiga halaqit beradi. Turli mamlakatlarda har xil insonlarni koʻraman, ular bilan muloqot jarayonida yangi bilimlar olish bilan birga oʻz hayotimda bor narsalarga shukur qilaman. Sayohatlar insonni dunyoqarashini kengaytirib, oʻz “komfort zona”sidan chiqishiga undaydi. Qulay muhitda inson rivojlanmaydi, shu uchun ham tez-tez sayohat qilib turish shaxsiy va karyeradagi oʻsishga xizmat qiladi deb oʻylayman.
“Topganing toʻylarga buyursin”, deyishadi, men “topganingiz sayohatlarga buyursin” degim keladi. Sayohat qilish uchun sarflangan mablag‘ sizni ichki olamingizni boyitadi va rivojlantiradi. Hammani ogʻzidan tushmaydigan toʻy qilish uchun butun umrini sarf qilib mehnat qilishdan koʻra, dunyodagi eng goʻzal maskanlarga sayohat qilish ming marta afzal.
Budapeshtda bir oy yashash qanchaga tushadi?
Bupadesht shahri Vengriyaning poytaxti, shu bilan birga bu shahar Yevropa markazida joylashgan eng mashhur, yashash uchun nisbatan arzon va qulay hisoblanadi. Budapeshtning iqlimi menga juda yoqadi, sababi havosi toza va moʻtadil, yoz oylari ham iliq boʻladi. Vengriyada taʼlim sifati yuqori boʻlgan koʻplab universitetlarda ingliz tilidagi dasturlar mavjud. Ayniqsa, texnika, tibbiyot va ijtimoiy fanlar sohalarida yaxshi yoʻnalishlar mavjud.
Koʻpincha bir oy davomida qancha miqdorda pul sarf qilishimga qiziqishadi. Albatta, har bitta inson individual. Xarajatlar ham ularning turmush tarzi va tanlovlariga bogʻliq boʻladi. Budapeshtda yashashning xarajatlari oʻrtacha $450-$700 deb oʻylayman. Kimdir men aytgan summadan ham kamroq yoki koʻproq ishlatishi mumkin. Oʻzimdan kelib chiqadigan boʻlsam, men moliyaviy savodxonligimni har doim oshirib borishga harakat qilaman va pul sarf qilishda bir nechta strategiyalarga tayanaman. Bu esa menga sayohat qilish imkonini yaratadi.
Quyidagi jadvalda asosan nimalarga va qancha miqdorda pul sarf qilinishini koʻrishingiz mumkin.
|
N/A |
Xarajat turi |
Miqdori ($) |
|
1 |
Ijara |
$250 - $400 |
|
2 |
Oziq-ovqat |
$80 - $150 |
|
3 |
Sugʻurta |
$30 – $50 |
|
4 |
Jamoat transport |
$10 – $20 |
|
5 |
Internet/aloqa |
$10 – $20 |
|
6 |
Qoʻshimcha shaxsiy xarajatlar |
$50 – $100 |
Oʻzbekistonda tajribali mutaxassis edim, Vengriyada hammasini yana noldan boshladim
5 yil oldin chamadonimni olib, ilk bor Yevropaga kelayotganimda men uchun qadrli boʻlgan suviner samalyotni oʻzim bilan olib kelganiman. Ammo qachondir oʻzim haqiqiy samalyotlar orasida ishlayman deb oʻylamaganman. Oʻzbekistonda bakalavrni tamomlagach, 1 yil menejment sohasida faoliyat olib bordim. Oʻz mamlakatimda oliy maʼlumotli, ish tajribasiga ega, xorijiy tillarni biladigan mutaxassis edim. Ammo xorijga kelgach, men barchasini qayta noldan boshlashimga toʻgʻri kelgan.
Ayniqsa, oʻz sohangizda yaxshi ish topish uchun juda kuchli mutaxassis boʻlish, yashab turgan davlat tilini bilish va ish tajribasi talab etiladi. Vengir tilini oʻrganish, yangi davlatga moslashish va bu yerdagi mutaxassislardek raqobatbardosh kadr boʻlish uchun ancha mehnat qilishimga toʻgʻri kelgan. Juda koʻp joylarga ish boʻyicha arizalar topshirganman, hatto sanogʻini ham bilmayman. Vengriyadagi WIZZ Air aviakompaniyasida ishlash uchun hujjatlarimni topshirganimda ochigʻi meni intervyuga taklif qilishadi deb oʻylamaganman.