Maʼnaviyat haqida mukolamaga, yaʼni gaplashishga tutingan zahoti “osmon ostida hech yangilik yoʻq” (Yekklesiast) degan aksiomamonand hikmatli soʻzlar esga keladi. Darhaqiqat, kimlar maʼnaviyat haqida yozmagan yoki yozmayapti? Uni nima bilan qiyoslashmadi yoki “qalb jilosi”, “ruhiyat izi” deb atashmadi? Kimlar maʼnaviyat sirlarini azaliyatdan, ilohiyotdan qidirib donishmandlik qilmadi?
Yakuniy gap esa qadimdagidek bitta:
Koʻplar donishmand deb bildilar oʻzni,
Xudoning zotidan ochdilar soʻzni.
Hech qaysi bilolmay azal sirlarin,
Aljirab-valjirab yumdilar koʻzni.
(Umar Xayyom)
Nahotki, odam zotiga azaldan – animizm va totemizm davridanoq maʼlum maʼnaviyat har jihatdan ilmiy dalillar yetarli hozirgi zamonda anglash mushkul voqelik boʻlib qolgan boʻlsa? Nahotki sezgi, tuygʻu va tajriba bilan ilgʻangan hodisa – maʼnaviyatni bilim bilan sogʻlom baholashga ojizmiz?
Maʼnaviyat donishmandlikka eltadimi yoki donishmandlikning oʻzi maʼnaviyatmi?..
“Maʼnaviyat” soʻzining tub ildizi arabcha “maʼno” soʻzidan kelib chiqqanini yaxshi bilamiz. Inglizchadagi “spiritual” (“maʼnaviy”) soʻzini “spirit” soʻzidan E.B.Taylor va J.Frezer isteʼmolga kiritgan boʻlsa, ruschadagi “kultura” soʻzini N.A.Berdyayev “kult” soʻzidan degan. Xullas, ushbu etimologik talqinlar “maʼnaviyat”ni iymon-eʼtiqod va din omillari bilan ham bogʻlaydi. Lekin bu yondashuv mavzuning bitta tomonidir. Dinga boʻlgan qiziqishning ortishi uni maʼnaviyat talqinida yetakchi oʻringa chiqarib qoʻydi. Biroq dinga eʼtiqod fluktatsion, yaʼni toʻlqinlanib turuvchi voqelik ekanini eslasak, maʼnaviyatning negizi faqatgina diniy eʼtiqod emasligini payqaymiz. Masalan, rus sotsiologlarining fikricha, oʻzini din tarafdorlari hisoblovchilar 92-93 foizni tashkil etgani holda, diniy dogmatikaga amal qiluvchilar 3-4 foiz atrofida. Bu koʻrsatkich yevropalik tadqiqotchilarning soʻrovlari natijasiga yaqin. Din, eʼtiqod uzoq asrlar davomida inson qalbi va ruhiyatiga samarali taʼsir etuvchi sotsiopedagogik tajriba toʻplaganini inkor qilolmaymiz. Demak, maʼnaviy hayotda din omili taʼsiri saqlanib qoladi.
Maʼnaviyatga jiddiy taʼsir etuvchi ikkinchi omil madaniyatdir.
Maʼnaviyat bilan madaniyat uygʻun, opa-singil. Ulardan biriga berilgan taʼrif ikkinchisiga ham taalluqlidir. Madaniyatdagi maʼnaviyat – ustqurma, madaniyatdagi moddiylik – bazis. Bazis va ustqurma dialektik tarzda sotsiomadaniy makonni shakllantiradi. Bu makonni mikrodaraja (oila, mahalla, mehnat jamoasi) va makrodaraja (transmilliy uyushmalar, xalqaro institutlar, global tashkilotlar)da oʻrganish mumkin. Ushbu darajalarning oʻz belgilari va xususiyatlari mavjud. Masalan, mikropogʻonadagi oila maʼnaviyati er+xotin+farzandlar+buva+buvilar munosabatlaridan, ikki tomonlama aloqalardan iborat boʻlib, ularni birlashtiruvchi determinant insoniy mehr hisoblanadi. Bu determinant boshqa institutlarda yoki pogʻonalarda uchramaydi, agar uchrasa rasmiy normalar, vaqt va makon doirasida keladi. Oiladagi mehr ushbu chegarani tan olmaydi, u istagan doirada, makonda oʻzini namoyon etish kuchiga ega. Oilani birlashtirib turgan insoniy mehr diaxron – ikki tomonlama aloqalar uchun mutlaq qadriyatdir. Demak, mehr – oila maʼnaviyatining yadrosi. Mehnat jamoasida shunday yadro oʻzaro hamkorlik, umumiy maqsad yoʻlida ittifoq, makrodarajada esa ikki yoki koʻptomonlama integratsiya hisoblanadi. Koʻrinib turibdiki, maʼnaviyat axloqiy fazilat (mehr)dan tortib, to global integratsiya jarayonlarigacha oʻz ichiga oladi.
Maʼnaviyatni bazisidan ajratish aslo mumkin emas.
Bir yaqinim bor. Kasbi – haydovchi, kirakash. Uning betizgin hissiyotga va vajohatga berilishi odam zotidagi eng bad jihatlardan sanalishi mumkin. Ushbu qusuri tufayli oilasidan ajralgan. Uni toʻrt-besh yilda oʻz tuygʻularini idora qilishga oʻrgatdim. Mulohaza qiladigan boʻldi. Lekin u har safar benzin narxi oshganida yoki radarga tushganida saboqlarimni unutadi, avvalgidek yovvoyi instinktlarga beriladi va vajohat bilan hammaga tashlana ketadi.
“Inson, – deb yozadi N.A.Berdyayev, – biologik, sotsial va maʼnaviy mavjudot. Shuningdek, u erkin va qul, fidoyi boʻlish, sevish bilan birga egoizmga, pastkashlikka moyil zot. Unda ilohiylik bilan insoniylik, yovvoyilik bilan madaniylik mujassam...”.
Men kirakash tanishimga hissiyotlarini jilovlashni, ustqurmani asrashni oʻrgatdim, ammo bazis taʼsirini idora etishga oʻrgatolmadim, u saboqlarimdan ustun kelaveradi...
Ushbu pogʻonalarda subyekt-obyekt munosabatlari muhim rol oʻynaydi. Subyekt ushbu munosabatlarni shakllantiruvchi, ularga yoʻnalish va manfaatlarga murosaviy ruh beruvchi shaxs. Murosa yoki murosa madaniyati – shaxs bilan jamiyatni uygʻunlashtiruvchi determinant. U har doim jamiyat hayotiga barqarorlik, osoyishtalik, ijodiy raqobat baxsh etib keladi, murosa madaniyati boʻlmasa, hatto pozitiv voqelik boʻlgan demokratiya va adolat ham oʻzlarining antipodiga aylanadi.
Murosa madaniyati hayotni, borliqni, jamiyatdagi ittifoqni, ahillikni asraydi, usiz “men-sen”, “meniki-seniki” kabilar boshboshdoqlikka, xaosga yetaklaydi. Insondagi oliyjanoblik, elsevarlik va hayotsevarlik murosa madaniyati orqali roʻyobga chiqadi, murosani bilmaganlar mutakabbirlik qurboniga aylanadi. Bunday egoistik shaxsni olimligi, donishmandligi ham qutqarolmaydi. Olmon faylasufi F.Nisshe ijodining choʻqqisiga chiqqan paytida oʻzi yetishib chiqqan butun gʻarb madaniyati, axloqi, dini va maʼnaviy boyliklarini rad etib, ular oʻrniga yangi madaniyat, axloq, din, maʼnaviyat yaratmoqchi boʻladi. Natijada umrining oxirgi oʻn yilini telbaxonada oʻtkazadi. Ibratli misol!
Maʼnaviyatli inson – yaratuvchan, yaratiqlarni asrovchi, hech boʻlmaganda farzandi yoki nevarasiga ibrat boʻlishni istashi kerak. Telbaligi xuruj qilmagan paytlarda F.Nisshe oqillik qiladi: “Ishlarimiz insoniy, oʻta insoniy boʻlsa, orqaga viqor bilan nazar tashlaymiz”.
Maʼnaviyatsiz shaxs yoʻq, biroq kimdir koʻproq maʼnaviyatli, kimdir kamroq. Bu avvalo jamiyatimiz, undagi tarixiy-madaniy boyliklar taʼsiri tufaylidir. Ular kimgadir koʻproq ta’sir etgan, kimgadir ozroq; kimdir yaxshiroq oʻzlashtirgan, kimdir boʻshroq. Ushbu ziddiyatlar inson va uning bud-borligʻiga taʼsir etib uni, K.Yung klassifikatsiyasidan kelib chiqsak, yo introvertga aylantiradi, yoki ekstravertga. Introvert oʻzi, oʻz manfaatlari uchun yashovchi shaxs, ekstravert uning aksi. Biroq bozor iqtisodiyotiga, oldi-sotdiga qurilgan bu zamonda introvert boʻlmaslik qiyin. Zohidona yashaydigan soʻfiylar davri oʻtdi, boshqalar davrasida boʻlmay, kimligingni, nima uchun yashayotganingni ayon etolmaysan. Sen jamiyatga emas, jamiyat senga koʻproq zarur. Jamiyatga zarurligingni tasdiqlab, nima uchun yashayotganingni isbot qilasan-da. Mana, hikmat qayerda! Bu aslida ekstravertlikdir!
Maʼnaviyatli boʻlish uchun umr boʻyi maʼnaviy madaniyat yukini tuyib, zarur boʻlsa ushbu xochni, Iso misoli, yelkaga ortib yashash kerak. Ha, maʼnaviy madaniyat – yuk. Umr boʻyi yelkada koʻtarib yurilishi kerak boʻlgan yuk. Undan nolish, voz kechish, vovaylo qilish yoʻq. Sabr, chidam, maʼnaviyatga sadoqat bilan xizmat qilib yashash bor. Mukofot soʻrayapsizmi? Hech boʻlmaganda oʻzingizga oʻzingiz ibratsiz! Millatga, xalqqa, bashariyatga deyayotganim yoʻq, hech boʻlmasa oʻzingizga oʻzingiz ibrat boʻling! “Najot ichingdadur” deydi-ku Rumiy. N.Berdyayev esa “Oʻzingdan oʻzmay – ilgari ketmay komillikka yetmak yoʻq” degan.
Maʼnaviyat – mudom saboq. Saboq olish va saboq boʻlish. Hatto yoʻlakda yotgan toshdan ham saboq olish mumkin.
Umar Xayyom yozadi:
Tuproqqa avaylab qadamingni qoʻy,
Bu tuproq qora koʻz bir nigor edi.
Ana, tuproqdan, biz toptaydigan tuproqdan olinadigan maʼnaviy saboq.
Yon-atrof – maʼnaviy saboq. Daraxt-u maysalar – maʼnaviy saboq. Tong-u tun, soy-u buloq, osmon-u yer, eng asosiysi birodarlaring maʼnaviy saboq. Ulardan olishni, oʻrganishni bilmasang, behuda yashabsan, ogʻayni. Seni hech nimaga oʻrgatishmabdi. Bilaman, insonning bu saboqlardan koʻngli toʻlmaydi. Ularning barchasi Geraklit nazarda tutgan “oqar daryo, unga ikki bor kirish yoʻq”. Men sevadigan Sharq donishmandi Umar Xayyom afsuslanib yozadi:
Tun-u kun oʻyladim yetmish ikki yil,
Angladim, hech narsa maʼlum boʻlmabdi.
Bu qismatimiz, undan qochish imkoni yoʻq. Biroq berilgan “yetmish ikki yil” maʼnaviy komillikka saboq boʻlishi mumkin. Ha, mumkin!
Oʻy, fikr – miyadagi oʻn sakkiz milliardga yaqin toʻqima betoʻxtov yuk tashiyotgan ekan, maʼnaviyat munoqasha uygʻotaveradi. Balki miyani oʻylashga, fikrlashga undayotgan oʻn sakkiz milliardga yaqin toʻqimaning oʻzi maʼnaviyatdir. Balki yon-atrofdagi informatsiyalarning 95 foizini ilgʻaydigan koʻzimiz maʼnaviyatdir. Balki vujudimizga jo, million-million kilometrlarga choʻziladigan teri qoplamalarimiz, tinmay aylanayotgan qon hujayralarimiz maʼnaviyatdir. Balki... mana shu uch nuqtaning oʻzi ham maʼnaviyatdir...
Viktor ALIMASOV
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.
“Maʼnaviyatning siri nimada?” maqolasi