Hozirgi kunda butun Yevroosiyoda boʻlgani kabi Markaziy Osiyoda ham oʻzliklar (identity) kurashi va raqobati kechmoqda. Millat, millatchilik, oʻzlik tushunchalari tafakkur ahlini oʻylantirmoqda, bu boradagi kurash umumjahoniy miqyos kasb etmoqda.

Mamlakatimizda ham milliy oʻzlik muammolariga oid munozaralar qariyb qirq yildan beri davom etayotir. Zamonaviy Oʻzbekistonda qiziq bir holatni kuzatishimiz mumkin: lokal va global, dunyoviy va diniy oʻzliklar qarama-qarshiligi kuchaymoqda.

Oʻzlik taʼlimoti borasida jamiyatimiz yakuniy toʻxtamga kelmagani sabab mazkur istilohga aniq taʼrif berishdan oʻzimizni tiymoqdamiz. Maqolada bayon etajak mulohazalarimiz hukm emas, balki shaxsiy nuqtai nazar ekanini eslatgan holda, olimlar, tadqiqotchilarni bahsga chorlab qolamiz.

Sovet Ittifoqi parchalanishi arafasida Markaziy Osiyoda millat, millatchilik, demokratiya, diniy va dunyoviy davlat, fuqarolik jamiyati kabi tushunchalar borasida jangi jadal boshlanib ketdi. Oxirgi yillarda mazkur masalalarning aksariga muayyan yechim topildi. Lekin oʻzlik taʼlimotiga oid dolzarb savollar hamon javobsiz qolmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri – jamiyatimizda mustaqillik va erkinlik atamalarining faqat davlat va huquqiy madaniyatga nisbatan ishlatilganidir. Bizningcha, bu ikki muhim qadriyat mantiqiy nuqtai nazardan aralashtirilib yuborildi, taʼbir joiz boʻlsa, jonsiz tushunchalarga aylantirildi. Oʻzlik masalasiga ham siyosiy-mafkuraviy tus berildi, ijtimoiy kategoriya sifatidagi talqini cheklandi, pirovardida, u asl mazmun-mohiyatini yoʻqotib, mavhum va mubham istilohga aylandi.

Oʻzlik milliy, madaniy, siyosiy va diniy shakllarga ega. Markaziy Osiyoda mazkur shakllar qorishiq holda namoyon boʻlmoqda. Mintaqaning bugungi kishisi tashqi suratiga koʻra yevropalik, siyratiga koʻra esa diniy yoki milliy qadriyatlarga eʼtimod qoʻygandir. Oʻzlikning omixta shakli postkolonial (mustamlakadan keyingi) davr natijasi deyish mumkin.

Bir ilmiy haqiqatni anglashimiz zarur: oʻzlik siyosiy irodaga emas, balki har bir fuqaroning irodaviy harakatiga bogʻliq. Irodaviy harakatning asosini esa anglangan istak-xohish tashkil etadi. Ayniqsa, XXI asrda oʻzlik masalasi yanada nozik tus olib, shaxsiy anglangan tanlovga aylandi-qoʻydi. Bu, albatta, butun kurrai arzda inson huquqlari harakatining jadallashgani bilan izohlanadi.

Nima uchun oʻzlik taʼlimotini shakllantirishda hozirgi kun mohiyatiga eʼtibor qaratilmayapti? Nima uchun mavjud siyosiy, iqtisodiy va madaniy shart-sharoit inobatga olinmayotir? Umuman, jamiyatimizda nega zamonaviy oʻzlik masalalari tegrasida qizgʻin bahs-munozara kuzatilmayapti? Balki, “normal oʻtmish” va “normal kelajak” oʻzligimiz masalasini uzil-kesil hal etar? Bu kabi savollarga aniq-tiniq javob topish vaqti allaqachon kelgan. Aks holda, oʻzligimiz mavhumligicha qolaveradi. Yaxlit millat boʻlib shakllanish ham koʻp jihatdan shunga bogʻliq.

Oʻzligimiz tamali nima?

Bizning eng katta muammomiz – oʻzlikni siyosiy, madaniy yoki diniy asosga “bogʻlab” qoʻyganimizdadir. Yurtdoshlarimizga asosan siyosiy manfaatlarga boʻysundirilgan oʻzlik shakli taqdim etib kelindi. U hali-hamon oʻzbek fanida mustaqil tushuncha sifatida toʻliq aks etmagan.

Oʻzlik koʻp qatlamli taʼlimot oʻlaroq siyosiy, madaniy, etnik, diniy va fuqaroviy unsurlardan tashkil topadi. Taʼkidlash joizki, uning biron elementi ustunlik qilmasligi kerak. Agar biron bir unsur ustunlik qilsa, uning oʻzani oʻzgarib, “oʻzga”ning manfaatiga xizmat qila boshlaydi.

Oʻzlik kabi “oʻzga”ni ham hozircha faqat tarixiy mezonga koʻra tavsiflash mumkin. U turli vaziyatlarda davlat, hokimiyat, kuch, ilm-fan, madaniyat, din tarzida namoyon boʻladi.

Postkolonial bosqichdagi Oʻzbekistonda oʻzlikning mustaqil kategoriya sifatida shakllanmagani sabablaridan yana biri – “oʻzga” bilan munosabatda muvozanat yoʻqligidir. Bu hol oʻzlikning barcha shakllariga salbiy taʼsir oʻtkazyapti. Tafriqaga qarshi kurashish va unga chek qoʻyish uchun esa intellektual tarix sohasi ravnaq topishi zarur.

Oʻzlikning funksional asosini tarixiy tajriba va kelajak rejalar tashkil etadi. Soddaroq aytganda, oʻzlikni jamiyat mahsuli deya talqin qilsa ham boʻladi. Mashhur fransuz psixoanalitigi Jak Lakan aytganidek, “Oʻzlik oʻzga hozir boʻlganda anglanadi”. Demak, oʻzlik oʻz-oʻzini anglay olmaydi, balki “oʻzga”ni taqozo etadi. Bizda farang olimining formulasi boshqacha shaklda boʻy koʻrsatmoqda: oʻzlik “oʻzga” bilan qizgʻin kurashda oʻz qobigʻiga oʻralib, mohiyatini yoʻqotmoqda. “Oʻzga” mudom oʻzlikni boʻysundirmoqni koʻzlaydi. Kuchlar barobar boʻlmagan kurashda, tabiiyki, oʻzlik chekinadi. Mohiyatan oʻzlik doimo oʻzini kashf qiladi, “oʻzga” esa bu jarayonni izmiga solmoqni istaydi. Agar oʻzlik mustahkam va poydor boʻlsa, u tashqi omil taʼsirida zaiflashmaydi, balki olovda toblangan temirdek pishib-yetiladi.

Oʻzlikni siyosiy institutlarga bogʻliq deb biladigan ziyolilarimiz uning mustaqilligini tan olgisi kelmaydi. Yana ayrimlar uni davlat shakllantirib berishi kerak deb hisoblaydi. Bunday vaziyatda davlat “katta oʻzga”ga (J.Lakan istilohi) aylanib qolishi hech gap emas.

Mutaraqqiy dunyoda aksincha – oʻzlik har bir shaxsning tanlov va irodasiga vobasta koʻriladi. Ilmiy lahjada aytganda, oʻzlik mohiyatan vertikal emas, balki gorizontal anglanmagan istaklardan iboratdir. Yaʼni istaklarning shakllanishi siyosiy institutlarga bogʻliq boʻlmasligi lozim. Xohish-istaklar siyosiy institutlar nazoratida boʻlgan muhitda oʻzlik taʼlimoti vertikal tarzda idrok etiladi, jamiyatda hatto tengsizlik risoladagi hol deya qabul qilinadi. Bu jihatdan fransuz faylasufi Jil Delyozning “koʻpildizlilik” (fr. rhizome – rizoma) nazariyasi masala mohiyatini teran anglashga yordam beradi.

Mamlakatimiz ilm va ijod ahli ham oʻzlikning negizini qidirib keladi. Ammo bizning xatomiz shundaki, nafaqat oʻzlikni, balki barcha ijtimoiy kategoriya va tushunchalarni vertikal tasavvur qilamiz, koʻpincha hayot-mamot masalalarida “kattalar nima desa shu” degan aqidadan chetga chiqa olmaymiz. Bu esa gʻoyaviy jabhada muvozanat buzilishiga olib keladi.

Qiziq holat shuki, aksar ziyolilarimiz “oʻzlik asosida istak-xohish yotadi” degan fikrni jillaqursa muqobil variant oʻlaroq qabul qilmaydi. Ular nazdida, istak-xohish – salbiy kategoriya. Odamzodni hayvonot olamidan istak-xohish ajratib turishini unutib qoʻyganmiz goʻyo. Aslida, istak-xohishlarning namoyon boʻlishi oʻzlikka kuchli taʼsir koʻrsatadi. “Oʻzga”ning murod-maqsadi ham oʻzlikning istak-xohishiga taʼsir oʻtkazishdan iboratdir.

Yana ayrim ziyolilarimiz negadir “oʻzga”ning oʻzlikka “bosim”ini tabiiy deb biladi. Soddaroq aytganda, siyosiy institutlarning barcha chora-tadbirlari istisnosiz qoʻllab-quvvatlanadi. Bu ham postkolonial jamiyat asorati boʻlsa ajab emas. Chunki davlatchilikni bunday talqin etish sovet davriga xosdir.

Oʻzlikning funksional shakl-shamoyili ijtimoiy hayotda aks etadi. Uning mavjudligi, yashamogʻi uchun qaynoq ijtimoiy hayot zarur, albatta. Oʻzlik ijtimoiy kategoriya ekan, u bevosita shu makonning tarixiy tajribasiga tayanishi kerak. Jamiyatimizda esa haligacha “yevropalashish”, “turkiylashish”, “milliylashish”, “islomlashish” qutblari oʻzaro ixtilofda. Demak, muammo aniq, endi unga oqilona yechim topmoq lozim. Bizningcha, yechim – oʻzlikning gorizontal tasavvurini yaratib, “oʻzga”ning ustunligini kamaytirishda. Sirasi, uni siyosiy manfaatlarga emas, balki inson manfaatlariga boʻysundirmoq darkor.

Tarixiy ong va oʻzlik

“Oʻzligimizning asosini tarixiy ong tashkil etadi” deya olamizmi? Bizningcha, yoʻq. Chunki bizda tarixiy ong palapartish holatda va mafkuralashtirilgan shaklda. Paradoks shundaki, u hali toʻliq idrok etilmagan. Idrok etilmagan tarixiy ong esa oʻzlikka emas, balki “oʻzga”ga xizmat qiladi. Tarixiy ong gohida repressiv gʻoya toʻnini kiyib, mafkuraviy vazifalarni bajaradi.

Tarixiy ong shaklan Fanlar akademiyasida mavjuddir, lekin jamiyat uning mazmun-mohiyatidan toʻliq xabardor deya olmaymiz. Aniqroq aytganda, bu borada faqat tor ilmiy doiralarda gapirilmoqda, keng jamoatchilik esa undan voqif emas.

Aslida, tarixiy ong asosida tarixiy xotira yotadi. Lekin bizda tarixiy ong negizida “haqqoniy tarix” manaman deb boʻy koʻrsatib turibdi. “Haqqoniy tarix”ni mamlakat ahli izlamoqda, lekin u postkolonial jamiyatning xayoloti, xolos. Hatto ziyolilarimiz ham u asotir ekanini anglayotgani yoʻq. Xayol mahsuli ortidan chopish esa asosiy muddaodan chalgʻitmoqda.

Bizningcha, tarix oʻzlikning funksional asosi boʻla olmaydi. Boz ustiga, ayrim siyosiy guruhlar manfaatiga xizmat qiluvchi tarix millatchilikka ham yetaklashi mumkin. U holda qani oʻsha “haqqoniy tarix”? Kim, qachon tiklaydi uni? “Haqqoniy tarix” tiklansa, oʻzligimiz shakllanishi itmomiga yetadimi? Umuman, oʻzlik masalasi faqat shu omilga bogʻlanib qolganmi? Shu kabi savollar tegrasida bahs-munozara yoʻqligi gumanitar fanlarda ilmiy saviya tushib ketganidan dalolat beradi.

Tarix fani va falsafasidan boxabar olim “haqqoniy tarix”ni qidirib vaqt yoʻqotmaydi, chunki tarix “mafkuradan xoli makon”ligini (fransuz olimi Per Burdyo taʼrifi) yaxshi biladi. Darhaqiqat, tarix fani mustaqil makonga ega. Ammo biz koʻpincha tarix, sotsiologiya, falsafani siyosiy makonga boʻysundirib, anglab-anglamagan holda “katta oʻzga”ning tegirmoniga suv quymoqdamiz. Bularning bari asotirlarga toʻla, pirovardida resentiment (subyektning oʻz omadsizliklari sababini “oʻzga”da koʻrishi, aybdorlik hissidan qutulish ilinjida dushman timsolini yaratish) holatiga yetaklaydigan “haqqoniy tarix”ga ehtiyoj tugʻdiradi.

Tarixiy ong zamirida anglangan zamonaviylik yotadi. Oʻzlik “oʻzga”ga qarshi kurashda ham tarixiy ongga tayanadi. Jamiyatimizda esa buning aksi kuzatilayotgandek. Tarix makonini zamonaviy istak-xohishlar egallashi ham durust emas. Binobarin, oʻtmish bugunning muammolariga universal yechim boʻla olmaydi.

Bizga nima xalal bermoqda?

Oʻylashimizcha, shonli oʻtmish va buyuk kelajak gʻoyalari oʻzlik taʼlimotini shakllantirishimizga xalal bermoqda. Sirasi, bizning oʻtmishimiz zamonaviy shaklda namoyon, mazmuni esa kelajakda jamlangandir. Shu bois ham hozirgi kunimiz toʻliq zamonaviylikka aylanayotgani yoʻq – mamlakat aholisining aksari uni oʻtmishning, ziyolilarimiz esa kelajakning bir qismi deb biladi. Olmon sotsiologi Yurgen Habermas Yevropada “modern (zamonaviylik) – tugamagan dastur” deb yozgan edi. Olimning bu fikrini hayotimizga tatbiq qilsak, “oʻzlik – tugamagan dastur” oʻlaroq inʼikos etadi.

Tarixiy ong tugal shakllanmagani yoki sovetcha ongning haligacha ustunligi sabab oʻzligimiz postkolonial va modern (stalincha variantda) kategoriyalariga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Oqibatda, jamiyatda madaniy taraqqiyot past-baland tarzda kechmoqda, ziyolilar orasida ilmdan yiroq bahslar koʻpaymoqda, dunyoviylik  va diniy tafakkur turli jabhalarda toʻqnash kelmoqda. Intellektual “ayirmachilik” va boshboshdoqlik, milliy oʻzlikning tarixiy asoslari boʻshligi shunday noravo holni paydo qiladi. Bu vaziyatdan bizni faqat ochiq munozara, erkin tafakkur va chinakam oʻzlik taʼlimoti qutqara oladi. Yana J.Lakan nazariyasini yodga olsak, oʻzligimizni anglashimiz uchun “oʻzga” kerak. Hozircha jamiyatimizda haqiqiy oʻzlikka teng “oʻzga” yoʻq, illo bahslashayotgan guruhlar mavjud. Siyosat, madaniyat va din inson manfaatlariga xizmat qilsa, jamiyatda munosib “oʻzga” vujudga keladi. Gʻoyaviy plyuralizm esa risoladagidek oʻzlik taʼlimoti shakllanishiga koʻmak beradi.

Yana bir bor taʼkidlaymizki, oʻzligimizga oʻtmishning taʼsiri katta va koʻp hollarda u salbiy taʼsir koʻrsatayotir. Asosiy sabablardan biri – biz oʻtmishimizdan norozimiz. “Haqqoniy tarix”ni izlash bilan ovora ekanimiz boisi ham shu. Norizolik ham oʻzlik, ham tarixiy xotira shakllanishiga toʻsiq boʻladi. Bu kayfiyatni yengib oʻtish uchun jamiyat tarix bilan “xotiraviy murosa”ga kelmogʻi lozim. Ziyolilarimiz va siyosatchilarimiz tarix kechagi kun ekanini tan olishlari zarur. Tarixiy xotira qaror topmogʻi uchun moziyga munosabat ham oʻzgarishi kerak. Zamondoshlarimiz tasavvurida oʻtmish – oʻtmish emas, balki hozirgi kungacha davom etayotgan uzluksiz voqealar almashinuvi. Jamiyatda kechayotgan munoqashalarning sababi ham shundadir. Oʻzlik va tarixiy xotira poydor boʻlmagani bois bahslar aljirash va shaxsiy manfaatlar toʻqnashuviga aylanib qolmoqda yoki siyosiylashtirilmoqda. Alaloqibat, oʻzlik bir chetda qolib, boshqa siyosiy gʻoyalar markaziy oʻringa chiqyapti.

Buyuk oʻtmish va oʻzligimiz

Buyuk oʻtmish gʻoyasi “haqqoniy tarix” tushunchasini paydo qildi. “Buyuk oʻtmish” shunday fenomenki, u gohida toʻqima-xayoliy hodisalarni talab etadi. Shonli oʻtmish, ulug‘ ajdodlar gʻoyasi oʻzligimiz shakllanishiga soya solayotgandek. Mantiqan baholasak, “buyuk oʻtmish” konsepsiyasi intellektual notenglikni yaratadi. Chunki u kezi kelganda tarixni ideallashtirishga majburlaydi. Ideallashtirilgan tarixni oʻqigan zamonaviy inson bugun va oʻtmish oʻrtasida nisbat qidiradi, izlaganini topa olmagach, tarixdan koʻngli soviydi. Shu tariqa oʻzlikning funksional quroli – tarixiy ong shakllanmay qoladi. Alaloqibat, zamondoshimiz oʻzligining ildizini boshqa millatlardan qidiradi, yaqin­yiroqdagi mamlakatlarga havas-la boqadi, psixologik jihatdan oʻzini noqis seza boshlaydi.

Shonli oʻtmish gʻoyasining yana bir jihati oʻzlik tushunchasining siyosiylashgani va mafkuralashgani bilan bogʻliq. Bu vaziyatda u davlatchilik gʻoyasiga chambarchas bogʻlanadi, yaʼni davlatchilik “oʻzga” vazifasini bajaradi. Bizda ham oxirgi oʻnyilliklarda oʻzligimiz mazmunini davlatchilik mafkurasi belgilagani sir emas. Tariximiz talqinida davlatchilik birlamchi ahamiyat kasb etgani sababli u oʻzlik masalasidan ham ustun mavqeni egalladi. Oʻzlik hatto davlatchilikning bir unsuriga aylandi. Aslida, aksincha boʻlishi kerak edi. Sogʻlom tafakkurga quloq tutib, barini oʻz oʻrniga qaytarish vaqti keldi, nazarimizda.

Maqola avvalida oʻzlik bobida sof ilmiy munozara kechmogʻi uchun intellektual tarix yoʻnalishini rivojlantirish zarurligi haqida gapirgan edik. Intellektual tarix tushunchalar takomili va tadrijini oʻrganadi. Akademik tariximizda ushbu yoʻnalish ravnaq topsa, oʻzlik asoslarini anglash ham osonlashadi.

Intellektual tarix zarurati

Normal oʻtmish va normal kelajak haqidagi tasavvurlarni aynan intellektual tarix shakllantiradi. Ushbu ilmiy yoʻnalish oʻtmishdagi gʻoyalarni rekonstruksiya qilib, tushunchalar mohiyati va mazmuni orasidagi farqlarni tadqiq etadi. Masalan, “Boburnoma”da Hirot aslzodalarining hayot tarzi nega qora boʻyoqda tasvirlangan? Jadidlar nega ayrim anʼanalarni taraqqiyot yoʻlidagi asosiy gʻov deb bilgan? Bobur Mirzo Hirot arkoni davlatining aysh-ishratga berilgani Shayboniyxonning oson gʻalabasiga zamin hozirladi deb hisoblaydi. Jadid maʼrifatparvarlari esa qoloq odatlar, toʻylardagi isrofgarchilik va taʼlimga eʼtiborsizlik sabab ilgʻor oʻlkalardan ortda qolib ketdik deb kuyunadi.

Intellektual tarixchi uchun oʻtmishdagi voqea-hodisalarni zamondoshlar qanday qabul qilishi, ular bugungi kun jamiyatida qanday aks sado berishi oʻta ahamiyatlidir. Hamma tarixchilarimiz ham matn zamirida bahsli fikr, muallifning shaxsiy istak-manfaatlari yotishini toʻgʻri tadqiq qilavermaydi. Ayrim olimlar tarixiy matnni zamonaviy mafkura koʻzoynagini taqqan holda oʻqiydi. Yaʼni tarixiy matnni idrok etishda gʻoyaviy evrilishlar eʼtiborga olinmaydi. Oqibatda, tarixiy matnning mohiyati buzilib, mazmuni tahrirga uchraydi. Bu holat oʻzlik shakllanishi va mavjudligiga xavf tugʻdiradi.

Oʻzlik taʼlimoti ham intellektual tarixning asosiy tadqiqot mavzusi hisoblanadi. Mulohazali savollarimizni davom ettirsak: Bobur va jadidlar oʻzligi oʻrtasida mushtarak jihatlar bormi? Bobur ham, jadidlar ham zamonasining ashaddiy tanqidchilari hisoblanadi. Xoʻsh, turli davrlarda yashagan tarixiy siymolarning oʻzligi javhari nima edi? Umuman, ajdodlarimiz oʻzligi “evolyusiyasi” mavjudmi?

Afsuski, oʻzlik tadriji borasida ravshan tasavvurga ega emasmiz. Chunki uni siyosiy kategoriya deb qabul qilganmiz. Aslida, oʻzlik ijtimoiy kategoriya va hamisha zamonaviylikka aloqadordir. Mazkur tushuncha ijtimoiylashuvi uchun uning tarixi yozilishi shart. Bu yana bir karra intellektual tarixni rivojlantirish lozimligini tasdiqlaydi.

Renessans va oʻzlik

Oʻzlik taʼlimoti xususida soʻz borar ekan, “renessans” (uygʻonish) tarixiy-mafkuraviy konseptini chetlab oʻtib boʻlmaydi. Mintaqamiz xalqlari ikki katta Renessans davrini boshdan kechirgan. Birinchi davr IX–XII asrlarni, ikkinchisi XIV–XV asrlarni oʻz ichiga oladi.

XX asrning 20-yillarida Bazel universiteti professori Adam Mes Musulmon renessansi haqida batafsil yozgan edi. Shu davrdan eʼtiboran renessans nafaqat Gʻarb, balki Sharq madaniyatiga ham tegishli ekani isbotlandi. 1960-yillarida akademik Viktor Jirmunskiyning Sharq renessansida Alisher Navoiy roliga doir maqolasi Temuriylar renessansiga ilmiy asos boʻlib xizmat qildi. Shu davrda akademik Nikolay Konrad Temuriylar va Gʻarb renessansi oʻzaro bogʻliqligini asosladi. N.Konrad Navoiy oʻz asarlarida umuminsoniy gʻoyalarni olgʻa surgani bilan boshqa Sharq allomalaridan ajralib turishini taʼkidlagan edi. Sovet Ittifoqi parchalangandan soʻng ilm-fanda renessansga munosabat keskin oʻzgardi. Uygʻonish gʻoyasi goh milliylashtirildi, goh diniylashtirildi.

Rus olimi Leonid Batkin fikricha, “Renessans XX asr tarixiy ongining eng dolzarb muammosi hisoblanadi”. Ammo ziyolilarimiz bu ilmiy haqiqatni anglamayotgandek. Chunki mazkur mavzuda na akademik doiralarda, na keng jamoatchilik orasida ochiq munozara kuzatilmayapti. Tarixiy ong va renessans davrlaridan ilhom olyapmiz, zoʻr taʼrif-tavsif yozyapmiz, lekin masalani teran tafakkur qilish, ijodiy yondashish bobida hamon ortdamiz. Renessans tarixiy ongimizning bir qismi ekan, unga doir gʻoyalarni tarixiy xotira darajasiga koʻtarmoq lozim. Bu vazifa uddalanmas ekan, Uygʻonish davri tarixiy faktdan nariga oʻtmaydi.

Uchinchi Renessansning maqsadi ayon: oʻtmish hodisalarini tafakkur chigʻirigʻidan oʻtkazib, tarixiy xotirani mustahkamlash va tarixiy ongni shakllantirish. Buning uddasidan chiqsak, oʻzlik bevosita va bilvosita tarixiy ong bilan vobasta boʻlib, sogʻlom milliy tafakkur vujudga keladi. Demak, renessanslarimizning yangi talqini zarur. Ularni oʻrganish bilan cheklanmay, Uchinchi renessansning ilmiy asosini yaratish lozim.

Orzudagi kelajak

Keyingi vaqtlarda ziyolilarimiz matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda “normal oʻtmish” va “normal kelajak” haqida mulohaza bildira boshladi. Bu oʻrinda tarix va kelajakni buyuklik daʼvosidan xalos etib, inson manfaatini ilgari surish nazarda tutilmoqda. Boya qayd etganimizdek, oʻzlik gʻoyasi oʻtmish va kelajak bosimidan xalos boʻla olmayapti. Shonli oʻtmish, buyuk kelajak kabi gʻoyalar esa “oʻzga”ning quroli ekani sir emas.

Oʻzlik doimo zamonaviy boʻlib, davr ruhini aks ettiradi. “Oʻzga” esa oʻtmish va kelajak kategoriyalariga tayanib, mudom oʻzlik “hudud”iga daxl etish payida. Jamiyatimizda oʻtmish va kelajak bosimi kuchli boʻlgani sabab ham oʻzlik oʻzanini topa olmayotir. Zamonaviylik (modern) orqali oʻtmish va kelajakni anglash bobida ham ahvol koʻngildagidek emas. Oqibatda, “oʻzga” buyuklik daʼvosi orqali zamonaviylikka tahdid solyapti. Oʻzlik bilan “oʻzga” orasida muvozanat buzilishi ikkinchi tomon foydasiga xizmat qilyapti.

Tarixiy tajriba va xulosa

Oʻzlik takomili jahonda katta imperiyalar (ingliz, fransuz, rus) barpo boʻlishi davriga toʻgʻri keladi. Gʻarbiy Yevropa va Yaponiyada oʻzlik millat koʻrinishida namoyon boʻldi. Yevropada zamonaviy taʼrifga mos millatlar 1789-yilgi Buyuk fransuz inqilobidan soʻng vujudga keldi. “Amerikalik” esa klassik Yevropa millatlaridan farqli ravishda turli elatlar qorishuvi natijasida hosil boʻlgan. Amerikalik – “yovvoyi” Gʻarbni oʻzlashtirish jarayonida toblangan va shakllangan xalqdir. Yaponiyada XIX–XX asr boʻsagʻasida oʻzlik murosasiz millatchilik tarzida maydonga chiqdi. Ikkinchi jahon urushidan soʻng esa Kunchiqar oʻlkada vesternizatsiya (gʻarblashuv) kuchaydi. Bu jarayon hozirga qadar davom etyapti.

Oʻzbekiston aholisi oʻzlikni shakllantirish uchun bir necha modelni tanlash imkoniga ega. Bizga mos keluvchi modellardan biri – qadimgi soʻgʻdiylar desak boʻladi. Hozirgi davr geosiyosiy jihatdan III–VI asrlarni eslatadi. Oʻsha kezlar soʻgʻdiylarni sharqdan – Xan (hozirgi Xitoy), janubdan – sosoniylar (Eron), gʻarbdan – Vizantiya imperiyalari, shimoldan esa Turk xoqonligi qurshab olgan edi. Shimoliy Yevroosiyoda qabilalarning Gʻarbga buyuk koʻchishi kechayotgan edi. Ana shunday murakkab vaziyatda soʻgʻdiylar turli davlat, elat va qabilalar bilan kelishib savdo-sotiq qilgan, Buyuk Ipak yoʻlida azim shaharlarni barpo etgan edi. Soʻgʻd savdogarlari orqali butun Yevroosiyoga madaniyat va dinlar tarqalgan, ular Sharq-u Gʻarb xalqlari oʻrtasida koʻprik vazifasini bajarib, koʻplab urushlarning oldini olgan edi. Soʻgʻd tili xalqaro tijoratda keng istifoda etilardi. Nasroniy, moniy yoki buddaviylikka eʼtiqod qilgan soʻgʻdliklar din va madaniyat bobida bagʻrikeng boʻlgan.

“Oʻzbekistonlik” atamasi mazmun-mohiyatini soʻgʻdiylarning turmush tarzi, qadriyatlari va dunyoqarashi bilan boyitish mumkin. Oʻzbekiston bugun ham soʻgʻdliklar kabi siyosiy, iqtisodiy va madaniy masalalarda mediator (vositachi) boʻlishi lozim. Ana shunda biz ajdodlarimizning tarixiy maqom-mavqeini qaytarib olgan boʻlamiz. Oʻzlik taʼlimoti borasida ham aniq xulosalar shakllanadi.

Baxtiyor ALIMJONOV

“Tafakkur”
jurnali, 2023-yil 3-son.
“Oʻzanini izlayotgan oʻzlik” maqolasi