Oskar Uayld 1890-yilda oʻzining yagona va buyuk romani “Dorian Greyning portreti”ni nashr ettirganda, bu voqea Viktoriya davri Angliyasini tom maʼnoda larzaga keltirgan edi. Oʻsha davr tanqidchilari asarni “zaharli” va “axloqsiz” deb tamgʻalab, uni yoqib yuborish talabi bilan gazetalarda chiqishlar qilishdi. Uayld esa bu hujumlarga shunchaki istehzoli tabassum bilan javob qaytardi: “Axloqiy yoki axloqsiz kitoblar boʻlmaydi. Faqat yaxshi yozilgan yoki yomon yozilgan kitoblargina boʻladi, xolos. Tamom-vassalom.”
Oradan bir asrdan ko‘proq vaqt o‘tib, biz Uayld naqadar haq bo‘lganini, to‘g‘rirog‘i, uning bu bashorati bugungi kunimizda qanchalik aniq aks etayotganini ko‘rib turibmiz. Tan olish ogʻir boʻlsa-da, hammamiz ozmi-koʻpmi Dorian Greymiz. Toʻgʻri, bizning qulflogʻlik boloxonamizda berkitilgan sirli portretimiz yoʻqdir, ammo choʻntagimizda qora koʻzgu – smartfonimiz bor. Savol esa hamon oʻsha-oʻsha: tashqi jilo evaziga ichki dunyoni qurbon qilishga tayyormisiz?
Iblis bilan bitim: “Faqat men qarimasam edi...”
Asar voqealari goʻyoki ertakdek boshlanadi, biroq bu kattalar uchun atalgan ertakligini oʻqirman asta anglab boradi. Yosh, begʻubor va favqulodda goʻzal Dorian rassom Bezil ustaxonasida oʻzining portretini koʻrib qoladi. U oʻz husnidan shunchalik mast boʻladiki, ogʻzidan beixtiyor oʻsha soʻzlar chiqib ketadi:
“Oh, koshki buning aksi boʻlsa? Ana shu suvratim qarisa-yu, men mangu yoshligimcha qolaversam! Buning uchun... Buning uchun men olamdagi bor narsani berishga tayyorman. Ha, hech narsamni ayamas edim. Buning uchun hatto jonimni ham beraman!”
Bu shunchaki oʻtkinchi yoshlik injiqligi emas edi. Bu aslida inson tabiatidagi eng qadimiy va eng xavfli istak, yaʼni oqibatlardan qochish istagidir. Dorian faqat yuziga tushadigan ajinlardan qoʻrqmaydi, u gunohning, xatoning va vaqtning izidan dahshatga tushadi.
Bugungi kunimizga nazar solaylik. Bizning “bitimimiz” unchalik dramatik ko‘rinmasligi mumkin, ammo mohiyat o‘zgarmagan. Ijtimoiy tarmoqlardagi turli filtrlar, suratni tahrirlovchi dasturlar va yaratilayotgan “muvaffaqiyatli inson” niqoblari – bularning barchasi Dorian Grey sindromi emasmi? Biz ham xuddi u singari eng yaxshi lahzalarimizni muzlatib qo‘yishni, kamchiliklarimizni esa ko‘zga tashlanmaydigan burchakka, “raqamli boloxona”ga uloqtirishni xohlaymiz. Barchamiz “Layk”lar va olqishlar evaziga o‘zligimizni o‘zgartirishga tayyormiz.
Portret va vijdon azobi
Dorianning fojiasi u yovuzlik qila boshlaganida emas, balki yovuzlik uning yuzida aks etmasligini anglaganida boshlanadi. U insoniy tubanlikning eng chuqur jariga qulasa ham, ertasiga tongda uygʻonib koʻzguga qarasa, u hamon oʻsha – begunoh va farishtadek goʻzal.
Faqat surat oʻzgaradi. Rassom chizgan oʻsha durdona asar asta-sekin oʻzgarib, undagi tabassumda shafqatsizlik, koʻzlarida esa riyo paydo boʻladi. Bu Uayld qoʻllagan eng kuchli ramzlardan biri boʻlib, portret aslida vijdonning oʻzginasidir. U bizdan ajralgan holda yashay olmaydi. Dorian uni koʻzdan yashiradi, ustiga parda tortadi, koʻzdan yiroq xonaga qamab qoʻyadi. Xuddi biz oʻzimizning uyatli ishlarimizni, qoʻrquvlarimizni va xudbinligimizni boshqalardan, baʼzan esa oʻzimizdan yashirganimiz kabi.