Shaharda istiqomat qiladigan oddiy oilani koʻz oldingizga keltiring: yangi qurilgan uyda uch xonali xonadon, avtokreditga olingan mashina va ijtimoiy tarmoqlarga oilaviy xorij sayohatidan joylangan suratlar. Bir qarashda hammasi risoladagidek. Ammo, oila boshligʻi kasallikka chalinib, uzoq muddatli tibbiy muolajalarga muhtoj boʻlib qolsa yoki ishidan ayrilsa, oilaviy jamgʻarma qancha vaqtga yetadi?
Agar javob bir-ikki oy boʻlsa, jiddiy savol tugʻiladi: bu oila chindan ham oʻrta qatlamga mansubmi yoki shunchaki oʻrta qatlam kabi koʻrinishga harakat qilyaptimi? Umuman, Oʻzbekistonda oʻrta sinf deb kimlarni aytish mumkin va jamiyat rivojida ularning roli qanday?
Gʻarbda shunga yaqin bir gap bor: boy tumov boʻlib tuzalganda, kambagʻal zotiljamdan oʻladi. Bu ibora ijtimoiy tabaqalanish qanday qilib odamlar taqdirini oʻzgartirishini koʻrsatadi. Oʻrta qatlam esa odamlarning turmush tarzidagi farqlarni kamaytiradi, jamiyatni taraqqiyotga chorlaydi, ertangi kunga umid uygʻotadi.
Zamonaviy sotsiolog va siyosatshunoslarning aksariyati taraqqiyotga erishgan mamlakatlar yutuqlari hamda ichki barqarorligini jamiyat tarkibidagi koʻp sonli kompetent oʻrta qatlam bilan bogʻlaydi.
Sanoat jihatdan rivojlangan mamlakatlarda oʻrta qatlam aholining katta qismi (60-80%)ni tashkil etadi. U, shuningdek, yirik burjuaziya, mansabdorlar va jamiyatning ekstremistik kayfiyatdagi quyi qatlamlariga qarama-qarshi turuvchi kuch hamdir. Bundan tashqari, oʻrta qatlam — jamiyatning astoydil mehnat qilish, yangi bilimlarni egallash, ijodkorlik bilan shugʻullanish va yangi avlodni tarbiyalashga qodir asosiy ishlab chiqaruvchi kuchi hisoblanadi.
Arastu jamiyat barqarorligining asosi bu – oʻrta hajmdagi mulk va oʻrta daromadga ega odamlari ekanini taʼkidlagan edi. Haddan tashqari boy yoki kambagʻal odamlarni esa u nobarqarorlik omillari sifatida taʼriflagan.
Bugun Oʻzbekistonda kimlarni oʻrta sinf vakili deb atash mumkin, degan savol hanuz ochiqligicha qolmoqda. Kimdir shaxsiy uyi, mashinasi va 10 mln soʻm atrofidagi maoshi bilan oʻzini oʻrta sinfga mansub deb hisoblasa, yana birov har 3-4 oyda muntazam xorijga sayohat qilgani, farzandlarini xususiy maktab va bogʻchada oʻqitgani holda, pulni uchma-uch yetkazayotganini aytishi mumkin. Ammo barqaror oʻrta sinf nafaqat daromadi, balki qadriyatlari, orzu-intilishlari hamda jamiyat rivojidagi roli bilan ham oʻlchanadi.
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori Muhammadjon Quronov esa oʻrta qatlamga quyidagicha taʼrif beradi:
– Menimcha, Oʻzbekistonda oʻrta sinfni faqat mashinasi yoki uyi borligi bilan oʻlchash xato. Jahon bankining formal mezonlariga qaraydigan boʻlsak, kambagʻallik chegarasini yorib oʻtgan har qanday odam avtomatik ravishda oʻrta qatlam deb hisoblanishi kerak. Biroq bizning sharoitda bu metodologiya xavfli illyuziyani yaratadi. Haqiqiy oʻrta sinf vakili bu maishiy texnika doʻkonidan istagancha tovar olib keta oladigan emas, balki kamida 3-6 oylik moliyaviy jamgʻarmaga ega odamdir. U barqaror daromad, muvozanatlashtirilgan kredit yuklamasi va kelajakka sarmoya kiritish borasida aniq strategiyaga ega. Oʻzbekistonlik oʻrta sinf vakili – malakali mehnat qiluvchi, daromadini rejalaydigan, jamgʻaruvchi, farzandiga sarmoya kirituvchi, qonunga amal qiluvchi insondir. Demak, uning qiyofasini mulkdan koʻra kasbiy, moliyaviy, raqamli va fuqarolik kompetensiyalari aniqroq belgilaydi.
Umumiy qilib aytganda, oʻrta sinf vakilining portreti uning mulkdorligi emas, balki quyidagi fundamental kompetensiyalari asosida shakllanadi:
- Moliyaviy intizom: byudjetni rejalashtirish va jamgʻarmalarni shakllantirish koʻnikmasi;
- Insonga sarmoya kiritish: xarajatlarning asosiy qismini namoyishkorona isteʼmol emas, farzandlar taʼlimi, til kurslari va sogʻlikka yoʻnaltirish;
- Huquqiy va raqamli madaniyat: oʻz huquqlarini bilish, shaffof kelishuvlar asosida ishlash va texnologiyalarga moslashuvchanlik.
Bu sifatlarsiz oxirgi modeldagi smartfon yoki mashina egasi bittagina kutilmagan vaziyat ortidan yana kambagʻallik girdobiga gʻarq boʻlishi ehtimoli yuqori.
Tadbirkor Firuz Allayevning fikricha, kundalik ehtiyojlarini bemalol qoplaydigan, uy-joy va transport masalasini nisbatan hal qilgan, qarz yuki ostida yashamaydigan yoki qarzlari daromadining 30 foizidan oshmaydigan oilalarni oʻrta sinf deb hisoblasa boʻladi:
– Oʻzbekiston sharoitida bugun viloyatlar sharoitida oylik daromad 10 million, Toshkent sharoitida 12 million soʻmdan oshadigan oilalarni bemalol oʻrta sinfning boshlanishi deyish mumkin. Lekin, bunda ham farqlar bor. Masalan, kimdir 15 million daromad qilsa-yu, lekin oylik qarz yukining oʻzi 10 million boʻlsa, uni oʻrta sinf deyish qiyin.
Iqtisodiy tomondan qaralsa, kuchli oʻrta sinf barqaror va boy davlatning muhim tayanchlaridan biri hisoblanadi. Avvalo, barqaror daromadga ega boʻlgani uchun ichki bozorda katta isteʼmolni aynan oʻrta sinf shakllantiradi. Bu mamlakatda qiymat yaratuvchi, bozorga ehtiyoji bor ishlab chiqaruvchilar uchun juda zarur. Ichki talab biznes rivojlanishi, koʻproq soliq yigʻilishi uchun muhim. Undan tashqari oʻrta sinf taʼlimga nisbatan koʻproq eʼtibor beradi, bu mamlakatda inson resurslari yaxshilanishiga xizmat qiladi. Aholining huquqlarga nisbatan talabchan qismi ham oʻrta sinf boʻladi. Shu tomondan oʻrta sinf mamlakat hayotining tayanchi boʻlib qolaveradi. Uning oʻsib borishi mamlakatni qudratliroq qiladi. Qolaversa, oʻrta sinf vakillarining dunyoqarashi ham taraqqiyot gʻoyalariga mushtarak. Deylik, kambagʻallik chegarasidagi qatlam koʻproq “bu oy qanday yashayman“ degan tashvish bilan yashasa, oʻrta sinf vakillarini “Farzandimni qanday oʻqitaman, qanaqa uy olaman, nimaga investitsiya qilsam ekan, qanaqa biznes boshlayman“ degan savollar koʻproq oʻylantiradi. Bu sinf butun boshli jamiyat qarashlarini oʻzgartirishi mumkin.
Koronavirus pandemiyasidan soʻng butun dunyoda oʻrta sinf hajmi kamaya boshladi. Texnologiyalar va avtomatlashuv hisobchilar, ofis xodimlari va ishchilar singari oʻrtamiyona kasblarni birin-ketin yoʻqotib, mehnat bozorini yuqori haq toʻlanadigan ekspertlar va kam haq toʻlanadigan xizmat koʻrsatuvchi personalga ajratmoqda. Shu bilan birga odamlarning daromadi deyarli oʻsmayapti, shaxsiy uy joy, yaxshi taʼlim va tibbiy xizmat esa yildan yilga qimmatlashib bormoqda. Natijada millionlab oilalar oʻrta qatlamda mustahkam oʻrnasha olmay, kambagʻallik chegarasiga yaqinlashib bormoqda.
OECD (OESR) “Under Pressure: The Squeezed Middle Class” maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi oʻnyillikda rivojlangan mamlakatlardagi oʻrta qatlam ulushi tinimsiz qisqarib bormoqda. Agar bebi-bumerlar avlodi uchun oʻrta sinf vakiliga aylanish tabiiy qadam boʻlgan boʻlsa, milleniallar va Z avlodi bu eshikni osonlikcha ocha olmaydi.
AQSH va Yevropada uy, sifatli taʼlim va tibbiyot narxi aholi daromadlaridan koʻra tezroq oʻsayotgani uchun oʻrta sinf inqirozga yuz tutayotganini Pew Research Center tadqiqotlari ham tasdiqlamoqda.
Muhammadjon Quronov Oʻzbekistonda bu xavfni oʻrtacha-yuqori ekanini aytadi, ayniqsa, uy-joy narxi, kredit yuki va malakaga boʻlgan talablarning tez oshishi jarayonni tezlashtirishi mumkin.
Xoʻsh, oʻrta sinfning yoʻqolishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
– Bu, avvalo, sifatga boʻlgan talabni zaiflashtiradi. Kam daromadli oila eng arzon xizmatni tanlashga majbur, juda boy qatlam esa mahalliy tizimdan chiqib, xorijiy taʼlim va tibbiyotni sotib olishga qodir. Natijada xususiy maktab va klinikalar ommaviy sifatni emas, ikki chekka bozorni koʻzlaydi; davlat tizimida esa faol, talabchan foydalanuvchi kamayadi. Mehnat bozorida malakali mutaxassislar qatlami siyraklashib, past haqli va elitar ish oʻrinlari orasi kengayadi. Shuning uchun oʻrta sinfni saqlash faqat iqtisodiy vazifa emas, siyosiy poydevor ham. Bu poydevor barcha qatlamlarga xizmat qiladigan adolatli institutlarni ham barqaror saqlaydi.
Men uchun oʻrta sinf – boylar bilan kambagʻallar orasidagi shunchaki daromad qatlami emas, jamiyatning vazminlik madaniyatidir. U yoʻqolsa, odamlar “mehnat qilsam, hayotim yaxshilanadi” degan ishonchni yoʻqotadi. Ijtimoiy harakatchanlik toʻxtaganda, adolatsizlik hissi, populizm, aybdor qidirish va keskin gʻoyalarga moyillik kuchayadi. Bozor ham qisqaradi, soliq bazasi zaiflashadi, davlatga bosim ortadi. Muloqot, bagʻrikenglik, huquqiy savodxonlik, dalilga asoslangan bahs, tadbirkorlik va shaxsiy masʼuliyat kompetensiyalari zarur. Ular oila va taʼlimda tarbiyalansa, oʻrta sinf nizolarni yumshatadigan, islohotlarni qoʻllaydigan va jamiyatni radikallashuvdan asraydigan kuchga aylanadi.
Shunday qilib, oʻrta sinfning yoʻqolishi faqatgina iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarmaydi. Asosiy fojia insoniyatning maʼnaviy-axloqiy poydevoriga berilgan zarbada namoyon boʻladi.
Sotsiolog va faylasuflar taʼkidlashicha, aynan oʻrta sinf vazminlik va shartnoma qoidalari tashuvchisi hisoblanadi. Ushbu qatlam yuvilganda, jamiyat quyidagi tayanch yoʻnalishlarni yoʻqotadi:
- Halol mehnat va bilim bilan muvaffaqiyatga erishish mumkinligiga ishonch yoʻqoladi. Buning oʻrniga fatalizm – qobiqni faqatgina tanish-bilish, korrupsiya yoki jinoyat orqali yorib chiqish mumkin, degan tushuncha shakllanadi.
- Oʻrta sinfning muvozanatni saqlovchi kuchisiz jamiyat tez fursatda oʻta boylar va qashshoqlarga ajraladi. Bu esa muqarrar ravishda sinflararo nafrat, populizm, jinoyatchilikning ortishi va empatiyadan voz kechishga sabab boʻladi.
- Boylar yopiq xorijiy infrastrukturadan foydalanib, kambagʻallar zoʻrgʻa kun koʻradigan sharoitda umumiylik gʻoyasiga putur yetadi. Odamlar bir-birining timsolida hamyurtini koʻrmay qoʻyadi va jamiyat asta-sekin “odam odamga boʻri” muhitiga aylanadi.
Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistondagi 41,6% aholini rasman oʻrta sinf sifatida baholash mumkin. Biroq bu raqam ortida hal qilinishi kerak boʻlgan muammolar bisyor.
Markaziy bank statistikasiga ishonadigan boʻlsak, soʻnggi yillarda aholining banklardan qarzdorligi 5 baravardan koʻproqqa oshgan, har uchinchi iqtisodiy faol oʻzbekistonlik esa amaldagi kredit qarzdorligiga ega. Bundan tashqari, qarzdorlarning 40%dan ortigʻi oylik daromadining yarmidan koʻpini kreditlarni “qoplashga” sarflaydi. “Oʻrta sinf” maqomi faqat yuqori foizli mikroqarz, ipoteka va avtokreditlar evaziga ushlab turilishi — aslo farovonlik emas.
Eng qizigʻi, olinadigan kredit va qarzlar har doim ham zarurat va ehtiyoj emas, balki oʻtkinchi hoy-u havaslar, “odamlar koʻrib qoʻysin” degan namoyishkorona dabdabaga ham xizmat qiladi.
Oʻzbekistonda haqiqiy oʻrta sinfni shakllantirish va mustahkamlash yoʻlidagi eng katta toʻsiqlardan biri bu – aynan “namoyishkorona isteʼmol” madaniyati boʻlib qolmoqda. Kambagʻallik chegarasida yashasa ham, tashqi atributlar orqali farovon hayot illyuziyasini yaratish – jamiyatimizdagi eng ogʻriqli ziddiyatlardan biridir.
Daromadning asosiy qismini farzandlar taʼlimi, sogʻliq va ehtiyot-shart zaxirasiga emas, balki dabdabali toʻylar, soʻnggi modeldagi avtomobillar va qimmatbaho “yevroremont”ga sarflash oʻrta qatlamning barqarorlashuviga yoʻl qoʻymayapti.
– Koʻz-koʻz qilish mamlakatimizdagi iqtisodiy-madaniy muammo hisoblanadi, deydi Firuz Allayev. – Isteʼmolchilik, materializm avj olgan. Odamlar ijtimoiy mavqe uchun qimmat toʻlashga tayyor. Deylik, mashina bu shunchaki transport emas, bu ijtimoiy mavqe. Qimmat iPhone ham shunchaki qulay smartfon emas, ijtimoiy mavqe. Oʻrta sinf vakili oʻz daromadini ijtimoiy mavqega “almashishi” uning hayot sifatini yana quyi qatlamga tushirib qoʻyadi. Lekin, realist sifatida aytadigan boʻlsam, insonlar ongi asta-sekinlik bilan qimmat mashina baxt emasligini anglab yetishi kerak. Moliyaviy savodxonlik kuchayib, koʻz-koʻz qiluvchi odamdan jamgʻaruvchi, pul zaxirasi bor odamga, undan sarmoya kiritib aktivlarini oshiradigan, baxtni esa taʼlimda, yuksalishda koʻradigan odamga aylanib borishimiz kerak. Katta shaharlarda bu jarayon allaqachon boshlangan. Lekin, mamlakat darajasida qarashlar oʻzgarishi vaqt oladi. Moliyaviy savodxonlik oʻsib borsa, aholi oʻz oʻzidan boy koʻrinish va boy boʻlish oʻrtasida farqni anglay boshlaydi. Qachondir 20 million maosh olib, uning 15 millionini qarzga beradigan va 5 millionga qiynalib yashaydigan odamdan 12 million maosh olib, uning 8-9 millionini oʻziga ishlatadigan odam boyroq ekanligini tushunib yetamiz.
– Munosabat sekin, ammo sezilarli oʻzgaryapti, deydi Muhammadjon Quronov. – Koʻp oilalar uchun obro‘ hali ham katta toʻy, tilla yoki qimmat avtomobil bilan oʻlchanadi. Biroq yangi oʻrta sinf vakillari farzandining til oʻrganishi, maktabi, kasbiy kursi, oila salomatligi, sport, kitob va sayohatni ham kapital deb bila boshladi. Bu oddiy isteʼmol almashinuvi emas, “koʻrinish”dan “imkoniyat”ga oʻtishdir. Lekin reklama, kredit va ijtimoiy tarmoqlar namoyishkorona xarajatni ragʻbatlantiradi. Shuning uchun moliyaviy rejalashtirish, kechiktirilgan isteʼmol, sogʻlom turmush, madaniy did va farzandga oqilona sarmoya kiritish kompetensiyalarini tarbiyaga kiritish kerak. Shunda oʻrta sinf miqdori ham, uning hayot sifati ham barqaror oʻsadi. Bu oʻzgarish oilaviy farovonlikni dabdabadan koʻra mazmunli hayot va barqaror kelajakka yaqinlashtiradi.
20–30 yoshli oʻrta sinf vakili ota-onasidan kamroq mehnat qilmaydi, ammo mehnatning maʼnosini boshqacha tushunadi. U bir tashkilotda umrbod ishlashdan koʻra kasbini almashtirish, masofadan ishlash, til oʻrganish, startap ochish va dunyo koʻrishni afzal biladi. Pulni faqat uy-joy yoki toʻyga emas, kurs, texnika, sayohat va sogʻliqqa sarflaydi. Biroq isteʼmol krediti va namoyishkorona hayot xavfi ham yoʻq emas. Katta avlod barqarorlikni, yoshlar imkoniyat va erkinlikni ustun qoʻyadi. Ikkalasini birlashtiradigan tayanch – mehnatsevarlik, moliyaviy intizom, raqamli savodxonlik va masʼuliyat. Shu kompetensiyalar maqsadli tarbiyalansa, yoshlar shunchaki daromadli emas, barqaror oʻrta sinfga aylanadi, inqirozlarda ham oʻz yoʻlini topadi va oʻz farzandlariga ham shu madaniyatni ongli ravishda uzatadi.
Hozirgi oʻrta sinf davlat imtiyoz soʻramayapti, ularning asosiy talabi – ishlaydigan oʻyin qoidalari: adolatli sudlar, xususiy mulk muhofazasi, sifatli taʼlim, raqobatbardosh tibbiyot va qulay shahar muhitidir.
Haqiqiy barqaror oʻrta sinfni yuqoridan buyruq bilan yaratish yoki bir yil ichida shakllantirish imkonsiz. U oilalar, maktablar va jamiyatdagi uzoq va tizimli rivojlanish natijasida paydo boʻladi.
Oʻrta sinfga mansublik xonadoningizdagi kvadrat metrlar yoki mebellar soni bilan oʻlchanmaydi. Bu oqilona vazminlik, oʻz gʻoyalaringiz va ertangi kunga ishonch, qonunlarga boʻlgan hurmat hamda uyingiz, shahringiz va mamlakatingiz uchun masʼuliyat hissidir.
Biz kimdir farovon kelajakni biz uchun qurib beradi, deb oʻylaymiz. Lekin aslida bu har birimizga bogʻliq jarayon. Dabdabali toʻydan koʻra farzandimizning taʼlimini ustun qoʻya olsak, jarimadan qoʻrqib emas, oʻzimizga ep koʻrmaganimiz uchun qoidalarni buzishdan toʻxtasak, toʻlayotgan soliqlarimiz qayerga ketayotgani bilan qiziqsak – mana shunda na inflyatsiya, na inqirozlar yoʻqota olmaydigan haqiqiy kuchli oʻrta sinfga aylanamiz.
Visola QARSHIBOYEVA,
Oyina.uz
Foto: Xolida MUSULMONOVA