Koʻz ochirmaydigan axborot toʻzoni davrida yashamoqdamiz. Xabarlar daryolar kabi har tomondan oqib kelib ongimiz dengizini toʻldirmoqda. Tashnalik bilan dalillarni, nazariya va tushunchalarni qabul qilamiz, terabaytlar hajmidagi maʼlumotlarni oʻzlashtiramiz, bilimga boʻlgan tuganmas chanqogʻimizni qondirishga harakat qilamiz. Ammo oʻzimizni olim deb hisoblash uchun shunchaki maʼlumot toʻplash va uni tavsiflash kifoya qilmaydi. Bir oʻylab koʻraylik, bilimdonligimiz ichki bogʻliqlik va amaliy ahamiyatga ega boʻlmagan, bir-biridan uzilgan va oʻzaro farq qiluvchi dalillarning oddiy  toʻplamiga aylanib qolmayaptimi?

Bilim va ilm – bir tanganing ikki tomoni, ular dunyoni anglash yoʻlidagi ikki bosqich. Bilim – ustiga ilm binosi quriladigan poydevor. U bizda qurilish ashyolari sifatida mavjud, ammo ijodiy ishning mazmunini taqdim etmaydi. Olaylik, tarix boʻyicha yuzlab kitoblarni oʻqishimiz mumkin, lekin ijtimoiy taraqqiyotning asosiy qonuniyatlarini tushunmaymiz. Fizik qonunlar formulalarini yodlab olishimiz va bexato aytib, yozib berishimiz mumkin, biroq amalda qoʻllay olmaymiz. Demak, ular ongimizda bilim, yaʼni passiv maʼlumot sifatidagina oʻrnashgan, xolos. 

Ilm maʼlumotni oddiy qayta ishlash (idrok etish) tugaydigan joyda boshlanadi. U shunchaki jamgʻarma emas, balki faol ijod mahsuli, kishining tahlil qilish, sintezlash, aloqalarni topish, umumlashtirish, xulosa chiqarish va yangi gʻoyalarni taqdim etish amallari samarasi.

Ilm dalillarning shunchaki tizmasi yoki joʻn bayoni emas, balki hatto hali hech kim bermagan savollarga topilgan javobdir. Unda maʼlum boʻlganlardan tashqariga chiqiladi, buning uchun esa ilmiy muammoni aniqlash, muntazam fikrlash, qiyinchiliklarni dadil yengib oʻtish, natijalarni tinimsiz izlash lozim boʻladi.

Haqiqiy olim darsliklarni oʻylamasdan yodlaydigan va bayon etadigan “transformator” emas, balki tanqidiy fikrlay oladigan, umumeʼtirof etilgan haqiqatlarga shubha bilan qaraydigan, noanʼanaviy yechimlarni qidiradigan va ularni topib, tavsiya etadiganlar boʻlishadi.  Shu maʼnoda olimlarni 4 toifaga ajratish mumkin: “generator” (ilmiy gʻoyalar beruvchi) olimlar, “transformator” (generatorlar gʻoyalarini tarqatuvchi) olimlar, “akkumulyator” (quvvat (zaryad) olib-olib, maʼlum vaqt oʻtgach ishdan chiqadigan) olimlar va “batareya” (dissertasiya himoya qilib, yaʼni bir marta quvvat olib, tugaydigan) olimlar. Hech boʻlmasa, oxirgisi boʻlib qolmang.

Har birimiz ilm-fanga oʻz hissamizni qoʻshishimiz mumkin. Buning uchun aslida professor yoki ixtirochi boʻlish shart emas (jamiyatda ilmiy daraja yoki unvonga ega boʻlmagan qancha chin olimlar bor), balki savol berishdan, javob izlash, tajriba oʻtkazish va qoliplardan chiqib fikrlashdan qoʻrqmaslik kifoya.

Faqat maʼlumot isteʼmolchisi boʻlib qolmaslik kerak. Bilimni ijod quroliga aylantirish talab etiladi. Va keyin oʻqigan sahifalaringizdan tashqarida kashfiyot va yutuqlarga toʻla ajoyib ilm olami ochiladi. Bu olamning qanchalik goʻzal, charogʻon va rohatbaxshligini unga kirgan kishigina his qiladi.

Ilmiy darajangiz ilmingiz bilan Sizni boqishi ham kerak

Bilim, kashfiyot, ilmiy choʻqqilar sari intilishda muqarrar savol tugʻiladi: ilmiy daraja nima uchun kerak? Bu haqiqatan ham shunchaki bir maqsadmi? Yoʻq, ilmiy daraja maqsad emas, balki yangi imkoniyat va mustaqil ilmiy fikrga yoʻl ochuvchi vosita, kalitdir. Bu, avvalo, ilmiy hamjamiyatda ovoz berish, tadqiqotlarni amalga oshirish, dunyo haqidagi tasavvurlar bilan oʻrtoqlashish va fan rivojiga hissa qoʻshish imkoniyatini taqdim etadi. Bir film esimda. Kino qahramoni dissertatsiya himoya qilmoqchi boʻladi. Ilmiy daraja senga nima uchun kerak deyishsa, u “mustaqil fikrimni bayon qilish uchun” deb javob beradi. Bu gapda hikmat bor.

Ilmiy daraja faqat intellektual qatlam olamiga yoʻllanmagina boʻlib qolmaydi. Ilmiy darajali shaxs muayyan masʼuliyatlarni ham oʻz zimmasiga oladi. Ular halollik, toʻgʻrilik, bilimi va ilmidan yaxshilik uchun foydalanish, adolatli va farovon dunyo qurish hamda hayot kechirish uchun javobgarlik kabilar hamdir.

Ilmiy daraja – shunchaki martaba boʻlmasdan, axloqiy fazilat, bilimini nafaqat shaxsiy rivojlanish, balki insoniyatning global muammolarini hal qilish uchun ishlatishga tayyorlikni ham oʻz ichiga oladi.

Ilm-fanning insonlar hayotiga taʼsiri kuchayib borayotgan, fan yutuqlaridan ham naf koʻrish, ham zarar berish uchun foydalanish mumkin boʻlgan dunyoda olimlardan ongli masʼuliyat talab etiladi. Chunki ilmiy daraja – shunchaki diplom emas, u maʼnaviy burch, haqiqatni izlayotgan, dunyoni yaxshilashga intiladigan kishilar safiga kirishdir. Bilim, ilm, inson oʻzini takomillashtirish ustida ishlamasa, toʻgʻridan toʻgʻri maʼnaviyatli boʻlishni taʼminlamaydi. Zotan, katta olim boʻlsa-da, taʼma qilmasdan taqriz bermaydigan, rozilik xati yoki xulosasini, yoki himoyada ovozini bermaydiganlar uchrab turishini hammamiz bilamiz.

Ilmga boʻlgan intilishlaringiz faqat bilimga chanqoqlikkina boʻlib qolmay, balki bilimlaringizni oʻzingiz va butun insoniyat manfaati uchun ishlatish istagi bilan hamroh boʻlishi ham lozim.

Iqtisodiy jihatdan nochor yashaydigan yetuk olim boʻlish gʻalati. Bu, albatta, dissertatsiya himoya qilgandan soʻng biror lavozimni egallab, yaxshi yashashgina deb oʻylamaymiz. Yaxshi olim – “xaridorgir” mutaxassis, ilmiy mahsulotlarining rohatini koʻruvchi intellektual mulkdor demakdir. Olimlik halol boʻlgan holda farovon yashamoqni taqozo etadi. Olim jamiyatning vijdoni va yoniq soʻzi ham boʻlmogʻi lozim.

Ilmiy maktabning direktori kim deb qidirib yurmang

“Ilmiy maktab” tushunchasi, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar sohalarda anchayin mavhum va yuzaki tushuniladi. Goʻyo bir ustoz bir guruh shogirdlari bilan ilmiy maktabni tashkil qiladi deb tushunish ustuvor. Aslida ularning aksariyati ilmiy maktab emas, balki ilmiy “toʻda”, guruhdir.

Haqiqiy fan bosib oʻtilgan yoʻllar boʻylab harakatlanishiga toqat qilmaydi. Ilm – har doim maʼlum chegaralardan tashqariga chiqib, nomaʼlum dunyoga yangi, oʻtilmagan katta (magistral) yoʻl ochish istagining totli mevasi. Aynan mana shu – ilmiy maktabning mohiyati, u qilingan ishlarni shunchaki takrorlash emas, balki tadqiqotning yangi, oʻziga xos yoʻnalishini yaratishdir. Ilmiy maktab muammolarga yondashuvlarning originalligi, betakrorligi, tizimliligi va jamoaviyligiga asoslanadi. U goʻyoki sistema, undagi bir tadqiqot ikkinchisisiz amalga oshmaydi. Ilmiy maktabni koʻp qavatli uyga ham qiyoslash mumkin. Undagi bir xonadon atrofidagi boshqa xonadonlarsiz mavjud boʻla olmaydi. Umumiy devor, umumiy yoʻlak, lift va boshqa qator bogʻlanishlarga ega. Birining shifti ikkinchisining poli, birining oʻng devori boshqasining chap devori va h. Xullas, bu xonadonlar oʻzaro yaxlit (ajratib boʻlmas) sistema sifatidagina mavjud boʻla oladi, xolos.

Tasavvur qiling, dunyo xaritasida kashfiyotchilar tomonidan chizilgan yoʻnalishlar tasvirlangan. Bu xaritalarning ilk koʻrinishlarini tolmas tadqiqotchilar poyi-piyoda yurib chizib chiqishgan. Hamma narsa allaqachon kashf etilgan, oʻrganilgan, tasvirlanganga oʻxshaydi. Ammo fan tirik organizm, u doimo rivojlanib, tadqiqotchilarni yangi ufqlariga chorlab turadi. Aynan Siz bu nomaʼlum oʻlkalar kashshofi boʻlasiz. Nafaqat ustozlaringiz izidan borishingiz, balki oʻz yoʻlingizni ochishingiz, yangi ilmiy yoʻnalish (maktab)lar yaratishingiz, tesha tegmagan ilmiy muammolarga oʻz qarashingizni shakllantirishingiz kerak boʻladi.

Gʻoyalaringizda asosli, yondashuvlaringizda noanʼanaviy, farazingizda dadil boʻlishdan qoʻrqmang. Ana shunda bir qarashda dunyo haqidagi gʻoyalarimizni oʻzgartiradigan kashfiyotlar tugʻiladi. Ilmiy maktab buning uchun kerak boʻlgan hamma narsani beradi: izlanishingizga yoʻl koʻrsatadigan dono murabbiylar, zamonaviy infratuzilma, ijodiy izlanish muhiti va h. Lekin asosiysi, bu Sizga fikrlash, yaratish va jurʼat qilish erkinligini taqdim etadi.

Shunday ekan, imkoniyatingizni boy bermang. Ilmiy maktabingizni oʻz kashfiyotlaringiz uchun vositaga aylantiring, toki nomingiz jahon ilm-fani xaritasida yangi, noyob magistral timsoliga aylansin.

Ilmiy aqidaparastlik zararlari

Siz har kuni yangi kashfiyotlar olib keladigan va koinot haqidagi odatiy gʻoyalarni agʻdarib tashlaydigan ajoyib olam – ilm olamida turibsiz. Ilm yoʻli esa tikanli va u nafaqat obyektiv qiyinchiliklarga, balki ilmiy muhitda yashiringan xavf-xatarlarga ham toʻla. Toza va yorug‘ koʻringan ilm-fan olami, afsuski, harom oʻyinlar va qabih yolgʻon va boshqa kirdikorlardan ham xoli emas.

 Siz nafaqat yangilik yaratasiz, balki ularni raqiblardan, muxoliflardan, hasadgoʻylardan tish-tirnogʻingiz bilan himoya ham qilishingiz kerak. Olimlarni qiyin ahvolga soladigan, ilgari yurishingizga toʻsqinlik qiladigan yana bir toifa olimlar ham bor. Ular ilmiy aqidaparastlardir.

Hukmi jozibasiga boʻysunish, ustozlarning eʼtiqod haqidagi gʻoyalarini soʻzsiz qabul qilish va sevimli ilmiy maktabi tushunchalarini mustahkam dogmalar darajasiga koʻtarish oson. Ammo bu yerda tuzoq paydo boʻladi. Aqidaparstlik zanjirlari bilan bogʻlangan fan oʻzining qarama-qarshi tomoniga – oʻylamasdan takrorlanadigan chayir “haqiqat”lar toʻplamiga, rivojlanishga qodir boʻlmagan, panjara bilan oʻralgan tizimga aylanadi.

Ilmiy aqidaparastlik juda xavfli, chunki u ilmiy tadqiqotning mohiyatini – shubhani oʻldiradi. U oʻrnatilgan nazariyalar notoʻgʻri boʻlishi mumkinligi, tadqiqotning muqobil yoʻllari borligi, yangi dalillar buzilmasdek tuyulgan “haqiqat”larga shubha uygʻotishi mumkinligi haqidagi fikrlarga yoʻl qoʻymaydi. Buni hazrat Navoiy “Lisonut-tayr” dostonida “Oʻz borur yoʻliga har bir muftaxir, yoʻlni aylab oʻz yoʻliga munhasir” (Mazmuni: Har biri oʻzi boradigan yoʻldan faxrlanib, oʻzgalarning yoʻlini ham oʻz yoʻliga burib…”) deb yuksak badiiy ifoda etganlar.

Ilm-fan tarixini eslang, qarshi chiqishdan, shubhalanish va oʻz yoʻlini izlashdan qoʻrqmaganlar tomonidan yaratilgan yangi kashfiyotlar inkor etilib, aqidaparast olimlar hujumi ostida buzilmasdek tuyulgan ilmiy poydevorlar necha martalab qulab tushgan. Lekin ular muttasil kurashlar natijasida yana qayta tiklangan.

Innovatsiya, erkin va mustaqil fikrlash – ilm-fan taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi. Ammo qotib qolgan biron hukmga, har qanday, hatto eng goʻzal va uygʻun nazariyaga ham, tanqidiy munosabatda boʻlmaslik mumkin emas. Ilmiy aqidaparastlar esa qotib qolgan eski qarashlar asosida fikr yuritib, yangiliklarni qabul qila olmaydilar. Ular uchun yangicha yondashuv fanni izdan chiqarib yuboradigan ulkan xavf sifatida namoyon boʻladi. Masalan, oʻzbek tilida 9 ta unli, 10 ta kelishik bor degan xulosangiz bamisoli ilmiy aqidaparastlar ustiga tushgan bombadek aks-sado beradi. Yoki Navoiy gʻazallarini oʻquvchilarga moslashtirilgan matnlar sifatida taqdim qilish kerak degan ilmiy asosli qarashingiz bilan goʻyo qadriyatlar dushmaniga aylanasiz. Ilmiy aqidaparastlar oʻz mavqeyi va vakolatlaridan foydalanib, “mening digʻonim digʻon” deya oyoq tirab turib oladilar. Ularni sanʼat va mahorat bilan aylanib oʻtishingizga toʻgʻri keladi. Axir, bejiz “himoya” deyilmaydi. Himoya mudofaa demakdir.

Siz ilm-fanga boshqalar ortidan oʻylamay takrorlash uchun emas, balki fan tarixida oʻz izingizni qoldirish uchun kelgansiz. Shubha qilishdan, bahslashishdan qoʻrqmang, oʻz yoʻlingizni toping. Bu – ilm-fanni chinakam olgʻa siljitadigan kashfiyotlar qilishning yagona yoʻli.

Fan yoʻlidagi xizmatlarning eng buyugi unga yangi gʻoyalarni olib kirishdir. Ilmiy aqidaparastlik esa, aksincha, fanning zavoli, ilmiy taraqqiyot kushandasi.

Ilmiy izlanishingiz qotib qolgan ilmiy aqidalardan xalos boʻlishiga, dadil gʻoyalar va ijodiy kuchga toʻlishiga harakat qiling. Aqidaparastlar har doim boʻlib kelgan, ammo oʻzingiz ular toifasiga kirib qolmasangiz boʻldi.

Ilmiy demagog – soxta olim

Ilmiy safsatabozlik – chiqishlarda aravani quruq olib qochish, ilmiy dalillarsiz gapdonlik qilib, koʻp gapirish yoki yozish orqali oʻzini goʻyo bilimdondek qilib koʻrsatish, bu orqali oʻzining nafaqat ilmsiz, hatto bilimsiz ham ekanligini bekitish xatti-harakatidir. Ilmiy demagogiya (safsatabozlik) kasalligining tashxisi oson. Sohangizda Siz tushunadigan mavzuda soatlab qilingan nutqni tinglab, pichoqqa ilinadigan hech narsa ololmaganingizni sezdingizmi, demak, biling-ki, demagogga duch keldingiz. Bu – ilmiy doiralarda uchratib turadiganimiz tanish holat. Psixolingvitikada “словесный панос” deb atalgan, nutq asosida tashxislanadigan ruhiy xastalik turi bor. Ilmiy safsataboz, mening nazarimda, shu kasallikka chalingandek tuyuladi.

Ilmiy safsatabozlik shunchaki chiroyli soʻzlar emas, bu his-tuygʻu va zaifliklar ustida puxta oʻylangan oʻyin. Safsataboz soxta shon-shuhratga intiladi, shaxsiy manfaatini yashirish uchun davlat va jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qiladi.

Ilm-fandagi demagoglar tadqiqotlarida haqiqiy ilm yoki yutuqlarga intilmaydilar, ularning maqsadi – soxta boʻlsa-da, mashhurlik va shaxsiy manfaat. Safsatabozlar har doim oʻzlari xohlagan narsaga erishish uchun halollik, xolislik, adolatning har qanday tamoyillarini qurbon qilishga tayyor boʻlishadi. Ularda ilmga eʼtiqod boʻlmaydi.

Demagoglar maʼlumotlarni mohirona manipulyatsiya qiladilar, dalillarni buzib koʻrsatadilar, isbotlanmagan farazlarni shov-shuvli kashfiyotlar sifatida taqdim etadilar va kerakli natija – shon-shuhrat va foyda olish uchun shubhali tadqiqot usullaridan foydalanadilar.  Ammo, bilingki, ilmiy izlanish – ommani jalb qilishi shart boʻlgan shou emas, balki halol va mashaqqatli mehnat. Bu nafaqat aql-idrok, balki axloq, masʼuliyat va oʻz xatolarini tan olishga tayyorlikni ham talab qiladi.

Ilm – demagoglar nazaridagi soxta olimlar uchun boshpana emas, balki chin olimlar uchun halollik va mardlik maydoni. Bunda tez boʻladigan natijaga shoshiluvchilar emas, balki halol va qatʼiyat bilan oʻz yoʻlidan yurganlar gʻolib boʻladi.

Ilmiy yoʻlingiz halollik, haqiqatga intilish bilan toʻla boʻlsagina haqiqiy obroʻga ega boʻlasiz. Shuningdek, asl olimlar bilan ilmiy safsatabozlarni farqlay olishingiz ham kerak boʻladi. Ular ilm gulshanidagi shumgʻiya ekanligini har doim esda tuting.

Ilmingizni farroshga ham tushuntirib bera oling

Fan haqiqati sari yoʻl ilmiy ishlar sahifalarida tugamaydi, u tor mutaxassislar doirasidan chiqib, jamoatchilik muhokamasi bosqichiga oʻtadi.

Ilm-fan hayotimizga tobora koʻproq taʼsir oʻtkazayotgan, uning yutuqlari ham global muammolarni hal etishi, ham yangi muammolarni yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan dunyoda Sizdan nafaqat oʻz sohangizni chuqur bilish, balki gʻoyalaringizni keng auditoriyaga yetkazish qobiliyatini ham talab qiladi.

Ilmiy qarashlaringizni faqat soha mutaxassislari tushunishlari yetarli, albatta. Lekin agar Siz ularni ommaga ham tushuntira olsangiz, demak, zoʻr olimlarning eng yaxshisisiz. Zero, shundagina kashfiyotlaringiz, izlanishlaringiz, asarlaringiz laboratoriyalar devoridan chiqib, taraqqiyot lokomotiviga, oʻzgarishlar quroliga aylanadi.

Ilm haqida aniq, tushunarli va qiziqarli gapirish qobiliyati nafaqat chiroyli nutq, balki murakkab ilmiy fikrlarni hamma tushunadigan tilga oʻgira olish sanʼati hamdir.  Ilmiy nutq har doim ham oddiy odamning ongi yetmaydigan murakkab atamalar minorasi boʻlmasligi kerak. U fan olamini oddiy kishilar dunyosi bilan bogʻlovchi, yangi gʻoya, yangi bilim, yangi yechimlar oqib oʻtadigan koʻprikka ham aylanmogʻi lozim.

Tadqiqotlaringiz haqida shunday gapirishni oʻrganingki, u odamlarning qalbi va ongiga taʼsir qilsin. Ular ilmiy dunyongizning bir qismi boʻlishini, fanni shunchaki dalillar toʻplami sifatida emas, balki tirik kuch oʻlaroq koʻrishni istashadi. E.Rezerford aytganidek, olim fikrini laboratoriyasini supurayotgan farroshga tushuntira olmasa, demak, uning oʻzi ham tushunmaydi. Albatta, mutaxassislarga taqdim etgan maʼruza yoki ishlaringizning tili oʻz yoʻliga.

Yetuk olim boʻlishni istasangiz, ilmiy qarashlaringizni ham mutaxassisbop, ham ommabop ifodalay olishni oʻrganing.

Bir tadqiqot – bir jumla

 Deylik, murakkab formula va mavhum tushunchalar olamiga shoʻngʻib ketdingiz.  Ammo ilmingiz butunlay murakkab atamalar qasriga qamalib qolmasligi kerak, zotan fan dunyoni aniq-tiniq tushuntirishga intiladi.

Agar Siz tadqiqotingizning xulosasini sodda, tushunarli, oʻziga xos bir qisqa jumla bilan ifodalay olsangiz, tadqiqotingizda qandaydir yangilik, ilmiy shuʼla borligiga shubha qolmaydi. Tasavvur qiling, har kuni yangi kashfiyot va nazariyalar paydo boʻladigan maʼlumotlarga toʻlib-toshgan dunyoda tadqiqotingiz alohida ajralib turishi, esda qolishi va qiziqish hosil qilishi kerak. Va buni ishingizning mohiyatini aks ettiradigan yorqin, ixcham, esda qolarli jumladan boshqa nima ham yaxshiroq namoyish qila oladi?

 Oddiylikdagi haqiqat shunchaki yoqimli gap emas, u – ilm-fanning asosiy tamoyili. Axir, haqiqiy kashfiyot nafaqat bilim chegaralarini kengaytiradi, balki uni hamma uchun tushunarli qiladi. Shuning uchun, soddalashtirishdan qoʻrqmang, murakkab narsalar haqida oddiygina gapirishdan andisha qilmang. Tadqiqotingiz nafaqat tahlil chuqurligi, balki uni shakllantirishning goʻzalligi va ravshanligi bilan ham esda qolishi lozim. Kashfiyotlaringiz nafaqat ilmiy yutuq, balki hamma uchun haqiqat yoʻlini yorituvchi mayoqqa aylanishi kerak.

Men nomzodlik dissrtetsiyamning xulosasini A.Eynshteyn oʻgiti asosida “Oʻzbek tilidagi barcha grammatik qoʻshimchаlar sintaktik vazifa bajaradi” deb aytgan boʻlsam, doktorlik dissertatsiyamning xulosasini esa “Til sathlari oʻz mohiyatlarini nutqda oʻzaro hamkorlik asosida voqelantiradi” deya ifodalaganman. Ustozim ana shu bir jumlani aytmagunimcha himoyaga ruxsat bermaganlar. Oliy Attestatsiya komissiyasida tadqiqotlarning ilmiy yangiligini bayon etishga qoʻyilayotgan kimlardir uchun “yoqimsiz” tuyulayotgan talablar, shu maʼnoda, juda oʻrinli qoʻyilmoqda.

Qani, Siz ham shunga bir urinib koʻring-chi! Agar buni uddalay olmasangiz, sababi quyidagilardan biri boʻladi:

1)                              tadqiqotingizning mohiyatini tushunmaysiz;

2)                              ishingizda hech qanday yangilik yoʻq.

Bunday qila olmagan olim ilm bilan emas, balki ilmiy demagogiya bilan shugʻullanayotgan boʻladi deb hisoblayman. (Esda tuting, bu jumladagi fikr hech kim aytmagan, mutlaqo yangi boʻlishi kerak.)

Omad yor boʻlsin!

Baxtiyor MENGLIYEV,

Toshkent amaliy fanlar universiteti professori,

filologiya fanlari doktori