Oʻzbek maqolanavislik maktabiga tamal toshini qoʻyib, unga xalqchillik ruhini baxsh etgan allomalardan biri Mahmudxoʻja Behbudiydir. Olib borilgan tadqiqotlarga qaraganda, u oʻzbek va fors-tojik tillarida besh yuzdan ziyod maqola yozgan. Ammo Behbudiy ijodining boshqa qirralari kabi uning publitsistikasi ham toʻliq oʻrganilmagan, davriy matbuotda chop etilgan maqolalari yaxlit toʻplangan emas.

Bizga maʼlum boʻlgan va mustaqillik tufayli bugungi matbuot sahifalarida eʼlon qilinayotgan maqolalarning oʻziyoq bu ijodkorning fikr hofizasi keng ekanini isbotlay oladi. U oʻz davrining faol va fidoyi farzandi sifatida zamonning barcha muammolariga munosabat bildirgan. Xalqni har jihatdan yuksaklikka koʻtarish choralarini qidirgan. Barcha maʼrifatparvarlar kabi u ham xalqni maʼnaviy jihatdan kamolga yetkazmay turib, uni farovonlikka erishtirib boʻlmasligini tushungan. Nafaqat darsliklarining, balki matbuotdagi maqolalarining ham bosh mavzusi shu edi.

Ismoil Gʻasparali kabi Mahmudxoʻja Behbudiy ham rus-tuzem maktablariga qarshi chiqqan. Chor hukumatining bu xil maktablarni ochishdan maqsadi yerlik xalqqa dunyoviy bilimlarni berish emas, balki oʻris pomeshchigi bilan musulmon dehqoni oʻrtasida tilmoch vazifasida ishlovchi vositachi tayyorlash ediki, bular jadidlarni qanoatlantirmas edi. Nega? Bu bilan millatni ilgʻor millatlar safiga olib chiqib, madaniy taraqqiyotga erishtirib boʻlmasdi. Rus-tuzem maktablarida berilayotgan bilimlar asosan yerlik aholini qullik asoratida saqlashga qaratilgan edi.

Mahmudxoʻja Behbudiy “Oyina” jurnalida “Yoshlargʻa murojaat!” nomli maqola bilan chiqqan. Unda shunday fikrlar bor: “Bizni Turkiston va Buxoroda bir zaif muhtaram yoshlar mavjuddirki, hukumat mahkamalarinda tijoratxona, bank va korxonalarga kotib, tarjimon, molfurush va dallollik, yoyinki nasiyachilik ila mashgʻuldurlar”.

 

Mahmudxoʻja Behbudiy bunday chala bilim bilan qanoatlanib qolish zarardir, degan fikrni qatʼiy qilib aytgan. U maʼrifat koʻchasiga kirgan, lekin uning adogʻiga yetishni istamayotgan, yaʼni chala bilim bilangina qanoatlanib qolayotgan yoshlar bilan fikran bahsga kirishgan. “Men ota-onamga nisbatan savodliman-ku, shu kifoya-da”, degan fikrning puchligini taʼkidlab, “Vazifa olmoqqa va ish qilmoqqa ilm zamona degan narsa lozim ekan. Va har kim bu qadar bilgusi vazifa olar ekan. Bas, Siz muhtaramlar ham oʻz avlodingizni va aziz bolalaringizni, agarda xohlasangizki, Sizdan koʻra taraqqiy etsa (din va millatga xizmat ilm va aqcha ila boʻlur), shu ilm zamona tahsil qilmogʻi uchun harakt qilmogʻingiz lozimdur. Hamvatanlarimiz mulkini sotib toʻy qilganlaridek Sizda hatto lozim boʻlganda mulkingizni sotsangiz-da oʻgʻlingizni zamoncha oʻqimogʻiga saʼy qilingiz. Toʻyg‘a isrof qilinaturg‘an aqchalarni oʻqimoq yoʻlig‘a sarf qilingiz!” degan.

Bunday fikrlar Behbudiyning bir qator maqolalarida taʼkidlanadi. U bir maqolasida “Maʼrifatsiz millat inqirozga mahkumdir”, degan fikrlarni dadillik bilan aytganki, bu gaplarning zamirida katta haqiqat bor edi. Ayniqsa, jadid maktablari targʻibotiga bagʻishlangan maqolalarida fidoyi farzandning Vatan va millat istiqboli haqida kuyunchaklik bilan aytgan soʻzlarini koʻplab uchratish mumkin. U millatning taraqqiyotga erishuvida yolgʻiz maktabgina emas, uning yonida boshqa shahobchalar ham boʻlmogʻi va faoliyat koʻrsatmogʻi zarurligini uqtiradi. Jumladan, u “Kiyim va tashabbuh masʼalasi”, “Libos, qiyofat” maqolalarida kiyinish madaniyatiga, davr taqozosi bilan kirib kelayotgan yangicha kiyimlarga din ahillarining munosabatlarini qattiq turib tanqid qilgan. Ular tomonidan falon narsani kiyish gunoh, piston narsani yeyish makruh, deya tarqatilgan bidʼatlar islomda yoʻqligini bir qator inkor qilib boʻlmas dalillar bilan rad etgan. Tabiiyki, uning bunday qarashlariga qarshi kurash toʻxtamagan. Turli fitnalar uyushtirilgan. Biroq bu harakatlar uning intilishlarini bir lahza boʻlsa-da susaytirmagan.

“Ikki emas, toʻrt til lozim” maqolasi Behbudiy publitsistikasining goʻzal namunalaridan biri boʻlib, unda muallif til bilishning xosiyati haqida aytib, shunday deydi: “Arabiy bilmasak, din, ruscha bilmasak, dunyo qoʻldan ketar”. Uning donishmandlik bilan aytgan fikrlaridan zamon ruhi aniq sezilib turganini payqash qiyin emas. U oʻz farzandlari Masʼud hamda Parvinlarni dastlab usuli jadida maktablarida, soʻngra gimnaziyada oʻqitgan. Keyinchalik oʻgʻli Masʼud adabiyotshunoslik ilmi bilan shugʻullangan. Tarjimon sifatida bir qator ibratli ishlar qilgan.

Behbudiyning “Samarqandda milliy ishlar haqinda” maqolasi oʻz davrining muhim masalasiga bagʻishlangani bilan diqqatga molikdir. “Hurriyat” gazetasining sahifalarida koʻtarilgan masalalarning muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishga taklif etilganlar kelmaganidan qattiq iztirobga tushgan muallif yozadi: “11 va 12-iyulda Samarqandda majlis muassislari intizorda boʻlundilar.

 

Ruslar-da besh-oʻn nafar keldilar... Ammo Samarqand viloyatining Jizzax, Kattaqoʻrgʻon, Xoʻjand va Oʻratepa shaharlaridan birgina nafar kishi boʻlsun, ushbu majlis uchun kelmadilar. Holbuki bu majlisda Turkiston uchun hayotiy masalalar mazkur boʻlunur edi. Bilmayin bu qadar eʼtibor etmaslik va jonsizlikning sababi nadur?”

Xoʻsh, bu yigʻilishni chaqirishdan muddao nima? Asosan xalqning milliy, diniy, siyosiy ishlarga ongli aralashuvini kuchaytirish, yaqinda boʻladigan saylovlarga puxta tayyorgarlik koʻrishga daʼvat etgan. Afsuski, rahbarlar bu nozik masalaga loqaydlik bilan qaraganlar. Muallif ana shunday kishilarga qarata: “Oy, aziz hamvatanlar! Maqul va nafihlik soʻz va maslahatlarni eshitmoq kerak. Bir oz madaniy harakatga kelmoq kerak. Boshqalardan ibrat olmoq lozim. Bu sukutimiz, jonsizligimiz gunohdur, aybdur. Yigʻlamagan bolaga sut berilmas, harakat va saʼy etmoguncha haq olinmas, oldimizda shahar dumalari va mamlakat dumasi saylovi bor. Anga ishlamoq kerak, loyha va talabnomalar hozirlamak kerakdur”, deya taʼkidlagan.