“Soʻz – yoʻqolmaydi”

Faylasuflar soʻzlar izsiz yoʻqolib ketmaydi deb hisoblashadi... Ular havoda muallaq osilib, atmosferada turib qolishadi.

Faylasuf S.Bulgakov qaysidir bir xonada qargʻishlar yogʻilib, yomon gaplar aytilsa – bu gaplar xuddi tamaki tutinidek shu xonada osilib turaveradi, deydi. Derazani ochib va xonani shamollatib, bu qabihliklarni quvib solging keladi.

Shunday rivoyat bor. Shoir Lermontovning buvisi eri oʻz joniga qasd qilganini eshitib: “it itdek oʻlim topibdi” deydi. Juda ogʻir gap... Keyin esa duelda buvining suyukli nabirasi Mishenka (shoir Mixail Lermontov) halok boʻladi. Va bu xabarni eshitib podsho xuddi shu gapni takrorlaydi: “it itdek oʻlim topibdi!”. Buvining gapi podshoning ogʻzidan soʻzma-soʻz takrorlangan.

Aks-sado mavjud. Aynan aks-sado qachonlardir boshqalarga aytgan gaplarimiz, niyatlarimizni oʻzimizga qaytarib olib keladi...

Kimnidir qattiq ayblagan boʻlsak, kimningdir ustidan kulgan boʻlsak, kimgadir xiyonat qilib ogʻir vaziyatda tashlab ketgan boʻlsak – barchasi qaytadi. Aybsiz odamni qargʻagan kimsaning qargʻishi oʻziga uradi. Oʻylamasdan birovni qoralab, laʼnatlab gapirganlar – bu soʻzlar albatta oʻz hayotlarida “ijobat” boʻlganini koʻrishadi. Hayotda qaytish – aks-sado bor!

“Buyuk insonlar ham “maydalik” qopqoniga tushadi”

Faylasuf Shopengauer oʻzining xizmatkori bilan yoqalashib qoladi. Buyuk Immanuil Kant ham xizmatkori bilan janjallashib, hatto uni oziq-ovqatlarni oʻgʻirlashda ayblaydi. London Qirollik jamiyati aʼzosi, murosaga keltiruvchi sudya va yozuvchi Semyuel Pips oʻz uyining ayvonida oshpaz ayol bilan mushtlashadi.

Buyuk insonlar ham ana shunday mayda janjallarga aralashib qolishgan. Ular oʻzlarining ulug‘ aql-idroklari va qimmatli vaqtlarini qanday qilib boʻlmasin surbet xizmatkorlarga munosib javob berishga isrof qilishgan. Uyqusiz tunlarda xizmatkordan oʻch olishni oʻylab chiqishgan: “Shoshmay tur, yaramas, ertaga senga shunday javob berayki – uyingni topolmay qol! Ha-ha, senga Dantedan yoki Foma Akvinskiydan shunday iqtiboslar keltiramanki – dunyoga kelganingga pushaymon yeysan. Sen ustimdan kulishga qanday jurʼat etding, koʻrnamak?!”

Insoniyatning buyuk aql egalari oʻz kuch va vaqtlarini nimaga sarf etishganini bir tasavvur qiling-a?!

Oxir-oqibat Shopengauerning xizmatkori goʻyo unga yetkazilgan jarohat uchun faylasufni bir umr jarima toʻlashga majbur etgan. Kantning xizmatkori ham undan oxirgi tiyinini qoqib olmaguncha tinchimagan. Pipsning xizmatkori esa uni butun oila aʼzolari bitlab ketishi bilan siylagan.

Balkim, har birimiz kuchimiz va vaqtimizni mayda odamlar bilan mayda janjallarga sarf qilishni bas qilarmiz? Axir oʻylab koʻraylik – bu taxlit yoʻl tutib oʻzimiz ham mayda odamga aylanib qolayotganimizni nahotki bilmasak? Vaqtimizni shunchalik uquvsizlik bilan sarf etamizmi, axir? Va buyuk inson emas, masxaraga loyiq va johil odamga aylanib qolayapmiz – shuni sezayapmizmi? Yangi kitob yozish, yangi kashfiyotlar qilish oʻrniga mayda odamlarning mayda va qaltis ishlariga aralashib yursak..? Avvalo obdon oʻylab koʻraylik: arziydimi shu? Shu haqir odam bizning hissiyotlarimizga, bizning vaqtimizga, ruhiy azoblanishlarimizga loyiqmi? Baʼzida bunday odamlar va voqealarga tupurib, oʻz hayotingizni yashashda davom etish kerak. Foydali va ulug‘ ishlardan chalgʻimang...

“Hech kimga azob bermang”

Chexov qaddi-qomati kelishgan odam edi. Uni sevib qolgan ayollar koʻp boʻlgan, ammo yozuvchi xonimlar bilan qisqa muddat ayshini surib, keyin ularni tashlab ketardi. Hikoyalarida oʻzi bilan yaqin munosabatda boʻlgan ayollarning ustidan kulib tasvirlardi.

Anton Pavlovich ayollarni yoqtirardi, biroq: xotin xuddi oyga oʻxshashi kerak, degan gapni takrorlashni xush koʻrardi. U, ayol bamisli oy misol baʼzan koʻrinish berishi kerak va er yolgʻizlikni istagan chogʻlarida unga xalaqit bermasligi lozim. Faqat ana shunday oy-xotingagina uylanish joiz, deb hisoblardi...

Yoshgina qiz Lika Mizinova bilan qaygʻuli voqea sodir boʻldi: u Chexov bilan tanishib, yozuvchini sevib qolganida 19 yoshda edi. Qiz Chexovga ham yoqardi. Ular birga sayr qilarkan Chexov uni sevib qolganiga shaʼma qilardi... Keyin esa boshqa ayol bilan oʻz nafsini qondirardi. Soʻngra yana Likani uyiga taklif qilib, qiz kuylagan romanslarni tinglar va tagʻin sevgiga ishora qilib, qizni kelgan joyiga qaytarib yuborardi. Kunlarning birida xat orqali qizga uylanishini bildiradi. Ayni shu onlarda qiz baxt va muhabbatda erib ketgan boʻlishi mumkin. Ammo, keyinchalik: bu shunchaki oddiy hazil deb izoh beradi Chexov! Lika yozuvchini qattiq sevib qolgandi. Qiz oʻzining har koʻyga solinayotganidan depressiyaga tushib qoladi va ichkilikka ruju qoʻyadi. Ruhiy muvozanatni yoʻqotgan shoʻrlik qiz bir tovlamichining qoʻliga tushib, u bilan turmush quradi. Bu firibgar oilali boʻlib chiqadi va Likani qornidagi bolasi bilan tashlab ketadi. Bola tugʻilishi bilan oʻlib qoladi. Taqdirning bunday zarbalaridan Lika piyonistaga aylanib qoladi. Chexov Likani yana uchratib, uning qoʻlini soʻraydi. Kasalmand va hayotdan ezilib ketgan qiz rozi boʻladi... Chexov esa nikohga shoshmaylik, ikki yildan soʻng, balki uch yildan keyin uylanarman senga deb xat yozadi. Oʻzi esa bu vaqtda aktrisa Olga Knipperni topadi va keyinroq unga uylanadi. Kutilmaganda yozuvchi xotinini sevib qoladi. Bu paytda Chexov jiddiy betob edi. U uyda oʻtirib qoladi. Qariyb yura olmasdi. Yosh xotini esa doʻstlari bilan restoranga ketardi. Xotini koʻchaga ketar ekan mazaxomuz “zerikma, dusya”, deb qoʻl siltab qoʻyardi. Xotini tongga yaqin xush kayfiyatda uyga qaytardi. Keyin esa Chexov davolanish uchun Yaltaga ketishga majbur boʻladi. U xotinini qattiq sogʻinar, tunlari yelkanga bosh qoʻysam ancha yengil tortaman, deb unga yalinib-yolvorib maktublar yozardi. Biroq aktrisa teatr sahnasini afzal bilar va erining yoniga borishga vaqt topmasdi. U xuddi Chexov orzu qilgan xotin edi – oy kabi har kuni koʻrinish beravermasdi... Chexov yolgʻizlik va erkinlikni istagandi – taqdir esa unga bu narsalarni ortigʻi bilan inʼom etdi. Xuddi oy misoli xotinni istagandi – bu tilagi ham amalga oshdi. Yoʻtaldan nafasi qisib, jism-u joni azobda qolgan yozuvchi tong otishi qiyin boʻlgan uzun kechalarda xotini unga xiyonat qilib yurgani haqidagi imzosiz xatlarni oʻqiganda xayoliga nimalar kelgani bizga qorongʻu. Biroq hamma narsa qaytguvchidir. Shu bois hech kimga, hech qachon azob bermaslik kerak...

Anna KIRYАNOVA,

yozuvchi va psixolog

Rus tilidan Jaloliddin Safoyev tarjimasi.