Johil odam soqol qoʻyib, koʻzini olaytirib, qoʻlini siltab soʻzlagani bilan olim boʻlib qolmaydi.
NTV telekanalida bir sharlatanni tutib kelib gapirtirishibdi. Nima emish: “oʻzbeklar hech qachon boʻlmagan emish”. Albatta, bu gapga uning oʻzi ham ishonmaydi. Bir vaqtlar ana shu “yoʻq” oʻzbeklar Amir Temur bilan borib, uning xalqini qirgʻindan saqlab qolganini har bir maktab oʻquvchisi biladi.
Unda nega aytdi? Chunki koʻrinishi olimsifat, noshukr, olchoqni topib, shunday dedirish NTVga kerak boʻlgan. Bu mafkura masalasi.
Nega? Chunki Oʻzbekiston kuchayib boryapti. “Yangi Oʻzbekiston”, “Toshkent”, “Samarqand”, degan soʻzlar jahon trendiga chiqdi. Bu davlat birovga boʻysunmay, dadil rivojlanyapti. Eng muhimi – uning koʻzga tashlanayotgan ertangi qudrati. Bugungi Oʻzbekiston xalqining shiddati gʻashini keltiryapti xorij ideologlarini. Ularga qolsa, oʻzbeklar hech qachon boʻlmasa. “Oʻzbekiston Respublikasi”, degan davlat boʻlmasa...
Xalqimiz bilgich. “Mevali daraxtga tosh otiladi”, deydi. NTV oʻzbekning chappar urib gullayotgan daraxtiga tosh otyapti. “Mevasi bizga tegmaydimi, hech kimga tegmasin”, deb. Lekin biz bugun kechagi, ogʻzidagini oldirib qoʻyadigan oʻzbeklar emasmiz. Tosh otganning toshini olib, ikki koʻzining oʻrtasidan uramiz.
Xullas, aziz vatandoshlar! Aziz ziyolilar!
Hurmatli Prezidentimiz aytganlaridek, bu yorug‘ dunyoda “oʻzbek”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashash uchun kurashishimiz kerakligi yana bir marta oʻz tasdigʻini topdi. Ertaga kech boʻladi.
Oʻzligimizni koʻksimizda asrab, bir-birimizga jonu jigar boʻlishimiz kerak. Biz birlashsak, bizni toʻxtata oladigan kuch yoʻq.
Biz boʻlganmiz!
Bormiz!
Boʻlamiz!
Muhammadjon QURONOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari