Bugun ertalab soat 7:32 da uygʻondim. Yotoqxona derazasidan tashqariga qaradim, osmonda qizgʻish-pushti tong yorishayotgan edi. Universitetimizning katta binosi uzra bulutlar orasidan quyosh nurlari sochilayotgan manzara shunday goʻzal ediki, uni suratga tushirmoqchi boʻldim. Telefonimni qidirib topgach, ekranga qaradim: 23 ta oʻqilmagan xabar, 7 ta layk, 15 ta yangi post haqida bildirishnomalar... Telefon kamerasi rejimiga oʻtishdan oldin barmoqlarim beixtiyor ijtimoiy tarmoqlar ikonkasini bosdi.
Qarayman, goʻzal tong manzarasi gʻoyib boʻldi, oʻrnida ekranning sovuq nuri, tugamaydigan lentasi, boshqalarning hayoti parchalari... Birdan Hakslining “Ajib yangi dunyo”sidagi “Soma dorisini ichgin, hamma gʻamlarni unutgin” degan satrlar yodimga tushdi. Telefonni chetga qoʻydim va tong manzarasiga qaytdim, lekin u allaqachon oʻzgarib, oddiy kunlik manzaraga aylanib ulgurgan edi.
***
Men universitetda adabiyot fanidan “Distopik adabiyot” mavzusida kurs tanladim, garchand yoʻnalishim Dasturiy muhandislik boʻlsa-da (Shunaqa yilda bir semestrda boshqa yoʻnalishlardan qisqa kurslar olishimiz mumkin). Darsimiz uchun belgilangan kitoblar roʻyxatiga qarab, koʻzim Oruellning “1984” asaridagi Uinston Smit kundaligining birinchi satrlariga tushdi: “4-aprel, 1984”. Oddiy sana, oddiy vaqt, lekin uni oʻqib turib, yelkamdan sovuq shamol esganday boʻldi, negadir bilardim, bu oddiy kundalik emas, balki insonga xos boʻlgan eng muhim narsani – erkin fikrlashni saqlab qolish kurashining boshlanishi edi.
Birinchi mashgʻulotda professor bizdan “Nima uchun distopiya oʻqiymiz?” degan savolga javob yozishimizni soʻradi. Koʻpchilik “Kelajakdagi xatarlardan ogoh boʻlish” va “Jamiyat muammolarini yanada chuqurroq tushunish” kabi javoblar yozdi. Men esa shunday yozdim: “Chunki biz allaqachon distopiyada yashayapmiz”. Professor menga gʻalati qaradi va “Bu javobingizni tushuntirib bersangiz...” dedi.
Men jim boʻlib qoldim. Qanday tushuntirish mumkin unga hamma narsa reklamaga aylangan dunyoni? Qanday tushuntirish mumkin har bir harakatimiz, har bir xaridimiz, har bir izlagan soʻzimiz kimlardir tomonidan qayd qilinayotganini? Qanday tushuntirish mumkin erkinlikni qulay va tezkor xizmatlarga almashtirayotganimizni?
Indamay qoldim. Lekin oʻsha kundan boshlab kundalik tutishni boshladim, real dunyoda koʻrgan distopik belgilarni yozib bora boshladim.
***
23-aprel. Ijtimoiy tarmoqlarda bir tarixiy voqea haqida katta bahs ketmoqda. Baʼzi manbalar uni oʻxshash, boshqalari butunlay boshqacha talqin qilishmoqda. Mening doʻstlarim ham ikki guruhga boʻlinib, bir-birlariga qarshi chiqishmoqda. Qiziq, har bir tomon oʻzining haqligiga ishonadi. Oruellning “Tarixni nazorat qilgan kishi kelajakni ham nazorat qiladi” degan soʻzlari miyamga mixday qoqildi. Bugungi dunyoda haqiqat nimada? Uni kim belgilaydi? Ijtimoiy tarmoqlarimizda koʻrgan narsalarimiz, algoritm “bizga koʻrsatishi kerak” deb tanlangan maʼlumotlarimi?
24-aprel. Kecha Instagram va Youtubeʼda oʻtirganimda yangi smartfon reklamasi kamida oʻn marta chiqdi. Ertalab uygʻonganimda esa, tushimda oʻsha telefonni koʻrgan ekanman, xarid qilish istagi paydo boʻldi. Garchi mening telefonim yaxshi ishlayotgan boʻlsa-da, negadir yangi model menga kerakdek tuyuldi. Bredberining “Farengeytning 451 darajasi” asaridagi Mildred obrazi esimga tushdi. U ham televizor ekranidagi “oilasi” bilan yashardi va real odamlardan koʻra reklama qilingan narsalar bilan koʻproq bogʻliqlikni his qilar edi. Men ham sekin-asta shunday boʻlib qolyapmanmi?
***
Kursimizda birinchi boʻlib Zamyatinning “Biz” romanini oʻqidik. Biz talabalar unga “juda eski” deb baho berdik, axir 1920-yilda yozilgan roman-a! Lekin uning bir satridan butun vujudim muzlab ketdi: “Lekin men tayyorman, xuddi har birimiz kabi, yoki deyarli har birimiz kabi. Men tayyorman”. Asarning qahramoni D-503 raqamli shoʻrlik qahramonga “xayolparast” kasalligi tashxisi qoʻyiladi. Uning “jinoyati” – erkin fikrlash, his qilish. Shaffof devorlar ortida yashab, his-tuygʻularni qattiq nazorat qiluvchi Yagona Davlat qurshovida uning bir kunlik kundaligi sahifalaridan insonning qanday qilib oʻzligini topa olishi mumkinligiga oid larzaga soluvchi hikoya ochiladi.
Shu kuni universitet oshxonasida ovqatlanib oʻtirardim. Roʻparamda oʻtirgan kursdosh qiz telefonidan boshini koʻtarmay ovqatlanardi. Men unga: “Bu kitob haqida nima deb oʻylaysiz?” deb soʻradim, “Biz”ni koʻrsatib. U javob bermadi. Telefoniga tikilib turardi. Men yana soʻradim. U nihoyat boshini koʻtardi, quloqchinini chiqardi va “Nima dedingiz?” deb soʻradi. Men savolimni qaytardim. U “Bilmadim, oʻqimaganman”, dedi-da, yana telefoniga qaytdi.
Oʻsha lahzada tushundim – biz hammamiz alohida kameralarda yashaymiz. Hamma atrofimizda, lekin hech kim bizga tegmaydi, bizni eshitmaydi, bizga qaramaydi. “Biz” romanidagi kabi, hammamiz shisha devorlar ortida yashayapmiz: birga, lekin ayro.
***
Adabiyot oʻqituvchimiz distopik asarlarni tahlil qilishda “uch qatlam qoidasi”ni tavsiya qildi:
1. Sirtqi qatlam: asar tasvir etayotgan dunyo qanday?
2. Oʻrta qatlam: bu dunyoga qanday kelib qolindi?
3. Ichki qatlam: bu dunyoda insoniylik qanday saqlanib qoladi?
Men bu qoidani hayotimga tatbiq qilishga harаkat qildim:
1. Sirtqi qatlam: Men raqamli dunyoda, doimiy bogʻlanish va aloqa asrida, cheksiz maʼlumotlar oqimida yashayman;
2. Oʻrta qatlam: Bu dunyoga biz qulay hayot, tezkor aloqa, koʻproq imkoniyatlar izlab kelib qoldik. Lekin yoʻl davomida nimadir yoʻqotildi;
3. Ichki qatlam: Bu dunyoda insoniylik qanday saqlanib qoladi? Mana shu savol meni kechalari uxlatmaydi.
***
Etvudning “Kanizakning qissasi” asarini oʻqib, ancha taʼsirlandim. Qizil kiyimli ayollar, qatʼiy tartib, yashash imkoniyati faqat homilador boʻlishga bogʻliq boʻlgan ayollar. Gilead jamiyati deb ataladigan bu dunyo avvaliga fantastikadek tuyuldi. Lekin keyin tushundim – Etvud osmondan olib yozmagan. Tarixda boʻlgan voqealar, dunyoning turli joylarida ayollar boshidan oʻtkazgan holatlar, kuchayib borayotgan zugʻumlar, cheklovlar – bularning barchasi asar zaminida yotibdi. Asar qahramoni Ofred ismli ayol deraza oldida oʻtirib oʻz hayotini eslaydi va hikoya qiladi. U shunday deydi: “Men ertaklar toʻqiyman, chunki ertaklar toʻqish tirik qolish usulidir”. Bu oddiy gapda shunchalik chuqur maʼno bor ediki, uni oʻqib turib, shu zahoti kitobdagi hamma gaplarni qayta oʻqigim keldi, axir u yerda men koʻrmagan qanday sirlar yashiringan ekan?
Men kutubxonamizning tomiga chiqdim. U yerda bir burchakda, hech kim koʻrmaydigan joyda oʻtirardim koʻpincha. Osmonga qarayman. Kitob oʻqiyman. Baʼzan shunchaki xayol suraman. Men ham oʻzimcha ertaklar toʻqiyman – kelajak haqida, ozodlik haqida, insonlar bir-biriga bogʻlangan dunyoda hech kim oʻzini bogʻliqdek his qilmasligi haqida.
Distopiya adabiyoti bizga eng dahshatli kelajakni koʻrsatib, gʻalati tarzda umid beradi. Chunki bu kitoblarning asosiy qahramonlari – isyonkorlar, tizimga qarshi chiqadiganlar, savollar beradiganlar.
***
Bir kuni men kursdoshlarimga “Biz oʻzimiz yaratayotgan dunyodan qoʻrqishimiz kerakmi?” deb soʻradim. Baʼzilari “Ha, albatta” deyishdi. Baʼzilari “Yoʻq, texnologiyalar bizni qutqaradi” deyishdi. Men oʻylanib qoldim.
Distopik asarlarning eng kuchli tomoni ham shunda, ular bizga tayyor javoblar bermaydi. Ular bizni fikrlashga, savollar berishga, kelajagimiz haqida masʼuliyatli boʻlishga undaydi. Balki aynan shu orqali bizni uygʻota oladi.
***
Kampusda turli xildagi qiziqishlarga ega talabalar yashaymiz. Baʼzilar texnologiya va innovatsiyalarga juda qiziqadi, yana baʼzilar esa kompyuter oʻyinlari dunyosini afzal koʻradi. Ha, aytgancha, yana baʼzilar kamdan-kam holatlarda, kitoblar dunyosiga qochadi men kabi. Biz turlichamiz, lekin hammamiz shu savol bilan yuzlanamiz bugun yo bir kun: insoniyligimizni qanday saqlab qolamiz?
Men “1984”dagi Uinston Smitni yaxshi koʻraman, garchi u magʻlub boʻlsa ham. U shunday savol beradi: “Agar inson baribir inson boʻlib qolsa, bu tizimning magʻlubiyati emasmi?” Unga qoʻshilaman: biz oʻz insoniyligimizga, his qilish, fikrlash, sevish qobiliyatimizga qaytganimizda – yengamiz.
***
Kurs oxirida baʼzi kursdoshlarim bilan birga tushlik qildik. Men ularga “Distopik adabiyot haqida nima deb oʻylaysizlar?” deb soʻradim. Ularning biri menga biroz gʻalati qarab, “Nega bu haqda soʻrayapsan?” dedi.
“Sizlarni bu mavzu qiziqtiradimi oʻzi?” deb soʻradim.
“Toʻgʻrisini aytganda, yoʻq” dedi bittasi, “Hayotda juda koʻp muammolar bor. Men boʻsh vaqtimni qoʻrqinchli kelajak haqida oʻylash bilan emas, koʻngilxushlik bilan oʻtkazishni xohlayman”.
Men uni tushundim. Hayot ogʻir, distopik asarlar esa undan ham ogʻirroq koʻrinadi. Lekin distopiya biz oʻylagan narsa emas. U bizni qoʻrqitishga emas, balki kuchli boʻlishmiz uchun xizmat qiladi. U savollar beradi, tanlov imkoniyatini eslatadi, hamda isyonkorlik va erkin fikrlashga undaydi.
Bugun tunda xonam derazasidan koʻtarilayotgan oyga qarab, distopik adabiyotning nima uchun muhimligini tushunibman. U bizga eng qora tundan soʻng ham tong otishi mumkinligini eslatadi, eng kuchli nazorat ostida ham erkinlik qidirish mumkinligini koʻrsatadi.
Shunday qilib, ushbu distopik adabiyotlar haqida yozish orqali men kelajak avlodlarga yetkazishni istaydigan eng qimmatli saboq: qanchalik qorongʻi boʻlmasin, inson qalbi nur izlashni toʻxtatmaydi. Qanchalik qiyin boʻlmasin, inson yuragida isyon qoʻzgʻaladi.
***
Distopiya nima uchun kerak? Chunki u bizga qanday dunyoda yashashni istamasligimizni koʻrsatadi va shu orqali qanday dunyoda yashashni xohlashimizni aniqroq tushunishimizga yordam beradi.
Qanchalik qoʻrqinchli boʻlmasin, distopik adabiyot umid beradi. Chunki uni yozgan mualliflar, oʻqigan kitobxonlarning hammasi yanada yaxshiroq dunyoni tasavvur qilishi, unga intilishi mumkin. Bir soʻz bilan aytganda esa, distopiya – bu tunni tasvirlash orqali tongni ulugʻlashdir.
Samandar ERKINJONOV