Germaniyaning Gamburg shahridagi Sanʼat va hunarmandchilik muzeyida bir vaqtlar Bayonqulixonning Buxorodagi maqbarasini bezab turgan oʻymakor, sirlangan terrakotaning 71 ta boʻlagi bor.
Qayd etilishicha, mazkur koshinlarni Gamburg muzeyining asoschisi va birinchi mudiri Yustus Brinkmann 1895-yili Parijda sanʼat asarlari sotuvchisi Zigfrid Bing sharofati bilan qoʻlga kiritgan.
_I1aw8yQ_1.webp)
Koshinlarning xalqaro bozorga chiqishi esa 1894-yili yuz bergan yer qimirlashi maqbaraga qattiq shikast yetkazishi oqibati bilan bogʻliq boʻlib, batumilik savdogar M. Yaxtajyan ularni Viktoriya va Albert muzeyi (London)ga taklif qilgan. Muzey ularning bir qismini sotib oladi. Oʻz oʻrnida Gamburg muzeyi ham koshinlarning ancha katta toʻplamini xarid qilgan. Boʻlaklarning qolgani esa turli muzeylar toʻplamlariga tarqab ketgan.
Chingizxonning 25-avlodi Bayonqulixon uncha koʻp hukm surgan emas. Uning Buxoroda qad koʻtargan maqbarasi toʻlaligicha – ichki va tashqi tomonlaridan sirlangan koshin bilan qoplangandi. Ulardagi murakkab boʻrtma usul va mavzularning xilma-xilligidan kelib chiqib, umumiy koʻrinishni moʻgʻullar va temuriylar saltanatlari usullari oʻrtasidagi vaqtga toʻgʻri keluvchi oraliq bosqichga oid, deb hisoblasa boʻladi.