Oʻtmish va bugun haqida soʻz yuritdik. Kelajak xususida bahs qilishdan avval aksar mushtariylarni oʻylantirayotgan “Bizda-chi?” degan savolga javob qidirib koʻraylik.

Oxirgi bir necha asr mobaynida oʻzlik tushunchasining yangi talqinlari Yevropa qitʼasida takomillashdi. Shu bois ularda asosan dunyoga ovrupocha nigoh zuhur etadi. Bu jihatdan zamonaviy fan, madaniyat, siyosiy tuzumlar, hatto umuminsoniy qadriyatlar ham oʻta ovrupochadir aslida. Mustamlakachilik beshigidan rubʼi maskunga yoyilgan oʻzlik taʼlimotlari rang-barang madaniy muhitlarda turfa aks-sado berdi. Oʻzgacha inonch-eʼtiqodda yashab kelgan osiyolik va afrikaliklar Yevropa tafakkurini oʻzlashtirib, uni rivojlanish yoʻli deb qabul qilarkan, ayni choqda, oʻz milliy loyihalarini ilgari surdi. Yevropada bunday tafakkur paradigmasi uzoq davom etgan tarixiy hodisotlarga muvofiq toblanib borgan boʻlsa, mustamlakalarda jarayon tezlashib ketib, mahalliy ziyolilar bir necha asrlik jarayondan “sakrab” oʻtadi. Baʼzi mintaqalar yangi oʻzlik taʼlimotlarini osonlik ila qabul qilgan boʻlsa, boshqa yerlarda avom ziyolilarning kiborlarcha loflarini tushunolmay, anʼanaviy oʻzligidan voz kechishni istamay yoxud oʻzlik almashuvi kutilmagan tafriqalarni keltirib chiqardi.

Koʻplab tadqiqotchilarga koʻra, boshqacha oʻzlik taʼlimoti etagidan tutgan Afrika va Osiyo xalqlarida milliylik sunʼiy yoʻl bilan, shiddatli tarzda joriy etilgani bois ularda radikalizm kuchayib, oʻzlik inqirozi va gʻoyaviy kurashlar avj olgan. Bu, ayniqsa, Yaqin Sharqda yaqqol koʻzga tashlandi. Panturkizm yoki paneronizmdan farqli oʻlaroq, panarabizm loyihasi amalda roʻyobga chiqadi, millionlab aholi ongiga ulkan hududlarni egallagan yagona arab millati konsepsiyasi singdirilib, jahon siyosatida ham rasman qabul qilingan. Lekin pirovardida “Arab bahori” hodisasi roʻy berdi. Gap shundaki, mustamlakachilar tarbiyasini olgan avtoritar elita oʻz millatdoshlari – oddiy xalq manfaatlariga zid siyosat yuritgani, ularning huquqlarini poymol etgani uchun kuchli ijtimoiy-siyosiy portlash sodir boʻladi. Boz ustiga, diniy (shia-sunniy ixtilofi), qabilaviy oʻzlik taʼlimotlari oʻtmishning qorongʻi ruhi misol bugunga qaytib, yagona arab millatini ich-ichidan boʻlib yuborib, Suriya, Livan, Liviya, Iroq singari arab davlatlari parokandalikka yuz tutdi.

Markaziy Osiyo mutlaqo oʻzga siyosiy-madaniy kontekstda – Rusiya imperiyasi tarkibida modern asri sari odimlagan. Mintaqadagi milliy loyihalar shunga monand koʻrinish kasb etadi. Turkistonda yetishib chiqqan yangi ziyoli qatlam – jadidlar Rossiyada borayotgan jarayonlarni, ayniqsa, Volgaboʻyi, Qrim va Kavkaz ziyolilarining gʻoyalarini, butun saltanatni titratayotgan soʻl harakatlarni sinchiklab kuzatib, Usmonli davlati va u orqali Germaniyadagi evrilishlarni oʻrgangan. Orttirilgan tajriba asosida oxir-oqibat Katta Turkiston loyihasi shakllanadi.

Mazkur loyihani jadidlarning turli guruhlari turlicha tasavvur etgan. Ayrimlar uchun islom diniga eʼtiqod qilish birlamchi omil boʻlsa, yana   ayrimlar mintaqada jam boʻlgan    etnik toifalar (shu jumladan,   ruslarni  ham) qamrab olishni yoqlar; baʼzi guruhlar ikki asosiy mahalliy til – forscha va turkchadan birdek istifoda etish tarafdori boʻlsa, faqat turk tilini saqlab qolishga xayrixohlar ham koʻp topiladi. Turkiston aholisini etnik jihatdan yaxlitlashtirish tarafdorlari bilan etnik oʻzlikni saqlab qolish va fuqarolik millatini shakllantirish ishtiyoqmandlari orasida bahslar kuchayib borgan.

Turkiston rejasining mohiyatini tushunish uchun xuddi shunga oʻxshash, lekin hayotga tatbiq etilgan boshqa milliy loyihalarni esga olish mumkin. Deylik, Afgʻoniston, Hindiston va Turkiyada fuqaroning tili, etnik oʻzligi va millati huquqiy jihatdan (de yure) ahamiyatsiz. Amalda ziddiyatlar kuzatilgan boʻlsa-da,  har qanday fuqaro nasl-nasabidan qatʼi nazar afgʻon, hind va turk sanaladi. Turkistonchilik, umuman olganda, ana shunday millatchilikni modellashtirishga qaratilgan.

Rossiyada roʻy bergan kommunistik inqilob Markaziy Osiyo ziyolilariga umid bagʻishlaydi. Biroq ular mintaqada taʼsis etgan birinchi milliy demokratik davlat   –   Turkiston muxtoriyati qonga botiriladi. Koʻp oʻtmay xonliklar butkul tugatilib, ularning oʻrnida Xalq respublikalari tuzilgan. Lekin mahalliy ziyolilarning kommunistlarga qarshi kurashish, mintaqani birlashtirish va aholiga turkistonlik oʻzligini singdirishga zaxirasi yetmay, shu vajdan ular murosaga borib, etnik davlatlar tashkil etishga rozi boʻladi. Shu tariqa Katta Turkiston oʻrniga Kichik Turkiston   – Oʻzbekiston loyihasi amalga oshirilgan (Абашин С. Национализмы в Средней Азии. В поисках идентичности. Санкт-Петербург, 2007. Стр. 186). Yangi oʻzbek elitasidagi siyosiy boʻlinish tufayli muvozanatni saqlash uchun Katta Tojikiston loyihasi taklif etilib, lekin u ham Kichik Tojikiston tarzida roʻyobga chiqqan (oʻsha manba, 189-195-betlar).

Sovetlarning milliy siyosati shu jihatdan diqqatga sazovorki, unda millat etnik maʼnoda talqin etilgan, etnos, xalq, millat kategoriyalari doim mushtarak holda ishlatilgan. Buni, masalan, SSSRda rasmiy ilmiy standart boʻlgan Bromleyning etnik nazariyasida koʻrishimiz mumkin. Etnosni ham genetik qondoshlik, ham bir davlat chegarasi ichidagi vatandoshlik deb talqin etish hatto postsovet davlatlarida ham iz qoldirdi: bugun ham Rossiya, Ukraina, Kavkaz va Markaziy Osiyoda millat va xalq istilohlari sinonim oʻlaroq qoʻllanadi. Uzoqqa bormay, Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 8-moddasiga eʼtibor qarataylik: “Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”. Millat natsiya, nation’ga, xalq esa etnos, folk, people, populi’ga muqobilligini inobatga olsak, millat  – fuqarolikni, xalq – etnik mansubiyatni anglatishi lozim edi. Shunda Oʻzbekiston millatini, etnosidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston fuqarolari tashkil etishi, yaʼni barcha etnoslar qonun oldida barobarligi anglashilardi. Biroq shoʻro milliy siyosatiga xos ayrim qarashlar bugungacha saqlanib qolmoqda.

Xoʻsh, sovetlarning Markaziy Osiyoda milliy siyosatdagi oʻziga xosligi nimalardan iborat edi?

Birinchidan, mintaqaning siyosiy-maʼmuriy boʻlinishi mahalliy ziyolilarga topshirilgan boʻlsa-da, ular bunda milliy belgilarga tayanishi qatʼiyan nazorat qilingan. Millat esa yuqorida qayd etganimizdek, etnik maʼnoda tushunilar; muayyan maʼmuriy birlik, davlat yoki muxtor tuzilma maʼlum etnosning, millatning yeri deb talqin etilar edi. Bu esa oʻsha hududda yashovchi boshqa etnoslarni avtomatik tarzda milliy ozchilik maqomiga tushirib qoʻyardi. Bu hol, oʻz navbatida, etnik guruhlar oʻrtasida ixtilof olovini alangalatar, mening yerim, kelgindi ritorikasini kun tartibiga chiqarar edi. Milliy-maʼmuriy boʻlinish mahalliy aholi ongida qiziq tasavvurlarni uygʻotgan: yaqindagina “...iston” nomini olgan mamlakatlarning titul millati bu yerga boshqa millatlar qanday kelib qolganini tushunolmaydi. Vaholanki, boshqa etnoslar ham bu yerlarda azal-azaldan istiqomat qilib kelgan. Mintaqada bugun boʻy koʻrsatayotgan milliy ixtiloflar ildizi oʻsha davrga borib taqaladi.

Ikkinchidan, tan olingan etnik millatlar oʻz instituti, rasmiy tarix, yozma til, gerb, bayroq va madhiya kabi atributlarga ega boʻlishi lozim edi. Shu yoʻl bilan ularning rasmiy eʼtirofi mustahkamlab qoʻyilardi. Millat sifatida tan olinish oʻz yeriga, demakki, moddiy-maʼnaviy resurslariga ega boʻlish degani edi. Shu sababdan milliy loyihalar oʻrtasida oʻziga xos kurash kechdi. U kezlar Markaziy Osiyoda, musulmon Sharqida boʻlganidek, ovrupocha mezondagi millatlar yoʻqligi bois ziyolilar oʻz oʻlcham-mezonlariga koʻra turli etnik, hududiy va hatto etnografik millatlar loyihalarini Markazga taqdim etib, oʻz ulushini yulib olishga harakat qildi. (Mashhur oʻzbekshunos Edvard Ollvortning fikricha, Markaziy Osiyodagi milliy chegaralanishda aksil oʻzbek kayfiyati yaqqol koʻzga tashlanadi. Negaki, oʻzbeklar mintaqaning eng faol va yirik etnik guruhi sifatida uni birlashtirishi va kuchlarni markazdan ajralib chiqishga safarbar etishi mumkin edi: Allworth E.A. The Modern Uzbeks. From the Fourteenth Century to the Present. A Cultural History. Stanford, Hoover Institution Press, 1990. Arne Haugenning fikriga koʻra, aksincha, milliy chegarani belgilashda oʻzbeklarga alohida eʼtibor qaratilgan, koʻp bahsli masalalar ular foydasiga hal qilingan: Haugen A. The Establishment of National Republics in Soviet Central Asia. New York, Palgrave Macmillan, pr. 206-207.)

Shu tariqa avval-boshda rejalashtirilgan Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmanistondan tashqari Qirgʻiziston, Tojikiston, Qoraqalpogʻiston va Badaxshon milliy loyihalari maʼqullandi. Ayrim ekspertlar va tarixchilar bugungi milliy vaziyatni oʻtmishga tatbiq etgan holda mazkur tuzilmalarni oʻsha xalqlarning “tarixiy yutugʻi” deb baholaydi. Konstruktivistik dunyoqarashga muvofiq, avval millat gʻoyasi yuzaga kelgan, soʻng millatlar va ularning davlatlari paydo boʻlgan. Zotan, bu tarixiy voqealarni har xil talqin qilish mumkin: yangi millatlar paydo boʻlishi, mahalliy aholining parchalanishi, anʼanaviy oʻzlik gʻoyalari inqirozi.

Muxtasar aytganda, SSSRning milliy siyosati mintaqaning siyosiy, madaniy qiyofasini, oʻzliklar tizimini butunlay oʻzgartirib yubordi. Chor imperiyasi vassallarning, Turkiston oʻlkasidagi mahalliy aholining turmush tarzini oʻzgartirmagan boʻlsa, shoʻro davlati jamiyatning barcha jabhasiga aralashishni maʼqul koʻrdi. Yangi sotsialistik millatlar gʻoyasi vujudga keldi, ularni millat oʻlaroq tasdiqlab, har birining oʻziga xos tarixi va madaniyatini tartiblashga mablag‘ ajratildi. Bu yoʻlda ixtilof uchqunlari ham chaqnab turdi – uzoq muddat qoʻshnichilik qilgan mintaqa xalqlarining tarixi va madaniyatini aniq chegaralash dushvor edi. SSSRda zamonaviy oʻzlik taʼlimoti oʻtmishga tatbiq qilingani, yaʼni oʻtmishdan ham tojiklar, oʻzbeklar, qozoqlar izlangani sababidan “falon tarixiy shaxsning millati nima boʻlgan?”, “falonchi davlat qaysi millatga tegishli?” singari savollar yuzaga kelaverdi. Har bir davlat maʼlum etnik millatning tarixiy yeri sanalgani bois, bir tomondan – oʻzbeklar yoki tojiklarning tarixini Oʻzbekistondan yoki Tojikistondan tashqarida izlashga zimdan norasmiy taqiq oʻrnatilgan boʻlsa, boshqa tomondan  – har bir respublikaning titul millati boshqa guruhlarni assimilyatsiya qilish, siqib chiqarishga intilar edi.

Markaziy Osiyodagi milliy qurilmachilik ishlari hali nihoyasiga yetmagan, ziddiyatlar bartaraf etilmagan bir vaqtda SSSRning oʻzi tarixga koʻmildi. Oʻz holiga qoldirilgan postsovet millatchiliklarining rivoji esa boshqa oʻzanga burilib ketdi.

SSSRda millatchilik boʻlmagani, baynalmilalchilik va xalqlar doʻstligi targʻib qilinganini aksioma oʻlaroq qabul qilgan ayrim rus postsovetologlari 90-yillarda kutilmaganda radikal millatchilik harakati vujudga kelganidan taajjubga tushdi. Tadqiqotchi Mehmet Vulqon Qoshiqchi ularga javoban millatchiliklar hamisha mavjud boʻlgani, tinch-totuv hayot dafʼatan barbod boʻlgach, millatchilik yangi sharoitga moslashib, etnik determinizmga doʻnganini taʼkidlaydi (Как выйти за рамки “хронической этнофилии”? Размышления о шовинизме, социальной несправедливости и будущем в Казахстане. https://caa-network.org/).

AQShlik sotsiolog Rojers Brubeyker vaziyatni yanada chuqur tahlil qilib, qizil imperiya parchalangach, postsovet muhitida yuzaga kelgan millatchilikni quyidagacha tasniflaydi:

shakllanayotgan millatchilik – yangi tashkil topgan davlatlarda yangi siyosiy muhitda davom etayotgan, titul millatga tayangan millatchilik. Millatchilikning bu turi deyarli barcha mustaqil postsovet respublikalariga xos. Tadqiqotlar milliy qurilmachilik yakuniga yetmagani, titul millat hali ham zaif pozitsiyada turgani, fuqarolik millatini yaratish boʻyicha ishlar izchil olib borilmayotganini koʻrsatadi;

transchegaraviy, tarixiy vatan millatchiligi – yangi mustaqil davlatlar qoʻshni mamlakatlarning maʼlum hududlarini oʻz “tarixiy vatani”, u yerda yashovchi millatdoshlarni “chetdagi vatandosh” deb bilishi, qoʻshni respublikalarning bir-biriga hududiy daʼvolarida namoyon boʻladi;

milliy ozchilik millatchiligi – ittifoqdosh respublikalar Markazdan mustaqil boʻlgach, endi respublikalar ichidagi milliy ozchilik oʻzini titul millat assimilyatsiyasidan qutqarish va maʼlum resursga ega boʻlish uchun intilmoqda (Brubaker R. Nationalism Reframed: Nationhood and the National Question in the New Europe. Cambridge, Cambridge University Press, pr. 4-6, 9).

Yaqin oʻtmish voqealari bugunimizga ham taʼsir koʻrsatadi. XX asr boshida mintaqada olib borilgan milliy qurilmachilik munozaralari oʻzlik taʼlimotlarini  rasmiylashtirib, simvolik kapital – yaʼni milliy tarix va madaniyat haqidagi bilim va qarashlarni shakllantirdi. Bugun undan voz kechish imkonsiz: milliy tarix va madaniy merosga doir qarashlar, bilimlar va ularni “toʻgʻri” talqin qilishga moʻljallangan paradigmalar milliy gʻurur obyektiga aylangan. Nafaqat oddiy odamlar, balki elita va ziyolilar ham umumqabul qilingan bu paradigmalardan chiqib ketish mumkinligini tasavvuriga sigʻdirolmaydi; buni milliy gʻururga, davlatchilik asoslariga tahdid deya baholaydi. Bizningcha, bu hol milliy oʻzlik qurilishi yakunlanmagani, bir meʼyorga kelmagani, unga mansub odamlar yaxlit guruh oʻlaroq jamiyatda mustahkam pozitsiya egallaganiga hali ishonmasligini koʻrsatmoqda. Etnik ixtiloflar ham ana shu notugallik hamda ishonchsizlikdan kelib chiqadi.

Shoʻro bolgʻasi, mustaqillik sandoni

1990-yillarda Markaziy Osiyo respublikalari oʻzlik taʼlimotini qayta koʻrib chiqish imkoniyatiga ega boʻldi-yu, bundan foydalanmadi – bir qancha nomlarni tiklab, sovet davrini qoralash bilangina cheklandi, xolos. Natijada, sovet ideologiyasidan u qadar farq qilmaydigan, lekin mustaqil davlatlarning oʻziga xosligini koʻrsatishga daʼvogar duragay mafkuralar shakllandi. Bir tomondan, shoʻro voqeligiga moʻljallab ishlab chiqilgan milliy taʼlimot zamonaviy talablarga javob bermas, yangi jamiyatning maʼnaviy ehtiyojini qondirolmas edi. Boshqa tomondan, oʻzlik taʼlimotining jiddiy tahrirga uchrashi qaltis oqibatlarga, masalan, chegaralar koʻrib chiqilishiga olib kelishi mumkin edi. Shuning uchun tadqiqotchilar koʻpincha mustaqil respublikalardagi oxirigacha yetkazilmagan milliy qurilmachilikni gʻoyaviy sustkashlikka emas, ehtiyotkorlik va murosagoʻylikka yoʻyadi.

Sirasini aytganda, Markaziy Osiyo davlatlaridagi millatchilik sovet bolgʻasi va mustaqillik sandoni orasida qolib ketmoqda. Boshqaruv oʻtmish tuzum merosidan choʻchib, muqobil yoʻl sifatida taklif etilayotgan liberal, diniy va anʼanaviy oʻzlik taʼlimotiga qaytishdan hadiksirayotir. Lekin bularning oʻrtasida turuvchi yoxud tub burilish yasashga qodir model hozircha taqdim etilmadi. Aslida, sovet davrida vujudga kelgan maʼnaviy kapital va u keltirib chiqargan muammolar bilan bunday dolzarb vazifani amalga oshirish dushvor. Millatning etnik maʼnoda talqin etilishi esa fuqaroviy millatchilikka asoslangan jamiyat qurish umidlarini chippakka chiqaradi. Etnik millatlarning ichki va tashqi ziddiyatlari borligi, mintaqadagi turli millatchiliklar tarix va bugunning kesishuv nuqtasida murosasiz pozitsiyada turgani ixtilofsiz qoʻshnichilikni shubha ostiga qoʻyadi. Demak, mintaqada Masanchi fojiasi takrorlanmasligi uchun odamlar ongini oʻzgartirmoq lozim.

Insoniyatni qanday istiqbol kutmoqda?

Odamzod rivojlanish darajasi bilan har qancha kekkaymasin, hamma ham taraqqiyot mevasidan birdek bahramand boʻlolmayotir. Hali yuz millionlab odam ochlik, muhtojlik va qashshoqlikda yashaydi; ibtidoiy bosqichda qolib ketgan qabilalar bor. Shuningdek, ochlik va kasalliklardan oʻlib ketish xavfidan qutulgan, lekin hali ham toʻkis hayot qurolmagan oʻrtahol yurtlar borki, ular koʻpchilikni tashkil etadi. Quvib yetuvchi iqtisodiyot sharoitida yashayotgan bu oʻlkalar mutaraqqiy dunyo ellik-yuz yil muqaddam izgʻigan soʻqmoqlardan qayta yoʻl solmoqda: millatchilik gʻoyasidan koʻp aziyat chekkan Yevropa umuminsoniy mafkuraga talpinayotganida, oʻrtahollar hali ham millat qurish, buyuk bobolari kimligi-yu tarixi qanchalar qadimiyligini aniqlashtirish bilan band. Bunday jamiyat nari borsa velosipedni qaytadan kashf etishga erishadi, yanada yomoni  – anʼanadorlikka qaytishi ham hech gap emas. Zero, modernizatsiyani eplolmagan jamiyat tashqi dunyodan ihotalanib, milliy qadriyatlar, maʼnaviyat va milliy gʻurur targʻibotiga oʻtib ketishi koʻp bora kuzatilgan.

Jahon hamjamiyati diqqat markazida turgan ana shunday mintaqalardan biri, muvaffaqiyatsiz modernizatsiya tufayli keskin ortga qaytib, oʻrtaholdan qochqin va qashshoqlar makoniga aylanayotgan Katta Yaqin Sharqdir (bu istiloh Shom va Fors koʻrfazi davlatlaridan tashqari, Turkiya, Shimoliy Afrika, Eron, Afgʻonistonni ham oʻz ichiga oladi). Siyosatshunos Mixail Magidning fikricha, davlatchilikdan mosuvo boʻlayozgan Suriya, Livan, Iroq kabi mamlakatlar, bir tomondan – anʼanaviy va qabilaviy tuzumga qaytish tarafdorlari (arab qabilalari, diniy fundamentalistlar), boshqa tomondan – soʻl kuchlar (Suriya kurdlari, shaharlarda mustaqil boshqaruvni joriy etayotgan guruhlar) uchun tajriba maydoni boʻladi. Qaysi tomon ustun kelishi hali mavhum. Lekin urushlardan toʻygan Iroq va Livan yoshlari poytaxt koʻchalarini toʻldirib, oʻz noroziligini global soʻl harakatlarga hamohang etishga, Honkongdagi namoyishlar va Yevropa soʻl submadaniyati bilan mushtaraklik topishga urinmoqda. Boshqa tomondan, mintaqa yetakchilari – Turkiya, Isroil, Eron, Saudiya Arabistoni muvozanat saqlash uchun harbiy qudratini oshirishga zoʻr bergan. Harbiy jabhaga koʻproq mablag‘ ajratilishi boshqa sohalarning eʼtiborsiz qolishi, demokratik institutlar zaiflashuvi va muayyan shaxslar siyosiy qudrati oshishiga sabab boʻlishi mumkin. Mixail Magidning taʼkidlashicha, bir narsa aniqki, Yaqin Sharq biz bilgan eski holatiga qaytmay, yoʻqolib ketgan millatlar oʻrnida yangilari paydo boʻlib, bu jarayon qoʻshnilarga ham taʼsir etmay qolmaydi.

Mutaraqqiy dunyo esa oʻzgacha tahdidlar qarshisida turibdi. Yoshlar orasida soʻl harakatlar qaytadan urfga kirib, ayni choqda, muhofazakor (konservatorlar) jiddiy siyosiy kuchga aylanmoqda. Har ikki tomonning tanqidi ostida qolgan, mavqe-rutbasini boy berayotgan liberallar umuminsoniy oʻzlik sari harakatni davom ettira oladimi? Bu borada ularga iqtisodiy omil yordam berishi mumkin.

Urbanizatsiya shiddatli surʼatda davom etarkan, dunyoning hatto qoloq davlatlarida millionlab aholini bagʻriga olgan kosmopolitizm oʻchoqlari – megapolislar barpo boʻlmoqda. Yirik davlatlarda megapolislar gigapolislarga aylanmoqdaki, bu jarayon shaharlarni mustaqil, hatto davlatlardan kuchliroq siyosiy kuchga aylantirishi mumkin. Sotsiologlar va iqtisodchilarning fikricha, bu – ulkan shaharlardan iborat boʻladigan yangi dunyoning boshlanishidir (Asanov E. Insoniyat kelajagi: Gigapolislar milliy davlatlar oʻrnini egallaydimi? https://daryo.uz).

Shaharlar yiriklashishda davom etib, mamlakat aholisining asosiy qismini oʻzida jam etgach, qolgan hududlar hamda markaziy hukumat oʻz ahamiyatini yoʻqotadi. Mamlakat taqdiri shaharlarda hal boʻladi. Bugun koʻpgina rivojlangan davlatlarda aholining poytaxt shaharlarda toʻplanishi mamlakat qiyofasini butkul oʻzgartirmoqda. Bugun London aglomeratsiyasida 20 million kishi yashaydi, bu – Britaniya aholisining uchdan biri demak. Seul aglomeratsiyasida esa Janubiy Koreya aholisining yarmi – 25-27 million kishi umrguzaronlik qiladi. Mazkur davlatlarda koʻp sonli, taʼlim darajasi va daromadi boshqa hududlarga qaraganda yuqori, siyosiy faol boʻlgan poytaxt aholisi koʻp narsani hal qiladi.

“Moskvada mamlakat aholisining yarmi yashasa, Rossiya siyosiy jihatdan butunlay boshqa davlat boʻlar edi”, deb yozadi M.Magid bir maqolasida (Магид М. Цивилизация гигаполисов. Что придет на смену национальному государству? http://strelka.com).

Koʻplab ekspertlar pirovardida davlatlar va millatlarning yoʻqolishi, global dunyo va gigapolislar sivilizatsiyasi vujudga kelishini bashorat qilmoqda. Masalan, Stokgolm iqtisodiyot maktabi professori Kell Nordstryomga koʻra, davlatlar struktura sifatida yoʻqlikka yuz tutayotir. Uning fikricha, 50 yildan soʻng 219 mamlakat oʻrnini 600 shahar egallaydi (Nordström K.A. The City, The Power and The Glory. https://www.helsinkidesignweek.com). Qayd etish joizki, olim biroz shoshgan koʻrinadi. Zero, insoniyatning juda katta qismi hali bu jarayondan juda uzoq boʻlib, hayotni millat va davlatsiz tasavvur etolmaydi.

Foreign Policy jurnalining sobiq bosh muharriri, Jahon banki ijrochi direktori Moyzes Naimga koʻra, dunyoda hokimiyat nihoyasi deya atalmish jarayon kuzatilayotir. Aholi soni keskin oshib, aksar davlatlarda savod darajasi 100 foizga yetishi natijasida, jamiyat siyosatni durust idrok etarkan, ijtimoiy robitalar kengaymoqda. Boshqaruv tuzilmalariga oʻz shartini qoʻyishga qodir mikrohokimiyat markazlari (fuqarolik harakatlari, diniy jamoalar, mashhur blogerlar va boshqalar) shakllanmoqda. M.Naimning taxminicha, bundan buyon markazlashgan davlat va kuchli boshqaruvga zarurat qolmaydi (Власти больше нет. Галина Юзефович – о двух книгах про феномены современного общества. https://meduza.io).

Alhosil, yaqin kelajakda rivojlangan davlatlarda aholining mutloq koʻpchiligi yirik shaharlarda oʻrnashadi. Xoʻsh, gigapolislar odamlar hayoti va tafakkuriga qanday oʻzgarishlar olib kiradi? Bu borada quyidagi farazlar mavjud:

– davlatchilik instituti oʻtmishga aylanib, butun hokimiyat, moddiy boylik va intellektual salohiyat shaharlarda toʻp­langach, ular kuchli markazlarga aylanadi. Shaharlar yo yangi koʻrinishdagi davlat tuzilmalariga, yo davlat institutlarisiz makonga aylanarkan, ularni aholining oʻzi yoki, “oʻnglar” taxminiga koʻra, korporatsiyalar boshqaradi;

– millat va boshqa turdagi mansubiyatlar ahamiyati yoʻqolib, shahar oʻzligi milliylikdan ustun keladigan ijtimoiy makon vujudga keladi.

“Gigapolislarda kosmopolitizm hukmron. Ularda yuzlab etnik va konfessional toifa vakillari toʻplanadi. Londonda yashayotgan koreys, hind, irland, olmon va rumin muhojirlari – kim ular? Kim boʻlishidan qatʼi nazar, ularning bolalari Harri Potter haqidagi kitobni oʻqiydi, qiziqishlariga qarab klublarga boradi, bir tilda gapiradi. Ular ingliz, koreys, hind emas, ular – londonlik” (Магид М. Цивилизация гигаполисов. Что придет на смену национальному государству? http://strelka.com).

Demak, bugungi koʻrinishdagi milliy taʼlimotlar zavol topib, ular oʻrnini yo shahar oʻzligi (etnoxoronimiya), yoki (gigapolislar oʻzaro ahil yashasa) umuminsoniy oʻzlik, kosmopolitizm egallaydi.

Farazlar toʻgʻri chiqsa, gigapolislarda hamma ham birdek farovon yashayolmay, qashshoqlik va ijtimoiy muammolar koʻpayadi. Etnik va diniy qarama-qarshilik ham oʻz-oʻzidan yoʻqolib qolmay, ularda etnik va irqiy gettolar vujudga keladi. AQSh, Fransiya, Rossiya, Germaniya, Polsha, Vengriya va Skandinaviya davlatlarida konservatorlar bosh koʻtarayotgani, muhojirlarga qarshi kayfiyat kuchaygani ana shu yangi, kosmopolitik olam paydo boʻlishiga qarshi oʻziga xos eʼtiroz hisoblanadi.

Boya taʼkidlaganimizdek, bu global toʻfon butun insoniyatni oʻz domiga tortmaydi. Zotan, millatchilikni endi shakllantirayotgan, boringki, tirik qolish uchun kurashishdek primitiv pogʻonada qolib ketayotgan jamiyatlar hali juda koʻp. Qolaversa, mutaraqqiy dunyo oldida ham talay muammolar turibdiki, oʻzliklar toʻqnashuvida qaysi kuchning qoʻli baland kelishi noaniq. AQShlik iqtisodchi Daron Ajamoʻgʻli aytganidek, tarixda koʻp narsa tasodiflarga bogʻliq; kutilmagan qarorlar, harakatlar taraqqiyot aravasini butkul boshqa yoʻlga burib yuborishi va yuqoridagi farazlar yoʻqqa chiqishi hech gap emas. Afsuski, bizda hozircha kuzatish va kutish qismatiga boʻysunishdan boshqa yoʻl yoʻq.

Aslida, odamni eng koʻp qiynaydigan savol dunyoning oʻzgarishi yoki oʻzgarmasligi emas, balki bu uning hayotida qanday aks etishidir. Tarix gʻildiragi bugunimizni ezib-yanchib oʻtishi, bir harakatda sokin turmushimizni izdan chiqarishi hech gap emas. Shuning uchun ham odamzod kelajakka razm solarkan, oʻz istiqbolidan tashvish chekadi.

Milliy oʻzlik, umuman oʻzlik taʼlimoti hayotimizning bir boʻlagi boʻlgani bois uning yakson qilinishi, tabiiyki, odamni ruhiy bezovtalik iskanjasiga tashlaydi. Bolalikdan qon-qonimizga singgan, azaliy va oʻzgarmas deb hisoblangan aqida tugasa, nima boʻladi? Usiz baxtli boʻla olamizmi? Ana shu xil ogʻriqli savollar tinchlik bermaydi odamga.

Fan “oʻzlik – ijtimoiy hodisa” deydi. Shunday ekan, u ijtimoiy hayot bilan birga oʻzgarib borishi, takomillashishi turgan gap. Demak, evrilishlar insoniyatni halokatga yetaklamay, aksincha, taraqqiyotda yana bir pogʻona yuqoriga koʻtaradi. Istiqboldan esa imkon qidirgan maʼqul. Maqolani sodda oʻzbekcha tilak bilan yakunlayin: yaxshi gumonda boʻlaylik!

Eldor ASANOV

“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 3-son