Tashqaridagi urushlar

Odam bolalari gʻorlarda yashaganda oʻzaro nimanidir talashib urushgan. Ajabki, gʻordan chiqqandan keyin ham u oʻsha mashʼum ishini tashlamadi: hali-hanuz bir-biriga qurol oʻqtaladi, bir-birini oʻldiradi... Sirasini aytganda, oʻtgan vaqt davomida bashar ahlining yurish-turishi-yu oʻzini tutishi, tili-yu madaniyati... yaxshigina oʻzgardi. U endi gʻorda yashagan ajdodini mensimaydigan darajada oliftaga aylangan. Ammo nega ming yillar oʻtsa hamki, bir-biri bilan yovlashmoqdan tiyilmaydi u? Nima uchun zohiran oʻta zamonaviy koʻringan odam bolasi botinan oʻzi haligacha burnini jiyirib eslaydigan “yovvoyi” ajdodidan koʻp-da farq qilmaydi? Shuncha achchiq tarix nega saboq boʻlmadi? Uzoqqa bormaylik, ana, insoniyat XX asrda ikki jahon urushini koʻrdi, bu muhorabalar jarohatidan hali-hamon qon silqiydi. Deyarli har birimizning qalbimizda bor shunday tuzalmas jarohat. Masalan, mening Karim bobom urushda oʻlgan. Otasiz qolgan rahmatli otam esa onasi, yaʼni mening xudo rahmat qilgur enam bilan birga hayot yoʻllarida xoʻb suringanlar. Hammasi urush tufayli!.. Urush bobomni olib ketdi, ortda qolgan xotini-yu bolasining taqdirini ostin-ustun qildi. Otamning kechmishi esa bizning, mening qismatimda ham aks sado berdi. Qarang, bitta urush bir necha avlod taqdiriga dahshatli muhrini bosyapti...

Yana oʻsha sarkash savol: nega bundan xulosa chiqarilmaydi? Ha, urushlar nega bizni, unga boʻlgan munosabatimizni oʻzgartirmayapti? Qirgʻinbarotlar oilalarni, qishlog‘-u shaharlarni, koʻhna hayot maromini tamomila parchalab tashlashini bilamiz-ku, boshimizdan-u yuragimizdan oʻtkazganmiz-ku! Shunda ham oʻzgarmaymizmi?! Oʻrislarda “проклятые вопросы” degan tushuncha bor. Yaʼni “laʼnati savollar”. Buning maʼnosi shuki, hayot, oʻlim va shu kabi bosh masalalarda shunday savollar borki, mudom insoniyat qarshisidan chiqib kelaveradi, lekin tayinli javob topilmaydi. Yuqoridagi savol ham ana shunday laʼnatlanganga oʻxshaydi. Axir, hammasi besh qoʻldek ayon: urushni minbaʼd oqlab boʻlmaydi. Lekin u yuz beraveradi, yuz beraveradi... Nega?  “Har qanday urushning ortida katta moddiy manfaat yotadi” deya osongina javob berish mumkindir, ehtimol. Unda yana bir savol tugʻiladi – moddiy manfaat koʻzlanmagan urushlar ham toʻlib yotibdi-ku!.. Masalan, gʻururu or talashib, pichoqlab oʻldirishlar sonmingta. Nega loaqal shularga chek qoʻyilmaydi?..

Mayli, “moddiy manfaat – urushlarni   keltirib chiqaradigan   eng   katta sabab” deylik. Yana aytaylikki, “Urushni boshlaganlarning   oʻzi urushda qatnashmaydi – bas, ular oʻlmaydi. Urushda, asosan, kambagʻalning bolasi oʻladi. Shuning uchun ham magnatlar ajal olovini yoqishdan hayiqmaydi ham, tiyilmaydi ham”. Xoʻp, lekin yana hammaga – boy-u yoʻqsilga birdek taalluqli bir savol oʻrtaga chiqadi: nega urushlar nafaqat boylarning, balki oʻrtahol-u qashshog‘-u benavoning hayotga, odamlarga, tabiatga boʻlgan munosabatini oʻzgartirmayapti?! Ayrim ekspertlar, siyosatchilar “Dunyo uchinchi jahon urushi arafasida turibdi. Ozgina ehtiyotsizlik qilinsa, Yer yuzidagi hayotga nuqta qoʻyilishi mumkin” deya jar solayotir. Hozir Yer yuzi havosini ana shunday dahshatli xabarlar tumandek qoplagan. Koʻchaga chiqsak ham undan simiryapmiz, uyga kirsak ham. Dunyo yana notinch: olov bilan oʻynashish davom etmoqda. Lekin atrofingizga bir qarang-a, urush va u haqidagi xabarlarga toʻla dunyo odamlari oʻzgardimi? Yomon – yaxshiga, xasis – saxiyga, yovuz – rahmdilga aylandimi? Hayrat ila kuzatyapman: atrofimda hech kim oʻzgargani yoʻq! Hammaning parvoyi falakdek... Hatto goʻyo-poʻyolarsiz – chindan, parvolar falak! Axir, oʻzgarish sodir boʻlishi kerak emasmidi? Boʻlganda ham, yaxshi tomonga... Nima, oxiratdan umidvor odamlar shunchalar kammi? Statistik maʼlumotlarga qaraganda, dunyo aholisining 90 foizga yaqini xudojoʻy ekan. Amalda-chi?.. Qaytaga, dunyo jamiyatlarida “yotib qolguncha otib qol” degan kayfiyat sezilarli darajada kuchaygandek.

 Mayli, oʻzgalarni qoʻyaylik, siz oʻzgardingizmi, siz?..

Men oʻzimni kuzatib yuribman: zarracha oʻzgarganim yoʻq. Ilgari yaxshi boʻlgan esam, hamon oʻshanday yaxshi; yomon boʻlgan esam, hanuz oʻshanday yomonman. Yoki ikki jihat aralash-quralash. Olloh bilgich. Shundan keyin tabiiy bir savol tugʻiladi: odamzodni nima isloh qiladi oʻzi? Bormi shunday kuch dunyoda? “Shoʻro davrida dinga yoʻl berilmagan edi” deya iddao qilamiz. Mana, hozir diniy hayotimiz ancha erkin. Lekin risoladagidek moʻmin-musulmon boʻla oldikmi?..

Nahotki, odam bolasi peshonasiga qoʻshotar miltiq tiralib, qoʻrquvdan tizzalari qalt-qalt titragandagina yomonlikdan tiyilsa? Nahotki, busiz uni oʻzgartirib, tarbiyalab boʻlmasa? Agar shunday esa, ideal jamiyat qurish yoʻlida hali koʻp ter va qon toʻkilishi muqarrar. Oʻrtada yadro urushi boʻlib, butun mavjudot qirilib ketmasa, albatta... Urushni boshlaganlar ham kap-katta odamlar, aslida. Kuzatsangiz, “suvboshi”da goho bir oyogʻi yerda, boshqasi goʻrda turgan qariyalarni koʻrasiz. Bizlar boʻlsak anchayin tomoshabin boʻlib oʻtiramiz. Eʼtibor bering, XXI asrda – hozirgi sivilizatsiya darajasiga qadar olis yoʻlni bosib kelgan insoniyat, madaniyatning eng yuqori choʻqqisida turgan davr odamlari shu ishni qilyapti. Goʻyo shuncha yoʻl bosib oʻtilmagandek. Goʻyo biz, bashar ahli hali-hamon ibtidoiy jamoa tuzumida yoki undan nari – gʻorlarda yashayotgandekmiz.

Urush – eng kichigidan eng kattasiga qadar – shunday hodisotki, gʻolib boʻlaturib ham magʻlub sanalish mumkin. Chunki uning harbiy, siyosiy, tarixiy tomonlaridan tashqari, ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy jihatlari ham bor. Harbiy yo siyosiy jihatdan yengib, maʼnaviy-axloqiy mezonlarga koʻra yengilish hech gap emas. Ha, koʻpimizning kiygan kiyimlarimiz, mingan mashinalarimiz, yashayotgan uylarimiz oʻta zamonaviy, biroq ong-tafakkur, saviya-daraja tosh asrinikidan zarracha oldinga ketmagandek tuyuladi menga. Boshqacha aytganda, butun dunyo, shoirlar topib aytganidek, poroxli bochka ustida oʻtiribdi, lekin parvo qilgani yoʻq. Qiziq, a? Toʻgʻrirogʻi, dahshat! Shunday emasmi? Tugʻilish koʻpayib tirikning qadri qolmagan edi, endi esa ajal tegirmoni muttasil aylanib, oʻlikning izzati qolmayotir. Koʻpning qadriga yetadigan jamiyatlar esa hali qurilmaganga oʻxshaydi. Ular – insoniyatning orzusi. Faqat... orzu orzuligicha qolarmikan? Mana, yana bir javobsiz savol... “Laʼnati” degim kelmayapti, chunki uning roʻyobiga umidim bor.

Men negadir “XXI asrda rivojlangan mamlakatlarda katta urushlar boʻlmaydi. Zero, ular yetarlicha tajribaga ega boʻldi: jahon urushlaridan xulosa chiqardi. Bas, taraqqiy topgan yoki shu yoʻldagi davlatlarning vazifasi, maqsadi, intilishlari faqat va faqat ideal davlat, mukammal jamiyat qurish boʻladi. U endi shu davlat-u jamiyatga munosib komil inson toʻgʻrisida qaygʻuradi” deb oʻylab yurar ekanman. Afsuski, chuchvarani xom sanabman: odam bolasi haligacha “urush-urush oʻyini”ga qonmabdi. Demakki, tafakkuri oʻsmabdi. Chiqargan xulosalari, olgan tajribalari yetarli boʻlmabdi. Eng dahshatlisi nima, aytaymi – biz bola-chaqamiz, oʻy-u xayolimiz, oʻtmish-u kelajagimiz, sanʼat-u adabiyotimiz, orzu-yu umidlarimiz bilan ana shu oʻsib-ulgʻaymagan odamlar, toʻgʻrirogʻi, “odamcha”lar izmidamiz...

Ichkaridagi urushlar

Chuqurroq oʻylab qarasak, urushlar avvalo ichimizda paydo boʻlar, keyin maydonlarga – koridor-u kabinetlarga, choʻl-u oʻrmonlarga, qishlog‘-u shaharlarga koʻchar ekan. Mamlakatdan mamlakatga oʻtib, ularning kulini koʻkka sovurar, borliq tiriklikka xavf-u xatar solarkan. Bas, shunday ekan, bugunning va ertaning vazifasi – urushni ichkarisidan tashqariga chiqarmaydigan munosib insonni tarbiyalamoq boʻlishi lozim emasmi?! Balki, bu gaplar ertakdek eshitilar, lekin oxiri xayr bilan tugaydigan ertaklar toʻqib, ularni hayotga tatbiq qilib yashamasak boʻlmaydiganga oʻxshaydi. Chunki shu ketishi boʻlsa, insoniyatning navbatdagi ming yillikni eson-omon oʻtkazib olishi dargumon. Munosib insonni tarbiya qilish – butun dunyo hamjamiyati zimmasida turgan vazifalarning, ehtimol, eng muhimidir. Zero, bugungi zamonaviy qirgʻin qurollari bilan kurrai arzni bir emas, koʻplab martalab yoʻq qilib yuborish mumkin. Shunday yovuz imkonni oʻz “men”ini idora eta olmaydigan insonga topshirib boʻladimi?!

Urushlar, boya aytilganidek, XXI asrda yashab turib ham, insoniyatning bir qismi haligacha gʻor tasavvuri va tafakkurida qolganining isbotidir. Demak, bashar ahli qarshisida ulgʻayish tomon choʻzilgan mashaqqatli uzun yoʻl turibdiki, uni bosib oʻtish kerak boʻladi. Tajovuzni hatto koʻngilda yoqlash ham uni dastaklash, tajovuzkorning yonida turish bilan barobar. Aslida, agressiyalar koʻngilda zulmga moyillikdan kelib chiqadi. Buzgʻunchilik va urushga moyillikni yoʻq qilish uchun esa dunyo miqyosida juda katta maʼrifiy ishlar olib borilishi lozim va lobud.

Bundan ancha yillar burun Yaponiya bosh vazirining oliy oʻquv yurtlarida gumanitar fanlarni oʻqitmaslik haqidagi qarorini toʻrtta rektordan boshqa hammasi qabul qilgani toʻgʻrisida xabar oʻqigan edim. Nima emish, ijtimoiy-gumanitar fanlarning ishlab chiqarishga aloqasi yoʻqmish. Oliy oʻquv dargohlarida foyda keltiradigan, koʻz bilan koʻrib, qoʻl bilan ushlash mumkin boʻlgan moddiyatga xizmat qilgich fanlargina oʻqitilishi kerakmish. “Xoʻsh, buning oxiri nima bilan tugaydi?” deya mendan soʻralsa, “Juda katta voy bilan!” deya javob bergan boʻlardim. Albatta, mendan-u menga oʻxshash gumanitarlardan soʻraguvchi odam yoʻq hisobi. Ehtimol, shuning uchun ham dunyoni katta tezlikda jarlikka oqib ketayotgan olomon daryosiga oʻxshatish mumkindir. Siz olomonga “Oldinda xavf bor, jarlik bor!” deya qanchalik baqirmang, u beparvo – mudhish yoʻlida davom etmoqda. Bas, siz ham olomon bilan birga ketib boraverasiz. “Nega, nima uchun oʻz joningizni qutqarmaysiz?” degan haqli savol tugʻiladi. Javob bunday: olomonlik darajasi qay darajada kuchliligidan qatʼi nazar, eldan ajralib qolish ham jarlikdir. Qolaversa, bugun, ne ajabki, dunyo taqdiri ana shu olomonga, uning kayfiyatiga bogʻliq. Ha, yaqin-yaqingacha dunyoning ravishi xos odamlarning (elita) kayfiyati bilan qoyim edi. Endi boʻlsa, uni omma, ommaning istaklari boshqaryapti. Siz ulardan alohida boʻlib hayotingizni qutqarib qola olmaysiz. Uning oʻziga yetkazgan zarari, ertami-kechmi – mutlaqo, ha, mutlaqo sizni ham topib kelajak. Biz ana shunday zamonda yashayapmiz, zamondosh!..

Dunyoda hali-hamon vayronkor kuch birlamchi ekani meni tashvishga soladi. Insoniyatning bunyodkor ruhga ega sara farzandlari emas, balki buzgʻunchilikka moyil, tafakkur bobida tuban tabaqaga mansub kimsalarning hokimiyat tepasiga kelishi – zamonaviy dunyoning chinakam fojiasidir. Chunki yuz yil oldingi mustabid, istasa ham, Yer sharini oʻqidan chiqarib yubora olmas edi. Bugun esa hozirgi qurollar bilan kurrai zaminni yuz karra teskari aylantirib yuborish mumkin. Sakkiz milliardli Yer aholisining taqdiri bir yoki bir necha kishining kayfiyatiga bogʻliq ekani esa bundan-da ayanchli. Bunga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi!!!

Javobsiz savollar

Aʼmo odamning koʻzlari ochilishi bilan ilk qiladigan ishi qoʻlidagi hassani uloqtirish boʻladi, deyishadi. Real vaziyatga koʻra – kecha koʻr boʻlib, bugun koʻrguvchiga aylangan inson pozitsiyasidan turib qarasangiz, bu tushunarli, albatta. Lekin misolni ramziy anglab, voqelikka hassa tarafdan boqsangiz, koʻzi ochilgan insonning ishi – borib turgan koʻrnamaklikdir. Ogʻir kunda tirgak boʻlganni unutish bu. Inson degan soʻzning lugʻaviy maʼnosi “unutuvchi” ekanini bilamiz. Soʻzlar maʼnosining qismatga daxldorlik tarafi borligidan esa koʻpchilikning xabari yoʻq. Nima, koriga yaragan asoning qadriga yetishi uchun insoniyat umrbod koʻr boʻlmogʻi kerakmi? Boshqacha aytganda, urushning kulfatiga iqror boʻlib, tinchlikning qadriga yetishimiz uchun mudom urush ichida, bugun qoʻlimizdan, ertaga oyogʻimizdan ajralib yashamogʻimiz shartmi? Faqat shundagina odamzod oʻz insonlik maqomida tura oladimi? Yoʻqsa, dorilomon kunlar kelishi bilan hayvonlik darajasiga, hatto gohida undan-da tuban pogʻonaga tushib ketadimi?!

Yana oʻshanday javobsiz savollar...

Balki javob qadimiy rivoyatlarda, muqaddas oʻgitlardadir. Zotan, ular inson mohiyatida nuqson borligiga ishora qiladi-ku! Eslang, shayton Ollohga isyon qilib, “Urush chiqaradigan, qon toʻkadigan insonga sajda qilamanmi?” deya savol qoʻyadi. “Qilasan!” deydi Olloh. Insonga esa tanlash imkoni beriladi. U ezgu amali bilan maloiklardan-da yuksalishi, ayni choqda, hayvonni ham uyaltirgudek maʼsiyatlarga qoʻl urishi mumkin. Olloh insonning birinchi yoʻlni tanlashiga imkon beradi, shunga chaqiradi. Tanlov oʻzimizdan... Lekin nega biz aksar holda ikkinchi yoʻlni tanlashga moyil boʻlamiz? Ehtimol, shu yerda ideal jamiyat, mukammal davlat va komil inson tarbiyasi haqida soʻz borishi kerakdir?

Boshqacha avlod

Ammo... lekin... biroq... otamlarning avlodi ancha-muncha boshqacha edi-da, deyman. Oqibatni bilardi. Otam 1940-yilda tugʻilgan. Uning tengdoshlari frontorti qiyinchiliklarini xoʻb tortgan. Yerda yotgan nonni koʻrsa, qoʻliga olib oʻpib, peshonasiga surtib, oyoq bosmaydigan joyga olib qoʻyardi. Keyingi avlodlar bu ishni qilmas boʻldi. Tepib oʻtishga-ku tepib oʻtmas, lekin otamning avlodiga oʻxshab – xor boʻlib yotgan non boʻlagini peshonasiga surtib, chetga olib qoʻymasdi-da. Undan keyingilar esa, nonni olib-oʻpib, oyoq bosmas joyga qoʻygich avlod ustidan oshkora kuladigan boʻldi. Hozir esa nonni tepib oʻtadiganlar paydo boʻlgan desam, yoqamga yopishishdan oldin atrofga yaxshilab nazar soling. Chunki ikki katta urush uzoqda qoldi, uning azoblari, yetkazgan zahmatlari unutildi hisob. Qalbda yana oʻsha javobsiz savol tugʻyon soladi: neʼmatning qadriga yetmoq uchun faqat urush-u qirgʻin boʻlib, odamlar it azobini koʻrishi kerakmi? Katta avlodlar koʻrgan-kechirganidan xulosa chiqarsak boʻlmaydimi?..

Balki javob har bir avlod hayotni eng quyidan, “nol”dan boshlagani bilan bogʻliqdir. Oʻz tanasida sinab koʻrmaguncha, na moddiy va na maʼnaviy neʼmat qadriga yetmas bu odamzod deganimiz. Men birovni ayblamayapman – kim boʻlibmanki, oʻzgaga qoʻlimni bigiz qilib “Sen aybdorsan!” desam. Men bor-yoʻgʻi fikrlayapman, xolos. Oʻsha javobsiz savollarga javob izlayapman imkonim darajasida. Garchi topmadim... mabodo topgan boʻlsam, ularning birontasi ham “alhamdu”ga yaramayotgan esa-da...

Orzung bormi?

Biz bugun nima bilan bandmiz? Ideal jamiyat qurish haqida oʻylayapmizmi? Yaqinda qoʻshnimiz – nafaqadagi polkovnik bilan uy oldida gaplashib qoldim. U ham jamiyat holini tahlil qilib yurgich ekan. Sobiq harbiy “Ulugʻbek, nega biz bunaqa boʻlib qoldik? Kichik kattani hurmat qilmaydi, katta esa kichikni izzat qilmaydi. “Oʻzbekmiz, oʻzimizga xon-u oʻzimizga bekmiz” deya koʻkragimizga uramiz. Lekin, oʻylab qarasam, koʻkrakka mushtlash bilan ish bitmas ekan. Nazarimda, millat oʻlaroq talay qusurlarimiz bordek. Avvalo, koʻp yoʻnalishlar boʻyicha ortda qolib ketganmiz, yaʼni qoloqmiz. Maqtanish oʻrniga koʻproq oʻnglanish haqida gapirish kerakmikan deyman-da...” deb qoldi.

Suhbatdoshim haq!

Menimcha ham kamchiliklarimiz moʻl-koʻl. Chunonchi, biz hali-hamon uch odim otib toʻxtayapmiz. Toʻgʻrirogʻi, toʻxtatilyapmiz. Oʻlim toʻxtatyapti bizni. Bu uch odimning oti: imorat, toʻy va aza... Biz necha asrlardan beri oʻz hayotiy maqsadimizni shu uch manzil bilan bogʻlab kelmoqdamiz. Imoratini qurib, bu imoratda toʻy va azasini oʻtkazib olgan oʻzbekning umri ham, orzu-yu maqsadlari ham sob boʻladi... Oldimizga yuksakroq maqsadlar qoʻyib yashashga esa nedir xalal beradi. Necha zamonlardan beri shunday... Ammo bu tarz mangu davom etishi mumkin emas. Mabodo, davom etsa, bir kunmas bir kun toʻy va aza marosimlari oʻtkaziladigan imorat qoʻldan ketishi muqarrar. Uni oʻzgalar egallab oladi. Alhol, orzu-maqsadlarimiz maydalashdi. Shunga yarasha ideallarimiz ham. Nazarimda, koʻpchilik tuzukroq orzu qilishni ham bilmaydi hozir. Ideallar haqida esa tasavvurga ham ega emas. Odamlar maishiy istaklar domida qolgan: yoʻqsillar qora­qishda issiq va charogʻon uy, saryog‘ surtilgan bir burda non istaydi. Oʻziga toʻqroqlar – dangʻillama hovli-joy, “siti”lardan “aqlli uy”, qimmat mashina-yu eng soʻnggi rusumdagi telefon. Sal ilgʻorlari – sayohat qilaman deydi... Endi el tamomila oʻzga masalalar ustida bosh qotirayotgan boʻlishi kerak emasmi?! Nega hanuz maishiy istaklar millat kuntartibidagi bosh mavzular boʻlib qolmoqda?! Hayotiy moʻljallarimiz maishiy istaklar darajasida belgilanaversa, tinimsiz oʻzgarib-turlanib borayotgan dunyo tegirmonidan eson-omon chiqa olamizmi? Xavotir shundan! Tunov kun ancha yillar burun ishlangan “Kurer” degan filmni takror koʻrdim. Kinodagi bir epizod har gal koʻrganimda mening bagʻrimda tanda qoʻygan koʻhna yarani yangilab yuboradi. Qahramon doʻstidan soʻraydi:

“– Orzung bormi?

 – Bor.

 – Xoʻsh?

 – Palto sotib olish.

 – Iya, shu ham orzu boʻldimi?

 – Boʻlmasam-chi, bultur paltosiz qolganim uchun qishi bilan shamollab chiqdim.

 – Unda, ma, ol, – deya qoʻlidagi paltosini oʻrtogʻiga hadya etib yuboradi qahramon va qoʻshimcha qiladi: – Buyuk narsalarni orzu qilish kerak, eshityapsanmi, buyuk narsalarni! Sen esa palto deysan...”

Siz bilan biz-chi? Qayerga yetib keldik va nimalarni orzu qilyapmiz, qadrdonim zamondosh? Bizning ham koʻzlarimiz oʻsha paltoda (issiq va charogʻon uyda, villada, qimmatbaho mashinada, mansabda, shuhratda, xorijda...) emasmi mabodo?! Ular bizni maqsadimizga olib boradigan vositami va yoxud allaqachon maqsadning oʻziga aylanib ulgurdimi? Ha, biz orzuni istak darajasiga tushirib qoʻydik. Istak badanning ehtiyojlari bilan bogʻliq boʻlsa, orzu, chinakam orzu ruhning, inson javharining ehtiyojlari bilan vobastadir. Kechagi kunimizdan xulosa chiqarib yashamasligimiz orzu-yu maqsadlarimizning maydalashib, haddan tashqari maishiylashib ketgani bilan ham bogʻliqdir, ehtimol...

Faqat istak bilan yashagan inson ham, millat ham orzu qilmoq baxtidan mosuvo. Orzu qilolmagan inson-u millat esa jismi bor-u, oʻzi yoʻq xilqatga aylanadi. U sarkash savollarga javob izlash ne, hatto bu haqda oʻylamoqqa ham qodir emas. Qoʻlidan keladigan birgina ish – zamon daryosida oqish. Zero, boshqa daryolarda u gʻarq boʻladi. Bizni yuksak orzulargina oʻzgartirishi mumkin. Orzu qilishdan, qilganda ham baland-baland orzular qilishdan tolmaylik. Zero, orzumand insongina urushdan, qon toʻkishdan hazar qiladi.

Ulugʻbek HAMDAM

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 1-son.

“Aʼmo yoʻqotgan aso” maqolasi