I
Har birimiz shunday tajribani boshdan oʻtkazganmiz: qoʻlingizda barcha kerakli hujjatlar, yuzingizda umid bilan biror idora ostonasidan oʻtganingizda, koʻzlaringizda hali soʻnmagan ishonch chaqnab turadi. Men ham xuddi shunday umid bilan universitet stipendiya boʻlimiga kirdim.
“Stipendiya uchun ariza topshirmoqchiman”, dedim men, – ovozimda yashirilgan hayajon bilan arang. Xodim hujjatlarimga qaraganicha koʻzoynaklarini tuzatdi. Uning koʻzlarida men koʻrishga oʻrgangan narsa – beparvolik, zerikish va eng dahshatlisi, mendan oldin kelgan yuzlab talabalarning taqdiri allaqachon yozilgan protokolning muqarrar takrori aks etardi.
“Siz notoʻgʻri arizani toʻldiribsiz. Bu oʻtgan semestrdagi forma2, dedi u, lablarini zoʻrgʻa qimirlatib. “Yangi namunani olish uchun moliya boʻlimiga borishingiz kerak.”
Shu soʻzlardan keyin labirint ichiga tushib qoldim. Moliya boʻlimidan fakultet kotibiga, u yerdan yana boshqa boʻlimga – goʻyo koʻrinmas ip bilan bogʻlangan, hech qaysi biri masʼuliyatni oʻz zimmаsiga olishni istamagan odamlar zanjiri. Har bir yangi eshik ortida yashiringan umid va har bir rad javobi bilan choʻkkan yelkalar.
Yotoqxonaga qaytarkanman, oʻzimni xuddi kimdir ichimda bor kuchimni soʻrib olgandek his qildim. Qadamlarim ogʻirlashdi, nafas olishim qiyinlashdi. Boshimda aylanayotgan fikrlar esa toʻsatdan tanish tuyuldi – bu his, bu tuygʻu, bu mantiqsizlik... Uni qayerda uchrаtgаnimni esladim – Frans Kafka asarlarida.
Bir asr oldin qоrоngʻi va sovuq Praga koʻchalarida yashagan yozuvchi, goʻyo mening bugungi kunimni, azobimni, ruhimdagi labirintni oldindan koʻra olgan ekan. Bu vaqt va makonni yengib oʻtib, zamonaviy dunyoning eng ogʻriqli nuqtasini ilgʻay olgan insonning “tizim” degan maxluq oldidagi nochorligi. Kafka bizdagi byurokratiya deb atalgan qafasni, uning sovuq metall panjaralarini, koʻzga koʻrinmaydigan, ammo yurakni siqadigan devorlarini koʻra olgan edi. Va eng yomoni, bu qafas hamon bizni oʻrab turibdi, hatto yanada mustahkamroq, yanada nozikroq, yanada mukammalroq shaklda.
Kafka (1883–1924) asarlarida insonning tushunarsiz, mantiqsiz tizimlar changalidagi azoblari va umidsizligini qalamga olgan. “Jarayon”dagi Yozef K. nimada ayblanganini bilmasdan sud oldida titraydi, “Qalʼa”dagi janob K. esa hech qachon yuzini koʻrsatmaydigan, faqat sovuq buyruqlar beradigan hokimiyat bilan bogʻlanishga intiladi, ammo har safar yangi toʻsiqqa duch keladi.
Elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar, sunʼiy intellekt va cheksiz raqamli maʼlumotlar asrida Kafkaning asarlari yanada aniqroq, yanada haqiqiyroq boʻlib chiqmoqda. Qiziq holat, shunday emasmi? Biz raqamlar, ID-kodlar, login va parollar orqali belgilanadigan dunyoda yashaymiz. Qogʻozli byurokratiya raqamli labirintga aylangan, ammo uning mohiyati oʻzgarmagan – biz hamon maʼlumotlar bazalari, platformalar va tizimlarda adashamiz, kimdir bizni eshitishiga umid qilamiz.
Universitetdagi mening tajribam – bu faqat kichik bir misol. Hayotimizning har bir qadamida – sogʻliqni saqlash tizimiga murojaat qilganda, bank xizmatlaridan foydalanganda, davlat idoralarida navbatda turganda, hatto oddiy onlayn xarid qilganda ham biz Kafka bashorat qilgan labirintga duch kelamiz. Va har safar, har bir yangi eshik oldida bizning ichimizda bir savol yangraydi: “Nahotki mening hayotim, vaqtim, qadrim shunchalik arzimas?”
II
Kafkaning olami bizni ushlab turishi mumkin boʻlgan eng katta zanjir – bu umidsizlik his-tuygʻusidir. Uning qahramonlari byurokratik tizimga qarshi kurashadi, lekin bu kurash boshidanoq magʻlubiyatga mahkum. Ehtimol, Kafka zamonaviy dunyomizning bashoratchilaridan biri boʻlgandir: u bizning tizimlar changalida adashib qoladigan, asl maqsadimizni yoʻqotadigan, oʻzimizni aybdordek his qiladigan, ammo aynan nimada ayblanayotganimizni bilmaydigan kunlarimizni koʻra olgandir.
Kafkaning olami ataylab qurilgan shaffof devorlar, koʻrinmas toʻsiqlar va tugamaydigan navbatlar dunyosidir. Siz Kafkaga xos soʻzlarda, quyosh nuri tushmaydigan marmar yoʻlaklarda, qandaydir namlik va qogʻoz hidi anqib turgan, oʻtmish bilan kelajak oʻrtasidagi vaqtning oʻzi muzlagandek joyda adashib yurasiz.
“Aftidan kimdir Yozef K.ga tuhmat qilgan chogʻi, birovga yomonlik qilmagani, biron-bir nojoʻya ish sodir etmaganiga qaramay, uni hibsga olishdi.” Kafka “Jarayon” romanining shu birinchi jumlasi bilan bizni tushunarsiz olamga tashlaydi. Aybsiz boʻla turib, aybdorlik hissi bilan yashaydigan zamonaviy odamlar uchun bu jumla hayotimizning shioriga aylangan. Bank kartamiz toʻsatdan bloklanganda, davlat xizmatlaridan foydalanishda asossiz rad javobi olganda, onlayn toʻlovimiz oʻtmay qolganda yoki akkauntimiz hech qanday sabab koʻrsatilmasdan bloklanganda – xuddi Yozef K. kabi, oʻzimizni qandaydir koʻrinmas tizim xatosini deb aybdor his qilamiz.
Kafka tasvirlagan dunyodagi eng dahshatli narsa qoidalar mantiqsizligi emas, balki shu mantiqsizlikka asta-sekin koʻnikib borishimizdir. Xoʻsh, zamonaviy inson bu holatni qanday qabul qiladi?
III
Odamlar yam-yashil ekinzor oʻrtasidagi tor yoʻldan ketayotgan yoʻlovchiga oʻxshaydi. Yoʻl tobora torayib, nihoyat belgilar, koʻrsatkichlar va qoidalarga toʻlib ketadi. Atrofdagi ekinzor yoʻqoladi, oʻrniga qogʻoz devorlar paydo boʻladi. Va shu paytdan boshlab insonning sayohat yoʻli oʻzgaradi.
Insonda bir tuygʻu bor – qoidalardan qutulish, erkin nafas olish, oʻz yoʻlini topish istagi. Lekin erkinlik tomon harakat qilgan sari devorlar balandlashib boradi. Shunda yoʻlovchi ularni aylanib oʻtish oʻrniga, devorlar ichida oʻz yoʻlini topishga, qoidalarga moslashishga qaror qiladi. Fridrix Nitshe shunday degan edi: “Kimki yirtqich hayvonlar bilan kurashsa, u oʻzi ham yirtqichga aylanib ketmasligiga ehtiyot boʻlish lozim. Agar uzoq vaqt jarga tikilib tursang, jarlik ham senga tikila boshlaydi”. Kafka dunyosidagi adashuvimiz ham xuddi shunday – biz tizimga qarshi kurashamiz, biroq asta-sekin oʻzimiz ham shu labirintning bir qismiga aylanamiz.
Buning eng yaqqol misolini byurokratiyada koʻrish mumkin. Byurokratiya shunchaki qogʻozbozlik emas – u bizni cheksiz toʻldiradigan formalar, tekshiruvlar va tasdiqlar botqogʻiga botiradi. Aslida, uning maqsadi insonlarni emas, tizimni birinchi oʻringa qoʻyishdir. Masʼuliyat aniq bir shaxsga emas, balki qogʻozlar va qoidalarga yuklanadi. Barchamizga tanish manzara – pandemiya paytida qancha davlat tez va samarali harakat qila oldi? Koʻpchiligi shunchaki qotib qoldi. Tizim ishdan chiqqanda esa, faqat oddiy insonlarning birdamligi va tashabbuslari inqirozdan chiqishga yordam berdi. Bu Kafka yozgan hodisaning xuddi oʻzginasi emasmi? Tizimlar bizni qalʼa ichiga qamab qoʻyganida, faqat insoniy omil orqali najot topamiz.
Ammo bir savol tugʻiladi: agar byurokratiya shuncha noqulaylik keltirsa, nega undan voz kecholmaymiz? Nega bu tizim shunchalik mustahkam oʻrnashgan? Sababi, ehtimol, biz oʻzimiz bilmagan holda undan nimadir olayotganimizdadir.
IV
Bizning zamonaviy Kafka labiritinda qolishimizga sabab boʻluvchi asosiy tuygʻu – bu xavfsizlik illuziyasi. Biz turli formalarni toʻldiramiz, qoidalarga boʻysunamiz, raqamlar ortiga yashirinamiz. Shu orqali hayotning tartibsizligi va masʼuliyat yukidan qochamiz. Byurokratik tizimlar bizga virtual qalʼa devorlari ichida yashashga imkon beradi – biz ularga ishonmaymiz, ularni yomon koʻramiz, ulardan shikoyat qilamiz, lekin ular bizga belgilangan yoʻnalish, tartib va maqsad beradi.
Bizning zamon – Kafka insoniyatning qalbiga qoʻygan tashxisning isbotidir. Byurokratiya – bu tashqi kuch emas, balki inson ichki holatining koʻrinishi. Biz “tizim” deb nomlangan narsani oʻzimiz yaratganmiz, uni quvvatlab turamiz va unga qurbonlik keltiramiz.
Kafka aytmoqchi boʻlgan asosiy fikr shuki, bizni qoʻrqitadigan, azoblaydigan labirintni oʻzimiz qurganmiz. Bir tarafdan bu tushkunlik keltiradi: agar bu qafasni oʻzimiz qurgan boʻlsak, undan qutulish mumkinmi? Boshqa tomondan esa, bu umid bagʻishlaydi: agar bu bizning oʻz ijodimiz boʻlsa, uni oʻzgartirish ham qoʻlimizdan keladi.
Byurokratik qafasni oʻzimiz qurganimizni tushunish – bu qafasdan chiqishning birinchi qadami. Lekin undan qanday qutulish mumkin? Qanday qilib Kafka labirintidan chiqish yoʻlini topish mumkin?
V
Zamonaviy insonning Kafka dunyosidan qutulish yoʻllari bormi? Yoʻllardan biri – insoniylikni qayta kashf etish. Bizning byurokratik tuzoqqa tushishimizning sababi, bir-birimizga munosabatimiz yuzakilashib, muloqotimiz xuddi mashinalar harakatidek koʻrinishga kirib qolganidadir. Tizimda raqam boʻlib qolmaslik uchun, qarshimizdagi insonning yuzini koʻrishimiz, uning koʻzlariga qarashimiz, uning insonligini tan olishimiz kerak. Qoidalar, formalar, tizimlar – bularning barchasi insonlar tomonidan insonlar uchun yaratilgan. Ular muqaddas yoki oʻzgarmas emas.
Gap shundaki, byurokratiya bizning nafaqat tashqi dunyomizni, balki ichki dunyomizni, ruhiyatimizni ham qamrab oladi. Oʻzimizga nisbatan ham byurokratik tizim oʻrnatamiz – oʻz-oʻzimizni tekshiramiz, baholaymiz, oʻlchaymiz. Zamonaviy ijtimoiy tarmoqlar oʻz-oʻzini nazorat qilish byurokratiyasining eng yorqin namunasidir. Har bir postimiz qancha “layk” olganini, qancha odam koʻrganini doimiy ravishda tekshiramiz. Bu Kafka nazarda tutgan tizimning zamonaviy bir shakli emasmi?
Ichki byurokratiyamizni anglash va undan ozod boʻlish – oʻz-oʻzini anglashning muhim qismi. Lekin jamiyat miqyosida bu muammoni qanday hal qilish mumkin? Kafka bizga qanday yoʻl koʻrsatadi?
VI
Kafka bizga tizimdan qochish taqiqlanganini, lekin tizim ichida insoniylkni saqlab qolish mumkinligini koʻrsatadi. “Qalʼa” romanida janob K. oxirida oʻz vaziyatini qabul qiladi, ammo bu magʻlubiyat emas, balki murosaga kelishdir. U tizimga qarshi boʻlib emas, tizim ichida yashashni oʻrganadi. Shunday ekan, zamonaviy Kafka tuzogʻidan qutulishning yoʻli – unga qarshi kurashish emas, balki uni insoniylashtirish.
Byurokratik mashina ichiga insoniylk, mehr, bir-birini tushunish va sabr-toqat urugʻlarini ekishimiz kerak. Byurokratik mashinani oʻzgartirishning yoʻli oddiy: har bir muloqotga insoniylik olib kirish kerak. Bank navbatida turganda xodimga tabassum qilish, davlat idorasida hujjat topshirayotganda shoshilmaslik, onlayn xizmatda xato yuz berganda tushunish bilan yondashish – bularning barchasi kichik, lekin muhim qadamlar. Bu urugʻlar vaqti kelib katta oʻzgarishlarga olib keladi.
“Jarayon” romanida Yozef K.ning soʻnggi soʻzlari shunday boʻladi: “Xuddi it kabi!” – u qatl etilayotganida shu soʻzlarni aytadi. Lekin biz, Kafka oʻquvchilari, boshqacha yakun yaratishga qodirmiz. Bizning zamonaviy byurokratik labirintimizda “odam kabi” yashash, “odam kabi” munosabatda boʻlish, “odam kabi” oʻzaro hurmat koʻrsatish imkoniyati bor.
VII
Nega Kafka hanuz bizning zamonamiz bilan hamohang? Chunki u insoniyatning eng chuqur ziddiyatlarini: tartib va erkinlik, xavfsizlik va tavakkal, javobgarlik va masʼuliyatsizlik oʻrtasidagi tinimsiz kurashni koʻra olgan. Byurokratiya – biz yaratgan tizim, ammo u bizga xizmat qilish oʻrniga, aksincha, bizni oʻrab olib, hukmronlik qiladi. Kafka asarlarida eng ogʻriqli savollardan biri shu: shaxsiy erkinlik va ijtimoiy tartib oʻrtasida qanday muvozanat topish mumkin? Va biz ushbu muvozanatni topa oldikmi?
Byurokratik labirintda adashgan har bir inson – bu Kafkaning zamonaviy qahramonidir. Biz ham Yozef K. kabi nima uchun ayblanayotganimizni, qanday qilib bu tizimdan qutulishimizni bilmaymiz. Lekin bizda Kafka qahramonlarida boʻlmagan narsa bor – uning asarlari. U bizga koʻzguni tutgan, labirintning xaritasini koʻrsatgan – agar biz Kafkani tushunishga harakat qilsak, ehtimol, byurokratiya labirintidan chiqish yoʻlini ham topa olarmiz.
Bugungi kunda, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar bazalari asrida, yangi va yanada murakkab labirintlar qurmoqdamiz. Kafkaning bashoratlari haqiqatga aylanmoqda, lekin biz uni oʻqiganmiz, tushunganmiz, undan saboq olishimiz mumkin. Insonlarni tizimlar uchun emas, tizimlarimizni insonlar uchun moslashtirish – bu Kafka maktabidan olgan asosiy dars boʻlishi kerak.
Kafka faqat oʻtmishning adabiy dahosi emas, balki bugungi kunning eng dolzarb muammolarining bashoratchisidir. Uning qora, tushkunlikka toʻla tasvirlarida zamonaviy odamzodning tizim, texnologiya va hokimiyatga munosabatini koʻra olamiz. Va eng muhimi, Kafka bizga “tizim” degan niqob ortiga yashiringan va yoʻqolayotgan insoniylik masalasini koʻtarib chiqadi.
Kafka byurokratiyasi haqidagi fikrlarimizni yakunlar ekanmiz, bir haqiqatni tan olishimiz kerak: biz hech qachon tizimlardan butunlay ozod boʻla olmaymiz. Jamiyat mavjud ekan, maʼlum qoidalar, tartiblar va tizimlar boʻladi. Lekin bizning vazifamiz – tizimlarni insoniylashtirish va tushunarli qilish. Kafka bizga qoldirgan eng muhim meros – qorongʻilik ichida ham insoniylikni saqlab qolish imkoniyati borligini koʻrsatib berganidir.
Samandar ERKINJONOV