Bolalar xavfsizligi: Yevropa ijtimoiy tarmoqlar uchun yosh chegarasini kuchaytirmoqda

Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula von der Leyen bolalarni ijtimoiy tarmoqlardagi xavflardan himoya qilish boʻyicha yangi yondashuvni maʼlum qildi.

Yevrokomissiya “Kids Act” doirasida 13 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash, 15 yoshgacha shaxsiy akkaunt ochishni taqiqlash, 13–15 yoshdagilar uchun esa ota-ona nazoratidagi cheklangan “mini-akkaunt”larni joriy etishni taklif qilmoqda.

Bunday akkauntlardan foydalanish kuniga bir soat bilan cheklanishi, 15–18 yoshdagilar uchun esa platformalarda “safe design” talabi qoʻllanishi koʻzda tutilmoqda.

Von der Leyen texnologik platformalarning bolalarga taʼsiri haqida gapirar ekan, qaramlikka olib keluvchi funksiyalar, tobora ekstremal kontentga tortilish va qizlarning fotosuratlaridan sunʼiy intellekt orqali jinsiylashtirilgan soxta tasvirlar yaratishni qabul qilib boʻlmasligini taʼkidladi.

“Biz qaramlikni keltirib chiqaruvchi funksiyalarni qabul qilishga majbur emasmiz. Bolalarning tobora ekstremal kontentga tortilishiga ham rozi boʻlmasligimiz kerak.”

Yevrokomissiya rahbari yana bir muhim tamoyilni ilgari surdi: platformalar oʻz xizmatlari bolalar uchun xavfsiz ekanini isbotlashi kerak. Uning taʼkidlashicha, masala faqat bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishida emas, balki ijtimoiy tarmoqlarning bolalar hayotiga qachon va qanday kirib kelishida.

Bolalarni raqamli muhitda himoya qilish — faqat texnologiya masalasi emas. Bu ota-ona, jamiyat va platformalar zimmasidagi umumiy masʼuliyatdir.

Bolalarimizning ongi va shaxsiy daxlsizligi algoritmlar ixtiyorida qolmasligi kerak. Raqamli erkinlik xavfsizlik va masʼuliyat bilan birga boʻlishi shart.