Salmogʻi 40 milliondan ortiq kishini qamrab olgan oʻzbek tili borgan sari soʻzlashuvchilari koʻpayib borayotgan tillardan biri sifatida koʻriladi. Soʻzlashuvchilarning deyarli toʻrtdan uch qismini oʻz ichiga olgan ona yurtimizdan tashqari qoʻshni Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Qozogʻistonda bu tilda soʻzlashuvchi yerli turgʻunlar 5 millionga yaqin salmoqqa ega. Kungay tomondan qoʻshnimiz Afgʻonistonda esa 5–6 million kishi oʻzbek tilini oʻz ona tili deb bilishi aytiladi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Xitoy va boshqa oʻlkalardagi oʻzbeklarning soni 1 milliondan oshadi.

Ming yillar boʻyi “turk tili”, “xoqoniya turkchasi”, “chigʻatoycha”, “chigʻatoy turkchasi” deb atalgan ushbu til egalari oʻz tilini “oʻzbekcha”, “oʻzbek tili” deb yurita boshlaganliklariga yuz yildan ortiqroq vaqt boʻldi.

Xoʻsh, turkiy tillar orasida deyarli 70–80 million kishi tomonidan soʻzlashiladigan Onadoʻli turkchasidan keyin ikkinchi oʻrinda turuvchi oʻzbek tili qaysi tomonlari bilan dunyo tilchilarini oʻziga tortib keladi. Bu boʻyicha qiziqishlarimiz soʻngida izlanuvchilar oʻzbek tilining shu kabi oʻzgachaliklariga urgʻu berganliklarini kuzatdik:

1) Deyarli ming yildan beri bu til egalari uzliksiz oʻlaroq yozma adabiy tilni ishlatib keladilar. Bundan sakkiz yuz yilcha burun yozilgan “Qissa-i Rabgʻuziy” asarini turkiy ellar orasida bugungi oʻzbek va uygʻur oʻquvchisi qiynalmasdan tushunib oʻqishi buning kichik bir oʻrnagidir;

2) Oʻzbek tili turkiy tillarning 3 ta yirik tarmogʻi – qarluqcha (oʻzbek, uygʻur), qipchoqcha (qozoq, qirgʻiz, tatar, boshqird, qoraqalpoq, noʻgʻoy, qumiy, qorachoy-bolqor) va oʻgʻuzcha (Ozarbayjon va Onadoʻli turklari, turkman, gagauz) lahjalarning barchasini u yoki bu koʻlamda oʻzida qamrab olgan. Ulardan birinchisi oʻzbeklarning adabiy tilining negizi – oʻzagi oʻlaroq yurtimiz turgʻunlarining deyarli barchasi tomonidan qoʻllanilganidek, ikkinchisi – qipchoq lahjasida soʻzlashuvchilarning salmogʻi viloyatlarimizning bir qanchasida, ayniqsa, yuzlab qishloqlarida ancha yuqori ekani bilinadi. Uchinchi lahja – oʻgʻuzcha esa Xorazm yurti (vohaning Oʻzbekiston va Turkmaniston qismlari) da hamda Buxoroning Olot va Qorakoʻl tumanlarida keng qoʻllaniladi;

3) Dunyoning deyarli barcha ellarida boʻlgani kabi tilning ichki oʻzgarishlarini oʻzbek tilida kuzatsa boʻladi. Soʻzlashuvchilarining sezilarli bir boʻlagi unlilar uygʻunligi (singarmonizm) ni saqlaganiga qaramay, fonetikasi anchagina oʻzgachalikka ega oʻzbek adabiy tili shu tomoni bilan boshqa koʻplab turkiy tillardan ajralib turadi. Ming yillar boʻyi oʻzga tillarda soʻzlashgan el-uluslar bilan qoʻshni va aralash yashash bugungi kun adabiy oʻzbekchasida va ayrim shahar turgʻunlarining soʻzlashuv tilida oʻzgarish yasagan. Bu esa deyarli yuz yildan beri dunyo tilchilarining qiziqishlarini oʻziga tortib keladi;

4) Arab va fors tillari bilan qanchalik chuqur aloqaga kirishmasin, ulardan bir necha yuzlab, minglab soʻzlar oʻzlashtirmasin, oʻzbek tili baribir turkiy tillar orasida eski turkiy tub soʻzlarni yaxshi saqlagan til oʻlaroq oʻz oʻrniga ega. Unda qarindosh-urugʻchilik atamalari, kundalik turmush va uy-roʻzgʻor buyumlari, idish-tovoq, ish qurollari kabilardan tashqari ish-harakat bilan bogʻliq minglab feʼllarning bugungi kunda ham eski turkcha koʻrinishi saqlanib qolgan.

Yuqorida “qarindosh-urugʻchilik bilan bogʻliq atamalarni oʻzbek tili yaxshi saqlab qolgan” dedik. “Ota-ona”, “aka-uka”, “opa-singil”, “togʻa-jiyan” kabi eng yaqin kishilarimiz uchun qoʻllaniladigan, ayrimlarining negizi Turk xoqonligi (552–744) chogʻiga, ayrimlari esa Qoraxoniylar (942–1212) chogʻiga borib taqaladigan tub turkiy soʻzlarning bugungi turkiy tillarda qanchalik saqlanib qolganiga koʻz yugurtiradigan boʻlsak, bu borada ularning bizning tilimiz bilan bellasha olmasligiga taniq – guvoh boʻlamiz. Turkiy ellar orasida, masalan, yaqin qoʻshnilarimiz – qozoqlar va turkmanlarda koʻplab oʻziga xos qarindosh-urugʻchilik atamalari bor, biroq ularda bu kabi soʻzlar oʻrnini boshqa tillardan oʻzlashgan soʻzlar, yo boʻlmasa, bunday soʻzlarning eski turkcha chogʻida – ming yillar burun oz qoʻllanilgan turlari ishlatilayotganiga koʻzimiz tushadi. Oʻrnak uchun: turkmanlar “ona”ni “eje”, “ota”ni “qaqa” desalar, qozoqlar esa ulardan birini koʻpincha “apa”, ikkinchisini “ake” deb chaqiradilar. Onani “anne”, otani “bobo” deydigan onadoʻlilik turk qardoshlarimiz “aka-uka”, “opa-singil”, “togʻa-jiyan” soʻzlarini “agʻabey-qardosh”, “abla-kichik qiz qardosh”, “doyi-yiyan” deb birmuncha boshqacharoq koʻrinishda qoʻllaydilar. Qozoq bovurlarimiz “jiyan” soʻzini yaxshi saqlab qolgan boʻlsalar-da, “togʻa” oʻrniga moʻgʻulchadan oʻzlashgan “nagʻashi” soʻzini qoʻllashlari bizni tong qoldiradi. Toʻgʻri, oʻzbek tilining turli shevalarida qarindosh-urugʻchilik atamalarining ayrimlari birmuncha boshqacharoq koʻrinishda, yuqorida qardosh ellar oʻrnagida keltirilgan soʻzlarga oʻxshashroq koʻrinishdagi soʻzlar ishlatiladi.

Qizigʻi shundaki, “ota-ona”, “aka-uka”, “opa-singil”, “togʻa-jiyan” kabi eski turkiy soʻzlar shu yoki shunga yaqin koʻrinishlarda birgina biz oʻzbeklarda emas, turkiy boʻlmagan el-uluslarda ham bir necha yuz yillardan beri qoʻllanib kelinadi. Qoʻshni tojikcha va Pokistonning urdu tili buning yorqin oʻrnagidir. Bundan besh yuz yil burun Boburiylar tomonidan Hind oʻlkasiga turkiy qoʻshinlar bilan birga olib borilgan bu soʻzlar bugungacha oʻsha yurtlarda saqlanib qolishi oʻz-oʻzidan boʻlmagan. Yuz yillar boʻyi ona yurtdan uzoqda, bir-biriga yot koʻplab tillarda soʻzlashuvchi bir oʻrtam – muhitda qolgan eldoshlarimizning oʻz urug‘-urpogʻiga meros qoldirgan soʻzlaridir bu!

Yuqorida urgʻu berilganidek, turkiy tillar orasida oʻzbek tili oʻzga tillardan koʻplab soʻz oʻzlashtirgan tildir. Biroq bu degani tilimiz oʻzligini, ona soʻzlarini yoʻqotdi degani emas. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, ayrim turkiy tillarda oʻzligini yoʻqotib, biror yozma asar tugul, biror bir ertak yozishga yoki oʻz urpoqlariga qoʻshiq, yo boʻlmasa, choʻpchak aytib berishga yaramay qolgan tillar ham uchraydi. Nima boʻlsa-da, oʻzbek tilida boshqa tillardan oʻtgan deyarli har bir soʻz va atamaning ikki-uchtalab tengi – muqobili borligi kishini quvontiradi. Buni Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida uchraydigan 1,5 mingta soʻzdan 80–90% i, “Devonu lugʻatit-t-turk” (Turkiy soʻzlar devoni) dagi soʻzlarning esa undan ham koʻproq ulushi unchalik oʻzgarishga uchramasdan saqlanib kelayotgani koʻrsatib turibdi. Quyida “Devon”dan oʻrnaklar keltirib oʻtamiz.

Bundan deyarli ming yil oldin – XI yuzyillikda qogʻozga tushirilgan va negizi eng eski chogʻlarga taqaluvchi soʻzlarni oʻzida qamrab olgan Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻati-t-turk” (Turkiy soʻzlar devoni) asari bugungi turkiy tillar oʻtmishini yorituvchi oʻxshashi yoʻq yozma manba oʻlaroq izlanuvchilarni oʻziga tortib keladi. Buni keyingi yuz yilga yaqin vaqt kesimida “Devon”ning nemischa, Onadoʻli turkchasi, oʻzbekcha, inglizcha, uygʻurcha, forscha, qozoqcha, ruscha, qirgʻizcha, xitoycha kabi oʻnlab tillarga birin-ketin oʻgirilib chop etilishi hamda asar bilan bogʻliq yuzlab yirik izlanishlar, minglab maqolalar nashr qilinishining oʻziyoq koʻrsatib turibdi. Ayniqsa, 1950 yillardan bugungi kungacha “Devon”ning Onadoʻli turkchasi [Atalay 1941–1944; Erdi, Yurteser 2005; Ercilasun 2014], oʻzbekcha [Mutallibov 1960–1963; Boltaboyev, Isabekov 2016; Sodiqov 2017], ruscha [Auezova 2005; Rustamov 2010] va boshqa bir necha oʻgirmalari kun yuzini koʻrgan boʻlib, ularning har birida eski turkiy soʻzlar bilan bogʻliq yuzlab chigalliklarga aniqlik kiritilayotgani koʻzga tashlanadi. Qanchalik qiyin, qanchalik talatoʻpli yillar boʻlishiga qaramay, 1960-yillarda “Devon”ning boshqa turkiy tillar orasida birgina oʻzbek tilida chop etilishi va koʻplab turkologlarning ana shu oʻgirmaga tayanib turkiy soʻzlar boʻyicha izlanishlar olib borganliklarining oʻziyoq oʻzbek tilshunosligining ulkan yutugʻiga aylandi.

Mahmud Koshgʻariy asaridan oʻrin olgan deyarli 8000 mingga yaqin turkiy soʻz bugungi turkiy tillarda u yoki bu koʻrinishda saqlanib qolgan boʻlib, ularning sezilarli bir boʻlagi oʻzbek tilida bundan ming yil oldin qanday qoʻllanilgan boʻlsa, unchalik oʻzgarmasdan shundayligicha ishlatilib kelinadi. Qizigʻi shundaki, asarda turkiy tillarning oʻzak adabiy tili oʻlaroq tilga olingan “Xoqoniya turkchasi” (Qoraxoniylarning ish yuritish va yozishma tili)ga tegishli soʻzlarning koʻpchiligi bugungi oʻzbek va uygʻur tillarida, Koshgʻariy tomonidan “turklarning yirik bir tarmogʻi” deb eslab oʻtilgan “oʻgʻuz turklari” bilan bogʻliq soʻzlar Onadoʻli turkchasi, ozarbayjoncha, turkmancha, gagauzcha va oʻzbek tilining Xorazm – oʻgʻuz tarmogʻida keng koʻlamda saqlanib qolgan koʻzga tashlanadi.

Shunga oʻxshash “Devon”da chigil (qarluq, yagʻmo, argʻu), oʻgʻuzlar singari turkiylarning koʻp sonli bir tarmogʻi oʻlaroq eslatilgan qipchoqlarning bugungi izdoshlari – qozoq, qirgʻiz, tatar, boshqird, qoraqalpoq, noʻgʻoy, qumiq, qorachoy-bolqor, qaraim va qirimchaq tillaridagi soʻzlarning koʻpchiligi “Devon”dagi soʻzlar bilan deyarli birday. Shuningdek, Mahmud Koshgʻariy qogʻozga tushirgan minglab soʻzlarga turkiy tillarning boshqa tarmoqlari – oltoy, xakas, tuva, shor, teleut, saxa (yoqut) tillarida duch kelsak, eski turkiy soʻzlarning sezilarli bir boʻlagini esa Erondagi xalachcha, qashqaycha, Xitoydagi sariq uygʻurcha va salorcha kabi turkiy tillarda uchratamiz.

“Devon”ni oʻzbek tilida chop etgan bilga olimlarimiz har bir soʻzga sinchkovlik bilan yondashganlar va ularni bor boʻyicha koʻrsatishga tirishganlar. Ularning xizmatlarini qancha ulugʻlasak shuncha oz. Ayniqsa, S. Mutallibovning bu ezgu ishi bugungacha izlanuvchilarning qoʻlidan tushmaydigan asarga aylanganidanoq koʻrinib turibdi. Shu bilan birga, asarning ilk oʻgirmasidan bugungacha oʻtgan 60 yildan ortiq vaqt kesimida “Devon”dagi soʻzlarning oʻqilishi, tub anglami va saqlanish darajasi bilan bogʻliq koʻplab izlanishlar kun yuzini koʻrganini, ular orasida turkiyalik izlanuvchilarning ishlari tengsiz ekaniga urgʻu bersak-da, oʻzbek tilidagi soʻzlarning asardagi soʻzlar bilan solishtirgan ishlar ancha ozligidan oʻkinamiz.

Yaqin yillarda “Devon” ustida birmuncha izlanishlar olib borib, undagi soʻzlarning bugungi turkiy tillardan qay birida qay yoʻsinda saqlanib qolganiga toʻxtalganimizda shunga taniq boʻldikki, minglab soʻzlarning birgina tashqi koʻrinishi emas, anglam (maʼno) boʻyicha ham oʻzbek tilida ancha yaxshi saqlanganiga koʻzimiz tushdi. Qizigʻi shundaki, birgina soʻzlar emas, balki eski turk jamiyatiga xos koʻplab anʼanalarning qanday boʻlsa, shunday koʻrinishda oʻzbek jamiyatida saqlanib qolgani koʻzni quvontiradi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, Mahmud Koshgʻariy “isriq – isiriq; bolalarning boshlariga toshadigan yaralarni yoki koʻz tegishidan bolalarni davolaganda aytiladigan soʻz; [isiriqni] tutatiladi va bolaning yuziga tutunini “isriq-isriq” (“e jin, es-hushingni yoʻqot!” deb tutiladi” deb yozgan boʻlib [DLT 1960, 1: 125], qozoqlar “adiraspan”, Onadoʻli turklari esa “yuzarlik” deb ishlatadigan “isriq” soʻzi va u bogʻliq anʼanalar bugungi kunda koʻproq oʻzbeklarda uchraydi. Oʻgʻuz turklari “isriq” tutatish bilan bogʻliq irim-sirimlarni deyarli unutgan boʻlsalar, oʻzbeklar, xoh yirik shaharlarda yashasin, xoh chekka qishloqlarda – bu anʼanani “Devon”da qanday keltirilgan boʻlsa, shu koʻrinishda qoʻllab keladilar.

Shunga oʻxshash qiziq bir oʻrnak. Mahmud Koshgʻariy “tilku – tulki. Bu soʻz bilan qiz boladan kinoya qilinadi. Biron xotin tuqqanda doyadan “tilkumu tugʻdi azu boʻrimu – tulki tugʻdimi yoki boʻrimi” deb soʻraladi. Yaʼni, qizmi yoki oʻgʻilmi demakdir. Qizlar aldoqchi hamda yalinchoq boʻlganlari uchun tulkiga, oʻgʻil bolalar botirlikka asosan boʻriga oʻxshatiladi” [DLT 1960, 1: 404]. Bu anʼana turkiylarning koʻpchiligida, ayniqsa, qozoq, tatar, ozarbayjon va Ondadoʻli turklarida deyarli saqlanib qolmagan, biroq oʻzbeklarning barchasi uy-ichi va koʻcha-koʻyda boʻlsin, tugʻruqxonadan koʻzi yorigan qarindoshini koʻrgani borganda boʻlsin, tugʻruqdan keyin “boʻrimi, tulki?” deb soʻrashi odat tusiga kirgan.

Quyida “Devonu lugʻati-t-turk”da oʻrin olgan, biroq oʻzbekcha oʻgirmalarida unchalik aniq berilmagan yoki koʻzdan qochirilgan eski turkcha soʻzlarning oʻzbek tili va shevalarida qay koʻrinishda saqlanib qolganiga b- undoshi bilan boshlanuvchi ayrim soʻzlar oʻrnagida toʻxtalib oʻtamiz:

1. “bağram qum – kichik tepalar koʻrinishida yigʻilgan qum (qumtepa)” [DLT 2014: 211]. “Devon”ning oʻzbekcha oʻgirmalarida bu soʻz birikmasi “Elangan qum. Mayin qum” deyiladi [qar. DLT 1960, I: 447]. Bizningcha, ayrim turkiy tillardagi, shu jumladan, oʻzbek tilidagi “barxan” soʻzi bilan eski turkchadagi bağram bitta negizdandir. Oʻzbek tili izohli lugʻatida “barxan(lar) – sahro va choʻllarda shamol taʼsiri (kuchi) bilan paydo boʻladigan koʻchma qumtepalar” deb ochiqlanadi [OʻTIL 2006: 172]. Asarning turkcha oʻgirmasida “kichik tepalar koʻrinishida yigʻilgan qum” [DLT 2014: 211], qozoqchasida “qum dalasi, qum dengizi” deb oʻgirilishi bilan birga bu soʻz “barxan” maʼnosida qavs belgisi orasida berib oʻtiladi [DLT 1998: 543].

2. “baẓïç – ishkom; badïçlïq yïğaç – ishkom yogʻoch” [DLT 1960, I: 461]; “toklarga ishkom va soʻri qilish uchun tayyorlangan yogʻoch” [DLT 2017: 198]. Bizningcha, bu soʻz oʻzbek shevalarida “väliş (vәlish) – ishkom (toklarni koʻtarib qoʻyish, tarash, yoyish uchun ishlatiladigan soʻri)” (Fargʻona vodiysi) va vohalarimiz (Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo)da qoʻllaniladigan shunga oʻxshash väyiş / vayiş soʻzlari bilan bitta negizdan boʻlsa kerak [qar. OʻXSHL 1971: 60-61]. Eski turkchada soʻz boshi va soʻz oʻrtasida d – ẓ - y almashinuvi koʻzda tutiladigan boʻlsa, badïç ˃ vayiş oʻzgarishi yuz bergan deya olamiz. “Devon”da bu soʻzning baẓïç – badïç koʻrinishlarida turlicha berilishi ham bu qarashimizni kuchaytiradi. Bu soʻzning negizida eski turkcha ba- “bogʻlamoq” feʼli yotib [qar. DTS 1969: 76], undan baẓïç yasalgan deb qarashga undaydi. Shuningdek, uni sugʻdiycha βδ’yẓ “oʻrama, oʻramoq, bogʻlamoq” soʻzi bilan solishtirsa boʻladi [qar. Gharib 1995: 100]. Sugʻdiy tilda soʻz boshidagi ayrim undoshlarning keyinchalik birmuncha oʻzgarishga uchrab, βδ’yẓ soʻzi väliş koʻrinishini olgan deb qarashga turtki boʻladigan oʻrnaklar duch kelamiz: soʻz boshida β ˃ v, f, soʻz oʻrtasidagi δ ˃ l. Oʻrnak uchun: β’zδ’ – Fazli (Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi qadimiy qishloq) [Nafasov 2009: 266]. Bizningcha, ikkinchi qarash toʻgʻriroqqa oʻxshaydi. Chamasi, turkiylar sugʻdiycha βδ’yẓ soʻzini baẓïç koʻrinishida oʻzlashtirgan.

Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, bu soʻz turkiy tillarda shu yoki shunga yaqin koʻrinishda saqlanib qolmagan.

3. “bala – qush bolasi. Shuningdek, yirtqich va boshqa hayvonlarning bolasiga nisbatan ham istiora ravishda qoʻllanadi; ishlarda odamga yordam beradigan yordamchi. Bu soʻz koʻpincha dehqonchilik ishlarida yordam berishga qoʻllanadi” [DLT 1963, III: 250-251]. Bu soʻzning ikkinchi maʼnosi oʻzbek tilida “malay – 1. xoʻjayin yoki boshqa birovning xizmatlarini bajaruvchi kishi, xizmatkor. 2. Birovning manfaati uchun koʻr-koʻrona xizmat qiluvchi odam” soʻziga toʻgʻri keladi [qar. OʻTIL 2006: 533].

4. “baldïz – xotinning singlisi. Erning singlisiga baldïz deyilmaydi, singil deyiladi” [DLT 1960, I: 426]. “Devon”ning koʻrsatkichida bu soʻz “baldïz – xotinning singlisi (boldiz)” deb keltirilgan [DLT 1967: 54]. Koʻplab oʻzbek shevalarida (Toshkent, Jizzax, Xorazm va b.) “baldïz – qaynsingil (xotinning singlisi)” maʼnosida uchraydi [OʻXSHL 1971: 335; Toʻychiboyev, Qashqirli 2012: 199]. Qozoqcha va boshqa turkiy tillarda bu soʻz shunday anglamda keng tarqalgan boʻlsa-da, qozoqchaning ayrim shevalarida “baldiz – qaynini, qaynuka” koʻrinishida ham ishlatiladi.

5. “bat – tez, darrov” [DLT 1960, I: 461]. Bu soʻz boshqa turkiy tillarga qaraganda oʻzbek tilida“båt (bot) – oradan koʻp vaqt oʻtmay yoki oʻtkazmay, tez”,  “båt-båt (bot-bot) – damba-dam, tez-tez, birin-ketin” koʻrinishlarida yaxshi saqlangani koʻzga tashlanadi [OʻTIL 2006: 327–328]. Shunga qaramay “Devon”ning oʻzbekcha oʻgirmalarida bunga eʼtibor berilmagan. Qirgʻizchada “bat”, uygʻurchada “pat – “tez, tez orada, yaqin” coʻzlaridan tashqari [Yudaxin 1985: 116; DLT 2014: 140, n. 594], turkiy tillarning koʻpchiligida bu soʻz saqlanib qolmagan.

6. “başmaq – toʻpiq” [DLT 1960, I: 433]. “Devon”ning turkcha oʻgirmalarida bu soʻz “boshmoq (oyoq kiyim)” deb berilgan [DLT 2014: 162, 578]. Asar oʻzbekcha nashrining koʻrsatkichida uning “başaq” koʻrinishiga shu maʼnoda “boshmoq” deb ochiqlama berilgan [DLT 1967: 59]. Oʻzbek tilining izohli lugʻatida “boshmoq – kigiz etik, piyma; umuman oyoq kiyimi” deb ochiqlangan [OʻTIL 2006: 342]. Turkiy tillarning bir nechasida “oyoq kiyim turi” maʼnosida qoʻllaniladigan [ESTYA 1978: 93-94] bu soʻz “Devon”ning oʻzbekcha oʻgirmalarida “toʻpiq (oʻgʻuzcha soʻz)” deb keltirilgan [DLT 1960, I: 433]. Asarning keyingi oʻgirmalarida ham bunday ochiqlamaning qaytarilishi [DLT 2017: 185] oʻzbek tilida bu soʻz saqlanmagan degan qarashni keltirib chiqaradi. Bunday yondashuvlar ayniqsa, “Devon”ning turkcha, qozoqcha, qirgʻizcha yoyinlarida va asar boʻyicha olib borilayotgan ayrim izlanishlarda koʻzga tashlanadi [Osonaliyeva 1972:97–99; DLT 1998; DLT 2014; ]

Qizigʻi shundaki, oʻzbek shevalarida “päşmäk (pashmak) – tuyaning tovoni» (Qashqadaryo v., Muborak t.) koʻrinishida uchraydi [Nafasov 2011: 225].

7. “bazğan – temirchilar qoʻllaydigan bolgʻa” [DLT 2014: 7, 190]. “Devon”ning oʻzbekcha nashrlarida bu soʻz “yassi burunli” deb yanglish oʻgirilgan [DLT 1960, I: 56; DLT 2017: 20]. “Devon”ning 1940- yillardagi B. Atalay oʻgirmasida bu soʻzning “Mersin (ogʻochining) yemishi” koʻrinishidagi ochiqlamasi inglizcha Dankoff-Kelli nashrida “smithʼs hammer” (temirchilar bolgʻasi) deb tuzatilgan [DLT 1985b, III: 69; DLT 2014: 190, n. 802]. Shunga qaramay asarning qozoqcha nashrida “Mersin ogʻochining yemishi (mevasi)” deb yanglish oʻgirilgan [qar. DLT 1998, I: 44]. Bu tuzatish asarning keyingi turkcha “demirci çekiçi” va ruscha oʻgirmalarida «kuznechnыy molot” (temirchi bolgʻasi) deb oʻgirilgani koʻzga tashlanadi [qar. DLT 2014: 190, n. 802; DLT 2005: 62]..

Oʻzbek tilida “båsqån (bosqon) – temirchilarning katta, ogʻir bolgʻasi”, “chilangarlar koʻrasidagi koʻraga havo haydovchi va koʻmirning yonishini kuchaytiruvchi qurilma” deb ochiqlanadi [OʻTIL 2006: 327]. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, turkiy tillar orasida bu soʻz koʻproq oʻzbek tilida saqlanib qolgan.

8. “bäläk – sovgʻa, tuhfa. Safar qiluvchi odam oʻz yaqinlariga olib boradigan yoki biror bir yerdan boshqa bir yerga keltiriluvchi sovgʻa” [DLT 1960, I: 366; ]. Bu soʻz turkiy tillarning ayrimlarida uchrab, oʻzbek tilida saqlanib qolmagan, deb qaraladi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, oʻzbek tilida fors yoki arab tilidan kirib kelgan soʻz oʻlaroq bilinadigan “palak [päläk] – osmon gumbaziga oʻxshash doira shaklidagi gul naqshlar bilan qoplangan, odatda uy devorlariga bezak uchun osib qoʻyiladigan kashtachilik buyumi”ning [OʻTIL 2008: 206] negizi bu soʻzga borib taqalmasmikan deb qarashga undaydi. Chamasi, kelinlar yangi tushib borgan kuyov uyiga “sovgʻa” oʻlaroq “palak” olib borishi shu anglamni tashuvchi eski turkcha “balak”ka borib taqaladi.

9. “beçkäm – belgi, nishon. Ipakli narsa yoki yovvoyi sigirning dumini botirlar urush kunlarida jang belgisi tarzida taqib oladilar. Oʻgʻuzlar uni parcham deydilar” [DLT 1960, I: 446]. Bu soʻz turkiy tillarning koʻpchiligida deyarli saqlanmagan. Afgʻoniston oʻzbeklari shevasida “beçkäm – bayroq” degan maʼnoda ishlatiladi.

10. “bez – et bilan teri orasida (maʼlum sabab bilan) paydo boʻladigan shish” [DLT 1963, III: 134]. Oʻzbek tilida “bez – inson tanasining yalligʻlanishi natijasida teri bilan et orasida doʻmpayib chiqqan shish” degan maʼnoda uchraydi [qar. OʻTIL 2006: 208]. Boshqa turkiy tillarda bu soʻz deyarli saqlanib qolmagan.

11. “bergü / bärgü – qarz” [DLT 1960, I: 403]. Bu soʻz oʻzbek tilining Shimoliy Xorazm shevalarida “bergü – qarz” [OʻXSHL 1971: 50], Qarshi shevasida “bergülik – oʻzga kishiga beriladigan narsa, haq” oʻrnida ishlatiladi [Nafasov 2011: 36].

12. “bertindi – zaiflandi, boʻshashdi” [DLT 1963, II: 276]. Bu soʻz bilan bitta negizga ega soʻz oʻzbek tilining qarluq shevasining bir necha tarmoqlarida (Namangan, Fargʻona, Olmos, Toshqoʻrgʻon, Karkidon) “bertmaq – shikastlanmoq, lat yemoq” koʻrinishida uchraydi [OʻXSHL 1971: 50]. Onadoʻli turkchasida “bertilmek” soʻzi uchrab, u “Devon”dagi soʻzga yaqin keladi. Asarni bu tilga oʻgirgan izlanuvchilar “bertindi - et darbe vb. şeylerden dolayı bertildi ve onda (elde) zayıflık ve durgunluk belirdi” (et zarba va boshqa narsalar tufayli bertildi va unda (qoʻlda) zaiflik va charchoq sezildi) koʻrinishida ochiqlaganliklari ham buni koʻrsatib turibdi [qar. DLT 2014: 302].

13. “bi – bu soʻzning böy shakli ham bor. Bir xil qurt-qoʻngʻiz” [DLT 1963, III: 224]. “Devon”ning 2017 yilgi oʻgirmasida “böy – bir turli oʻrgimchak. Bu soʻzning bög varianti ham bor. Toʻgʻrisi shudir” deb ochiqlangan [DLT 2017: 370]. Oʻzbek shevalarida “biy – oʻrgimchakning zaharli bir turi”, “böy – qoraqurt” (zaharli oʻrgimchak) koʻrinishlarida uchraydigan [qar. OʻXSHL 1971: 55; Nafasov 2011: 41] bu soʻz “Devon”ning oʻzbekcha oʻgirmalarida shu koʻrinishlarda oʻrin olmagan. Turkiy tillar orasida qirgʻizcha “böy”, “böyön”, “böyü” “böö” soʻzlari shu maʼnoda ishlatiladi [Yudaxin 1985: 150]. Anadoʻli turkchasi shevalarida “bö”, “böy”, “böye”, “bög” soʻzlari “qurt, chayon, ilon” va shunga oʻxshash zararli yaratiqlar uchun qoʻllaniladi [Derleme Sözlüğü 1993: 755-756, 773].

14. “bïçğuç – qaychi. Bu bilan har narsa kesiladi”; “bïçğu - narsalarni kesuvchi asbob” [DLT 1960, I: 421; DLT 1967: 67]. Bu soʻz oʻzbek tilida “bïçqï – qoʻl arra”, “rïçqï – kichik arra” koʻrinishlarida uchraydi [OʻXSHL 1971: 53, 221]. Ushbu soʻzlar bilan bogʻliq oʻlaroq oʻzbek shevalarida “biçkiç - bichuvchi, kiyim bichish bilan shugʻullanuvchi”, “biçimçi” atamalari kelib chiqqan [Nafasov 2011: 45].

15. “biçin – maymun: biçin yïlï – maymun (muchali) yili” [DLT 1960, I: 387]. Oʻzbek tilining Xorazm shevasida “biçin (yïlï) – maymun (muchali) yili” deb yuritiladi [OʻXSHL 1971: 180]. Qozoqchada bu soʻz “meşin jïlï” oʻlaroq qoʻllaniladi.

Toʻxtam

Oradan deyarli ming yil oʻtgan boʻlishiga qaramay, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻati-t-turk” asarida uchrab, kundalik turmushda koʻp qoʻllaniladigan koʻplab soʻzlarning oʻzbek tilida deyarli qanday boʻlsa, shunday koʻrinishda saqlanib qolgani olqishlarga arzigulik. Toʻgʻri, ayrim soʻzlar bugun kundalik turmushda qoʻllanilmasligi yoki ularning oʻrnida yot soʻzlarning ishlatilayotgani hollari koʻp. Shunga qaramay “Devon”da keltirilgan bir necha minglab soʻzlar bugungacha yetib kelgangani turkiy tillarning, ayniqsa, oʻzbek tilining qanchalik kuchga, teran ildizga ega til ekanini koʻrsatadi. Ming yillardan beri turli tillarda soʻzlashuvchi el-uluslar bilan qoʻshni yoki aralash yashab, ularning tillaridan koʻplab soʻzlar oʻzlashtirganiga qaramay oʻzbek tilining “Devon”dagi soʻzlarni eng koʻp saqlagan turkiy tillardan biri oʻlaroq bilinishi oʻz-oʻzidan boʻlmay, bu tutum ming yillar kesimida elimizdan Mahmud Koshgʻariy, Alisher Navoiy, Zahirriddin Muhammad Bobur, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Sulaymon Choʻlpon, Abdulla Qodiriy singari til jonkuyarlari chiqqanligi va chiqayotganligi bilan ochiqlanadi.

Gʻaybulla BOBOYOR,
t
arix fanlari doktori, professor 

Qoʻllanilgan adabiyotlar:

1. ДЛТ 1960, I – Кошғарий, Маҳмуд. Туркий сўзлар девони (Девону луғотит турк) / Таржимон ва нашрга тайёрловчи С. М. Муталлибов. 1- том. – Тошкент: Фан, 1960.

2. ДЛТ 1963, II – Кошғарий, Маҳмуд. Туркий сўзлар девони (Девону луғотит турк) / Таржимон ва нашрга тайёрловчи С. М. Муталлибов. 2- том. – Тошкент: Фан, 1963.

3. ДЛТ 1963, III – Кошғарий, Маҳмуд. Туркий сўзлар девони (Девону луғотит турк) / Таржимон ва нашрга тайёрловчи С. М. Муталлибов.

4. ДЛТ 1967 – Девону луғотит турк. Индекс-луғат. Ғ. Абдураҳмонов ва С. Муталлибовлар иштироки ва таҳрири остида. – Тошкент: Фан, 1967.

5. ДЛТ 2005 – Кашгари, М. Дивану лугат ат-тюрк [Текст] / М. Кашгари; пер., предисл. З.- А. М. Ауэзовой. – Алматы: Дайк-Пресс, 2005.

6. ДЛТ 2010 – Махмуд ал-Кашгари. Диван лугат ат-турк (Свод тюркских слов). В 3-х томах. Т. 1. Пер. с араб. А.Р. Рустамова под ред. И. В. Кормушина [Текст] / Махмуд ал-Кашгари. – М., 2010.

7. ДЛТ 2016 – Кошғарий, Маҳмуд. Девону-луғати-т-турк (Туркий сўзлар девони) / Таржимон ва нашрга тайёрловчи С. М. Муталлибов. Нашрга тайёрл. Ҳ. Болтабоев, Б. Исабеков. Масъул муҳаррир.: Ҳ. Дадабоев. – Тошкент, MUMTOZ SOʻZ, 2016.

8. ДЛТ 2017 – Кошғарий, Маҳмуд. Девону-луғати-т-турк (Туркий сўзлар девони) / Нашрга тайёрловчи Қ. Содиқов. – Тошкент: Ғ. Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2017.

9. Жўраев 1969 – Жўраев Б. Юқори Қашқадарё ўзбек шевалари. – Тошкент: Фан, 1969.

10. Киргизско-русский словарь. Составитель К.К. Юдахин. Книга 1. А – К. – Фрузе, 1985.

11. Марқаев 2021 – Марқаев К. Ўзбек этнонимлари. – Қарши: Intellekt, 2021.

12. Нафасов 2009 – Нафасов Т. Қашқадарё қишлоқномаси. – Тошкент: Муҳаррир, 2009.

13. Нафасов 2011 – Нафасов Т. Қашқадарё ўзбек халқ сўзлари луғати. – Тошкент: Муҳаррир, 2011.

14. Нематов, Расулов – Нематов Ҳ., Расулов Р. Ўзбек тили систем лексикологияси асослари (Олий ўқув юрти талабалари учун қўлланма). – Тошкент: Ўқитувчи, 1995.

15. Ойноткинова, Миндибекова, Юша 2018 – Ойноткинова Н. Р., Миндибекова В. В., Юша Ж. М. Миф и ритуал тюркских народов Южной Сибири (алтайцев, хакасов, тувинцев). – Астана: Ғылым баспасы, 2018.

16. Осмоналиева Б. Об отражении лексики киргизского языка в словаре Махмуда Кашгари «Дивану лугат-ит-тюрк» // Советская тюркология,1, 1972. – С. 97-99.

17. Тўйчибоев, Қашқирли 2012 – Тўйчибоев Б. Қашқирли Қ. Зоминнинг тил қомуси. - Тошент: Akademnashr. 2012.

18. Тұрсынова, Бидола 2016 – Тұрсынова М.А. Бидола П. Түркі тілдері лексикасын салыстыра зерттеу тәжірибесінен // Ұлы Дала» I-ші гуманитарлық ғылыми форумының материалдары – Материалы I форума гуманитарных наук «Великая Степь». – Астана: Международная Тюркская Академия, 2016. – Б. 319-327.

19. Қазақша – орысша сөздiк / https: // sozdik.kz.

20. Қалиев 2014 – Қалиев Б. Қазақ тілінің түсіндірме сөздігі. – Алматы, 2014. 

21. Ўзбек диалектологиясидан материаллар. В. В. Решетов таҳрири остида. – Т., 1961.

22. ЎТИЛ 2008 – Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 5 жилдли. Шукрона – Ҳ. А. Мадвалиев таҳрири остида. Тошкент, 2008.

23. ЎХШЛ 1971 – Ўзбек халқ шевалари луғати. Масъул муҳаррир Ш.Ш. Шоабдураҳмонов. Тошкент: Фан, 1971.

24. ЭСТЯ 1978 – Этимологический словарь тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на букву 'Б' / Сост. Э.В. Севортян. – Москва: Наука, 1978.

25. Togʻayev 2019 – Togʻayev T. Turkiy yozma yodgorliklar tilidagi soʻzlarning oʻzbek shevalarida qoʻllanishi // Oltin bitiglar – Golden scripts, 2019/3. – Toshkent, 2019. – B. 107-127.     

26. Arıkoğlu 2005 – Arıkoğlu E. Örnekli Hakasça – Türkçe Sözlük. – Ankara, 2005.

27. Derleme Sözlüğü 1993 – Türkiyeʼde Halk Ağzından Derleme Sözlüğü. II B. 2. Baskı. – Ankara: AÜ Basımevi, 1993.

28. DLT 1941 – Divanü Lugat-it-Türk Tercümesi. Çev. B. Atalay. Cilt III. – Ankara, 1941.

29. DLT 1941, facsimile – Besim Atalay. Divanü Lugat-it-Türk Tıpkıbasımı “Faksimile”. –  Ankara, 1941.

30. DLT 1943 – Divanü Lugat-it-Türk Tercümesi. Çev. B. Atalay. Cilt IV. – Ankara, 1943.

31. DLT 1985a – Divanü Lūgat-it Türk Tercümesi. Çev. B. Atalay. Cilt I-IV. TDK yayınları: 521–524. – Ankara, 1985.

32. DLT 1990 – Divanü Lugat-it-Türk. (Tıpkıbasım). Kültür Bakanhğı Yayınlan, Ankara, 1990.

33. DLT 2005 – Kaşgarlı Mahmud. Divänü Lugatiʼt-Türk. Çeviri, Uyarlama, Düzenleme Seçkin Erdi, Serap Tugba Yurteser. İstanbul: Kabalcı Yayınevi, 2005.

34. DLT 2006 – Mahmud Kaşğari. Divanü lüğat-it-türk. I cild. Tərcümə edən və nəşrə hazırlayan: R. Əskər. – Bakı: Ozan, 2006.

35. DLT 2006 – Mahmud Kaşğari. Divanü lüğat-it-türk. II cild. Tərcümə edən və nəşrə hazırlayan: R. Əskər. – Bakı: Ozan, 2006.

36. DLT 2006 – Mahmud Kaşğari. Divanü lüğat-it-türk. III cild. Tərcümə edən və nəşrə hazırlayan: R. Əskər. – Bakı: Ozan, 2006.

37. DLT 2014 – Kaşgarlı Mahmud. Divänü Lugatiʼt-Türk. Hazırlayanlar: Ahmet B. Ercilasun Ziyat Akkoyunlu. – Ankara, TDK, 2014.

38. Kırım Tatar Sözlüğü 2017 – Polatlı Kırım Tatar Türkçesi Sözlüğü. Hazırlayanlar D. Evirgen, C. Evirgen. – Ankara, 2017.