Bulgʻoristonlik bir tanishim “bajanak”, “baldiz” soʻzlarini bulgʻorlar ham ishlatishini aytgandi. Baʼzi turkiy lahjalarda boja, yaʼni opa-singil yoki qarindoshlarga uylanganlarga nisbatan “bajanak” deyiladi, “boldiz” esa oʻzbek tilida ham, “xotinning singlisi, qayinsingil” maʼnosiga ega. Bulgʻorlarda ham “badjanak” – boja, “baldiz” – xotinning singlisi, boldiz maʼnolariga ega ekan.

Hozirgi bulgʻorlar qadimgi bulgʻor turklarini oʻzlarining ajdodlari deb bilishadi. Ularga nafaqat “bulgʻor” nomi, balki qadimgi bulgʻor turkchasidagi koʻpgina soʻz-oʻzaklar ham meros boʻlib qolgan. Bundan tashqari, Usmonli davlati tarkibida kechgan besh asrlik davr mobaynida bulgʻor va boshqa bolqon xalqlari tillariga usmonli turkchasidan koʻplab turkiy soʻzlar oʻtgan. Shunday qilib, hozirgi bulgʻor tili slavyan tillari oilasiga kirsa-da, tagzaminida turk tili yotadi.

“Badjanak”, “baldiz” soʻzlari bulgʻor tiliga, bizningcha, qadimgi bulgʻor turkchasidan emas, keyinchalik, usmonli turkchasidan oʻzlashgan. Chunki usmonli turkchasida “boja” – “bacanak” (“bajanak”), “qayinsingil, boldiz” – “baldiz” shaklida ishlatiladi. Afsuski, “boldiz” hozirgi oʻzbek tilida tobora isteʼmoldan chiqib, oʻz oʻrnini “qayinsingil”ga butunlay boʻshatib bermoqda.

“Этимологический словарь тюркских языков” lugʻatida “bajanak”ning qadimiy shakli “ba:ja” (birinchi boʻgʻin unlisi choʻziq) boʻlganligi aytiladi (ESTYA. II. 24-bet). Demak, bu soʻzning “bajanak” emas, “boja” shakli qadimiyroq ekan. “Bajanak” (“bajanaq”, “bajinaq”, “bajinah”, “pajanak” va hokazo) esa – “ba:ja” soʻziga “-(a)naq” qoʻshimchasini qoʻshish bilan yasalgan va bu qoʻshimcha kichraytirish maʼnosiga ega boʻlishi mumkin. Bizningcha, “bajanak” deyish koʻproq oʻgʻuz lahjasi, xususan, turk, ozarboyjon, gagauz (koʻkoʻgʻuz) va boshqa gʻarbiy turk tillariga xos, ular orqali bu soʻz fors, arab, arman, bolqon xalqlari, xususan, bulgʻor, serb, xorvat tillariga ham oʻtgan. Tojik tilidagi “bocha” esa, bizningcha, oʻzbek tilidan oʻzlashgan.

Shuningdek, oʻzbek va tojik tillarida opaning yoki yaqin qarindoshning eriga nisbatan “pochcha” (“pochcho”) soʻzi ishlatiladi (shevalarda: “bәchchә”, “guyәv pәchchә”, “kuyәv pәchchә”, “jezdә”, “jezzә”, “yezdә”, “yazna”). “Этимологический словарь тюркских языков” lugʻatidan koʻrinadiki, “boja” soʻzi baʼzi turk xalqlari tillari, shevalarida “paja”, “pacha”, “pachanak” kabi shakllarda ham qoʻllanadi. Baʼzi shevalarda esa bu soʻz “kuyov”, “opaning eri” maʼnolariga ega. Shu nuqtayi nazardan qaralsa, mazkur jihatlar “pochcha” ham “boja” soʻzidan kelib chiqqan boʻlishi mumkin, degan taxminga olib keladi.

“Boja”, “bajanak” soʻzlari etimologiyasi xususida baʼzi mutaxassislar bu soʻz asosida qadimgi turkiydagi “singil” maʼnosidagi “baji” yotadi, degan fikrni bildirgan. “Bajanak”, “boldiz” soʻzlari “Devonu lugʻotit-turk”da ham bor. Mahmud Koshgʻariy “boldiz”ga “Devon”da shunday izoh beradi: “baldїz – xotinning singlisi. Erning singlisiga “baldїz” deyilmaydi, “singil” deyiladi” (DLT. I t. T:1960. 426-bet).

“Devonu lugʻotit-turk”da “bajanak” soʻzi ham uchraydi. Ammo u “Devon”da “boja” maʼnosida emas, balki oʻgʻuz turklarining yigirma ikki urugʻidan birining nomi sifatida tilga olinadi: “oʻn toʻqqizinchisi: bӭǰӭnӭk – bajanaklardir. Ularning tamgʻalari shunday...” deyilib, tamgʻaning shakli keltiriladi (DLT. I. 90-bet). Boshqa bir oʻrinda esa Koshgʻariy bajanaklarni Rumga (Vizantiyaga) eng yaqin joylashgan qabila sifatida tilga oladi: “Rumgacha choʻzilgan bulgʻar, suvar, bejeneklar tili bir xildagi soʻzlarning oxiri qisqartirilgan bir turkchadir” (DLT. I. 66-bet). Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, Mahmud Koshgʻariy nafaqat tilchi olim, balki oʻz davrining boshqa ilmlari, xususan, jugʻrofiyadan ham yaxshi xabardor, turklar yashaydigan koʻp oʻlkalarni kezgan jahongashta alloma edi. Shuning natijasi oʻlaroq, u turkiy xalqlar yashaydigan hududlarni qamrab olgan xarita ham yaratib, uni “Devon”ga ilova qilgan (Xarita pastdagi rasmda). Mazkur xaritada ham bajanaklar eng gʻarbiy chegara – ruslar, saqoliblar (slavyanlar) va faranglar (ovroʻpaliklar) bilan yonma-yon hududda koʻrsatilgan. Bu esa Koshgʻariyning XI asrda bajanaklar qaysi hududda yashaganlari haqida toʻgʻri tasavvurga ega boʻlganligidan darak beradi.

Xoʻsh, bajanaklar qanday qilib Sharqiy Ovroʻpada paydo boʻlib qoldi? Tarixchilarga koʻra, oʻgʻuzlarning bir boʻgʻini boʻlgan bajanaklar IX asrgacha Orol dengizi, Sirdaryoning Orolga quyilish havzasi hududlarida yashagan. IX asrga kelib esa oʻgʻuzlarning boshqa urugʻlari tomonidan siquvga olingan bajanaklar Volga boʻylariga koʻchib ketadi va keyinchalik Qora dengizning shimoliy hududlarini zabt etadi. Rus yilnomalari, Ovroʻpadagi tarixiy hujjatlarda bajanaklar – “pecheneglar” deb qayd etilgan. Kiyev Rusi davrida Vizantiya va Kiyev Rusi oʻrtasida mavjud boʻlgan “Varyagdan Yunongacha” atalmish savdo yoʻlida bajanaklar yunonlar va ruslar oʻrtasida muhim vositachilik rolini oʻynaydi. Keyingi asrlarda bajanaklar Sharqiy Ovroʻpa xalqlari, xususan, hungarlar va boshqa xalqlar tarkibiga singib ketib, koʻpgina xalqlar etnogenezida ishtirok etadi. Shuningdek, bajanaklar Sharqiy Ovroʻpadagi gagauz (koʻkoʻgʻuz) xalqi ajdodlaridan hisoblanadi. Ovroʻpada bajanaklar juda koʻp tarixiy iz qoldirishgan, bajanak yoki pecheneg bilan bogʻliq talaygina joy nomlari, soʻzlar yasalgan.

Oʻgʻuzlarning bu urugʻi nomining kelib chiqishi haqida koʻpchilik mutaxassislar, xususan etimologiya ilmining yirik vakili M.Fasmer ham uning yuqorida tilga olingan “boja” maʼnosidagi “bajanak” bilan bir soʻz ekanligini taʼkidlaydi. Yaʼni, bajanak yoki, ruscha aytganda, pecheneg – “boja” demakdir.

Abduvohid HAYIT