Ustozimiz Abdulla Orif bir gurungida: “Millat, bir qarasang boboga oʻxshaydi, bir qarasang yosh bolaga oʻxshaydi. Shuning uchun uni svetofordan oʻtayotganda, ehtiyot boʻlib oʻtkazib qoʻyish kerak. Boʻmasam, moshin urib ketishi mumkin”,  –  degandi hazil aralashtirib. 


Farosat bilan qarasangiz, bizning chekimizga tushgan XXI asrning qaltis, chalgʻituvchi svetoforlari koʻp ekan. Ular har qadamda, har xil shaklda  uchraydi. Bu svetoforlarning baʼzida qizil va yashil chiroqlari baravar yonib qoladimi-yey, baʼzida sariqdan boshqa chiroq yonmay turaveradimi-yey, xullas chalgʻituvchi holatlar koʻp. 


Xoʻsh,  Abdulla Orif ramziy maʼnoda aytgan svetofordan millatni kimlar oʻtkazib qoʻyishi kerak? Birinchi navbatda bu ishga ziyolilar, soʻng davlat va jamoat arboblari, din peshvolari masʼuldirlar. 


Biz qalamga tortgan mavzu yangi asr tuqqan muammo emas, balki necha-necha  yuz yilliklardan beri kelayotgan, hali svetofor degan yoʻlkoʻrsatkich haqida tasavvur ham boʻlmagan zamonlarda paydo boʻlib, millatni domiga tortgan, bizning asrimizga kelib yanada “gurkirab” ketgan muammodir. Shuning uchun uni eskidan eski, yangidan yangi muammo desak xato boʻlmaydi. Zero, bu masala allaqachon yangi yuzyillikning qaltis svetoforlaridan biriga aylanib ulgurdi. 


                       Bu poygada hammamiz ot choptirib koʻrganmiz


Oʻzbek jadidlari rahnamosi Mahmudxoʻja Behbudiyning  “Bizni kemirguvchi illatlar” nomli maqolasi yozilganiga bu yil 110 yildan oshdi. Bu maqolada maʼrifatparvar bobomiz toʻy va maʼrakalardagi  millatni tanazzulga eltadigan illatlar haqida bong urgan edi. Lekin oʻtgan 110 yil ichida biz bu borada ortga chekinmadik,  toʻxtovsiz poygalar girdobiga tushib qolib, faqat va faqat “oldinga ketdik”,  bu olatasir kimoʻzarda hammamiz chempionlikni iddao qilib, “kam boʻlmadik”, garchi baʼzilarimizning orqamiz ochilib qolsa ham. 


Ha, bu masalada hech birimiz, men chekkada edim, deb maqtanolmaymiz, chunki, har birimiz bu poygada ot choptirib koʻrganmiz. Hatto baʼzilarimiz egnimizdagi yoqasi idragan koʻylagimizni almashtirmasak-da, ultoni yemirilgan poyabzalimizni yangilamasak-da, “oʻnta qoʻy nima boʻladi, olti yuz shisha aroq nima boʻladi” deya dasturxonni daryo qilib toʻy qilganmiz.


Yaqinda bir yigʻilishda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov toʻy va maʼrakalarimizdagi dabdabozliklar va isrofgarchiliklar haqida kuyinib gapirib, muhim bir maʼlumotni qistirib oʻtdi: “Oʻrganish va tahlillarga koʻra, 2024 yilda odamlarimiz toʻyxonalarda boʻlgan toʻylar uchun jami 30 trillion soʻmdan koʻp mablag‘ sarflashgan. Toʻy kortejlari, quda chaqiriq kabi boshqa qator tadbirlarning xarajatlari bunga kirmaydi”.

 
Albatta, hammani toʻyga yetkazsin! Toʻy tinchlik, farovonlik belgisi. Doʻst-u yorlar, jigarlarning qizgʻin diydorlashuv kuni, araz-ginalar unutiladigan kun. Oʻzbek borki, farzandlarimning toʻylariga yetkazsin, degan ezgu niyat bilan yashaydi. Bu yaxshi. Lekin koʻpchigan dabdabalar va asʼasalar, axmoqona isrofgarchiliklar va topganini bir kunda shamolga sovurish kabi illatlar millat taraqqiyotiga salbiy taʼsir etmasdan qolmaydi. “Salbiy taʼsir” deb kitobiy gap qilmaylik, aslida bu millatning oyogʻidan tortib, chohga sudraydigan illatdir. 


Hoy-u havaslar va dabdabalarni ishlab chiqishda dunyoda bizga yetadigani yoʻq, bu ishda har birimiz “qudratli” bir fabrikaga aylanamiz. Har toʻyga, har maʼrakaga bir yangilik qoʻshmasak koʻnglimiz tinchimaydi. Bunday paytlarda otini toʻgʻri yozolmaydigan goʻlvoylarimiz ham birdan kashshof boʻlib ketadilar.


                Bir kunlik toʻy va toʻrt yillik taʼlim


Mayli, haliberi hoy-u havaslardan tiyilishga koʻzimiz yetmasa, hech boʻlmaganda, yuqorida aytib oʻtilgan trillion-trillion mablagʻning ellik foizini bolalarimizning ilm oʻrganishiga, fanga qiziqishlariga, maʼrifatli boʻlishiga sarf qilaylik. Shunda ham koʻp narsa yutamiz. Ota-ona uchun eng katta toʻy farzand kamoli emasmi, oʻgʻli va qizining oliy maʼlumotli boʻlishi, olim boʻlishi, el koʻrguday oqil inson boʻlib yetilishi emasmi? Albatta, bir kunlik toʻy, qanchalik dabdabali boʻlsa ham, baribir bu natijani berolmaydi. Aksincha, toʻy-u maʼrakalardan orttirib, farzandlarni hayotga tayyorlash, ilm-fanga tayyorlash, tarbiyalash uchun yillar davomida qilingan xarajatlar va harakatlar beradi bu natijani. 


Baʼzan  dabdabali bitta  toʻyning  puli talabaning universitetdagi toʻrt yillik kontrakt pulidan oshib ketadi. Axir dunyoni kaftdagiday koʻrib turibmiz-ku, hayotni faqat ilm-fan, tafakkur oʻzgartirar ekan. Ilm  rivojlanmagan joylarning odamlari hamon omochini sudrab yurgani ham ayon. 


Hashamatli restoranlarda minglab odamlar yigʻilib, oʻtkaziladigan katta-katta toʻylar bilan millat bolalarining qaddini koʻtarib boʻlmaydi (garchi bu toʻylar shu bolalar uchun qilinayotgan boʻlsa ham). Ular allaqanday koʻlmak davralarning xizmatchisiga aylanib qolmasligi uchun, qaylardadir mardikor boʻlib yurmasliklari uchun ularning tanglayini adabiyot bilan, manglayini ilm-fan bilan koʻtarishimiz kerak. Farzandlarimizga mayda-chuyda hoy-u havaslar va oʻtkinchi dabdabadlar emas, ilm-fan qiziq boʻlishi kerak. Ularni oʻzimizga oʻxshatib, soxta hashamatlarga oʻrgatib qoʻyishimiz oʻzimizga choh qazish bilan barobar. 


Endi quyidagi maʼlumotlarga diqqat qiling. 2024-yilda 271 ming 776 ta nikoh qayd etilgan boʻlsa, ajrimlar soni 45 ming 135 taga yetgan, shundan 28,5 foizi 30 yoshgacha boʻlgan shaxslar hissasiga toʻgʻri keladi.  


Bir yil, ikki yilga bormay “aza”ga aylangan  45 mingdan koʻp toʻy uchun necha sandiq pul ketgan. Qolaversa, 45 ming 135 ta buzilgan oilani bir joyga toʻplab, ularning holini tasavvur qilib qilib koʻring. Qancha gʻurbat, qancha musibat...


Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilning birinchi yarim yilligida Oʻzbekiston boʻyicha 95,3 mingta nikoh holatlari FHDYO organlarida qayd etilgan. Shu davrda 23 ming 300 ta ajrim boʻlgan. 


Bu maʼlumotlarga koʻra, bir yarim yil ichida 68 ming 435 ta oila buzilyapti. Bu raqamga sharh yozaman desangiz bir kitob boʻladi. Lekin kichik bir mulohazani qistirib oʻtish joiz. Bu buzilishlarning  asosiy sababi  hayotga yengil-yelpi qarash, ilmsizlik, saviyasizlik, fikrsizlik, quruq dabdaba-yu hashamatlarga  oʻchlik, maʼnan ochkoʻzlik kabi  illatlardir. 


Shu oʻrinda maʼrakalar haqida ham baʼzi mulohazalarimni aytib oʻtsam.  Qator  viloyatlarimizda  marhumning vafot etgan kuni keksaroq boʻlsa, “tuproq bosdi” marosimiga jonliq soʻyilib, janozaga kelgan elga taom tortiladi. Uch kundan soʻng kir yuvish marosimiga yana jonliq soʻyiladi. Soʻng yettisi katta marosim sifatida oʻtkazilib yuzlab odamlarga taom va noz-neʼmatlar, hatto pista-bodomgacha tortiladi. Yettisidan soʻng to qirqigacha har hafta payshanba kuni kamida 10-12 kg guruch damlanib, katta dasturxon qilinib, is chiqarib turiladi. Soʻng qirq marosimi ham ancha dabdabali tarzda oʻtkaziladi. Oxirida yili beriladi. Endi marhumning xonadonida yetti-sakkiz oy ichida bu maʼrakalar uchun ketadigan xarajatlarni oʻzingiz bir choʻtga tashlab koʻring.  Bu jarayonda boy-u kambagʻalni, yaʼni, hammamizni  faqat bir oʻy qiynaydi: “Maʼrakani boshqalardan kam qilsam, odamlar nima deydi? Otasining (yo onasining) qadriga yetmadi, xotirasiga munosib ish qilmadi, farzandlik burchini bajarmadi deyishmaydimi?”. Xuddi shu andisha niqobidagi qusur koʻp ovoragarchiliklarga sabab boʻladi.  Oqibatda boy borini sochadi, kambagʻal esa ketini ochadi.


Bir gal hayit kunida onasi qazo qilgan bir birodarimizning uyiga fotihaga kirib oʻtdik. Qaytib chiqqanimizda shu yerda turgan ikki-uch kishining “Yaxshi ish boʻlmadi. Falonchi onasining hayitiga qoʻy soʻyib taom tarqatishi kerak edi” degan gapini eshitdim. Holbuki, qoʻl uchida zoʻrgʻa kun koʻradigan oʻsha “falonchi” yillab kasal yotgan onasini davolataman deb doʻxtirma-doʻxtir yugurib, bor-budini sarflab, qarzga oʻtirib, ham moli, ham jonidan ayrilib boʻlgandi. Buning ustiga yetti, is, qirq kabi maʼrakalarini oʻtkazgan edi. Endi yana qoʻy soʻyib, pista-bodomli dasturxon yoysinmi? Bu kimga va nimaga kerak? Shuncha narsaning oʻrniga marhum uchun bir hovuch fotiha afzal emasmi? Bu masalada muhtaram din peshvolarimiz qattiq turishlari kerak boʻlayapti.


Men bu oʻrinda toʻylar va maʼrakalarga ketayotgan sarf-xarajatlar, uvol boʻlayotgan tonna-tonna noz-u neʼmatlar, keraksiz ashqol-dashqollar-u, paydo boʻlayotgan yangi, betayin rasm-u rusumlar haqida gapirib oʻtirishdan tiyildim. Chunki bu narsalarning shunchaki roʻyxatini bersam ham oʻn qogʻoz kamlik qiladi. Qolaversa, bu roʻyxatni hammamiz yaxshi bilamiz, illo har birimiz (shu jumladan oʻzim ham) bu jarayonning ishtirokchisimiz. Chunki, toʻy  va maʼraka bizda katta oqimga aylanib boʻlgan. Bu oqimga kirdingizmi, qanchalik qarshi suzmang, chiqib ketishingiz qiyin boʻladi. Xohlaysizmi, xohlamaysizmi koʻp keraksiz rasm-u rusumlarni bajarishga majbur boʻlasiz. Shuning uchun bu oqimni faqat el boʻlib birlashib, toʻxtatish mumkin. 


Pandemiya davrida 30 kishilik toʻylarni koʻrdik. Baʼzilarida men ham qatnashdim. 30 kishilik toʻy qilganlarning birovdan kam boʻlib qolganini koʻrmadik, obroʻsiyam tushib ketgani yoʻq. Aksincha, katta toʻyga ketadigan pulga birovi kelin-kuyovga uy olib bersa, birovi farzandi uchun doʻkon ochib berdi, birovi bolasini xorijda nufuzli universitetda oʻqitdi. Shuni alohida aytib oʻtishim kerak, men taniydigan, ixchamgina toʻyi boʻlgan oʻsha yoshlar baxtli boʻlib ketishdi. Toʻyi kichik boʻlgani bilan nasibasi qisiq boʻlmadi, aksincha baxti butun boʻldi. 


Meʼyor buzilganda...


Gap kelganda, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan har jihatdan ibratli bir voqeani havola qilib oʻtish joiz deb oʻyladim. Bu voqea shunday:


“Germaniyaga oʻqishga borgan bir arab yigit hikoya qiladi:


“Germaniya sanoatlashgan, oʻta rivojlangan davlat. U yerda turli sohalarga oid mahsulotlarning eng saralari ishlab chiqariladi. Koʻpchilik, bu mamlakat aholisi nihoyatda toʻkin-sochin, oʻta dabdabali yashaydi, deb oʻylaydi. Safarimdan oldin men ham shu fikrda edim. Hamburg shahriga kelib tushganimda, u yerdagi tanishlarim bir restoranda ziyofat uyushtirishdi. Restoranga bordik. Qarasak, restoranda odam kam. Bir nechta yoshi katta ayollar bor xolos. Bir chetdagi stolda yosh er-xotin oʻtiribdi. Oldilarida ikkita tarelkada ovqat va ikkita ichimlikdan boshqa narsa yoʻq. Biz ham bir stolga oʻtirdik. Qornimiz ochqab ketgandi. Shunga sherigim koʻproq ovqatga buyurtma berdi. Restoran tinch ekan, ovqat ham tezda keldi.


Ovqatlanib boʻlib, turib ketayotganimizda ovqatning yarmi tarelkada ortib qolgan edi. Restoran eshigiga yetib bormagan ham edik-ki, kimdir bizni chaqirdi. Qarasak, yoshi ulug‘ xonimlar restoran boshligʻiga nimalarnidir uqtirishyapti. Bilsak, bu ayollar stolda koʻp ovqat qoldirib ketayotganimizdan norozi ekanlar. Sherigim: “Oʻzimiz buyurtma bergan ovqat, pulini toʻlab qoʻydik, sizlarga daxli boʻlmagan narsaga nega aralashasizlar?!”, dedi. Xonimlardan biri bizga qattiq gʻazab bilan qarab turdi-da, telefon oldiga borib kimgadir sim qoqdi.


Koʻp oʻtmasdan, rasmiy kiyimda bir kishi kerib keldi. U oʻzini Ijtimoiy taʼminot muassasasining zobiti deb tanishtirdi. Bizga 50 marka jarima soldi. Biz javob qaytarolmadik. Sherigim uzr soʻrab 50 marka toʻladi. Zobit samimiy ohangda: “Isrof boʻlmasligiga koʻzingiz yetgan taomga buyurtma beringlar, pul oʻzingizniki, lekin resurslar barchaniki. Dunyoda koʻplab odamlar resurs, oziq-ovqat taqchilligiga duch kelmoqda, sizlar esa isrof qilayapsizlar”, dedi.


Biz rosa xijolatda qoldik. Uning gaplari haq edi. Sherigim oʻsha jarima qogʻozini suratga olib, har birimizga esdalik sifatida bittadan nusxa berdi. Biz bu qogʻozni uvol va isrofning zararini doim eslatib tursin deb, xonamiz devoriga osib qoʻydik!
“Pul oʻzingizniki, lekin resurslar barchaniki!”. Alloh taolo marhamat qilgan:  “Yeb-iching, (lekin) isrof qilmang! Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas!”  (Aʼrof, 31).

Butun olamni, koinotni ham, quyosh tizimini ham, Yer sayyorasini ham muvozanatda tutib turgan yagona bir qonun bor. Bor-yoʻgʻi bir soʻzdan iborat bu qonun – Meʼyor! Agar ularning harakat tezligida yo aylanishida yo boshqa bir faoliyatida ozgina meʼyor buzilsa, butun koinotga, buyuk tabiatga xatar xavf soladi. Holbuki, jamiyatda ham shunday. Har bir oilada ham, har bir odamning xatti-harakatlarida ham bu qonun ustuvor boʻlishi kerak. 


Maqola boshida eslatib oʻtganimizdek, jamiyatimizdagi qaltis svetoforlardan biri dabdabali toʻylar va maʼrakalarimizdir. Millatning bu svetofordan oʻtishida doimiy muammolar bor. Hatto baʼzilarni “moshin urib ketgan”i  ham rost.  


Xullas, el-yurtimizni toʻydan ayirmasin, shu bilan birga, meʼyordan ham ayirmasin. 


                                                                                 Eshqobil SHUKUR


“Jadid” gazetasi, 2026-yil 3-aprel, 14-son.

“Qaltis “svetofor”lar” maqolasi