Buyuk bobokalonimiz imom Abu Mansur Moturidiyning islom aqidasi sofligini asrash borasidagi xizmati beqiyos. U zot butun islom dunyosida tan olingan ikki aqidaviy mazhabdan birining asoschisi hisoblanadi. Alloma “imom al-huda” (hidoyat yoʻlboshchisi), “imom al-mutakallimin” (aqida olimlarining yetakchisi) va “raisu ahlis-sunna val-jamoa” (ahlis-sunna val-jamoa yoʻnalishining rahbari) kabi sharafli nomlarga sazovor boʻlgan.
Imom Moturidiyning aqidaviy qarashlari bizga asosan “Taʼvilot ahlis-sunna” va “Kitob at-tavhid” asarlari orqali yetib kelgan boʻlib, ularda sof islom taʼlimotiga zid qarashlarga ham mantiqiy, ham ilmiy asosda mukammal javoblar berilgan.
Tarixdan maʼlumki, dahriylik, yaʼni ateistik qarashlar qadim-qadimdan turli jamiyatlarda goh oshkora, goh yashirin tarzda mavjud boʻlgan. Turli falsafiy qarashlar, darvinizm va freydizm kabi taʼlimotlar negizida vujudga kelgan dahriylik sobiq shoʻro tuzumi davrida “ilmiy ateizm” nomli alohida fan darajasiga ham yetdi. Toʻgʻri, eʼtiqod har bir kishining shaxsiy ishi, lekin oʻz eʼtiqodini asoslash uchun sovet davridagi kabi, oʻzga eʼtiqodni asossiz tanqid qilish, boshqa bir diniy taʼlimotni buzib koʻrsatishni oqlab boʻlmaydi.
Dahriylikni dunyoviylik bilan chalkashtirib yubormaslik zarur. Ilm ateizmga yetaklamaydi, din esa ilm-fanni inkor etmaydi. Bu borada birinchi prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi soʻzlarini eslash oʻrinli: “Dunyoviylik bu dahriylik degani emas. Din va diniy eʼtiqod butunlay rad etiladigan hayot esa qanday gʻayriinsoniy ekanini biz kechagi tariximiz misolida yaxshi bilamiz” (Karimov I. Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 2008. 93-bet).
Islom dini ham ilmga targʻib qilib, oxirat deb dunyoni, dunyo deb oxiratni unutmaslikka chaqiradi. Bunga Qurʼon va hadisdan koʻplab misollar keltirish mumkin. Qolaversa, oʻrta asrlar tarixida “Sharq uygʻonishi” deb atalgan davr aynan islomiy ilmlar rivoji bilan birgalikda kechgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Imom Moturidiy davrida ham qadimgi yunon falsafasi taʼsirida kelib chiqqan koʻplab dahriyona qarashlar mavjud boʻlgan. Olim oʻz asarlarida bunday qarashlarni dahriylik, faylasuflik (dahriyona falsafiy qarashlar nazarda tutilgan) va mulhidlik kabi nomlar bilan ataydi.
Alloma dahriylarning turli guruhlari haqida soʻz yuritar ekan, jumladan, bunday yozadi: “Ular olam asosining azaliyligi borasida ittifoq qiladilar, lekin uning nimadan va qanday qilib vujudga kelgani haqidagi qarashlarda oʻzaro farqlanadilar” (Abu Mansur Moturidiy. Kitob at-tavhid. Bayrut, “Dar as-sadr”; Istanbul, “Irshod”, 2011. 209-bet).
Imom Moturidiyning dahriylarning esxatologik (tarixning tugashi, qabr va oxirat hayoti, borliqning taqdiri va uning sifat jihatdan yangi holatga oʻtishi haqidagi diniy qarashlar tizimi) qarashlarga bergan raddiyasiga eʼtibor qilsak. Alloma Qurʼoni karimning “Albatta, oyatlarimizni inkor etguvchilarni doʻzaxda kuydirgaymiz” (Niso, 56) oyati tafsirida mavzuga aloqador turli masalalarga toʻxtalar ekan, jumladan, bunday yozadi: “Dahriylar qayta tirilishni inkor etadi. Ular “Borliq u paydo boʻlishi bilan vujudga kelgan. Bunga esa bir quvvat sabab boʻlib, oʻsha quvvat olamni harakatga keltirgan” deyishadi. Dahriylar qanday qilib qayta tirilishni inkor etadi? Axir, olamning ibtidosi ularga qarshi dalil emasmi?” (oʻsha manba, 282-bet).
Aqida ilmi peshvosiga koʻra, dahriylar qanday fikrda boʻlmasin, olam ibtidosining oʻzi intiho, yaʼni qayta tirilishga yetarli dalil boʻla oladi. Ular olamning yaralishiga sabab boʻlgan cheksiz quvvatni tan olmoqda, lekin oʻsha quvvat manbai nima ekani haqida asosli farazga ega emas.
Alloma “Biz kecha va kunduzni qudratimizni koʻrsatib turadigan ikki belgi (moʻjiza) qilib qoʻydik” (Isro, 12) oyati tafsirida ham qimmatli mulohazalarni ilgari suradi: “Kecha va kunduz oʻzaro farqli, bir-biriga zid moʻjizalardir. Ulardan biri kirib kelishi bilan ikkinchisi ketadi. Ular Olloh taoloning yagona ekaniga shahodat beradi. Chunki kecha va kunduzni bir qancha xudolar yaratganda ulardan har biri oʻzi yaratgan narsani dunyoda hukmron qilishga intilardi. Demak, bu – yagona Yaratuvchining ishi. Kecha va kunduzning yillar davomida davriy uzunligi oʻzgarmasdan bir maromda, oʻtgan yillardagidek takrorlanib turishi ham ularni yagona kuch idora qilishini koʻrsatadi. Shuningdek, bu moʻjizalarda Yaratuvchining ilmi va hikmatining beqiyosligini ham anglash mumkin. Negaki, faqat kecha mavjud boʻlganda, uning bir oʻzidan manfaat boʻlmas, agar faqat kunduz mavjud boʻlganda, uning bir oʻzi hayot uchun kifoya qilmasdi” (oʻsha manba, 238-bet).
Allomaning yozishicha, bu ikki voqelik, ayni choqda qayta tirilishga ham dalolat boʻlib, ularning biri ketgach oldingisidan asar ham qolmay, soʻngra u yana oʻz oʻrniga xuddi avvalgidek qaytib keladi. Mazkur ikki moʻjiza moddiyunchilar, asʼhobi nujum (yulduz va sayyoralarga sigʻinuvchi guruh), dahriylar va barcha dinsizlarning daʼvosiga qarshi dalildir.
Koʻrinib turibdiki, alloma aqidaviy masalalarni dalillashda izchil mantiq va tafakkur kuchiga tayanib, aql va mantiqni daʼvo qiluvchi guruhlarni ularning oʻz quroli bilan magʻlub etgan.
Xullas, allomaning ilmiy merosi bugun ham yuksak amaliy ahamiyatga ega.
Joʻrabek SODIQOV,
Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi
tayanch doktoranti
“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 3-son.
“Moturidiy raddiyasi” maqolasi