Oʻttiz yildan ziyod umri dunyoning eng mashhur ilmiy markazlaridan biri – Dubna birlashgan yadro tadqiqotlari institutida (Rossiya) oʻtayotgan oʻzbek olimi, fizika-matematika fanlari doktori Avazbek Nosirov otasi bilan boʻlgan suhbatni shunday eslaydi:

“Umrimning koʻp qismi musofirchilikda oʻtdi. Meni eng iztirobga solgan narsa ota-onamdan olisda boʻlganim. Garchi ukalarim oʻrnimni bildirmay, ularga yaxshi qarashgan boʻlsa-da, oʻnta boʻlsa oʻrni boshqa deyishganidek, bosh farzandning oʻrni boʻlak ekan. Otam meni yurtga qaytarishni istab, rahmatli shayximiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning huzuriga boshlab borgan (hazratning otasi bilan qoʻshni turganmiz, u kishi masjidimizda imom edi, otam ikkalasi yaqin doʻst boʻlishgan. Hozir ikkalasining qabrlari ham yonma-yon). “Bunga aytsangiz, biz ham qariyapmiz, endi qaytib kelsa, shu yerda ishlasa” degan. Shayx hazratlari “Ilm yoʻlida boʻlsa sira qaytarmang” deb javob bergan. Otam “Gapingizni oladi deb sizga aytsam...” deb sal ranjigan. Ammo yuragim doim Oʻzbekistonda...”.

Avazbek Nosirov 1982-yildan buyon yadro-yadro toʻqnashuvidagi jarayonlar mexanizmi boʻyicha ilmiy faoliyat olib boradi. 1987-yili Dubnada Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida “Ogʻir ionlar bilan toʻqnashuv reaksiyalarida koʻp nuklonli oʻtishlar” mavzusida nomzodlik va 2004-yili Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida “Ogʻir ion reaksiyalarida koʻp nuklonli oʻtishlar va qoʻshilish-boʻlinish jarayonlarini yarim mikroskopik tavsiflash usuli” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

Avazbek Nosirov chet ellik olimlarning eksperimentlari natijasini tahlil etishda ular bilan hamkorlik qiladi. Italiyaning Messina universiteti fizika fakulteti olimlari professor Jiorjio Jiardina, doktor Juzeppe Mandalio, Germaniyaning Yustus Libix  universiteti olimlari, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston olimlari bilan ham xalqaro hamkorlikda ishlaydi. U dunyodagi eng nufuzli 20 ta ilmiy jurnalning retsenzenti.

Uning ilmiy kashfiyoti 62 yildan buyon dunyo fizik olimlarining yadrolar toʻqnashganda toʻla qoʻshila olmasligi haqidagi tasavvurini oʻzgartirdi. U turli yadro fizikasi markazlarida olingan tajriba natijalarini oʻzimizning olimlar yaratgan nazariy fizika modeli doirasida tushuntirib bera oldi. Bu haqidagi ilmiy maqola 2023-yil bahorida fiziklarning nufuzli “Physics Letters B” jurnalida chop etildi. U Rossiyadagi Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida 2023-yilning birinchi yarmidagi eng yaxshi nazariy maqola deb tan olindi.

Avazbek Nosirov garchi Dubnada yashab faoliyat olib borsa-da, har yili ikki marta Oʻzbekistonga kelib, yosh olimlar bilan ishlaydi. U Birlashgan yadro tadqiqotlari institutining ilmiy tadqiqotlar boʻyicha 1992, 2004, 2016-yillardagi oliy mukofotiga munosib koʻrilgan.

* * *

Olimlar... Kim oʻzi ular? Siz-u bizdan ularning farqi nimada? Aslida haqiqiy olim hamma qatori oddiy odam. Ammo boshqalardan farqi doim oʻziga “Nega? Qanday qilib? Nima uchun? Aniqmi?” degan savollarni berib, voqea-hodisalarga boshqacharoq koʻz bilan qaraydi. Hayotimiz davomida, turmushimizda ularning mana shu qiziquvchanligi mevasidan bahramand boʻlamiz, ixtirolaridan hayratlanamiz, foydalanamiz.

Avazbek Nosirov oʻz dunyosi va prinsiplariga sodiq, odamiylikni olimlikdan yuqori qoʻyadigan qobil farzand, mehribon ota va bobo, fidoyi olim, sadoqatli doʻst. Kamtarligi, halolligi bilan doʻstlari orasida hurmat qozongan. Garchi Oʻzbekistonda yashamasa-da, bundan qirq yil oldin oʻqishni bitirgan kursdoshlari bilan hozirgacha aloqani uzmay, yilda bir koʻrishib, yaxshi-yomon kunlarida yonida turadi. Andijonning Buloqboshisidan chiqqan bu olim Karimjon ota va Toʻtiyoxon ayalarning oʻn ikki farzandining toʻngʻichi.

Katta arava qayerga yursa...

– Otam uzoq yillar kolxozda rais boʻlib ishlagan, – deydi Avazbek Nosirov. – Elning dardi, davlatning rejasi, mahalla-koʻyning tashvishidan ortmasa-da, erta ketib, kech qaytsa-da, bizning oʻqishimiz, odob-axloqimiz, muammolarimiz haqida onamdan surishtirardi. Onam maktabda oʻqimagan, lekin savodi bor, farosatli, tadbirli ayol edi. “Siz akademiksiz” derdim onamga. Chunki oʻta diplomat, qayerda nimani gapirish, qayerda jim turishni bilardi, vaziyatdan kelib chiqib ish tutardi. Biror marta birovning koʻnglini ogʻritmagan xushmuomala ayol edi. Mehri bilan birga qattiqqoʻlligi ham yetarlicha, koʻchada bolalar bilan yoqalashib kelsak, oʻzimizni urishardi. Oʻn ikki farzandning yettitasi oʻgʻil. Qattiq intizom boʻlmasa, shunday natijalarga erisharmidik? Deyarli hammamiz oʻqishlarni qizil diplomga bitirganmiz, oilada toʻrttamiz fizik. Otam beshinchi ukamni qishloq xoʻjaligi institutiga yoʻnaltirgan. U ota kasbini davom ettirib kam boʻlmadi. Onam uy yumushlari, mol-holga qarashdan tashqari, darsimizni vaqtida bajarish va kitob mutolaasiga ham vaqt ajratishimizga sharoit qilib berardi. “Bosh farzandsan, sen qaysi yoʻldan ketsang, ukalaring ham senga ergashadi, akalik masʼuliyati katta” der edi ota-onam.

Ota tarafdan ham, ona tarafdan ham bobo-buvilarim ilmli, donishmand odam boʻlishgan. Mulla Nosir bobom oʻz nomi bilan mulla edi. Onamning otasi Ibrohim hoji ham katta tadbirkor, taqvoli odam boʻlgan. Bolaligimizda oʻynab borsak, oldiga oʻtirgʻizib hikmatli soʻzlar, rivoyatlar aytib berib bizga tarbiyaviy soat oʻtardi. Keyinchalik mening ilmiy faoliyatim, olimligimdan faxrlanardi, “Odamlar sen haqingda gapirsa xursand boʻlaman” derdi rahmatli. U kishi 80 yoshida hajga borib, oʻsha yerda vafot etgan.

Otam rais boʻlgan. Boy yashaganmiz deyolmayman. U kishi halol, birovning haqqiga xiyonat qilmaydigan odam edi. Uyimizda ortiqcha pul ham boʻlmagan. Hech esimdan chiqmaydi, bir gal onam “bozorga borib kel” deb pul bergan. Men oʻyinqaroqlik qilib, onamning gapini anglab-anglamay bozorga borib, ikkita sovunning oʻrniga ikkita qovun koʻtarib kelganman. Onam rosa koyib, “borib almashtirib kel, mening boshqa pulim yoʻq” degan. Bormayman deb yigʻlab turib olganimdan keyin buvimning rahmi kelib, choponini boshiga tashlab oʻzi bozorga ketgan. Rahmatli Nazira buvimning menga mehri boʻlakcha edi, ilmni qadrlardi. “Bolam, hali bir kuni kitob chiqarsang, bir chetiga mening ham ismimni yozib qoʻy” derdi. Inshoolloh, qachondir koʻrgan-kechirganlarim haqida kitob chiqarsam, buvimning orzusini amalga oshirmoqchiman.

Buloqboshidan Dubnagacha

– Bolaligimda oʻzimdan ikki yosh katta Muhammadsoli degan joʻram boʻlardi. Juda tarbiyali, mehnatkash va sofdil bola edi. Doʻstim maktabga bora boshlaganda unga qiziqib, men ham uning kitoblaridan foydalanib, harf taniganman. Birgalikda yo ularning, yo bizning hovlimizda dars qilardik.

Maktabdan keliboq darrov darslarimni qilib, ertangi mashgʻulotga tayyorgarlik koʻrardim. Darsxonamizda javonda Kaykovusning “Qobusnoma”si turardi. Har koʻzim tushganda qayta-qayta oʻqib qoʻyardim. Endi oʻylab qarasam, biz oʻgʻil bolalar tarbiyasi uchun muhim boʻlgan bu kitobni ota-onam bekorga qoʻyib qoʻyishmagan ekan. 8-sinfdan boshlab fizikadan olimpiadaga qatnasha boshlaganman. Oʻsha yiliyoq fizika fani boʻyicha olimpiadaning tuman va viloyat bosqichlaridan oʻtib, respublika bosqichida 3-oʻrinni egalladim. Birinchi marta Novosibirsk shahrida oʻtkazilgan Butunittifoq fizika olimpiadasida faxrli oʻrinni egallab, maqtov qogʻozi va kitoblar bilan taqdirlanganimda onam judayam sevingan. Albatta, bu yutugʻimda fizika oʻqituvchimiz Umarov Toshtemir domlaning hissasi katta. Darsdan keyin domlam bilan qoʻshimcha shugʻullanardik, u kishi juda kuchli masala kitoblaridan foydalanishni oʻrgatardi. 9- va 10-sinflarda esa olimpiadaning hamma bosqichlarida birinchi oʻrinni egallab, Leningradda (hozirgi Sankt-Peterburg shahri) boʻlib oʻtadigan Butunittifoq fizika olimpiadasiga yoʻllanma olganman.

Maktabni oltin medal bilan bitirganim uchun imtiyoz bilan Toshkent davlat universitetining fizika fakultetiga oʻqishga qabul qilinganman.

Yoshlar, oson yoʻlni tanlamang!

– Hozirgi yoshlarning koʻpchiligi (hammasi ham emas) ilm oʻrganishning osonroq yoʻlini qidiradi, biror masala ustida uzoq bosh qotirishmaydi. Maʼruzani ham doskadan rasmga tushirib olib tayyorlanishadi, internetdan qidirishadi, xullas, mehnat qilishga erinishadi. Eng oqsaydigan tarafi – til bilmaydi, oʻrganishga harakat ham qilmaydi. Esimda, 8-sinfdalik chogʻim Butunittifoq fizika olimpiadasi gʻoliblaridan boʻlganim uchun meni Moskvadagi fizika-texnika institutining sirtqi fizika-matematika maktabiga qabul qilishgan va har chorakda fizika, matematika va geometriyadan nazorat ishlari joʻnatib turishar edi. Men oʻzbekcha oʻqiganim uchun dastlab rus tilidagi masalalar shartini tushunib olishim qiyin boʻlgan. Hatto Andijon shahridagi pedagogika institutiga borib, domlalardan yordam soʻraganman. Sekin-asta oʻzim uddasidan chiqadigan boʻldim va masala-misollarni toʻgʻri yechib, daftarlarimni pochta orqali Moskvaga joʻnatadigan boʻldim. Ataylab shuning uchun oʻris tilini oʻrgandim.

Toʻrt-besh baholar bilan oʻsha sirtqi maktabni bitirganman. Shuning uchun mening fizika va matematika boʻyicha bilimim tengdoshlarimnikiga qaraganda ancha yuqori boʻlgan. Oʻshanda tushlarimda qushdek uchib yurganimni koʻrganman. Onamga aytsam, “Bu biliming bilan, xudo xohlasa, sen hayotda ham, ilm-fanda ham yuqori pogʻonalarga koʻtarilasan” deb taʼbir qilardi. Ollohga shukur, onalarning farzandi haqidagi orzulari, duolari ijobat boʻlmay qolmaskan, rahmatli onamning ishonchi, alqashlari menga kuch berib, 1976-yili oʻqishimni Toshkent davlat universiteti fizika fakultetidan Moskva davlat universiteti fizika fakultetiga koʻchirdim, yaʼni 1976–1980-yillari u yerda oʻqib oliy maʼlumot oldim.

Moskvada oʻqib yurganimda doim oʻzimga oʻzim “Seni Oʻzbekistonda ota-onang, ukalaring, qarindoshlaring, doʻstlaring kutayapti, ularning sendan umidi katta” deya dalda berib turardim. Boʻsh vaqtim deyarli boʻlmagan. Sport bilan shugʻullanib, yugurar edim, qishda changʻi uchardim. Oʻsha paytda olingan hayotiy dinamika hali ham davom etayapti. Atrofimdagi insonlar, hamqishloqlarim va qarindoshlarimning ishonchini oqlashga harakat qilish menga doim ilhom beradi.

Oilam

– Mening shu darajaga yetishimda ota-onamning tarbiyasi, mehri, ustozlarimning beminnat xizmati va xotinimning oʻrni beqiyos. Chunki xonadonimdagi xotirjamlik, iliqlik ayolim Masturaxon bilan bogʻliq. U judayam sabr-toqatli ayol. Mening borimga ham, yoʻgʻimga ham chidab, qoʻllab, ilm qilishimga sharoit yaratib bermaganida olim boʻlishim oson emasdi. Chunki arzimagan maosh bilan ijarada yashashning oʻzi boʻlmaydi. Hatto oylik yetmaganidan Rossiyada vetnamliklardan oyoqkiyim olib sotib kun koʻrgan paytlarimiz ham boʻlgan.

Ikkita oʻgʻlim bor. Bosh farzandim Behzodjon ham fizikadan yaxshi oʻqirdi, ammo uning oʻsmirlik pallasi mening qiyin davrimga toʻgʻri kelgan, shunda u “Ota, men boshqa sohani tanlay qolay, siz oʻn soʻmlik ish qilib, besh soʻm maosh olasiz, men oʻn soʻmlik ish qildimmi oʻz ulushimni olishim kerak” deb iqtisod yoʻnalishini tanladi. Jahon iqtisodi va diplomatiya universitetida ikki yil oʻqib, Yaponiyaga grant yutdi va oʻsha yerga oʻqishga ketdi. Hozir Yaponiyada yashaydi. Kelinimiz Manatsu bilan shirindan shakar Azizullo va Komila degan nabiralarimizni tarbiyalashayapti. Kelinimiz yapon, ammo oʻzbekka rosa oʻxshaydi, islom dinini qabul qilgan. Bizning qadriyatlarimizni hurmat qiladi, juda aqlli, farosatli ayol. Har yili kelib ketishadi. Farzandlariga uyda oʻzbekcha gapirishadi. Nabiram Azizullo men bilan internet orqali gaplashib turadi. Mening soham bilan bogʻliq savollari boʻlsa murojaat qiladi, yordam beraman. Ularda beshinchi sinf bolasiyam atom haqida taqdimot tayyorlab topshirarkan.

Ikkinchi oʻgʻlim Nusratillo mening sohamda oʻqidi. Institutni bitirib u ham xorijga ishga taklif qilingan.

Dunyoning qay burchida boʻlsam ham...

Oilamizda pulni muhim deb bilish, pulga ruju qoʻyishdan qaytarilganmiz. Nafs tarbiyasi muhim boʻlgan. 1994-yili meni Dubnaga taklif qilishgan boʻlsa, oʻttiz yildan ziyod oʻsha yerda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayapman. Shuncha payt mobaynida Rossiya fuqaroligini olish xayolimga ham kelgani yoʻq. Bir yilda ikki marta ish safari bilan kelib OʻzFA Yadro fizikasi institutida talabalarim bilan ishlab ketaman.

Toʻgʻri, ahvolim yaxshilangach, ota-onam, yaqinlarimga iloji boricha har tomonlama yordamlashishga, eʼtibor qaratishga harakat qildim. Biroq baribir koʻp vaqtimni ular bilan oʻtkaza olmaganim armon boʻladi. Biz, yetti oʻgʻil, ota-onam qarib qolganida (otam 91, onam 82 yoshga kirib vafot etgan) bir haftada bir martadan navbat bilan qarashga kelishib olganmiz. Tabiiyki, mening galimda men yetib kelolmasdim, oʻrnimga navbatchilikni ukalarimdan birovi qilib turardi. Lekin bir-ikki oy muddatga kelgan paytimda albatta qilgan progullarimni ishlab berardim. Onamga men bilan gaplashib turishlari uchun telefon olib bergandim. “Bolam, mabodo sen qoʻngʻiroq qilib qolsang koʻrmay qolamanmi deb telefonni doim oʻzim bilan olib yuraman” der edi rahmatli.

Dunyoning qaysi burchida boʻlsam ham ota-onamning oʻgitlari, duolari qulogʻimda jaranglab turaveradi. Teran nigohlarini his qilaman. Inson yoshi oʻtavergach shuni anglab yetarkanki, biz qayerda boʻlmaylik, qaysi kasb egasi boʻlmaylik, oʻz ilmimiz, oʻz hunarimiz bilan vatan uchun qoʻlimizdan kelguncha nimadir qilishimiz, qoldirishimiz kerak ekan.

Shahnoza ROFIYEVA tayyorladi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.

“Olimlik va odamlik mezonlari” maqolasi