Jadid bobolarimiz hozir hayot boʻlganida katta ehtimol bilan eng peshqadam bolalar blogeriga aylanar edi. Ular aynan bolalar timsolida oʻzlari orzu qilgan mustaqil Vatanni, erkin va farovon yashaydigan xalq hayotini tasavvur qilishgan. Bugungi kunning ana shunday imkoniyatlaridan biri esa, shubhasiz, YouTube blogerligi. Ammo, afsuski, yurtimizda ushbu imkoniyatdan foydalanadigan zamonamiz jadidlari hozircha topilmayapti.

Nega aynan YouTube blogerligi?

2005-yil 14-fevralda ishga tushirilgan YouTube platformasi 2023-yilga kelib har oy faol foydalanuvchisi 2.5 mlrd (dunyo boʻyicha internetdan foydalanuvchilarning qariyb 45 foizi) auditoriyaga ega boʻldi. Har daqiqada YouTube foydalanuvchilari tomonidan 500 soat video yuklab boriladi. Ahamiyatli jihati shundaki, YouTube tarmogʻida ayni paytda 51 mln dan ortiq kanal faoliyat yuritayotgan boʻlsa, obunachilar va koʻrishlar soni boʻyicha 2023-yildagi eng mashhur top-10 talikka kirganlar orasida aynan bolalarga moʻljallangan kanallar yetakchilik qiladi. Tasavvur qilyapsizmi, 51 millionning ichida bolalar kanali kuchli oʻntalikni egallab turibdi. Masalan, Cocomelon (Nursery Rymes) kanali 165 mln obunachi, Kids Diana Show – 113 mln, Like Nastya – 107 mln, Vlad and Niki – 100 mln obunachi bilan dunyo bolalarini oʻziga mahliyo qilgan. 2016-yil 18-iyunda Pinkfong ijrosida YouTubega joylashtirilgan Baby Shark Dance (Mitti akula raqsi) qoʻshigʻi esa bugungi kungacha 13 mlrddan ortiq koʻrilgan. Albatta, bu kabi raqamlardan iborat statistikani yana ancha davom ettirish mumkin, lekin bu yerda asosiy maqsad bolalar kontentiga boʻlgan talabning qanchalik yuqoriligi va bolalar auditoriyasining ana shunday kontentlarga qanchalik oʻchligiga eʼtibor qaratish. Toʻgʻri, millionlab auditoriyaga ega va milliardlab koʻrishlarni toʻplayotgan kontentlarning hammasini ham bolajonlar yuksalishi uchun xizmat qilyapti deb aytish qiyin. Masalaning nozik va muhim tomoni ulkan qamrovga ega ana shu YouTube platformasidan bolalar taʼlim-tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan vosita sifatida unumli foydalanishda.

Bolalar blogerligi nima beradi?

YouTube tarmogʻini sal erinmasdan koʻzdan kechirib chiqsak, u yerda bolalarga moʻljallangan turli mazmun va yoʻnalishdagi kanallarni uchratamiz. Ularni asosan: 1) animatsiya va multfilmlar; 2) oʻquv videolari; 3) oʻyinlar va geyming; 4) oʻyinchoqlarni oʻramdan ochish va ularga baho berish; 5) qoʻshiq va musiqiy videolar; 6) turli chellenjlardan iborat olti yirik turkumdagi kontentlar tashkil etadi, yaʼni bolalarning istalgan did va xohishlariga mos kontentlarni topish mumkin. Deylik, qaysidir ota-ona bolasining dunyoqarashini kengaytiradigan yoki bilimini oshiradigan videolarga ehtiyoj sezayotgan boʻlsa, marhamat, YouTubeda bunga tegishli minglab kontentlar bor. Qolaversa, YouTube blogerlari bolalar va ularning ota-onalari uchun har xil mavzudagi kontentlarni yaratib berish bilan birga, jajji auditoriya ortidan millionlar ishlab topayotgani ham bor gap. Xullas, bolalarga moʻljallangan videolar tayyorlayotgan blogerlarni har qanaqasiga olib qaramang foydada, biroq YouTube blogerligi chindan ham bolalar foydasiga xizmat qilishi, ayniqsa, oʻzbekzabon bolajonlarga moʻljallangan kanallarni yuritishda bir qancha muhim jihatlarni inobatga olishga toʻgʻri keladi. Bu borada kontentlar va ijtimoiy tarmoqlar auditoriyasining qiziqishlarini tahlil qiluvchi Posters onlayn-servisi tavsiyalari eʼtiborli. Unga koʻra, bolalar uchun kontent yaratishda quyidagi jihatlarni inobatga olish zarur:

1. Xavfsizlik va muvofiqlik. Bolalar uchun kontentlar, albatta, ularning yoshiga mos boʻlishi, zoʻravonlik, shafqatsizlik, nojoʻya xatti-harakatlar va shunga oʻxshash salbiy taʼsirlardan xoli boʻlishi shart.

2. Qiziqarli va rang-baranglik. Agar kontentlar bolani oʻziga jalb qila olmasa, bari urinishlar havoga uchishi aniq. Shu sabab, ekspertlar bolalar uchun yorqin va jozibali vizual effektlardan, qiziqarli voqealar, oʻyin va qoʻshiqlardan foydalanishni tavsiya qiladi. Buning formulasi ham oddiy: yorqin tasvir + vizual va musiqiy maxsus effektlar + sevimli va mashhur personajlar = muvaffaqiyat.

3. Bolalar psixologiyasini tushunish. Bunda bolalarning yoshi, xarakteri va alohida xususiyatlarini hisobga olish muhim hisoblanadi. Shu sabab, kontentda bolalarning kognitiv, emotsional va ijtimoiy koʻnikmalarini rivojlantirishga eʼtibor qaratish joiz.

Taʼkidlash oʻrinliki, Lego kompaniyasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan tadqiqotga asosan, AQSh, Buyuk Britaniya va Xitoydagi zamonaviy bolalar fazogir boʻlishdan koʻra blogerlikni uch karra koʻproq orzu qilishar ekan. Chindan ham bugungi hayotimizda blogerlik – bu mashhurlikka erishish va yaxshigina daromad topishning samarali yoʻllaridan boʻlish bilan birga, bolajonlarga eng koʻp taʼsir koʻrsata oladigan sohaga aylandi. Hozirda ana shunday oʻz tengqurlarining didi va qarashlariga taʼsir koʻrsatayotgan 13 yoshgacha boʻlgan bolalarni kidflyuenserlar deb atashadi. Agar hozirda 100 dan ortiq davlatlarda YouTubedan foydalanish imkoniyati mavjudligi inobatga olinsa, bolalar blogerligining naqadar kattta kuch ekanini tasavvur qilish qiyin emas. Boshlangʻich bilimlar (sanash, ranglarni oʻrganish, jonivorlar bilan tanishish, tevarak-atrofdagilar bilan munosabatga kirishish va h.k.)dan tortib, murakkab topshiriqlar (harflarni tanish, qoʻshish-ayirish, mantiqiy fikrlash va b.q.)ni oʻzlashtirishgacha va hatto bolalarning xulq-atvori shakllanishida bu kabi kidflyuenserlar va umuman, bolalar uchun kontent tayyorlayotgan blogerlarning taʼsiri katta boʻlyapti.

Oʻzbek blogerlari nega “bolajon” emas?

Bir vaqtlar “yetti mahalla ota-ona” deyishar edi, zamon zayli bilan uydan chiqmay qoʻygan bolalarga, chillag-u bekinmachoq oʻrniga internet bilan katta boʻlayotgan avlodga endi “yetti bloger ota-ona” boʻlib qoldi. Afsuski, ular ham milliy auditoriyamizga “oʻgay ota-onalar”, chunki bizning bolajonlar oʻzimizda oʻzbekzabon blogerlar yoʻqligi sabab, faqatgina xorijiy kontentlar bilan “ozuqlanish”ga majbur. Ular nimani taklif etishsa, oʻrnini bosuvchi oʻzimizning kontentlar yoʻqligi uchun oʻshalarnikini eʼtirozsiz qabul qilishga oʻrganishyapti. Qaysi artist necha pullik moshinada yurishi-yu qanaqa uyda yashashi, nimalar yeb-ichib, qanaqa kiyimlar kiyishigacha yonib-kuyib kontent tayyorlaydigan yoki ijtimoiy-maishiy hayotimizning boshqa har qanday ikir-chikirlari haqida erinmasdan video-bloglar yuritayotgan oʻzbek blogerlari bolalar uchun xizmat qilishni nazariga ilmayotgan, ehtimol, bu toʻgʻrisida oʻylab ham koʻrmagan boʻlishi mumkin. Lekin ayni mana shu yoʻnalish, yaʼni bolalar blogerligi yurtimizda xuddi hali kashf etilmagan orol singari oʻz egalarini kutib turibdi. Muhim jihati shundaki, bolalar blogerligi moʻmay daromad keltirish bilan birga (albatta, kontentlar shunga yarasha mazmunli, qiziqarli va bolalarbop boʻlsa), millat bolalari yuksalishida, milliy kontentlar orqali bundan bir asr avval jadid bobolarimiz yonib-kuygan taʼlim-tarbiya masalasida zoʻr dastak boʻlishi mumkin, faqat uni ishga tushirib olish kerak, xolos.

Aziz MATYOQUBOV