– Baxtiyor aka, dolgʻali, dogʻuli bir davrda yashayotirmiz. Mamlakat suverenitetini asrab-avaylash, milliy manfaatlarni himoya qilish qoʻlda choʻg‘ ushlashdek mashaqqatli vazifaga aylangan. Kurrai arz boʻylab geosiyosiy oʻyinlarning shiddatli toʻlqini yoyilmoqda, mustamlakachilik harakati yangi shakl-u shamoyilda qayta bosh koʻtarmoqda. Bunday qaltis pallada Oʻzbekiston kabi yosh mustaqil davlatlarda milliy birlik hayot-mamot ahamiyatiga molik boʻlmogʻi tabiiydir.
Siz “Madaminbek. Qonli gullar vodiysi” romaningizda hurriyat yalovini baland koʻtargan bobolarimizning sharafli mujodalasidan naql qilgansiz. Romanda Madaminbek qoʻrboshi lafzida yangragan bunday ogohlantirish bor: “Boshimiz bir boʻlmaydi, soʻzimiz soʻzimizga ulanmaydi. Biz bu yerda haq talashamiz, ixtilof olovini alangalatamiz, dushmanlarimiz esa bu gulxanda isinib rohat tuyadi. Ogʻir boʻlsa ham bir bashorat aytay, ixtilofda ekanmiz, bu toʻkilgan qonlar zoye ketar! Shahidlar qonining uvoli boshimizni tutar!..” Istiqlolchi bobomizning bu xitobi bizni har lahza sergak boʻlmoqqa undaydi. Zotan, bugun ham shimoldagi oʻlkaning otdan tushsa-da, egardan tushgisi kelmayotgan siyosatdonlari tap tortmay suverenitetimizga qarshi bayonotlar bermoqda. Tushlarida zafar paradini koʻrayotgan noib-u arboblarning oʻpkasini bosib qoʻymoqqa davlatimiz qodir ekaniga shubha yoʻq, ammo kaminaning xavotiri jamiyatimizning “beshinchi kolonna” deb atalgan qatlamidan... Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, “Bizni falon davlat bosib olsa yaxshi boʻlardi” deya omilarcha fikr yuritayotgan toifa hamon mavjudligini koʻrasiz. Shoʻro tuz-namagini totgan avlod “gugurt bir tiyin” boʻlgan zamonlarni qoʻmsayotgandir-da desangiz, ming taassufki, ular safida mustaqillik davri nonini yeb voyaga yetgan navqiron avlod vakillari ham talaygina. Demak, mafkura jabhasida ishlarimiz “besh” demoqqa hali koʻp qovun pishigʻi bor.
Bundan bir asr avval “Tilda, fikrda, ishda birlik” shiorini ilgari surgan jadid maʼrifatparvarlari parokandalikka yuz tutgan millatni gʻoya, mafkura tegrasida jips etmoqqa saʼy-koʻshish qilgan edi. Keyingi chorak asrda “xalqni xalq, millatni millat” etadigan mafkurani shakllantirmoqqa koʻp va xoʻb urinishlar boʻldi. Ammo “toʻqson ikki bovli” oʻzbekni yagona mushtga aylantirguvchi gʻoya hali-hamon orzuligicha qolayotir. Sizningcha, jamiyatdagi qutblashuvga barham beradigan, davlat va millatni yalakat magʻizdek birlashtiradigan mafkura qanday boʻlishi kerak?
– Gapni yaqin tariximizdan boshlay. 1905-yili yozilgan Turkiston mustamlakasi toʻgʻrisidagi hisobotda bunday xulosa qayd etilgan: “Biz Turkistonni mustamlaka qildik, lekin imperator hazratlari va imperiyaga sodiq boʻlgan biror musulmonni tarbiyalay olmadik. Shuning uchun oʻlkada rus-tuzem maktablarini koʻpaytirishimiz, yaʼni Turkistonning yosh avlodini oʻzimiz tarbiyalamogʻimiz kerak!” Mustabid tuzum mintaqada hukmfarmoligi barqaror boʻlmogʻi uchun bu tavsiyaga qatʼiy amal qiladi.
Keyinchalik bolsheviklar davrida amalga oshirilgan milliy chegaralash siyosatining asosiy maqsadi ham, nazarimda, oʻzbek millatining oyoq-qoʻllarini kesish edi. Chunki aynan oʻzbeklar Markaziy Osiyoda eʼtiqod va qadriyatlar, madaniyat va maʼrifat bobida kuchli etnos, binobarin, uning boshqa millatlarga maʼnaviy taʼsiri katta edi. Bolshevik ishboshilari ham agar vaziyat tabiiy oʻzanda kechsa, 1935 – 40-yillarda oʻzbeklar mintaqadagi eng yirik va qudratli etnosga aylanadi degan xulosaga kelgan. Buning oldini olmoq uchun milliy chegaralash siyosati oʻylab topiladi va oʻzbeklar yangi tashkil qilingan respublikalarga sochib yuboriladi.
Alifboning ketma-ket oʻzgartirilishi ham millat taqdirida mashʼum iz qoldirdi. Bundan koʻzlangan asosiy gʻaraz xalqni koʻp asrlik eʼtiqod va maʼnaviyatidan uzib qoʻyish edi. Shunday boʻldi ham. Yangi alifboda xat tanigan avlod ming yillar davomida shakllangan ilmiy-maʼrifiy meros va qadriyatlardan ayro tushdi. Endi bu avlodni xalqning oʻzi emas, balki uni tobe etgan tuzum tarbiyalay boshladi. Qizil mafkura xalq ongiga nimani istasa shuni singdirdi.
Mana shu uch omil yillar davomida zamonaviy oʻzbek millatining unib-oʻsishiga gʻov boʻldi. Rus harbiy tarixchilaridan biri yozadi: “Bu xalqqa Qurʼon va tarixni berakoʻrmang, aks holda ularni idora etib boʻlmaydi!”
Darhaqiqat, oʻzbeklar masalasi mustamlaka siyosati kun tartibidan tushmagan. Xalqimiz boshida qatagʻon qilichi mudom oʻynatib turilgani sababi ham shu.
Koʻpchiligimiz Turkiya xalqining vatanparvarligiga, yetti yoshdan yetmish yoshgacha aholi milliy bayroqni muqaddas deb bilishiga havas qilamiz. Buning sababi shuki, qardoshlarimiz millat va davlat taqdiri hal boʻlayotgan 1914-yilgi Chanoqqalʼa urushida zafar qozona bildi. Qolaversa, Turkiya bizdan farqli oʻlaroq oʻz farzandlarini oʻzi tarbiyaladi.
Yana bir muhim jihatni eslab oʻtish lozim. Yarim asrdan ziyod davom etgan chor mustamlakasi davrida Turkiston xalqlarida milliy hurriyat yaxlit gʻoya darajasiga koʻtarilmadi. Ozodlik, istiqlol faqat oydinlarning qaygʻusi, orzu-umidlari edi, xolos. Turkistonga bosqinchi qadami yetib, uch oʻzbek davlati toʻliq qaram etilgan 1851–1975-yillardagi avlodning yovqurligi XX asr boshidagi aholiga begona edi. Bu avlod oqpodshoni hukmdor deb tanir, unga qarshi chiqishni tasavvuriga ham sigʻdira olmas edi.
Ellik yilda el oʻzgaradi, degan gap bor. Millatimiz 1920-yillarga oʻzga tasavvur, boshqa zehniyatda yetib keldi. Milliy istiqlolchilik harakati boshlangan kezlarda jadidlar va qoʻrboshilar hurriyat gʻoyasini bayroq qilib chiqdi. Ular yoʻq qilingach esa bu gʻoya xalq ongidan oʻchirib tashlandi. Bir mustamlakachidan qutulgan millat boshqasiga tutildi. Birinchisida hartugul erkinliklar bor edi, masalan, din-diyonat borasida. Pravoslav nasroniylikning etagidan tutgan podshoh Rusiyasi islom dinini taqiqlash yoʻlidan bormadi. Shoʻro Rossiyasi esa dahriylik siyosatini kuch bilan singdirishga urindi. Xalqning asosiy erk-huquqlari bilan birga uning eʼtiqodi ham tortib olindi. Aynan bolsheviklar davrida asrlar mobaynida bashariyatning goʻzal qadriyatlarini yaratgan millat maʼnaviy-ruhiy jihatdan “sterilizatsiya” qilina boshladi. Dahshatli qatagʻonlar avj oldi. Oʻylab qolaman, dunyoning qay bir mustamlakachi davlati millionlab insonlarni ham maʼnan, ham jismonan qatagʻon qilgan ekan?..
Jahon xaritasida mustaqil Oʻzbekiston davlati paydo boʻlganiga oʻttiz uch yil boʻlyapti. Lekin hanuz mashʼum mustamlaka asoratlaridan oʻzimizga kelolmayapmiz. Ojiz fikrim shuki, chinakam millat oʻlaroq shakllanmoq uchun, xohlaymizmi-yoʻqmi, yangi avlodni kutishga majburmiz. Men yigirma-oʻttiz yoshlilardan koʻp narsa kutaman. Chunki bu avlod mustamlaka siyosatidan xoli ravishda tarbiyalandi, zamonaviy dunyoning talab-u shiddatini koʻrib ulgʻaydi.
– Fotimiylar davlati hukmdori Muiz davrida Misr zaminida zilzila roʻy beribdi. “Bu – Ollohning gʻazabi” deb irshod qilibdi ahli ulamo. Saroy shoiri esa “Yer gunoh-u maʼsiyat sabab silkinmadi, bilʼaks, shohimizning adolatidan shod boʻlib raqsga tushdi” deya bayt bitibdi. Ha, eskilar yetti boshli ajdardan emas, balki xushomadgoʻy kimsadan qoʻrq, deb bejiz aytmagan. Maddohlik, ofarinchilik, labbaygoʻylik barcha davrlarda mamlakat ravnaqi yoʻlida ulkan gʻov boʻlib kelgan. Davlatimiz rahbari ham ziyoli ahlini bu illatdan uzoq boʻlishga daʼvat etayotgani bejiz emas. Ammo oshkora maddohlik, tiyiqsiz xushomadgoʻylikdan hech qutula olmayapmiz. Bu ahvolda qachon taraqqiyot karvoni peshqadamlari safiga qoʻshilamiz? “Chiroyli lof-qofdan xunuk haqiqat yaxshi” ekanini qachon anglab yetamiz? Ayrim zamondoshlarimiz xushomadgoʻylikni qonunan taqiqlashni taklif qilmoqda. Boshqalari maddohlarni minbarga yaqinlashtirmaslik kerak degan fikrda. Bu borada sizning ham mulohazalaringizni bilgimiz keldi. Hujayralarimizga qadar in qurgan illatga qarshi qanday muolaja usulini tavsiya etasiz?
– Qonun ustuvor va sogʻlom bozor iqtisodiyoti poydor boʻlgan jamiyatlar, davlatlar taraqqiy etadi. Bunga tarix shohid, birinchi dunyo mamlakatlari bosib oʻtgan yoʻl isbot. Shu ikki jihat jamiyatda siz aytgan qusurning avj olishiga yoʻl qoʻymaydi. Fikrimni batafsil tushuntirsam.
Barcha fuqarolar – amaldor-u avom qonunga itoat qiladigan, jazodan hech bir jinoyatchi qochib qutula olmaydigan jamiyatda talon-toroj, oʻgʻrilik, koʻzboʻyamachilik, korrupsiya keskin kamayadi. Bunday jamiyatda aqlli va bilimli mutaxassislarning qadr-qimmati oshadi. Keskin va shiddatli raqobat malakali kadrlarni talab etadi-da. Bunday jamiyatda davlat idoralari ham, xususiy kompaniyalar ham zamonaviy ilm va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni boshga koʻtaradi. Birinchi dunyo mamlakatlari aql egalariga koʻrsatilgan ragʻbat tufayli taraqqiyot choʻqqisiga chiqdi. Eʼtibor bering, ular texnologiyalarga emas, aqllarga xaridor boʻladi. Xoʻsh, biz aqlni sotib olamizmi yoki texnologiya, mahsulotlarni?..
Ilm-fan va bilim qadrlangan jamiyatlarda oqillarning gapiga quloq tutiladi, minbarlar ilmlilarniki boʻladi. Ilgʻor gʻoya va fikr munosib ragʻbatlantiriladi.
Qonun ustuvor boʻlmagan, bilim qadrlanmagan jamiyatlarda esa ilmsiz, lekin xushomad-u laganbardorlikni qotiradiganlarning kuni tugʻadi.
Men bir necha yil xorijda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanib, jamiyatda asosiy mezon bilim ekaniga guvoh boʻldim. Shuning uchun ham ularning iqtisodiyoti tasavvurimizga sigʻmas darajada yuksalgan.
Jamiyat bozor talablari asosida rivojlanmas ekan, har qancha qonun-qaror qabul qilmang, cheklamang, foydasi yoʻq, baribir chalasavodlar, oʻrtamiyonalar oʻzini minbarga uraveradi. Bir kunmas bir kun bizning jamiyat ham shu yoʻlga oʻtadi, qonunlar va sogʻlom bozor talablariga toʻla-toʻkis amal qilinadi. Ana shunda aql sohiblariga ehtiyoj ortadi, maddoh-u xushomadgoʻylarning esa bozori kasod boʻladi.
– Azal-azaldan axloq, eʼtiqod insoniyatga mehvar vazifasini oʻtagan. Mehvaridan chiqqan sayyora halokatga uchraganidek, axloq va eʼtiqodga ters borgan qavm ham tubanlikka yuz tutishi shubhasizdir. Bugun Iblis va uning gumashtalari Odam farzandlarini oʻz nogʻorasiga oʻynatish uchun ming bir fitna usullarini oʻylab topyapti. Ilgari hatto tilga olmoq ayb sanalgan illatlarga fazilat toʻni kiydirilayotgani, “nokas-u nojins” toifa safi tobora kengayayotgani, toʻqlikka shoʻxlik qabilida har turfa daʼvolar yangrayotgani sogʻlom aql egalarini xavotirga solmay qoʻymaydi.
Ilm-fan, jumladan, biologiya sohasida olamshumul yutuqlarga erishilayotgani qanday soz, ammo erkinlik havosidan mast boʻlgan ayrim olimlar axloq chegaralarini buzayotganidan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Odam jinsining oʻzgartirilishi, sunʼiy urugʻlantirish, genlarni “tahrir” qilish, klonlash kabi tadqiqotlarda axloq talablariga rioya etilishi kerak emasmi? Umuman, fan va axloq munosabatiga doir xulosalaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.
– Dunyoda umumbashariy qadriyatlarni yoʻq qilishga urinish kuchayib boryapti. Holbuki, insoniyatning bugungacha boʻlgan maʼnaviy qiyofasi ana shu qadriyatlarga koʻra shakllangan edi. Nimaiki insonga manfaatli boʻlsa, u qadriyat darajasiga koʻtarilgan edi: kattaga hurmat, kichikka izzat, farzand tarbiyasi, halol luqma, haromdan hazar, gunoh va maʼsiyatdan tiyilish, erkak va ayol oʻrtasidagi chegara, insoniylik... sanayversangiz adogʻi yoʻq. Endi, mana shu qadriyatlar oyoqosti etilgan jamiyatni tasavvur qiling-chi! Buning oxiri voy boʻladi, hayvonot dunyosiga xos “Faqat kuchlilargina yashashga haqli!” degan yovvoyi qonuniyat jamiyatga koʻchadi. Bir vaqtlar ingliz olimi Tomas Maltus ijtimoiy darvinizm gʻoyasini jamiyatga tatbiq etishni taklif qilmaganmidi?..
Mushohada qilib koʻraylik, nima uchun keyingi yillarda anʼanaviy oila tuzilmasiga xuruj keskin ortib ketdi? Chunki inson uchun oila maʼnaviy himoya qoʻrgʻonidir. Boya sanab oʻtilgan axloqiy fazilatlar, halol va harom mezonlari ham aynan oilada shakllanadi.
Otaga eng katta dalda, motivatsiya nima? Albatta, farzandlari kamoloti. Ayniqsa, bizning musulmon jamiyatlarda erkaklar oʻziga xos masʼuliyat bilan ulgʻayadi. Anʼanaviy oila tuzilmasiga qarshi ish olib borayotganlar avvalo ana shu maʼnaviy zanjirni uzish payida. Maqsad – jamiyatni parokanda etish, insonlarni (biologik tilda aytilsa – individni) yolgʻizlatish, jamiyatda tushkunlik va yovvoyi bir kayfiyat tugʻdirish. Oila qoʻrgʻonini buzish orqali jinslarni oʻzgartirish, bir jinsli nikohni targʻib qilish, pirovardida insonni biologik tur sifatida yoʻq qilish ham koʻzlangan.
Anʼanaviy oila talablari klassik genetika qonuniyatlariga tayanishini koʻpchilik bilmasa kerak. Islom dini ham shu shartni qoʻyadi. Genetikada sogʻlom, chidamli, irsiy nuqsonlardan xoli nasl olish uchun “ota-ona” shakllarga (formalarga) asosiy eʼtibor qaratiladi. Odamlarda ham shu: ota-ona jismonan va ruhan sogʻlom boʻlsa, farzandlar-da shunday kamolga yetadi. Yetti pushtning surishtirilishi zamirida ham klassik genetika qonuniyati yotadi. Feʼl-atvor, xulq, tarbiya, jismoniy barkamollik kabi tashqi belgilar irsiyat ilmida fenotip deb ataladi. Ular asosida odamlarning irsiy xususiyatlari (genotip) tadqiq etiladi. Ajdodlarimiz ana shu ikki jihatni tanlash, surishtirish orqali jismonan va ruhan barkamol avlodlar dunyoga kelishiga zamin hozirlagan. Shuning uchun ham Islom tamadduni gullagan davrlarda har jihatdan mukammal insonlar yetishib chiqqan. Yaʼni, anʼanaviy oila shartlari avlodlar genofondi boyishiga xizmat qiladi. Genofondi boy millatlar esa har sohada yutuqlarga erishadi.
Keyingi vaqtlarda ana shu silsilani uzish, anʼanaviy jamiyatlarni yoʻldan adashtirish harakati avj oldi. Oila institutining buzilishi qanday salbiy oqibatlarga olib kelganini Gʻarb tamadduni misolida koʻrmoqdamiz. Amerikalik siyosatshunos Patrik Byukenen “Gʻarbning oʻlimi” kitobida xavotir bilan yozganidek, ushbu tamaddunga mansub mamlakatlarda aholi shiddat bilan kamaymoqda.
Ilm-fanda ham umuminsoniy qadriyatlarni rad etish yaxshilikka olib bormaydi. Oʻzini vijdonli deb bilgan fan xizmatchisi ilm etikasiga, olimlik axloqiga rioya etmogʻi shart. Lekin, ming afsuski, barcha olimlar ham axloqiy mezonlarga sodiq emas. Insonning tabiatida boylik orttirishga boʻlgan tiyiqsiz mayl bor. Ilmni ham mol-davlat toʻplash vositasi deb biladiganlar kam emas. Yana ayrim kuchlar fan yutuqlaridan hukumatlarga bosim oʻtkazish, dunyo xalqlarini boshqarish, bozordagi raqobatchilarini siqib chiqarish, monopoliya oʻrnatish maqsadida foydalanmoqda. Masalan, irsiyatini oʻzgartirish orqali “bepusht” qilingan bugʻdoy urugʻini sotishdan koʻzlangan muddao nima edi? Albatta, barchani uni yetishtiradigan kompaniyaga qaram qilish! Bunday misollarni yana keltirish mumkin. Qishloq xoʻjaligi ekinlari va oʻsimliklarni irsiy oʻzgartirish avj olganidan 2006-yili Norvegiyaning Shpisbergen arxipelagida “Butunjahon urug‘ ombori” (“Oxirzamon omborxonasi”) qurildi. Bu yerda biologik jihatdan sof urug‘ namunalari saqlanadi. Muammoning koʻlamini shundan ham bilsa boʻladi.
Nazarimda, dunyo jar yoqasiga kelib qolgan: birgina qadam yo najotga, yo halokatga yetaklaydi. Nega bu holga tushdi insoniyat? Axloq-odob mezonlari, umumbashariy qadriyatlarga mislsiz xuruj roʻy bermaganida edi, olimlar ham bu qadar adashib ketmagan boʻlardi.
Mushtariylarda biolog olimimiz ilm-fan taraqqiyotiga qarshi ekan-ku, degan yanglish fikr tugʻilmasin. Aslo unday emas. Taʼkidlashni istardimki, chinakam olim oʻz tadqiqotining salbiy oqibatlarini ham koʻra oladi, “qizil chiziqlar”ni teran anglaydi. Zero, ilm-fan faqat ezgulikka xizmat qilmogʻi lozimligi oʻzgarmas haqiqatdar.
– Katta mablag‘, ilgʻor asbob-uskuna va zamonaviy laboratoriyalarsiz zamonaviy fanni ravnaq toptirib boʻlmasligi kundek ravshan. Bir necha yil avvalgi suhbatda yurtimizda salohiyatli olimlar koʻpligi, lekin ularning aksari ilmiy tadqiqot uchun moddiy-texnik baza yoʻqligi sabab xorijga ravona boʻlayotgani haqida gapirgan edingiz. Vaqt oʻtib, vaziyat oʻzgardimi? Talay yil Xitoyda ilmiy faoliyat yuritib, 2018-yilda Vatanga qaytdingiz. OʻzFA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutida ishlab kelmoqdasiz. Koʻngilda xorijdan qaytganingizga pushaymonlik yoʻqmi?
– Mamlakatimiz ilm-fani haqida koʻp gapirdim, ijtimoiy tarmoqlar, yetakchi saytlarda maqolalar eʼlon qildim. Masalan, “Kun.uz” nashri menga bir necha marta minbar berdi. Suhbatlarimizdan biri “yuqori”gacha yetib boribdi. Holatni oʻrgangani institutga kelgan masʼul xodimlar bino va laboratoriyalarni koʻrib... hang-u mang boʻlib qolishdi: shunday sharoitda ham olimlar ishlamoqdami?! Oʻzbekiston Prezidentining 2017-yildagi qarorida biologiya yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan institutlar taʼmirlanishi, moddiy-texnik bazasi yaxshilanishi koʻzda tutilgan, jumladan, institutimizning ikki binosi taʼmiriga 5 milliard soʻm ajratilgan, bizga nomaʼlum sabablarga koʻra bu mablag‘ yetib kelmayotgan edi. Nega qaror ijro etilmayapti, degan masala koʻtarildi, “yoʻl xaritalari” tuzildi. Hisoblab chiqilsa, inflyatsiya sababli 2017-yilda ajratilgan mablag‘ faqat bitta bino taʼmiriga yetarkan, xolos. Oradan uch-toʻrt yil oʻtib ketgan edi-da. Shu tariqa institutning bitta binosi taʼmirlandi-yu, ikkinchisi qolib ketdi. Davlatimiz rahbari astoydil yordam bermoqchi, lekin ayrim masʼullar sabab ijro oʻlda-joʻlda...
Ilmiy loyihalarning ekspertizasi va moliyalanishi jarayonini ham bir qur koʻrib chiqish kerak. Chunki fanda monopoliyaning kuchayishi depsinishga olib keladi. Boshimdan oʻtganini aytib beray.
2021-yili vazirlik eʼlon qilgan fundamental loyihalar tanloviga (54-tur) hujjat topshirdim. U nanobiotexnologiya boʻyicha Oʻzbekistondagi ilk fundamental loyiha boʻlishi lozim edi. Ekspertlar tashabbusimizni ijobiy baholab, vazirlik qoshidagi ilmiy-texnik kengash muhokamasiga tavsiya etdi. Qizigʻi, nanobiotexnologiyaga doir loyiha oʻrmonchilik (!) boʻyicha ilmiy-texnik kengash muhokamasiga yuborildi. Kengash raisi loyiha bizga toʻgʻri kelmaydi, lekin baribir eshitib koʻrishimiz, bayonnoma tuzishimiz kerak, dedi bosh qashib. Mayli, deb oʻrmonchilik boʻyicha ilmiy-texnik kengashda loyihani “himoya” qildim. Soʻng vazirlikdagilar biologiya ilmiy-texnik kengashiga yoʻlladi. Loyiha qayta muhokama boʻlib, moliyalashtirishga tavsiya etildi. Qarangki, oʻsha loyiha haligacha vazirlik hayʼatiga yetib bormadi...
Xorijdagi hamkasblarning shart-sharoitiga havas qilaman. Zamonaviy aniq fanlarda tajriba orqaligina biror natijaga erishish mumkin. Tajriba uchun esa oʻta yuqori aniqlikda ishlaydigan asbob-uskunalar talab etiladi. Afsuski, ularning aksari bizda yoʻq. Shu vajdan xorijdagi hamkasblarimizni hamkorlikka taklif etishga majbur boʻlamiz. Ochiq aytganda, ularni gʻoyalarimizga sherik qilamiz. Holbuki, ilmda yangi gʻoyalar begona koʻzlardan yashiriladi. Biz esa ularni qoʻshqoʻllab birovlarga topshiryapmiz.
Xulosam pessimistik ruhda boʻlsa ham aytay, yaqin kelajakda ilm-fan rivoji borasida zehniyatimiz oʻzgarishiga, ayniqsa, biz tengi avlod togʻni talqon qilishiga ishonmayman. Biz koʻp imkonlarni boy bergan olimlar avlodimiz. Shoyad, bizdan keyingilar ijobiy oʻzgarishlar qilsa...
– Matbuotda chop etilayotgan ayrim xabarlarni oʻqib yuragingiz orqaga tortib ketadi. Oʻz pushtikamaridan boʻlgan zurriyotini oʻldirayotgan otalar, volidasiga tig‘ koʻtarayotgan farzandlar... nahotki shular bizning millatdoshimiz boʻlsa deya oʻyga tolasiz. Dunyoning ham holi havas qilgulik emas: yetti iqlimda kechayotgan urushlarda har kuni minglab-oʻn minglab insonning qoni toʻkilmoqda. Siz olim oʻlaroq odamning suratini, adib oʻlaroq siyratini tadqiq etasiz. Ayting-chi, odamzod nega bunchalik yovuzlashib ketdi? Axir, aql-zakovat yuksalgani sari zulm-zoʻravonlik ortga chekinishi kerak emasmi?..
– Masalaga kengroq qarab, inson, jamiyat va iqtisodiyot omillari uygʻunligida baho bergan maʼqul. Oʻtish davrida ilm va tarbiyadan uzilgan bir avlod voyaga yetdi. Odamdan goʻzal xulq, farosat, diyonat olib qoʻyilsa nima boʻladi, hayvon kepatasi gʻolib keladi-da!..
Qadriyat-u mezonlar ham oʻzgarib ketdi. Ilgari yoshlardan kelgusida kim boʻlishni xohlaysan deb soʻralsa, yaxshi oʻqish, yaxshi kasb-kor egasi boʻlish istagini aytar edi. Mol-davlat va maqom-martabaga erishish uchun bilim va hunar egallash kerak, degan fikr zehniyatda sobit edi. Hozir esa qanday yoʻl bilan boʻlmasin tezroq boyish asosiy maqsad-muddaoga aylandi. Koʻplab yurtdoshlarimiz xorijda ishlab pul jamgʻaradi, qaytib kelib mashina oladi, uy-joy quradi. Lekin bilim olaman, bolamni tarbiyalayman deganlar kam!
Yaqin-yaqingacha odamlar oʻrtasida ishonch kuchli edi. Endi-chi? Bir-birimizdan shubhalanib, hayiqib qolganmiz.
Ilgari bir bolaga yetti mahalla ota-ona, deyilardi. Hozir qoʻshni bolaga tanbeh berib koʻring – ota-onasi, qavm-u qarindoshi yeng shimarib yetib keladi.
Maktabda oʻqituvchining hurmat-izzatini poymol qildik. Avvallari oʻquvchi tugul ota-onalar ham oʻqituvchi qarshisida qoʻl qovushtirib turar, ustozlik hurmati joyiga qoʻyilar edi. Hozir esa bolalariga “Sen doim haqsan!” deb oʻrgatadigan ota-onalar koʻpaygan. Tabiiyki, bunday “oʻgit”ni eshitib voyaga yetgan bola ustozini sariq chaqaga olmaydi.
Oilada bilimga, maʼnaviyatga ragʻbat-u ishtiyoq susaydi. “Maʼnaviyat” degan soʻzning siyqasini chiqarib yubordik, boz ustiga, bu moʻtabar tushunchani oshkora kalaka qiladigan boʻldik. Boylik havasi qalbimizdan din-diyonatni siqib chiqardi.
Jamiyat ham insonga oʻxshaydi. Insonda ruh va nafs bor, qay biri gʻolib kelishiga koʻra u olqish yoki qargʻish oladi. Nafs gʻolib kelgan jamiyatlarga esa aslo havas qilib boʻlmaydi.
Bugun biz hamma oʻz fikri, gʻoyasini mutlaq haqiqat deb bilgan zamonda yashamoqdamiz. Aksar yoshlar nimani oʻylasa – shuni haq deydi, nimani mahkam ushlasa – shuni toʻgʻri deb biladi. Anʼanalar, qadriyatlar va eʼtiqodga qarshi boʻlganlar ham talaygina. Shunday davr keldiki, inson oʻz vijdonidan hayo qilmay qoʻydi.
Bir dahriy hamma oʻzidek dahriy boʻlishi tarafdori, dindor esa hammani oʻzi kabi dindor boʻlishini xohlaydi. Liberalman degan boshqa toifa din-diyonatlilar ustidan kuladi, radikal dindorlar oʻzidan boshqa hech kimni tan olmaydi. Jamiyatda murosa, bagʻrikenglik yoʻqoldi. Sirasi, biz “qadriyatlar transformatsiyasi” davridan talafotsiz oʻtolmadik.
Xoʻsh, bu maʼnaviy xastaliklarning davosi bormi? Albatta, bor. Oilada goʻzal anʼana va qadriyatlar hukm surishi, milliy adabiyot va tarix keng targʻib-tashviq qilinishi lozim. Oʻzbek millatining koʻrkam boʻy-basti uning tarixi va adabiyotida namoyon deb bilaman.
– “Tibbiyot mening rafiqam, adabiyot esa maʼshuqam”, degan ekan umri mobaynida ikki sohani baqamti tutgan hassos adib Anton Chexov. Ciz fanning murakkab yoʻnalishlari sanalgan mikrobiologiya va virusologiya sohasidagi tadqiqotlardan ortib, nasrda ham qalam tebratib kelyapsiz. “Madaminbek. Qonli gullar vodiysi”, “Sulton Jaloliddin Manguberdi”, “Uzbechka” romanlari, yana talay hikoyalar... bari koʻp yillik zahmatlar, bedor tunlar mahsuli. “Ilgari qalamhaqi koʻpligidan odamlarning hasadini keltirmaslik uchun undan gap ochmas edim, hozir esa qalamhaqi kamligidan odamlarning rahmini keltirmaslik uchun bu savoldan qochaman”, degan edi rahmatli Sharof Boshbekov bir gurungda. Yashirib nima qildik, hozir yozuvchilik ortidan uch-toʻrt tanga topish amrimahol boʻlib qoldi. Qaytaga, kitob chiqarish uchun tish kovagida asraganingizni ham xarjlamoqqa majbursiz. Sizni sertashvish adabiyot olamiga qaysi shamollar uchirdi? Darvoqe, olimlik va adiblik bir-biriga “kundoshlik” qilmayaptimi?
– Badiiy ijod ham mashaqqatli, ham huzurbaxsh mashgʻulot. Men, avvalo, yaxshi olim emas, yaxshi yozuvchi deb tanishlarini istayman. Shu maqsadda mehnat qilyapman, izlanyapman. Yoshim qirqdan oshganda mening bosh yoʻlim badiiy ijod degan xulosaga keldim. Shuning uchun ijodni ilmdan ustun koʻraman. Bu kayfiyat qalam ahliga tanish: ichingizda bir dard paydo boʻlib tinchlik bermaydi. Kechinmalarni qogʻozga tushirganingizdan keyingina yengil tortasiz, erkin nafas olasiz.
Adabiyotga hali tuzuk bir hikoya yozmay, “Madaminbek. Qonli gullar vodiysi” romani bilan kirib kelganman. Qoʻrboshilar mavzusi oʻy-xayolimni band etgan, ammo hali yozish koʻnikmam yoʻq edi. 2003-yil yanvarda romanning dastlabki boblarini yozmoqqa tutindim. Oʻsha ilk satrlarni yoddan aytib bera olaman: “Qorga burkangan qabriston sirli, hazin sukutga tolgan. Qoʻqon xonlari va moʻtabar zotlar xilxonasi Dahmai shohon ustida gʻujgʻon oʻynayotgan qargʻalar goh-gohida xunuk qagʻqagʻlab, ogʻir sukunatni buzadi. Ikki haftadirki quyosh yuzini koʻrsatmaydi. Izgʻirin zoʻrayib zabtiga oladi, yuz-koʻzlarni achishtiradi...”
Romanning ilk variantini yozishga yetti yil ketdi. Oʻqib koʻrsam binoyidek. “Sharq” nashriyotiga olib bordim. “Yaxshi yozilibdi, lekin mavzu qaltis, bosib boʻlmaydi”, deyishdi. Yana ikki nashriyot eshigini qoqdim. Oʻsha gap. Ozodlik uchun kurashgan insonlar haqidagi kitobni chiqarib boʻlmas emish! Ishonasizmi, roman toʻqqiz yil bosilmadi. Lekin bari vaqtincha ekani, fursat kelib u dunyo yuzini koʻrishiga ishonchim komil edi. Ijodiy izlanishni toʻxtatmadim. Siz sanagan romanlar bilan birga bolalar va oʻsmirlar uchun “Olamlar kurashi”, “Alkimyogarlar jangi” qissalarini yozdim.
2018-yilga kelib, “Akademnashr” nashriyoti rahbari Sanjar Nazarning jasorati bilan “Madaminbek...” romani chop etildi. Keyin toʻldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashr dunyo yuzini koʻrdi. Soʻng uchinchisi... Shundan keyin oʻzimni adabiyot olamining odami deb his eta boshladim.
Yozuv stoliga oʻtirgan kezlarim hali gʻoʻr, tajribasiz edim, koʻnglimda ijodga boʻlgan zoʻr havas bor edi, xolos. Qodiriy domla aytganidek, “havasimda jasorat” etdim, qolganini Ollohning oʻzi yetkazdi.
Hozir adabiyot bobida fikr-qarashlarim oʻzgargan. Soʻz sanʼatida nimani yozishdan koʻra nimani yozmaslikni bilish muhimroq. Bir necha asar, jumladan, “Jazirama” degan roman boshlab qoʻyganman. Toʻrt mustaqil qissadan iborat asar voqealari Bobil minorasi davri, Ikkinchi jahon urushi, hozirgi kun va kelajakda sodir boʻladi. Eʼtiqod, sunʼiy ong va biologiya mavzulari bahs etilgan yana bir asarni tugatish arafasidaman. Nasib etsa, “Amirilashkar” degan roman ham oʻquvchilar qoʻliga yetib boradi. Xullas, orzu-niyatlar katta. Yangi asarlar yozib milliy adabiyot, badiiy tafakkur va ijtimoiy fikr ravnaqiga hissa qoʻshsam deyman.
Sobirjon YOQUBOV
suhbatlashdi.
“Tafakkur” jurnali, 2024 yil 1-son.
“Qoʻlda choʻg‘ ushlab” maqolasi